OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
POCHTA ALOQASI OBYEKTLARI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 22-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2172]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Pochta aloqasi obyektlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2010-yil 9-noyabr,
187/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 9-noyabrdagi 187/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Pochta aloqasi obyektlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq pochta aloqasi obyektlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatuvchi pochta aloqasi obyektlariga (keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Ushbu Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan korxonalarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega boʻlgan korxonalarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklanadi.
7. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb etilishlari mumkin emas.
9. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami 1997-y., 6-son 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
10. Tashkilot xodimlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriqlar berilishi kerak.
11. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
12. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
13. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
14. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
15. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli omillar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
16. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish belgilangan standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
17. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini meʼyorlashtirish vositalari (shamollatish va havoni tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarining taʼsiridan himoya qilish vositalari.
18. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari xonadagi barcha xodimlarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
19. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qoʻllanishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
20. Shaxsiy himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
21. Tashkilotda quyidagilar taʼminlanishi shart:
shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilinishi (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
22. Xodimlar Pochta va telekommunikatsiya xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga (roʻyxat raqami 1965, 2009-yil 11-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 24-son, 277-modda) muvofiq shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
5-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
23. Tashkilot oʻta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr uskunalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar va amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
24. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishi va ishlarni bajarish usullarini oʻzlashtirib olishi shart.
25. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
26. Tashkilot rahbariyati oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga toʻla javobgardir.
6-§. Kasbiy tanlov
27. Tashkilotlarda tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
28. Xodimlar, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
29. Bosim ostida ishlovchi uskunalar va xavfi yuqori boʻlgan ishlarda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli guvohnomaga ega boʻlishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxatiga muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar ogʻir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
32. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
33. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlashi lozim.
34. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy muassasalarida, ular mavjud boʻlmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarida oʻtkazilishi lozim.
35. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy koʻrik natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda ushbu xodim ishga qoʻyilishi mumkin emas.
36. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
37. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Tashkilot maydonlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
38. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II 89-80 “Sanoat tashkilotlarini bosh plani” talabiga mos boʻlishi kerak.
39. Tashkilot hududida transport vositalar va piyodalarni harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi kerak.
40. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va uning hududidagi koʻrinarli joylarga osib qoʻyilishi kerak.
41. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
42. Tashkilot maydonidagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
43. Yilning yoz vaqtida yoʻlaklar va oʻtish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan boʻlishi lozim.
9-§. Bino va inshootlarga boʻlgan xavfsizlik talablari
44. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” hamda SanMvaQ 0054-96 “Davolash-profilaktika muassasalarini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish sanitariya qoida va normalari” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
45. Yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
46. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarning (harorati, nisbiy namligi, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talabiga javob berishi kerak.
47. Nam xonalarda (betonli, gʻishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlashga moʻljallangan ish joylarida yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi kerak.
48. Pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi changlardan yengil tozalanadigan boʻlishi kerak.
49. Binoga transport vositalarini kirish joylari darvozalar va signal asbob va uskunalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
50. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
51. Transport vositalarini binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari eni miqdoridan oshiq boʻlishi kerak.
52. Darvozalar balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq boʻlishi kerak.
53. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
54. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam boʻlmagan holda tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan komissiya tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim. Texnik koʻrik xulosalari, ularda topilgan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar va muddati koʻrsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
55. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlab chiqarish jarayonlari halokat bartaraf etilgunga qadar toʻxtatib turilishi lozim, shuningdek xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
10-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
56. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga mos boʻlishi lozim.
57. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarini ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritishlarni sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
58. Har bir tashkilotda rahbariyat buyrugʻi bilan energoxizmat injener-texnik xodimlari tarkibidan elektr xoʻjalik umumiy holatiga javob beradigan masʼul shaxs tayinlashi kerak.
59. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi kerak. Yorugʻ tushuvchi oynalarni yilda kamida ikki marotaba tozalash lozim.
60. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) toʻsib qoʻyishiga ruxsat etilmaydi.
61. Sunʼiy yoritish umumiy va birlashgan tizimda ishlatiladi (umumiy mahalliy bilan birgalikda). Birgina mahalliy yoritishni qoʻllash taqiqlanadi.
62. Uchastka va xonalarda portlash boʻyicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yigʻilib qolish ehtimoli boʻlsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
63. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak.
Uskunalar va inshootlar (bunkerlar, silososlar, quduqlar, bugʻlantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni ichki sirtini yoritish uchun koʻchma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
11-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
64. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
65. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
66. Oʻtish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan oʻtish yoʻlaklarining enini kamaytirmasligi kerak.
67. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 21°S, oʻrtacha ogʻir ishda 17°S, ogʻir ishda 16°S dan past boʻlmasligi lozim.
68. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°S dan kam boʻlmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
12-§. Suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qoʻyiladigan talablar
(12-paragrafning nomi Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
69. Suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” talabiga mos kelishi kerak.
(69-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
70. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
71. Ichimlik suvining harorati 8°S dan 20°S gacha boʻlishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
72. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga ulangan boʻlishi lozim.
(72-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
73. Tashkilotda oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi yoʻq boʻlganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qoʻl yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat oʻralarini mavjud boʻlishiga ruxsat etiladi.
(73-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
III. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Texnologik jarayonlarga qoʻyiladigan umumiy xavfsizlik talablari
74. Ishlab chiqarish texnologik jarayonlari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
75. Dastgoh va mexanizmlarda operatsiyalarni bajarilish ketma-ketligi texnologik jarayonga muvofiq blokirovka tizimi orqali taʼminlanishi lozim. Avariya paytida tizimda mexanizmlardan bittasi toʻxtasa, bu toʻxtovchi mexanizmdan oldingi hamma dastgoh va mexanizmlarni oʻchirilishi nazarda tutilishi lozim.
76. Uskuna va avtomatlashtirilgan liniyalar ularning ishga tushganligi haqida ogohlantiruvchi yoritish va tovush signallari tizimi bilan taʼminlanishi kerak. Signal elementlari (qoʻngʻiroq, sirena, lampa) mexanik shikastlanishdan himoyalangan boʻlishi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar ish hududida signalni eshitishi va koʻrishini taʼminlab joylashtirilishi lozim.
77. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini oʻrnatish va ulardan foydalanishda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda) va Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishi kerak.
78. Ishlab chiqarish jarayonlarining kechishi atrof muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarining tegishli standart va normativ hujjatlarda belgilab qoʻyilgan chegaraviy yoʻl qoʻyiluvchi meʼyorlardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi shart.
79. Ishlab chiqarish texnologik jarayonlari soz uskunalar, soz nazorat-oʻlchash asboblari, himoya toʻsiqlari, blokirovkalar, ishga tushiruvchi apparatlar, texnologik asbob va uskunalar mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshirilishi lozim.
80. Xodimlar pochta qutilaridan xat-xabarlarni olish va pochta joʻnatmalarini yetkazib berish uchun tashkilot rahbari tasdiqlagan yoʻnalishlar boʻyicha harakatlanishlari hamda yoʻlning xavfli oʻtish, kesib oʻtish joylari, shuningdek yoʻl harakati qoidalarini bilishlari lozim.
2-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
81. Ishlab chiqarish jarayonlari yongʻin va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga va ushbu Qoidalarga muvofiq taʼminlanishi lozim.
82. Ishlab chiqarishda sinalmagan yongʻin va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega boʻlgan moddalar va materiallarni qoʻllash taqiqlanadi.
83. Ishlab chiqarish binolari va xonalari dastlabki yongʻinni oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
84. Ventilyatsiya tizimi yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan boʻlishi kerak.
85. Ishlab chiqarish binolari va xonalari uchun hududiy yongʻin xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqilishi va koʻrinadigan joyga osib qoʻyilishi lozim.
86. Xodimlar bilan yongʻin xavfsizligi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi va yongʻinni oldini olish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berilishi kerak.
87. Bino va yongʻin suv manbai yoʻlaklari hamda yongʻin vositalari va uskunalariga boradigan yoʻlaklar doimo boʻsh boʻlishi kerak.
88. Pochta vagonlari uglekislotali yoki kukunli oʻt oʻchirgich vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
89. Yongʻinga qarshi jihozlar ajratilgan joyda saqlanishi kerak. Yongʻinga qarshi jihozlardan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
3-§. Yozma xat-xabarlarga ishlov berishda xavfsizlik talablari
90. Pochtaga ishlov beruvchi mashinada yozma xat-xabarlarga ishlov berishga kirishishdan avval quyidagilar koʻrikdan oʻtkazilishi kerak:
mashinalarning sozligi;
chang, kirning yoʻqligi;
mashina harakatlanuvchi qismlarida himoya toʻsiqlari mavjudligi;
tok oʻtkazuvchi qismlarda toʻsiqlarning mavjudligi;
mashina korpusining yerlanganligi;
shtepsel rozetkasi, vilkaning sozligi, simlarda uzilgan joylarning yoʻqligi.
91. Pochtaga ishlov beruvchi mashinadan uning himoya qiluvchi toʻsiqlari boʻlmaganda hamda blokirovka va signalizatsiya qurilmalari nosoz boʻlganda foydalanish taqiqlanadi va bu hollarda xodim oʻzining bevosita rahbariga xabar berishi lozim.
92. Pochtaga ishlov beruvchi mashinadan foydalanish jarayonida quyidagilar taqiqlanadi:
qisilib qolgan xatlarni va taqvim tamgʻalarini olish va kiygizish;
roliklar tagiga xat-xabarlarni itarish;
qoʻl bilan xatlarni toʻgʻrilash;
tiqilib qolishlarni ajratish;
mashinaning har qanday harakatlanuvchi elementlariga tegish.
4-§. Pochta joʻnatmalarini qabul qilish va ishlov berishda xavfsizlik talablari
93. Pochta joʻnatmalarini qabul qilishni boshlashdan avval xodim elektron tarozi, elektr surgʻuch idishi, elektr simi, elektr rozetkasi, elektr vilkasining sozligini tekshirishi kerak.
94. Elektr surgʻuch idishini yonmaydigan, issiqlikdan izolyatsiya qiluvchi qoplamali stolga agʻdarilib tushmaydigan yoki siljimaydigan qilib oʻrnatilishi kerak.
95. Elektr surgʻuch idishi qattiq qizdirilganda elektr tarmogʻidan uning oʻchirilishini taʼminlaydigan termoregulator bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
96. Elektr surgʻuch idishi yarmigacha surgʻuch bilan toʻldirilgan boʻlishi kerak.
97. Elektr surgʻuch idishida eritilgan surgʻuch mavjud boʻlganda uni bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish taqiqlanadi.
98. Pochta joʻnatmalariga surgʻuch issiqlikdan izolyatsiya qilingan dastali yogʻoch yoki metall kurakchalar bilan surtiladi. Dasta uzunligi 23 — 25 sm boʻlishi kerak.
99. Pochta joʻnatmalarini surgʻuch bilan muhrlashda uni tagiga qoʻlni qoʻyish taqiqlanadi.
5-§. Pochtani yetkazib berishda xavfsizlik talablari
100. Pochta joʻnatmalari, pul oʻtkazmalari va pensiya pullarini bevosita oluvchining xonadoniga yetkazib berishda xodim kutilmagan hodisalardan ehtiyot boʻlishi lozim.
101. Yetkazib berish uchastkasida ishlash davomida xodimlarga quyidagilar taqiqlanadi:
yetkazib berish yoʻnalishini buzish;
yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik;
daryo, irmoq, jarlarni oʻtish uchun belgilanmagan yerlardan kesib oʻtish;
pochtani yetkazib berish uchun odam tashish uchun moʻljallanmagan transport vositasidan foydalanish.
6-§. Temir yoʻl transportida pochtani tashish va pochta joʻnatmalari almashinuvida xavfsizlik talablari
102. Pochta vagonlari pochta almashinuvi uchun moʻljallangan yoʻllarga qabul qilinishi kerak.
103. Pochta vagonida pochta almashinuvini amalga oshirishda quyidagi xavfsizlik talablariga rioya qilinishi lozim:
vagonga qabul qilinadigan pochta ogʻirligi vagonning yuk koʻtarish quvvatidan oshmasligi;
pochta joʻnatmalarining boʻyi va eniga koʻra bir tekisda taqsimlash hamda joylashtirish;
pochta joʻnatmalari joylashtirilganda eshiklar oldida erkin oʻtish uchun yoʻl qoldirish;
posilkalarni joylashtirishda pastga qattiq oʻrovdagi, eng mustahkam va ogʻir posilkalarni taxlash;
pochta joʻnatmalarini javon chegaralaridan chiqmaydigan qilib taxlash;
poyezd joʻnashidan 5 daqiqa oldin vagonga pochtani qabul qilishni toʻxtatish va eshiklarni yopish.
104. Javonlarga faqat yengil posilkalarni taxlash lozim.
7-§. Aviatsiya transporti bilan pochta almashinuvidagi xavfsizlik talablari
105. Tashkilot va aeroport rahbarlarining qoʻshma qarorlari bilan belgilangan joylarda aviatsiya transporti bilan pochta almashinuvi amalga oshirilishi kerak.
106. Aeroportlar hududida joylashgan almashinuv punktlaridan pochtani aviatsiya transportiga yetkazish, ortish va tushirish hamda undan almashinuv punktlariga yetkazish aeroport xodimlari tomonidan amalga oshirilishi lozim.
107. Almashinuv punktlari boʻlmagan aeroportlarda pochtani aviatsiya transportiga aeroport xodimlari tomonidan ortilishi va tushirilishi lozim.
8-§. Pochtani avtomobil transportida tashish va pochta almashinuvida xavfsizlik talablari
108. Furgon tipidagi kuzovli avtomobil transportida majburiy kuzatib borishni talab qiladigan pochta joʻnatmalarini tashishda xodimning xavfsizligi uchun yumshoq oʻrindiqli maxsus joy, moʻljallangan tutqichlar, yuk siljishidan himoya qiluvchi qurilma, eshiklarini ichidan ochish uchun qurilma, avariya (evakuatsiya) lyuki yoki deraza bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
109. Pochta almashinuvining tuynuklari oldida avtomobil transporti gʻildiraklari uchun tirgaklar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
110. Pochta almashinuvining tuynuklari oldiga turli rusumdagi avtomobil transportlarni qoʻyganda tirgak uzunligi pochta almashinuvi hududida bino va avtomobil transporti oʻrtasida kamida 500 mm masofani taʼminlashi lozim.
111. Pochta almashinuvining tuynugi tomon harakat qilayotgan avtomobil transportining tezligi soatiga 5 km dan oshmasligi kerak.
112. Pochta almashinuvi uchun xodim, avtomobil transporti butunlay toʻxtab boʻlganidan va pochtani kuzatuvchi kuzov eshigini ochib unga kirganidan keyin chaqirilishi lozim.
9-§. Ortish va tushirish ishlarida xavfsizlik talablari
113. Ortish va tushirish ishlari va yuklarni joylashtirish Yuk ortish va tushirish ishlaridagi yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 24-son, 221-modda) talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
114. Pochta joʻnatmalarini vagonlarga ortish va tushirish ishlari belgilangan sxema va jadvallarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim.
115. Ortish va tushirish ishlari bajariladigan joylar GOST 12.4.026-76 talablariga muvofiq xavfsizlik belgilari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
116. Ortish va tushirish ishlarini oʻtkazish maydonchalari va ularga borish yoʻllari qattiq va tekis qoplamali boʻlishi, soz holatda tutilishi, qishki mavsumda qor va muzdan tozalanishi, qum yoki shlak sepilgan boʻlishi lozim.
117. Yuklarni taxlash (oʻrnatish) uchun moʻljallangan maydonchalarda shtabellar chegaralari, ular oʻrtasidagi oʻtish va transport vositalarida oʻtish yoʻllari belgilangan boʻlishi lozim. Oʻtish joylarida yuklarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
118. Ortish va tushirish ishlari tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan ortish va tushirish ishlari uchun masʼul shaxs rahbarligida amalga oshirilishi kerak.
119. Transport vositalariga ortilgan yuklar ularning siljishi yoki tushib ketishini oldini olgan holda joylashtirilishi lozim.
120. Ortish va tushirish ishlarini bajarishda qoʻllanadigan ortish va tushirish uskunasi standartlar va texnik talablarda bayon qilingan talablarga javob berishi kerak.
121. Yuk koʻtarish uskunasi yuk koʻtarish quvvati, keyingi sinovlar muddatlari koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
122. Texnik koʻrikdan oʻtmagan yuk koʻtarish uskunasidan foydalanish taqiqlanadi.
IV. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablari
1-§. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda xavfsizlikning umumiy talablari
123. Tashkilotning taʼmirlash xizmati uskunalarning mehnat xavfsizligi standartlari tizimi, ularning pasportlari, texnik yoʻriqnomalari va ishlab chiqaruvchi zavodning boshqa hujjatlarining talablariga mosligini taʼminlashi lozim.
124. Uskunalarni zarur texnik holatda tutib turish uchun tashkilotda unga xizmat koʻrsatishni yaxshilash, rejaviy-oldini oluvchi taʼmirlashni qatʼiy bajarilishi va taʼmirlash ishlarining sifatini yaxshilash boʻyicha choralar koʻrilishi lozim.
125. Ishlayotgan sexlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariluvchi taʼmirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
126. Barcha hollarda taʼmirlash ishlarining bajarilish tartibi va usullari bosh muhandis yoki uning oʻrinbosari bilan kelishilishi lozim.
127. Taʼmirlash ishlari bajariladigan hudud toʻsilgan holatda boʻlishi va u yerda xavfsizlik plakati va belgilari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
128. Taʼmirlash ishlari boshlanishidan avval, taʼmirlashda band boʻlgan barcha xodimlar ishlarni tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va taʼmirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazilishi lozim.
129. Ogʻir yuklarni joyidan koʻchirish ishlari yuk ortish va tushirish ishlari uchun javobgar shaxslarning ruxsati bilan bajarilishi kerak.
130. Nosoz yuk koʻtaruvchi mexanizm va moslamalarda, shuningdek shahodatlangan muddati tugagan mexanizmlarda ishlash taqiqlanadi.
131. Yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yigʻishtirib qoʻyilishi lozim.
132. Taʼmirlash paytida ish joylarini, yoʻllarni, yoʻlaklarni va zinapoyalarni turli narsalar bilan toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.
133. Taʼmirlash ishlari balandlikda bajarilayotganda havoza va taxta toʻshamalarning oʻrnatilishi amaldagi qoidalarning talabiga javob berishi lozim.
134. Barcha taʼmirlash ishlari sex, tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan shaxslarning rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
135. Materiallarning uskunaning ish maydonchasiga uzatish mexanizatsiyalashgan boʻlishi va ular tushib ketmaydigan usulda bajarilishi lozim.
136. Taʼmirlash olib borilayotgan joy va barcha oʻtish joylari belgilangan meʼyorlarga muvofiq yoritilishi lozim.
137. Taʼmirlash tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, uskunalar, materiallar, asboblar va chiqindilar sexdan olib ketilishi, toʻsiqlar, saqlovchi moslamalar, blokirovkalar oʻz joyiga oʻrnatilishi lozim.
V. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
138. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
139. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(139-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VI. Yakuniy qoida
140. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Davavianazorat” inspeksiyasi, “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston standartlashtirish metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi va “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori X. MUXITDINOV
2010-yil 5-noyabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2010-yil 5-noyabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2010-yil 5-noyabr
“Davarxitektqurilish” qoʻmitasi raisi B. XOʻJAYEV
2010-yil 5-noyabr
“Davavianazorat” inspeksiyasi boshligʻi T. OʻLJAYEV
2010-yil 5-noyabr
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi boshligʻi R. IKRAMOV
2010-yil 5-noyabr
Avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. ABDUVALIYEV
2010-yil 5-noyabr
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2010-yil 5-noyabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2010-yil 5-noyabr
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2010-yil 5-noyabr
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2010-yil 9-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 51-son, 506-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)