Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI SUD EKSPERTIZASI MUAMMOLARI BOʻYIChA KENGASh FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 26-moddasiga muvofiq hamda sud ekspertizasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning darajasini va asoslanganligini oshirish, shuningdek idoralararo tusdagi sud ekspertizasini rivojlantirishning muhim masalalarini koʻrib chiqish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud ekspertizasi muammolari boʻyicha kengash 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
*1-ilova berilmaydi.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud ekspertizasi muammolari boʻyicha kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sud ekspertizasi sohasidagi muammolarni kompleks oʻrganish va ularni tizimli hal qilish yuzasidan aniq, ilmiy asoslangan takliflar hamda taʼsirchan mexanizmlar ishlab chiqish;
“Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar monitoringini olib borish va sud ekspertizasi sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
sud-ekspertlik vazifalarini hal qilishning ilmiy asoslarini takomillashtirish va yagona ilmiy-metodik yondashuvlarini ishlab chiqish;
sud-ekspert tadqiqotlarini amalga oshirishda ilgʻor axborot texnologiyalari va boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilishiga koʻmaklashish;
sudlarga va huquqni muhofaza qilish organlariga, taʼlim muassasalariga va ilmiy tashkilotlarga metodik yordam koʻrsatish shakllarini takomillashtirish;
sud ekspertizasi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
sud ekspertlari tayyorlash va ularning malakasini oshirishda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud ekspertizasi muammolari boʻyicha kengash toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-dekabr,
299-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 15-dekabrdagi 299-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud ekspertizasi muammolari boʻyicha kengash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud ekspertizasi muammolari boʻyicha kengash (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) faoliyati tartibini belgilaydi.
Kengash sud ekspertizasini rivojlantirishning idoralararo tusdagi eng muhim masalalarini koʻrib chiqish, Oʻzbekiston Respublikasi davlat sud-ekspert muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga metodik rahbarlik qilishni takomillashtirish, dastlabki tergov organlariga va sudlarga jinoyatlarni tergov qilish, ochish va ularning oldini olishda, jinoiy, maʼmuriy, fuqarolik va xoʻjalik ishlarini koʻrib chiqishda sud ekspertizasi imkoniyatlaridan yanada toʻliq foydalanish maqsadida tashkil etilgan kollegial organ hisoblanadi.
2. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
II. Kengashning vazifalari va huquqlari
4. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
sud ekspertizasi sohasidagi muammolarni kompleks oʻrganish va ularni tizimli hal qilish yuzasidan aniq, ilmiy asoslangan takliflar hamda taʼsirchan mexanizmlar ishlab chiqish;
“Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar monitoringini olib borish va sud ekspertizasi sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
sud-ekspertlik vazifalarini hal qilishning ilmiy asoslarini takomillashtirish va yagona ilmiy-metodik yondashuvlarini ishlab chiqish;
sud-ekspert tadqiqotlarini amalga oshirishda ilgʻor axborot texnologiyalari va boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilishiga koʻmaklashish;
sudlarga va huquqni muhofaza qilish organlariga, taʼlim muassasalariga va ilmiy tashkilotlarga metodik yordam koʻrsatish shakllarini takomillashtirish;
sud ekspertizasi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
sud ekspertlari tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini muvofiqlashtirish.
5. Kengash oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagilarni oʻrganadi, koʻrib chiqadi va ular boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydi:
sud-ekspertiza faoliyatini tashkil etish;
davlat sud-ekspert muassasalarida sud ekspertizalarining yangi turlarini va yangi tadqiqotlarini tashkil etishga boʻlgan ehtiyojlarni aniqlash;
davlat sud-ekspert muassasalari tuzilmasini, shu jumladan respublika mintaqalarida rivojlantirish;
mavjud mutaxassislar va moddiy-texnikaviy bazani, shuningdek ekspert amaliyoti ehtiyojlarini hisobga olgan holda davlat sud-ekspert muassasalarini ixtisoslashtirishni chuqurlashtirish;
davlat sud-ekspert muassasalari va ularning boʻlinmalarini texnik jihatdan jihozlash uchun standartlar;
ishlarni tekshirish va sudda koʻrib chiqishda sud ekspertizalaridan samarali foydalanish;
sudlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun sud ekspertizalarini tayinlash va ulardan foydalanish masalalari boʻyicha axborotnomalar, metodik tavsiyalar va boshqa adabiyotlar nashr qilish;
sud ekspertizasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar loyihalari;
sud ekspertizasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini litsenziyalash, sinab koʻrish va amaliyotga joriy qilish;
sudlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan sud ekspertizasi masalalari boʻyicha oʻquv-metodik ishlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish;
sud ekspertlarining tajriba orttirish rejalarini tuzish va davlat sud-ekspert muassasalari oʻrtasida tajriba almashish;
davlat sud-ekspert muassasalari tomonidan profilaktika ishlarini oʻtkazish hamda sudlar va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan sud ekspertlarining profilaktika tavsiyalaridan foydalanish;
sud ekspertizasi masalalari boʻyicha konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazish.
Kengash sud ekspertizalarini tayinlash, oʻtkazish va ulardan foydalanish amaliyotining boshqa muhim masalalarini koʻrib chiqishi mumkin.
6. Kengash quyidagi huquqlarga ega:
Kengash aʼzolaridan komissiyalar tuzish hamda ularning ishiga alohida masalalarni oʻrganish va ular boʻyicha takliflar tayyorlash uchun sudlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini, davlat sud-ekspert, taʼlim muassasalari va ilmiy muassasalar mutaxassislarini jalb etish;
Kengash qarorlarining ijrosini nazorat qilish, Kengash aʼzolarining Kengash ish rejasi va Kengash qarorlari bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitish;
tergov, sud va ekspert amaliyotini oʻrganish;
sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, davlat sud-ekspert muassasalari va boshqa tashkilotlardan tegishli takliflar tayyorlash uchun zarur maʼlumotlarni olish.
III. Kengash faoliyatini tashkil etish
7. Kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining oʻrinbosari raislik qiladi, uning vakolatiga quyidagilar kiradi:
Kengash majlislari kun tartibini belgilash va majlislarni chaqirish;
Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etish;
Kengash aʼzolarining Kengashga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirish;
ishchi organ faoliyatini nazorat qilish;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa ishlarni bajarish.
8. Kengash aʼzolari sud-ekspert, tergov va sud amaliyotini oʻrganish va umumlashtirishda qatnashadilar; sud ekspertizalari imkoniyatlaridan foydalanish hamda tergov harakatlarini olib borishda va sudda ishlarni koʻrib chiqishda mutaxassislar sifatida davlat sud-ekspert muassasalarining ishtiroki boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadilar; sud ekspertizasining alohida dolzarb masalalari boʻyicha Kengashga takliflar kiritadilar; Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashadilar; Kengash muhokama qiladigan masalalar boʻyicha yozma xulosalar beradilar.
9. Kengash oʻz faoliyatini doimiy asosda, tasdiqlangan rejaga muvofiq amalga oshiradi va oʻz majlislarini zaruriyatga koʻra, lekin yiliga kamida ikki marta oʻtkazadi.
Kengash aʼzosining tashabbusiga koʻra navbatdan tashqari majlis oʻtkazilishi mumkin. Kengashning navbatdan tashqari majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi asoslangan talab yozma tarzda ishchi organga yuboriladi.
Kengash majlisini uning raisi olib boradi. Kengash raisi boʻlmagan taqdirda majlisni uning oʻrinbosari boshqaradi. Kengash majlisi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
10. Kengash raisi bilan kelishuv boʻyicha majlisda uning asosli sabablarga koʻra qatnashmayotgan aʼzolari oʻrniga ularning ovoz berish huquqisiz ishtirok etadigan vakolatli vakillari qatnashishi mumkin.
11. Kengash majlisiga unda koʻrib chiqilayotgan masalalarning mohiyatiga koʻra davlat va xoʻjalik boshqaruvi, boshqa tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
IV. Kengashning ishchi organi va masʼul kotibi
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Respublika sud ekspertizasi markazi Kengashning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
13. Kengashning ishchi organi:
Kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
navbatdagi davr uchun Kengashning ish rejasi loyihasini tayyorlaydi, uning bajarilishini nazorat qiladi, tasdiqlangan rejaga muvofiq Kengashning joriy ishlarini tashkil etadi;
Kengashning navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi va manfaatdor tashkilotlardan zarur materiallar va ekspert xulosalarini olish huquqiga ega;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlanishini va Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil qiladi;
axborot va tahliliy materiallarni Kengashga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;
Kengash qarorlariga muvofiq boshqa materiallarni Kengashga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;
sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Kengashning qabul qilingan qarorlari ijrosini nazorat qiladi;
tushayotgan xat-xabarlarni koʻrib chiqadi va Kengash vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar tayyorlaydi.
14. Kengashning masʼul kotibi:
Kengashning navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil qiladi;
Kengash raisi bilan majlislar oʻtkaziladigan muddatlarni va joyni, shuningdek taklif etiladiganlar kontingentini kelishib oladi;
Kengash aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
Kengash qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi va uning natijasini koʻrib chiqish uchun Kengash majlisiga taqdim etadi;
Kengash majlislari protokollarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan protokollarni Kengash aʼzolariga, manfaatdor shaxslarga yuboradi.
V. Kengash majlisiga materiallarni tayyorlash tartibi
15. Ishchi organ Kengash aʼzolari tomonidan taqdim etilgan materiallarni Kengash majlisida koʻrib chiqish uchun rasmiylashtiradi, majlis kun tartibini tayyorlaydi va hujjatlar paketini Kengashning masʼul kotibiga taqdim etadi.
16. Kengash majlisi kun tartibidagi har bir masala boʻyicha hujjatlar paketida Kengash qarorini qabul qilish uchun zarur boʻlgan materiallar (tahliliy maʼlumotnomalar, jadvallar va shu kabilar) hamda qaror loyihasi mavjud boʻlishi kerak.
17. Kengashning masʼul kotibi taqdim etilgan materiallar toʻgʻrisida Kengash raisiga axborot beradi, Kengash raisi kun tartibi va taqdim etilgan materiallar maʼqullangan taqdirda majlis oʻtkaziladigan vaqt va sanani, shuningdek taklif etiladigan shaxslarni belgilaydi.
18. Kengashning masʼul kotibi ishchi organ bilan birgalikda majlis oʻtkazilgungacha besh kundan kechikmay majlis materiallarining Kengash aʼzolariga, zarurat boʻlganda, shuningdek majlisga taklif etilgan boshqa shaxslarga protokol loyihasi bilan birga yuborilishini taʼminlaydi.
Kun tartibi oʻzgargan taqdirda Kengashning masʼul kotibi ishchi organ bilan birgalikda Kengash aʼzolarini va majlisga taklif etilgan shaxslarni majlis oʻtkazilgungacha uch kundan kechikmay bu haqda xabardor qiladi.
VI. Kengash tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning ijrosini tashkil etish
19. Kengash qarorlari majlisda qatnashayotgan Kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengashning har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻz fikr-mulohazasini yozma ravishda bayon qilish huquqiga ega.
20. Kengash raisi qarorlarni tezkorlik bilan qabul qilish maqsadida alohida masalalar boʻyicha Kengash aʼzolari bilan kelishilgan Kengash qarorini soʻrov yoʻli bilan tasdiqlashi mumkin.
21. Kengash qarorlari Kengash majlisi protokoli bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisi protokoliga uning barcha aʼzolari tomonidan rozilik belgisi qoʻyiladi, uni masʼul kotib imzolaydi, Kengash raisi tasdiqlaydi va u bir hafta muddatda Kengash aʼzolariga hamda manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
Kengash majlisi protokolining asl nusxasi va unga doir materiallar ishchi organda saqlanadi.
22. Kengashning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari tavsiyanoma tusda boʻladi va amalga oshirish uchun sudlarga, huquqni muhofaza qilish organlariga, davlat sud-ekspert muassasalariga va boshqa tashkilotlarga yuboriladi.
23. Ishchi organ Kengash qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda oʻrganadi va koʻrib chiqadi hamda, zarurat boʻlganda, Kengash raisiga tegishli takliflar kiritadi.
24. Ishchi organ Kengash qarorlari bajarilishi natijalari toʻgʻrisida har oyda Kengashga, zarur materiallarni ilova qilgan holda, tegishli tahliliy maʼlumotnomani taqdim etadi.
25. Kengash qabul qilingan qarorlarning bajarilishini oʻz majlislarida muntazam ravishda koʻrib chiqadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-noyabrdagi 321-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 46-47-son, 522-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 50-son, 474-modda; 2012-y., 37-son, 429-modda, 46-47-son, 522-modda)