O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining
Qarori
TABIIY MONOPOLIYA SUBYEKTLARINING DAVLAT REESTRINI TUZISh VA YURITISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 11-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2147]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 19-iyundagi 11-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3520, 19.06.2024-y.) asosan 2024-yil 3 avgustdan davlat reyestridan chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 212-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 374-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 2-son, 19-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qaror qiladi:.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2013-yil 6-avgustdagi 01/17-26/08-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2147-1, 21.08.2013-y.) tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 34-son, 461-modda)
1. Tabiiy monopoliya subyektlarining Davlat reyestrini tuzish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasining 2009-yil 23-fevraldagi 7-son “Tabiiy monopoliya subyektlarining Davlat reyestrini tuzish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (ro‘yxat raqami 1930, 2009-yil 30-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami 2009-y., 14-son, 166-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Rais J. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2010-yil 6-oktabr,
14-son
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2010-yil 6-oktabrdagi 14-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tabiiy monopoliya subyektlarining davlat reyestrini tuzish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 212-modda) muvofiq Tabiiy monopoliya subyektlarining davlat reyestrini (bundan keyingi o‘rinlarda Reyestr deb yuritiladi) tuzish va yuritish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Reyestr tabiiy monopoliya subyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qog‘oz va elektron shakllarda saqlovchi birlashgan axborot bazasi hisoblanadi.
2. Reyestrni tuzish O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (bundan keyingi o‘rinlarda Qo‘mita deb yuritiladi) va uning hududiy organlari tomonidan ushbu Nizom ilovasida keltirilgan ro‘yxatga muvofiq tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqariladigan (realizatsiya qilinadigan) tovarlar, ishlar va xizmatlar (bundan keyingi o‘rinlarda tovarlar deb yuritiladi) bo‘yicha amalga oshiriladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2023-yil 23-maydagi 04/05-05/01-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2147-3, 31.05.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2023-y., 10/23/2147-3/0311-son)
3. Reyestrni yuritish Qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan tabiiy monopoliya subyekti va uning xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birlashgan axborot bazasiga kiritish, ushbu ma’lumotlarni yangilash, tabiiy monopoliya subyekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bazadan chiqarish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
4. Reyestr respublika va hududiy bo‘limlardan tashkil topgan.
Reyestrning respublika bo‘limiga tabiiy monopoliya sharoitida ikki va undan ortiq viloyatlar hududlarida tovarlar ishlab chiqarayotgan (realizatsiya qilayotgan) xo‘jalik yurituvchi subyektlar kiritiladi.
Reyestrning hududiy bo‘limiga tabiiy monopoliya sharoitida bir viloyat hududi chegarasida tovarlar ishlab chiqarayotgan (realizatsiya qilayotgan) xo‘jalik yurituvchi subyektlar kiritiladi.
Tabiiy monopoliya sharoitida tovarlar ishlab chiqarayotgan (realizatsiya qilayotgan), davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organlari tarkibiga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar ushbu davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organi subyekti sifatida Reyestrning respublika bo‘limiga kiritilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2023-yil 20-sentabrdagi 11/05-05/01-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 2147-4, 09.10.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.10.2023-y., 10/23/2147-4/0759-son)
6. Tabiiy monopoliya sharoitida tovarlar ishlab chiqarayotgan (realizatsiya qilayotgan) xo‘jalik yurituvchi subyektlar tovarlarni faqat o‘z ehtiyojlari yoki fors-major holati hosil bo‘lgan vaziyatlarda, texnologik kamchiliklarni bartaraf etish uchun, tabiiy va texnogen xaraktyerga ega bo‘lgan avariya yoki favqulodda holatlarda hamda ushbu tovarlarni qisqa muddatlarda (vaqt oralig‘i uch oygacha) realizatsiya qilgan taqdirda, Reyestrga kiritilmaydi.
II. Reyestrga kiritish
7. Reyestrga tabiiy monopoliya subyektlari ularning tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, kiritiladi.
8. Tabiiy monopoliyaning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi tabiiy monopoliya subyekti Reyestrga har bir faoliyat turi bo‘yicha alohida kiritiladi.
9. Tabiiy monopoliya subyektlarini Reyestrga kiritish davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, iste’molchilarning jamoat birlashmalari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda boshqa manbalardan olingan tabiiy monopoliya sharoitida tovarlar ishlab chiqarilayotganligi (realizatsiya qilinayotganligi) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish asosida amalga oshiriladi.
10. Qo‘mita yoki uning hududiy organi tabiiy monopoliya subyektini Reyestrga kiritish masalasini ko‘rib chiqish uchun unga Qo‘mita tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi so‘rovnoma yuboradi.
11. Tabiiy monopoliya subyekti so‘rovnomani olgan paytdan boshlab o‘n kundan kechiktirmasdan so‘rovnomani to‘ldiradi va uni Qo‘mita yoki uning hududiy organiga taqdim etadi.
12. Tabiiy monopoliya subyektini Reyestrning tegishli bo‘limiga kiritish Qo‘mita yoki uning hududiy organi buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
13. Tabiiy monopoliya subyektining Reyestrga kiritilganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma Qo‘mita yoki uning hududiy organi tomonidan Reyestrga kiritilgan tabiiy monopoliya subyektiga va tegishli moliya organiga ushbu Nizomning 12-bandida ko‘rsatilgan buyruq rasmiylashtirilgandan keyin besh kunlik muddatda yuboriladi.
14. Tabiiy monopoliya subyekti Reyestrga kiritilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomani olgan paytdan e’tiboran o‘n kunlik muddatda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqarilayotgan (realizatsiya qilinayotgan) tovarlar narxlari (tariflari) yoki ularning eng yuqori darajalarini (pochta aloqasi universal xizmatlariga tariflar bundan mustasno) tasdiqlash uchun tegishli moliya organiga murojaat qiladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
15. Tabiiy monopoliya subyekti joylashgan manzili (pochta manzili), tashkiliy huquqiy shakli, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami o‘zgargan taqdirda, o‘n kun muddatda bu haqda Qo‘mita yoki uning hududiy organini yozma ravishda xabardor qilishi shart.
III. Reyestrdan chiqarish
16. Quyidagi hollarda tabiiy monopoliya subyekti Reyestrdan chiqariladi:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tabiiy monopoliya subyekti tugatilganda;
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
tabiiy monopoliya subyekti tomonidan tabiiy monopoliya sharoitida tovarlarni ishlab chiqarish (realizatsiya qilish) to‘xtatilganda, lekin tabiiy monopoliya tovarlarini realizatsiya qilishni to‘xtatish vaqti uch oydan erta bo‘lmasa;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq tabiiy monopoliya subyektlarining faoliyati sohasida davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatilganda.
(16-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
17. Tabiiy monopoliya subyektini Reyestrdan chiqarish Qo‘mita yoki uning hududiy organi buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
18. Tabiiy monopoliya subyektini Reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi bildirishnoma Qo‘mita yoki uning hududiy organi tomonidan Reyestrdan chiqarilgan tabiiy monopoliya subyektiga va tegishli moliya organiga ushbu Nizomning 17-bandida ko‘rsatilgan buyruq rasmiylashtirilgandan keyin besh kunlik muddatda yuboriladi.
IV. Yakuniy qoidalar
19. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
20. Qo‘mita yoki uning hududiy organlarining Reyestrga kiritish yoki Reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi buyruqlaridan norozi bo‘lgan tabiiy monopoliya subyektlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibda sudga yoki Qo‘mitaga murojaat qilishga haqlidir.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
21. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2010-yil 6-oktabr
Tabiiy monopoliya subyektlarining Davlat reyestrini tuzish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqariladigan (realizatsiya qilinadigan) tovarlar (ishlar, xizmatlar)
RO‘YXATI
1. Neft, neft mahsulotlari va gazni quvur orqali transportirovka qilish sohasida:
neft, neft mahsulotlari va gazni quvur orqali transportirovka qilish xizmatlari.
2. Elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish hamda transportirovka qilish sohasida:
elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish;
elektr va issiqlik energiyasini transportirovka qilish, shu jumladan abonentdan subabonentgacha transportirovka qilish xizmatlari.
3. Temir yo‘llar infratuzilmasidan foydalanish sohasida:
umumiy foydalaniladigan temir yo‘llar, temir yo‘l stansiyalari, elektr ta’minoti uskunalari, aloqa tarmoqlari, signalizatsiya, markazlashtirish va blokirovkalash tizimlari, axborot kompleksi va harakatlanishni boshqarish tizimi hamda ushbu kompleks faoliyatini ta’minlovchi boshqa obyektlarni o‘z ichiga oluvchi texnologik kompleks xizmatlari.
4. Umumiy erkin foydalaniladigan pochta aloqasi xizmatlari sohasida:
yozma korrespondensiyalarni jo‘natish bo‘yicha umumiy erkin foydalaniladigan pochta aloqasi xizmatlari (oddiy, buyurtma va qimmatli xatlar, banderollar, oddiy va buyurtma pochta varaqchalari hamda sekogrammalar (ko‘zi ojizlar uchun), shuningdek mayda paketlar).
5. Suv quvurlari va kanalizatsiya xizmatlari sohasida:
suv ta’minoti va kanalizatsiya (oqova suvlarni tortish va tozalash) hamda suv va oqova suvlarni transportirovka qilish xizmatlari.
6. Aeronavigatsiya xizmatlari sohasida:
havodagi harakatni boshqarish, parvozlarning radiotexnik ta’minoti, aeronavigatsiya axborotlarini taqdim etish.
7. Port xizmatlari sohasida:
yuklarni (shu jumladan, yukli va bo‘sh konteynerlarni) ortish, tushirish va saqlash xizmatlari;
inshootlar va moslamalar kompleksiga ega va sohilning tegishli uchastkasi (port hududi) bilan suvga tutash bo‘lgan hududda (port akvatoriysida) kemalarni yoqilg‘i bilan ta’minlash hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlari.
8. Aeroport xizmatlari sohasida:
samolyotlarning uchishini ta’minlash, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, yuklar, pochta va bagajlarga ishlov berish xizmatlari.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2013-yil 6-avgustdagi 01/17-26/08-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 2147-1, 21.08.2013-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2013-y., 34-son, 461-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 40-41-son, 357-modda; 2013-y., 34-son, 461-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.10.2020-y., 10/20/2147-2/1394-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son, 01.06.2023-y., 10/23/2147-3/0311-son; 10.10.2023-y., 10/23/2147-4/0759-son)