Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
QOʻQON ShAHRINING ARXITEKTURA QIYOFASI VA ShAHAR INFRATUZILMASINI TUBDAN YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Koʻp asrlik boy tarixga va betakror madaniy obidalarga ega boʻlgan Qoʻqon shahrining arxitektura qiyofasi va shahar infratuzilmasini tubdan yaxshilash, ijtimoiy hamda muhandislik infratuzilmalarni kompleks obod qilish va rivojlantirish yoʻli bilan aholining qulay yashash sharoitlarini shakllantirish, shaharsozlik normalari va qoidalarining zamonaviy talablarini hisobga olgan holda tarixiy meros obyektlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar darajasi hamda sifatini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 19-oktabrdagi R–3283-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Ishchi komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, Fargʻona viloyati va Qoʻqon shahri hokimliklari ishtirokida ishlab chiqilgan 2010 — 2012-yillarda Qoʻqon shahrining arxitektura qiyofasi va shahar infratuzilmasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari Dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan
2. Fargʻona viloyati va Qoʻqon shahri hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi (va “OʻzshaharsozlikLITI” OAJ bilan birgalikda 2010-yilning I yarim yilligida Qoʻqon shahrining bosh rejasi ishlab chiqilishi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
tubdan rekonstruksiya qilinishi kerak boʻlgan shaharni tashkil qiluvchi muhim nuqtalar, tarixiy meros zonalari va obyektlarini aniqlagan holda shaharning maʼmuriy hamda tarixiy markazi chegaralarini belgilash;
bolalar va yoshlarning dam olish zonalari, sport inshootlari hamda boshqa ijtimoiy obyektlar qurilishini tashkil qilgan holda “Oʻrda”, “Chorsu” va “Ozodlik” maydonlari hududlarini ham oʻz ichiga olgan shaharning markaziy qismini zonalarga ajratish;
shaharni tashkil qiladigan maydonlarni rekonstruksiya qilish, koʻchalar va xiyobonlarni obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirish hisobiga shaharning tashqi arxitektura qiyofasini tubdan qayta tashkil etish;
ijtimoiy infratuzilmani, shuningdek shahar muhandislik kommunikatsiyalari tizimini zamonaviy talablarga muvofiq holda kompleks qayta qurish va rivojlantirish;
yoʻl qismini 4—6 harakat qatorigacha kengaytirib, Qoʻqon shahri chegarasida umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilgan holda, shahar transport magistrallari va chorrahalari sxemalarini maqbullashtirish;
aholining turmushi va dam olishi uchun qulay muhitni shakllantirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Fargʻona viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va boshqa davlat boshqaruvi organlari bilan birgalikda mazkur Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirish doirasida Qoʻqon shahrining tarixiy-etnografik qismini rekonstruksiya va restavratsiya qilish boʻyicha kompleks tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda mavjud tarixiy yodgorliklarni oʻrganish, qayta tiklash va restavratsiya qilish;
tarixiy-madaniy meros inshootlarini ularning birlamchi qiyofasiga muvofiq holda zamonaviy arxitektura talablari asosida rekonstruksiya va restavratsiya qilish.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 19-oktabrdagi R–3283-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Ishchi komissiyasi (R.S. Azimov) zimmasiga mazkur Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni belgilangan muddatlarga muvofiq amalga oshirish bilan bogʻliq vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, korxonalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari;
Fargʻona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi (H.X. Neʼmatov) va Qoʻqon shahri hokimi (Sh.Oʻ. Sobirov) zimmalariga loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilib, tasdiqlangandan soʻng, chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan obyektlar boʻyicha shaharda amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarining oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlash, shuningdek mablagʻlardan qatʼiyan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi:
Qoʻqon shahrining sanoat va fuqarolarga moʻljallangan obyektlari, yakka tartibdagi uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining tasdiqlangan loyihalarga qatʼiy muvofiq holda qurilishi va rekonstruksiya qilinishi ustidan tizimli nazoratni oʻrnatsin;
olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari sifati ustidan davlat nazoratini amalga oshirgan, shaharsozlik va sanitariya normalari hamda qoidalariga rioya etgan holda Qoʻqon shahrida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari, belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Qoʻqon shahar hokimligi bilan birgalikda noqonuniy qurilishlarga va yer uchastkalaridan maqsadga nomuvofiq foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik ustidan nazorat oʻrnatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi:
Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda, 2011-2012-yillardagi Investitsiya dasturini shakllantirish chogʻida, 2010 — 2012-yillarda Qoʻqon shahrining arxitektura qiyofasi va shahar infratuzilmasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari Dasturi doirasida amalga oshirish moʻljallanayotgan obyektlar ularni moliyalashtirish manbalari va hajmlari aniq koʻrsatilgan holda kiritilishini nazarda tutsin;
Qoʻqon shahrining meliorativ holatini yaxshilash va yer osti muhandislik kommunikatsiyalarini agressiv sizot suvlar taʼsiridan himoya qilish uchun drenaj nasoslarni saqlash va texnik xodimlarni pul bilan taʼminlashga asosli hisob-kitoblar boʻyicha zarur mablagʻlar ajratilishini koʻzda tutsin;
ushbu Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan loyihalar toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirilishi, ajratilayotgan mablagʻlardan qatʼiyan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
7. Dasturga kiritilgan obyektlar qurilishi, ularni rekonstruksiya qilish va restavratsiya ishlari uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha chet eldan olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari va uskunalar bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan istisno tariqasida ozod qilinsin.
Belgilansinki, mazkur bojxona imtiyozlari berilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar ushbu Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirish tadbirlarini moliyalashtirishga maqsadli tarzda yoʻnaltiriladi.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-dekabr,
PQ-1239-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 12-son, 506-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 9-son, 84-modda, 50-son, 512-modda)