O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
UMUMXALQ BAYRAMI 9 MAY — XOTIRA VA QADRLASh KUNINI O‘TKAZIShNI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 2-martdagi PF-2243-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umumxalq bayrami 9-may — Xotira va Qadrlash kunini o‘tkazish bo‘yicha respublika Tashkiliy qo‘mitasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mita o‘n kun muddatda ushbu sanani umumxalq bayrami sifatida yuksak ma’naviy-axloqiy saviyada o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqsin va ularning bajarilishini ta’minlasin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
— joylarda umumxalq bayrami 9-may — Xotira va Qadrlash kunini yuksak saviyada o‘tkazish;
— fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan hamda Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi uchun jon bergan barcha vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish;
— bugun ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan barcha kishilarga munosib izzat-ikrom ko‘rsatish;
— faxriylarga, Vatanimiz mustaqilligi va sha’nini himoya qilganlarning barchasiga moddiy yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqsinlar va uni amalga oshirsinlar.
3. 1941 — 1945-yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat manfaatlarini himoya qilishdagi ulkan xizmatlari uchun ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilariga eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida bir yo‘la beriladigan pul mukofoti belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilarini mukofotlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlarga respublika budjetidan mablag‘ ajratsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Ijtimoiy ta’minot vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati mazkur pul mukofotlarini bayram arafasida to‘lanishini ta’minlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligiga 1999-yildan boshlab har yili umumxalq bayrami 9-may — Xotira va Qadrlash kuni arafasida Fanlar akademiyasi, Mudofaa vazirligi, Badiiy akademiya, “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi, “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda joylardagi muzeylar, kutubxonalar va madaniyat saroylarida Vatanimiz mustaqilligi va sha’nini himoya qilgan kishilar hayotini yorqin aks ettiruvchi maxsus ko‘rgazmalar, yoshlar bilan uchrashuvlar, ma’rifiy-badiiy kechalar o‘tkazishni tashkil etish topshirilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, o‘quv yurtlariga ega bo‘lgan vazirliklar hamda idoralar o‘quv dasturlariga xotira va qadrlash darslarining kiritilishini ta’minlasinlar.
7. O‘zteleradiokompaniya, Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga umumxalq bayrami Xotira va Qadrlash kuni tadbirlarini muntazam yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 18-mart,
119-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 18-martdagi 119-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Umumxalq bayrami 9-may — Xotira va Qadrlash kunini o‘tkazish bo‘yicha respublika Tashkiliy qo‘mitasining
TARKIBI*
| Karomatov H.S. | — | O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Tashkiliy qo‘mita raisi |
| Jo‘rayev N.Q. | — | O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi (kelishuv asosida) |
| To‘laganov K.N. | — | Toshkent shahar hokimi |
| Jo‘rayev X.R. | — | Madaniyat ishlari vaziri |
| Jo‘rayev T.J. | — | Fanlar akademiyasi prezidenti |
| Boliyev A. | — | O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori |
| Obidov O. | — | Ijtimoiy ta’minot vaziri |
| Yo‘ldoshev J.G‘. | — | Xalq ta’limi vaziri |
| G‘ulomov S.S. | — | Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri |
| Aminov N. | — | Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi rahbari |
| Boqiboyev E. | — | “Nuroniy” jamg‘armasi raisi |
| Zokirov M.O. | — | Vazirlar Mahkamasi Ijtimoiy kompleksi rahbari kotibiyatining mudiri |
| Abdullayev Sh.Y. | — | Moliya vazirining o‘rinbosari |
| Abdullayev Q. | — | Mudofaa vazirining o‘rinbosari |
| Abduraimov H. | — | “Kamolot” jamg‘armasi raisi |
| Jalilov Sh.I. | — | “Mahalla” jamg‘armasi raisi |
| Parpiyev B.R. | — | Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari |
| Ko‘chimov A. | — | “O‘zteleradio” kompaniyasi raisi |
| Sobirov F. | — | Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi |
| Shog‘ulomov R.Sh. | — | Davlat matbuot qo‘mitasi raisi |
*Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlari
Izoh: Respublika tashkiliy qo‘mitasi a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda uning tarkibiga shu vazifaga tayinlangan shaxslar kiritiladi.