O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT-TIJORAT XALQ BANKINI YANADA RIVOJLANTIRISHNI TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat-tijorat Xalq bankini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1998-yil 25-dekabrdagi PF-2162-son Farmonini bajarish yuzasidan va bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, omonatchilarning manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki davlat-tijorat Xalq bankining ustav sarmoyasi, uni 3 mlrd so‘mgacha yetkazgan holda, 2000-yil 1-yanvargacha shakllantirilishini ta’minlasinlar.
Xalq bankining 1999-yil 1-yanvardagi mavjud 100 mln so‘m miqdoridagi ustav sarmoyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining ta’sis badali ulushi hisoblansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, davlat nomidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki omonatlarning saqlanishini kafolatlaydilar va Xalq bankining omonatchilar — jismoniy shaxslar oldidagi majburiyatlari bo‘yicha muassislar badallariga mutanosib ravishda javob beradilar.
3. Davlat-tijorat Xalq bankining ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin, keyinchalik u O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
4. Davlat-tijorat Xalq banki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki, O‘zbekiston Banklar uyushmasi bilan birgalikda, qarz mablag‘larini jalb qilgan, holda va xalqaro moliya muassasalarining texnikaviy ko‘magida, joriy yilning 1-iyuligacha bankni yanada rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin unda quyidagi asosiy vazifalarning hal etilishini nazarda tutsin:
omonatchilarning omonatlari bank tomonidan jalb qilinadigan mablag‘larni ishonchli va ko‘p daromad keltiradigan sarmoyalarga joylashtirish orqali saqlanishini ta’minlash yo‘li bilan ularning manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish;
omonatlarning o‘ziga jalb qiluvchi yangi turlarini taklif etish, ularning o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlash, ko‘rsatiladigan bank xizmatlarini xalqaro standartlargacha yetkazgan holda ular sifatini oshirish, elektron to‘lov vositalarini joriy etgan holda naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish yo‘li bilan aholi va korxonalar mablag‘larini jalb qilish mexanizmini takomillashtirish;
xorijiy jamg‘arma banklarining ilg‘or tajribasini o‘rganish, bank menejmentining bozor iqtisodiyoti sharoitlariga javob beradigan usullarini joriy etish asosida bank va uning bo‘linmalarini boshqarish tizimini takomillashtirish;
qarz oluvchilarning xo‘jalik va moliyaviy faoliyatini tahlil qilish, biznes-rejalarni o‘rganish, ularning kredit qobiliyatini baholashning samarali usullarini joriy etish asosida kreditlash jarayonidagi kredit tavakkalchiliklarini boshqarish tizimini yaxshilash;
berilgan kreditlar bo‘yicha qarzlar tarkibini o‘zgartirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqish, faktoringdan, qarzdorlik summasini xaridorgir qimmatli qog‘ozlarga ayirboshlash, garovga qo‘yilgan mulkni kim oshdi savdosi orqali sotishdan foydalangan holda berilgan kreditlarning o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash;
seyf operatsiyalarini, shu jumladan, hujjatlar va mijozlarning boyliklarini saqlashga doir xizmatlarni, seyflarni va ixtisoslashtirilgan xonalarni ijaraga berishni joriy etish;
bank boshqaruv xodimlarini va mutaxassislarini tayyorlash va ularni qayta tayyorlash samaradorligini oshirish;
zamonaviy bank asbob-uskunasini, kompyuter texnikasini va bank hujjatlariga avtomatlashtirilgan holda ishlov berish texnologiyalarini sotib olish va o‘rnatish orqali bankning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
5. Davlat-tijorat Xalq bankining moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy hokimiyat organlari mulki bo‘lgan va Xalq banki muassasalari egallab turgan xonalarni ulardan bepul doimiy foydalanish uchun bersinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Xalq bankiga tegishli samarasiz foydalanilayotgan binolar, mol-mulk va qurilishi tugallanmagan obyektlarning kim oshdi savdosi orqali sotilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Banklar uyushmasiga Bank-moliya akademiyasi va Mintaqaviy bank o‘quv markazi negizida jamg‘arma banki ishiga o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish tavsiya qilinsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.S.Hamidov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 22-aprel,
189-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-dekabrdagi 474-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.)