Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2010 YIL HOSILI UChUN ShUDGORLASh IShLARINI OʻTKAZIShNING TAShKILIY ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2010-yil hosili uchun shudgorlash ishlarining oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishini taʼminlash yuzasidan zarur tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasining 2010-yil hosili uchun shudgorlash hajmi va muddatlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan takliflari ilovaga* muvofiq qabul qilinsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va tumanlarning hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzagromashservis” uyushmasining rahbarlari zimmasiga quyidagilar yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin:
texnika taʼmirlanishini nihoyasiga yetkazish, mashina-traktor parklari va fermer xoʻjaliklarining buyurtmanomalari boʻyicha haydov agregatlari uchun ehtiyot qismlarni tayyorlash va yetkazib berish hamda ushbu yilning 1-noyabridan kechiktirmay barcha joylarda shudgorlashni boshlash;
tasdiqlangan agrotexnologiya normalaridan kelib chiqib, shudgorlashning zarur chuqurligi va bir tekisligiga, mineral va organik oʻgʻitlar solinishiga alohida eʼtiborni qaratgan holda, shudgorlash sifatini taʼminlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi shudgorlash ishlarining mazkur qarorga muvofiq tasdiqlangan hajm va muddatlarda olib borilishi ustidan nazorat oʻrnatsin. Hisobotni buzib koʻrsatish va boshqa qoidabuzarlik faktlari aniqlangan hollarda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qatʼiy javobgarlik choralari koʻrilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi bilan birgalikda quyidagilarni taʼminlasin:
uch kun muddatda shudgorlashning borishi va sifatini nazorat qiluvchi hududiy komissiyalar tuzish va ularga shudgorlash ishlarini olib borishda har bir tuman boʻyicha xoʻjaliklar va mashina-traktor parklarining alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlariga birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinlar uchun ragʻbatlantiruvchi mukofotlar joriy etish huquqini berish;
bir hafta muddatda, yer resurslaridan yanada samarali foydalanishni hisobga olgan holda, tumanlar va xoʻjaliklar boʻyicha shudgorlashni oʻtkazish jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
texnika va ustaxonalarning ikki smenada toʻlaqonli ishlashini tashkil qilish, shudgorlash ishlarida qatnashayotgan mexanizator hamda operatorlarga maishiy va boshqa zarur shart-sharoitlarning butun kompleksini yaratish;
shudgorlash ishlarini oʻtkazish uchun haydov traktorlari va koʻchma taʼmirlash ustaxonalarini jalb etish boʻyicha mintaqalarda joylashgan sanoat, qurilish korxonalari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzish;
xoʻjaliklar va mashina-traktor parklari buyurtmanomalariga asosan ehtiyot qismlarni yetkazib berish, shuningdek koʻchma taʼmirlash ustaxonalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash.
5. “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalarga muvofiq shudgorlash davrida mineral oʻgʻitlar solinishini taʼminlaydigan muddatlarda respublikaning barcha mintaqalariga oʻgʻitlar bir maromda yetkazib berilishini taʼminlasin.
6. “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi yonilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin hamda ularni shudgorlashda ishtirok etuvchi qishloq xoʻjalik korxonalari, mashina-traktor parklari va boshqa tashkilotlarga belgilangan tartibda uzluksiz yetkazib berilishini tashkil qilsin.
7. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.
2009-yil 23-oktabr,
PQ-1210-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 10-son, 400-modda)