LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jismoniy va ma’naviy barkamol yosh avlodni voyaga yetkazish maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 13-apreldagi “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1096-son qarorini bajarish yuzasidan:
1. 2009 — 2013-yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi ilovaga* muvofiq ma’qullansin. U quyidagilarga yo‘naltirilgandir:
*Ilova rus tilidagi matnda berilgan
aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash tizimini takomillashtirish, sog‘lom bola tug‘ilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
tug‘ruqqa yordam ko‘rsatish, onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalari hamda onalar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi sog‘liqni saqlash birlamchi bo‘g‘ini muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash;
aholi o‘rtasida sog‘lom bolalar tug‘ilishi va ularni tarbiyalash, yoshlarda sog‘lom va ahil oila qurishga, sog‘lom turmush tarzini olib borishga intilishni shakllantirish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish;
bolalar va o‘smirlarni jismoniy jihatdan bekamu ko‘st hamda uyg‘un kamol toptirish, jismonan baquvvat va ma’nan barkamol yosh avlodni shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash;
onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 13-apreldagi PQ-1096-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Hukumat komissiyasi zimmasiga Dastur bajarilishi monitoringi va uni tashkil qilish vazifasi yuklansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda, tuman va shaharlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar, tuman va shaharlarning hokimlari boshchiligidagi tegishli hududiy komissiyalar tuzilsin, ularning zimmasiga Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlar respublika mintaqalarida to‘liq hajmda va belgilangan muddatlarda so‘zsiz bajarilishini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
ikki hafta muddatda manfaatdor respublika davlat boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish bo‘yicha hududiy hamda tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi va qabul qilinishini ta’minlasin;
Dasturdagi tadbirlar to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha respublika va hududiy davlat boshqaruvi organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari darajasidagi ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil qilsin, Dasturga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin;
Har bir chorak yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan tadbirlar Dasturining bajarilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berib tursin.
ikki hafta muddatda, ayniqsa respublikaning olis tumanlarida, fertil yoshdagi ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish sifatini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda, xususan tug‘ilish, onalar va chaqaloqlar o‘limi yuqori darajada bo‘lgan tumanlarda akusher-ginekologlar, neonatologlar, pediatrlar, bolalar ginekologlari bilan ta’minlanganlik holatini tahlil qilsin va Hukumat komissiyasining ko‘rib chiqishi uchun tegishli takliflarni kiritsin;
aholining reproduktiv salomatligi mustahkamlanishini, onalar va bolalar salomatligi muhofaza qilinishini ta’minlash borasidagi ish natijalariga ko‘ra har yili hududiy sog‘liqni saqlash organlarining rahbarlari va bosh mutaxassislarini attestatsiyadan o‘tkazib tursin.
5. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamg‘armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bir oy muddatda aholi orasida, ayniqsa xotin-qizlar va nikohdan o‘tuvchi yoshlar orasida sog‘lom oila qurish, sog‘lom bolalar tug‘ish va tarbiyalash masalalari yuzasidan tizimli asosda tushuntirish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qo‘shma tadbirini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va Milliy teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari tasdiqlangan tadbirlar Dasturining maqsad va vazifalari keng ko‘lamda tushuntirib borilishini, uning amalga oshirilishi, tadbirlar Dasturida nazarda tutilgan tug‘ruqqa yordam ko‘rsatish muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligi muhofaza qilinishini, jismonan sog‘lom hamda ma’nan barkamol yosh avlodning tug‘ilishi va tarbiyalanishini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga tegishli respublika boshqaruv organlari hamda ularning hududiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining aniq hissasi muntazam yoritib borilishini ta’minlasinlar.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.