OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh, RAQOBAT VA TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASh DAVLAT QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
QOGʻOZ ChIQINDILARINI TOʻPLASh, TAYYORLASh VA QAYTA IShLASh UChUN YETKAZIB BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 10-maydagi 11-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3366, 10.05.2022-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 1-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1979]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 16-martdagi 70-sonli “Ikkilamchi qogʻoz chiqindilarini toʻplash, tayyorlash va qayta ishlash uchun yetkazib berish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 12-son, 131-modda) 5-bandiga muvofiq qaror qilamiz:
1. Qogʻoz chiqindilarini toʻplash, tayyorlash va qayta ishlash uchun yetkazib berish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-may,
11-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-may,
52-son
Iqtisodiyot vaziri B. XOʻJAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-may,
52-4-4/46-son
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-may,
11/2-son
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank Boshqaruvining 2009-yil 28-maydagi 11, 52, 52-4-4/46, 11/2-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qogʻoz chiqindilarini toʻplash, tayyorlash va qayta ishlash uchun yetkazib berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 16-martdagi 70-sonli “Ikkilamchi qogʻoz chiqindilarini toʻplash, tayyorlash va qayta ishlash uchun yetkazib berish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 12-son, 131-modda) 5-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida keyinchalik ularni qayta ishlash uchun ikkilamchi qogʻoz chiqindilarini toʻplash, tayyorlash va tashkilotlarga yetkazib berish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
makulatura — qogʻoz ishlab chiqarish chiqindilari, xizmat muddati tugagan qogʻoz va kartondan boʻlgan buyumlar, eski gazetalar, jurnallar, kitoblar, hisobdan chiqarilgan arxiv hujjatlari, shuningdek eskirgan hujjatlar;
tayyorlovchi tashkilotlar — makulaturani tayyorlash bilan shugʻullanuvchi, qabul qilish punktlari va koʻchib yuruvchi tayyorlovchilar tarmogʻiga ega boʻlgan yuridik shaxslar;
qayta ishlovchi tashkilotlar — makulaturani qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan va makulaturadan foydalanib mahsulot ishlab chiqaruvchi tashkilotlar;
qabul qilish punkti — yuridik va jismoniy shaxslardan makulatura qabul qilish obyekti;
makulatura topshiruvchilar — makulaturani topshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar.
II. Makulatura topshirish va qabul qilishni tashkillashtirish tartibi
2. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ularning hududiy boʻlinmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida qogʻoz chiqindilarini toʻplash, tayyorlash va qayta ishlash uchun yetkazib berish masalalari boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan prognoz koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda oʻzlarining tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga makulatura topshirish boʻyicha prognoz hajmlarni belgilaydilar.
3. Joriy ish faoliyati davomida hosil boʻladigan makulaturaga ega boʻlgan yuridik shaxslar yongʻinga qarshi xavfsizlikni taʼminlagan holda uni nam yetmaydigan joyda toʻplashni, makulaturani turiga qarab ajratishni va uning tashilishini taʼminlab, alohida bogʻlamlarda yoki boshqacha usulda joylashni amalga oshiradilar.
4. Vaqtinchalik saqlash muddati belgilangan hujjatlarni yuridik shaxsning tegishli buyrugʻi asosida tuzilgan ekspert komissiyasining tegishli ruxsatisiz makulaturaga topshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Yuridik shaxslarning arxiv hujjatlari belgilangan (vaqtincha) saqlash muddati tugagandan va tegishli davlat arxiv muassasalari tomonidan belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng, shuningdek ular tomonidan doimiy saqlash roʻyxati tasdiqlangan va ushbu xronologiya davri uchun shaxsiy tarkib roʻyxati kelishilgandan soʻng makulatura sifatida qayta ishlab chiqarishga topshirilishi mumkin.
6. Qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan tashkilotlarning, shuningdek belgilangan tartibda bankrot deb topilgan tashkilotlarning hujjatlari ilmiy-texnik ishlovdan oʻtgandan soʻng va davlat arxiv muassasasining tegishli qarori bilan makulaturaga topshiriladi.
7. Jismoniy shaxslar oʻzlarining hayotiy faoliyatlari davomida hosil boʻladigan makulaturani topshiradilar. Jismoniy shaxslardan ish yurituv hujjatlari qabul qilinmaydi.
8. Makulatura tashkiliy-huquqiy shakli va mansubligidan qatʼi nazar, tayyorlovchi, qayta ishlovchi tashkilotlar va qabul qilish punktlari tomonidan qabul qilinishi mumkin.
9. Qabul qilish punktlari turar-joy binolaridan tashqarida joylashishi hamda yongʻinga qarshi xavfsizlik talablariga va sanitariya meʼyorlariga javob berishi kerak.
10. Qabul qilish punktlarida koʻrinadigan joyga ish vaqti va qabul qilinadigan makulatura narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumot osib qoʻyilishi shart.
11. Makulaturani qabul qilish-topshirish, yetkazib berishning eng kam miqdori, makulaturani qabul qilish punktiga yetkazib berish shartlari shartnoma bilan belgilanadi.
12. Topshirilayotgan makulaturaning sifati GOST 10700-97 talablariga javob berishi lozim.
III. Topshiriladigan makulatura uchun hisob-kitob qilish tartibi
13. Hisob-kitoblar makulatura topshiruvchi:
yuridik shaxslar bilan — naqd pulsiz;
jismoniy shaxslar bilan — naqd pulda amalga oshiriladi.
14. Qabul qilinayotgan makulatura uchun hisob-kitob qilishda makulatura topshirishni ragʻbatlantiruvchi va tayyorlovchi va qayta ishlovchi tashkilotlar, shuningdek ushbu tuzilmalarga kirmaydigan qabul qilish punktlarini tuzgan yuridik va/yoki jismoniy shaxslar tomonidan belgilanadigan erkin (shartnomaviy) narxlar qoʻllaniladi.
15. “Sanoatqalinqogʼozsavdo” XI OAJ, “Oʻzbek qogʻozi” OAJ tarkibiga kirmaydigan qabul qilish punktlari yoki aholidan makulatura qabul qiluvchi, tayyorlovchi tashkilotlar makulatura yetkazib berish boʻyicha qayta ishlovchi tashkilotlar bilan shartnomaviy (erkin) narxlarda shartnoma tuzadilar.
16. Makulatura topshirish uchun yuridik shaxslar bevosita qayta ishlovchi tashkilotlar boʻlgan “Sanoatqalinqogʼozsavdo” XI OAJ, “Oʻzbek qogʻozi” OAJ bilan yoki ularning joylardagi vakili ishtirokida shartnoma tuzadilar. Bunda, makulatura bevosita qayta ishlovchi tashkilotga, shuningdek uning qabul qilish punktlariga topshirilishi mumkin.
17. Yuridik shaxslardan makulatura qabul qilishda uch nusxada dalolatnoma tuziladi, uning bittasi keyinchalik hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish uchun makulatura topshiruvchiga beriladi.
IV. Naqd pul vositalarining sarflanishi ustidan nazorat
18. Topshirilayotgan makulatura uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun zarur boʻladigan naqd pul mablagʻlarini olish maqsadida tayyorlovchi va qayta ishlovchi tashkilotlar xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga hisoblangan hajmlarda makulatura qabul qilishni taʼminlaydigan summaga pul chekini topshiradilar.
19. Tayyorlovchi va qayta ishlovchi tashkilotlar tomonidan boʻysunuvchi qabul qilish punktlariga pul mablagʻlarini ajratish xarajat kassa orderi yoki tashkilot rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolangan toʻlov qaydnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
20. Tayyorlovchi va qayta ishlovchi tashkilotlarning tarkibiy boʻlinmalari hisoblangan qabul qilish punktlari ularga har oyda xarajatlar va pul mablagʻlariga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisida hisobot taqdim etadilar.
21. Naqd puldan koʻrsatilmagan maqsadlar uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Pul mablagʻlarining kelib tushishi, ularni qabul qilish punktlariga va koʻchma tayyorlovchilarga tarqatish, meʼyorlarni toʻgʻri qoʻllash, makulaturani va naqd pul mablagʻlarining saqlanishi, naqd pul va makulatura harakati bilan bogʻliq boʻlgan barcha operatsiyalar boʻyicha birlamchi hujjatlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida rasmiylashtirish uchun javobgarlik tayyorlovchi va qayta ishlovchi tashkilotning rahbari va bosh buxgalteriga yuklatiladi.
23. Naqd pullarni sarflanishi, ularni qabul qilish punktlariga ajratilishi, pul vositalarini harakatlanishi bilan bogʻliq boʻlgan barcha operatsiyalarni toʻgʻri va oʻz vaqtida rasmiylashtirilishi ustidan nazorat tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi.
24. Naqd pul vositalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda, aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
V. Yakuniy qoidalar
25. Mazkur Nizom talablarini buzilishiga aybdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
26. Mazkur Nizom Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzarxiv” agentligi, “Sanoatqalinqogʼozsavdo” XI OAJ va “Oʻzbek qogʻozi” OAJ bilan kelishilgan.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 21-may
“Oʻzarxiv” agentligi Bosh direktori A. ABDULLAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-may
“Sanoatqalinqogʼozsavdo” XI OAJ Boshqaruvi raisi Sh. OSMANOV
Toshkent sh.,
2009-yil 25-may
“Oʻzbek qogʻozi” OAJ Boshqaruvi raisi M. UMAROV
Toshkent sh.,
2009-yil 26-may
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 27-son, 321-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)