Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2008 YILGI BOShOQLI DON EKINLARI HOSILIDAN BOʻShAGAN YERLARNI ShUDGORLAShNI TAShKIL QILISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2008-yilgi boshoqli don ekinlari hosilidan boʻshagan yerlar oʻz vaqtida va sifatli shudgor qilinishini taʼminlash, kelgusi yil hosili uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 2008-yilgi boshoqli don ekinlari hosili oʻrib-yigʻib olingandan keyin oʻtkaziladigan shudgorlash ishlarining ilovaga* muvofiq hajmlari va muddatlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyat hokimliklari bilan kelishilgan taklifiga rozilik berilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan
Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Yergeodezkadastr” Davlat qoʻmitasi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi rahbarlari shudgorlash ishlarining oʻz vaqtida tashkil etilishi va sifatli oʻtkazilishi, hisobotni buzib koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi uchun shaxsan javobgardirlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshoqli don ekinlari oʻrib-yigʻib olingandan keyin shudgorlash ishlari mazkur Qarorning ilovasiga qatʼiy muvofiq belgilangan hajmlar va muddatlarda oʻtkazilishi ustidan nazoratni amalga oshirsin. Aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan qattiq javobgarlik choralari koʻrilsin.
Ilova rus tilidagi matnda berilgan
2. “Oʻzagromashservis” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2008-yilgi boshoqli don ekinlari hosili yigʻishtirib olingandan keyin shudgorlash ishlarini oʻtkazish toʻgʻrisida mashina-traktor parklari, fermer xoʻjaliklari, shuningdek, mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunuvidan qati nazar, boshqa tashkilotlar hamda idoralar oʻrtasida shartnomalar tuzilishini tashkil qilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi bilan birgalikda:
bir hafta muddatda zarur resurslar bilan taʼminlanganlik va yer fondidan yanada samarali foydalanishni hisobga olgan holda tumanlar hamda xoʻjaliklar boʻyicha shudgorlash ishlarini oʻtkazish jadvalini tuzsin va tasdiqlasin;
shudgorlash ishlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan maydonlarda poxol yigʻishtirib olinishini tashkil qilsin;
mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, shartnoma asosida boshqa korxonalar hamda tashkilotlarning haydov agregatlarini jalb etsin;
haydov agregatlarining ikki smenada ishlashini va ulardan otryadlar tashkil etish usuli bilan samarali foydalanishni taʼminlasin;
xoʻjaliklar va mashina-traktor parklarining buyurtmanomalari asosida ehtiyot qismlar yetkazib berishni, shuningdek, koʻchma taʼmirlash ustaxonalarining uzluksiz ishlashini taʼminlasin.
Yerni shudgorlashning sifat koʻrsatkichlariga erishishni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor berilsin.
4. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi bilan birgalikda poxolni yoqishdan kelib chiqadigan zarar va noxush oqibatlarni keng tushuntirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi yonilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin hamda shudgorlash ishlarida qatnashuvchi mashina-traktor parklariga, qishloq xoʻjalik korxonalariga dizel yonilgʻisi qiymatining 60 foizi oldindan toʻlangandan keyin ularga yonilgʻi-moylash materiallari uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlasin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 13-may,
PQ-865-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 5-son, 266-modda)