LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika avtomobil sanoatini yanada barqaror rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan avtomobillar, avtobuslar va butlovchi buyumlar sifati hamda raqobatbardoshligini oshirish, eksport hajmlarini ko‘paytirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar 2008-2009-yillarda avtomobil sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturining asosiy vazifalari etib belgilansin:
avtomobil sanoati uchun tayyor mahsulot va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni o‘stirishning barqaror yuksak sur’atlarini ta’minlash hamda shu asosda ichki bozorda avtomobil mahsulotlariga bo‘lgan talab-ehtiyojni qondirish darajasini yanada oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish;
avtotransport vositalarining butlovchi qismlari va uzellari ishlab chiqarishni chuqur mahalliylashtirish;
yuqori unumli ilg‘or texnologiyalar va uskunalarni joriy etish yo‘li bilan avtomobillarning xavfsizlik, sifat hamda ekologik xarakteristikalari bo‘yicha xalqaro talablarga javob beradigan yangi zamonaviy modellarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish.
2. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2008-2009-yillarda avtomobil sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturi ma’qullansin, u quyidagilarni o‘z ichiga olgan:
avtomobil sanoati korxonalari tomonidan asosiy turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishning maqsadli parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
“O‘zavtosanoat” AK korxonalari tomonidan avtomobil mahsulotlari eksport qilishning maqsadli parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
avtomobil sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati 3-ilovaga* muvofiq.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va tarmoq korxonalari rahbarlari zimmasiga quyidagilarni ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklansin:
2008-2009-yillarda avtomobil sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturiga kiritilgan maqsadli prognoz parametrlariga to‘liq hajmda va belgilangan muddatlarda erishish va loyihalarni amalga oshirish;
manfaatdor vazirliklar, idoralar va tijorat banklari bilan birgalikda loyiha institutlari, “Jeneral Motors” korporatsiyasining muhandislik markazlari va boshqa xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda, mazkur qarorning 3-ilovasiga kiritilgan loyihalarning loyiha hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish, kelishib olish va belgilangan tartibda tasdiqlash.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi har yili Investitsiya dasturini shakllantirishda, belgilangan tartibda unga 2008-2009-yillarda avtomobil sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturida ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalari, birinchi navbatda, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirishni hamda mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirishni nazarda tutgan holda kiritilishini ta’minlasin.
5. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga binoan, ushbu qarorning 1-ilovasida ko‘rsatilgan parametrlar doirasida olib kelinadigan uskunalar, dvigatellar, transmissiyalar, materiallar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik hujjatlar hamda avtomobil mahsulotlari ishlab chiqarish jihozlari, shuningdek avtomobillarni yirik blokli yig‘ish to‘plamlari uchun 2010-yilning 1-yanvarigacha bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etilsin.
7. Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasining qo‘shma taqdimnomasi bo‘yicha 2008-2009-yillarda avtomobil sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturiga, bozor konyunkturasining o‘zgarishi va avtomobil mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyalari rivojlanishiga muvofiq investitsiya loyihalarining o‘zgarish ehtimolini nazarda tutgan holda aniqlik va qo‘shimchalar kiritishga ruxsat etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Azimov va Q.S. Sanaqulov zimmalariga yuklansin.