OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
QARORI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BANK TIZIMIDA DASTURIY MAHSULOTLARDAN FOYDALANISh UChUN RUXSATNOMA BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 20-noyabrda 1739-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 27-yanvardagi 3/6-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimida dasturiy mahsulotlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1739-1, 06.02.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimida dasturiy mahsulotlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 29-sentabr,
25/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimida dasturiy mahsulotlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi bank faoliyatini tartibga solishga doir meʼyoriy hujjatlar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, bank texnologiyalarini avtomatlashtiruvchi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining axborot tizimlari bilan funksional oʻzaro muvofiq ravishda ishlovchi dasturiy mahsulotlardan foydalanish imkoniyatlarini oʻrganish ishlarini tashkil etish, oʻrganishning maqsadi, vazifasi, tamoyillari, ishtirokchilari va tartibini hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimi (keyingi oʻrinlarda bank tizimi) dasturiy mahsulotlari roʻyxatida qayd qilish qoidalarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom maqsadlari uchun quyidagi atamalardan foydalanilgan:
dasturiy mahsulot — tijorat banklarida foydalanishga moʻljallangan, Markaziy bankning axborot tizimlari hamda axborot resurslari bilan oʻzaro hamkorlikda ishlaydigan dasturiy vositalar.
dasturiy mahsulotlar roʻyxati — Oʻzbekiston Respublikasi banklarida foydalanishga ruxsat etilgan dasturiy mahsulotlarga doir maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi maʼlumotlar bazasi.
ariza beruvchi — dasturiy mahsulotni tekshiruvdan oʻtkazish uchun ariza bergan bank.
Markaziy bank ruxsatnomasi — Markaziy bank tomonidan ariza beruvchiga beriladigan va dasturiy mahsulotning bank faoliyati talablariga mosligini va undan Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimida foydalanish mumkinligini koʻrsatuvchi hujjat.
II. Dasturiy mahsulotlarni oʻrganish maqsadi, vazifasi va asosiy qoidalari
2. Dasturiy mahsulotni oʻrganishning asosiy maqsadi — dasturiy mahsulotning Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimida qoʻllanilish layoqatliligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (keyingi oʻrinlarda — Markaziy bank) talablariga muvofiqligini aniqlashdan iboratdir.
3. Dasturiy mahsulotni oʻrganishning asosiy vazifalari quyidagilardir:
a) dasturiy mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va Markaziy bank talablariga javob berishini aniqlash;
b) dasturiy mahsulotni axborot xavfsizligi talablariga mosligini aniqlash;
v) Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ishlatilayotgan dasturiy mahsulotlarni tartibga solish va sotib olinadigan yoki ishlab chiqiladigan yangi dasturiy mahsulotlarni nazorat qilish.
4. Bank faoliyatini avtomatlashtirishga moʻljallangan Markaziy bank axborot tizimlari bilan funksional oʻzaro muvofiq ravishda ishlovchi (ishlab chiqarilgan yoki sotib olingan) dasturiy mahsulotlar belgilangan tartibda Markaziy bank ekspertlar komissiyasi tomonidan oʻrganilishi va bank tizimi dasturiy mahsulotlar roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
5. Markaziy bank ruxsatnomasi boʻlmagan dasturiy mahsulotlar tajribaviy sinovdan oʻtgandan soʻng uch oy muddatda roʻyxatga olinishi uchun Markaziy bankka ariza beruvchi tomonidan taqdim qilinishi kerak.
6. Dasturiy mahsulotlar Markaziy bankning amaldagi meʼyoriy hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarda oʻrganiladi.
7. Qayta ishlangan dasturiy mahsulotlar (dasturiy mahsulotlarning oʻzgartirilgan yoki yangi versiyalari) ushbu Nizom talablari asosida qaytadan oʻrganilishi lozim.
8. Markaziy bankning meʼyoriy hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi oqibatida oʻzgartirilgan dasturiy mahsulot versiyalari bu oʻzgartirish va qoʻshimchalar kuchga kirgan paytdan boshlab uch oy mobaynida oʻrganishga taqdim etiladi.
9. Oʻrganish natijasida dasturiy mahsulotdagi axborot bilan ishlash texnologiya jarayonlarining Markaziy bank meʼyoriy hujjatlari talablari va shartlariga, dasturiy mahsulotning axborot xavfsizligi talablariga mos emasligi, tadbiq etilayotgan dasturiy mahsulotning amaldagi tizimga dastur va axborot boʻyicha oʻzaro nomuvofiqligi aniqlansa, bu holat Markaziy bank ruxsatnomasini berilmasligiga asos boʻladi.
10. Dasturiy mahsulotlar roʻyxatida qayd etilmagan dasturiy mahsulotlardan (5-bandda keltirilgan holatdan tashqari hollarda) foydalanganligi uchun banklarga nisbatan amaldagi qonun hujjatlari asosida tegishli choralar qoʻllanilishi mumkin.
11. Ilgari Markaziy bank ruxsatnomasi berilgan dasturiy mahsulotning bank tizimi meʼyoriy hujjatlari talablariga mos kelmasligi aniqlanganda (oʻzgartirilganda yoki yangi talablar qoʻyilganda), ushbu dasturiy mahsulotlar roʻyxatiga tegishli belgi qoʻygan holda ruxsatnoma haqiqiy emas deb eʼlon qilinadi va dasturiy mahsulotdan foydalanayotgan barcha banklar xabardor qilinadi.
12. Markaziy bank ruxsatnomasi belgilangan namunadagi blanklarda rasmiylashtiriladi.
13. Markaziy bank ruxsatnomasi belgilangan namunadagi blanklarini saqlash va ularning roʻyxatini yuritish Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
14. Dasturiy mahsulotni oʻrganish xulosasi boʻyicha shikoyat arizasini berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
III. Ruxsatnoma olish uchun taqdim etiladigan dasturiy mahsulotning hujjatlar toʻplamiga qoʻyiladigan umumiy talablar
15. Dasturiy mahsulotdan foydalanuvchi bank Markaziy bankka dasturiy mahsulotni roʻyxatdan oʻtkazib berish uchun ariza bilan murojaat qiladi va unga dasturiy mahsulotning namunasi (kompyuter axborotini saqlovchi vositadagi nusxasi)ni hamda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) belgilangan shakldagi ariza (1-ilova);
b) dasturiy mahsulot haqidagi asosiy maʼlumotlar;
v) dasturiy mahsulotni qoʻllanish shartlari va talablari;
g) dasturiy mahsulot tavsifi;
d) foydalanuvchi qoʻllanmasi;
e) dasturiy mahsulotning bankdagi sinovlari boʻyicha xulosasi.
16. Dasturiy mahsulot haqidagi hujjatlar toʻplami davlat yoki rus tillarida taqdim etiladi.
17. Dasturiy mahsulot haqidagi hujjatlar mazmuniga quyidagi talablar qoʻyiladi:
1) dasturiy mahsulot toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar.
Dasturiy mahsulot toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlarda quyidagilar keltirilishi shart:
a) dasturiy mahsulotning toʻliq rasmiy nomi;
b) dasturiy mahsulotni vazifasi va qisqacha tavsifi;
v) dasturiy mahsulotning tarkibiga kiruvchi asos qilib olingan dasturiy modullar roʻyxati;
g) dasturiy mahsulotning yaratilgan sanasi va versiyasi;
d) dasturiy mahsulotning amalga joriy etilish sanasi (agar amalga joriy etilgan boʻlsa);
e) ishlab chiquvchi (yetkazib beruvchi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yo) dasturiy mahsulotni sotib olish (ishlab chiqish) shartnomasi raqami va sanasi (agar dasturiy mahsulot bank tomonidan ishlab chiqilmagan boʻlsa);
j) dasturiy mahsulotga egalik qilish yoki foydalanish huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari;
z) boshqa idoralar tomonidan berilgan sertifikatlar nusxalari;
i) dasturiy mahsulotdan foydalanadigan bank boʻlimlari(kodlari);
y) qoʻllash miqyosi (tuman, viloyat, respublika boʻyicha).
2) dasturiy mahsulotning qoʻllanish shartlariga qoʻyilgan talablar.
Ushbu hujjatda quyidagi asosiy qismlar boʻlishi kerak:
a) operatsion tizimiga qoʻyilgan talablar;
b) maʼlumotlar bazasini boshqarish tizimiga qoʻyilgan talablar;
v) dasturiy mahsulotni yaratish mahsulotlarga qoʻyilgan talablar;
g) mijoz uchun moʻljallangan qismi ishlaydigan muhitga qoʻyilgan talablar;
d) cerver uchun moʻljallangan qismi ishlaydigan muhitga qoʻyilgan talablar;
e) dasturiy mahsulotning mahalliy va keng qamrovli hisoblash tarmoqlarida ishlashi shartlari;
yo) foydalanuvchilar toifasi roʻyxati;
j) har bir foydalanuvchilar toifasi malakasiga qoʻyilgan talablari.
3) dasturiy mahsulotning tavsifi.
Ushbu hujjatda quyidagi asosiy qismlar boʻlishi kerak:
a) funksional vazifasi;
b) mantiqiy tizimning tavsifi;
v) chaqirish va yuklatish (ishga tushirish);
g) kiritiladigan va dasturiy mahsulotni qoʻllash natijasida olinadigan maʼlumotlar (rekvizitlar, jadvallar, massivlar, fayllar, hisobot shakllari).
4) foydalanuvchi uchun qoʻllanma.
Ushbu hujjatda quyidagi asosiy qismlar boʻlishi kerak:
a) dasturiy mahsulotni ishlatish shartlari (maʼlumotlar va dasturlar tarkibi);
b) dasturiy mahsulotni oʻrganish (ishlash qobiliyatini oʻrganish);
v) dasturiy mahsulotni bajarilishi (maʼlumotlarni va dasturni yuklatish tartibi, ish tartibi);
g) foydalanuvchiga xabarlar berish.
5) dasturiy mahsulotning bankdagi sinovlari boʻyicha xulosasi.
Ushbu hujjat dasturiy mahsulotning oʻtkazilgan sinov sharoitlari, tartibi va natijalarini, jumladan, dasturiy mahsulotni oʻrganish natijasida u hamma bosqichlarda ishga layoqatliligini isbotlaydigan aniq masalalar roʻyxatini oʻz ichiga olishi kerak.
18. Dasturiy mahsulot hujjatlari (dasturiy mahsulot tavsifi, foydalanuvchi qoʻllanmasi) oʻrganishdan oʻtkazilayotgan paytda Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan mezonlarga mos ravishda rasmiylashtirilishi kerak.
IV. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan dasturiy mahsulotga qoʻyiladigan umumiy talablar
19. Litsenziyaga muvofiqligi, yaʼni dasturiy mahsulot litsenziyali dasturiy mahsulotdan foydalangan holda ishlatilishi shart.
20. Maslahatlar berish va boshqa turdagi yordam berish imkoniyatlari mavjudligi.
21. Hisoblash texnikasining tavsifi, jamlanmasi, sinfi va turiga mosligi.
22. Lingvistik talablar: dasturiy mahsulot har qanday koʻzda tutilgan ish jarayonida davlat tilida ishlashi shart, shu bilan birga zaruriyat boʻlganda boshqa tillardan ham foydalanish mumkin.
23. Dasturiy mahsulot foydalanilayotgan tarmoqqa(tarmoqlariga) bogʻliq qabul qilingan koʻpchilik foydalanadigan texnologiyalaridan bittasiga muvofiq kelishi lozim (yakka foydalanuvchi dasturiy mahsulot bundan mustasno).
24. Axborotni qisman yoki toʻliq yoʻqotilishi va maʼlumotlar bazasi yaxlitligining buzilishi holatlarining oldini olish maqsadida, foydalanuvchi qilgan xatolar, texnikaviy buzilish hollarida yuzaga keladigan xatolar va maʼlumotlar bazasi xatolari vujudga kelganda, dasturiy mahsulot xatolarni tahlil qilib, foydalanuvchiga nima qilish kerakligi (keyingi harakatlar taʼrifi) haqida maʼlumot berishini ham koʻzda tutish lozim.
25. Dasturiy mahsulot (dastur koʻp foydalanuvchilar muhitida ishlayotganda) tarkibida dasturning ishlashini nazorat qiladigan modul boʻlishi zarur.
26. Dasturning ishlashini nazorat qiladigan modul quyidagi ishlarni bajarilishini taʼminlashi lozim:
a) foydalanuvchini identifikatsiya (haqiqiyligini aniqlash), autentifikatsiya (haqiqiyligini tasdiqlash) va avtorizatsiya (vakolatlarini belgilash) qilish;
b) dasturiy mahsulot resurslaridan foydalanish nazorati;
v) dasturiy mahsulotdagi holatlarni roʻyxatga olish va tahlil qilish;
g) dasturiy mahsulot resurslarining yaxlitligining nazorati.
27. Dasturiy mahsulot ishlashidan natijaviy shakllangan maʼlumotlarga toʻgʻridan toʻgʻrioʻzgartirishlar kiritish imkoniyatidan himoyalangan boʻlishi zarur.
28. Dasturiy mahsulot kiritilayotgan maʼlumotlarning toʻliqligi va aniqligini nazorat qilishi zarur.
29. Dasturiy mahsulotda qoʻshimcha hisobotlar olinishi koʻzda tutilishi mumkin, ammo bu maʼlumotlar bazasi yaxlitligining buzilishiga olib kelmasligi va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmasligi kerak.
30. Dasturiy mahsulotda Markaziy bankning Integrallashgan axborot-tahliliy tizimi tarkibiga kiruvchi axborot tizimlari hamda axborot resurslari bilan oʻzaro hamkorlik qilish shartlariga qoʻyiladigan talablar hisobga olinishi kerak. Jumladan:
a) Markaziy bankning banklararo toʻlov tizimi;
b) bank depozitorlari milliy axborot bazasi;
v) Kredit axboroti milliy instituti axborot tizimi;
g) bank tizimining axborot omborxonasi;
d) elektron maʼlumotnomalar axborot tizimi.
V. Dasturiy mahsulotlarni oʻrganish boʻyicha ishlarni tashkil qilish tartibi
31. Dasturiy mahsulotni oʻrganish ishlari quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
1) hujjatlarni qabul qilish va arizani roʻyxatga olish:
a) hujjatlar Markaziy bankning Kotibiyati orqali Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamentiga joʻnatiladi;
b) Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamenti 17-bandda koʻrsatilgan hujjatlar toʻplamini koʻrib chiqadi;
v) dasturiy mahsulotga doir hujjatlar toʻplami toʻliq boʻlgan taqdirda dasturiy mahsulot oʻrganishga beriladigan ariza (1-ilova) roʻyxatdan oʻtkaziladi aks holda barcha hujjatlar ariza beruvchiga qaytariladi.
2) oʻrganish ishlarini tashkil qilish:
a) Markaziy bankning Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamenti, Axborotlashtirish Bosh Markazi, Xavfsizlik va axborotni muhofaza qilish departamenti va boshqa boʻlinmalari rahbarlari ixtiyoriga koʻra koʻrsatilgan mutaxassislardan iborat ekspertlar roʻyxatini belgilash ishlarini Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamenti tashkil etadi. Ekspertlar roʻyxati bir yilda kamida bir marotaba koʻrib chiqiladi va Markaziy bank Raisining axborotlashtirish masalalariga rahbarlik qiluvchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi;
b) ariza roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin Ekspertlar komissiyasi dasturiy mahsulotga tegishli barcha hujjatlarni tahlil qiladi;
v) dasturiy mahsulotni oʻrganish ishlari ariza beruvchining ish joyida oʻtkaziladi;
g) ariza beruvchi dasturiy mahsulotini sinov yoki amaldagi maʼlumotlar asosida toʻliq sinovdan oʻtkazish uchun kerakli texnik jihozlardan iborat peshlavha(stend) koʻrinishidagi toʻplamni taqdim etadi;
d) dasturiy mahsulot sinovdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi ekspertlar komissiyasi xulosasi rasmiylashtiriladi.
3) Markaziy bank ruxsatnomasini rasmiylashtirish va taqdim etish:
a) dasturiy mahsulotni oʻrganish tugaganidan soʻng, ekspertlar komissiyasining ijobiy xulosasiga asosan, Markaziy bank Raisining axborotlashtirish masalalariga rahbarlik qiluvchi oʻrinbosari ariza beruvchiga Markaziy bank ruxsatnomasi (2-ilova)ni berish toʻgʻrisida Qaror qabul qiladi;
b) aks holda ariza beruvchiga dasturiy mahsulotni bank tizimi talablari va shartlariga mos emasligini koʻrsatuvchi ekspertlar komissiyasi xulosasi taqdim etiladi.
4) dasturiy mahsulotni dasturiy mahsulotlar roʻyxatida qayd etish.
32. Dasturiy mahsulotni oʻrganish muddati — ariza roʻyxatga olingan kundan boshlab bir oy.
33. Dasturiy mahsulotni sinovdan oʻtkazish paytida axborotning etishmasligi aniqlanib, qoʻshimcha maʼlumotlar kerakligi ekspertlar komissiyasi tomonidan asoslangan holatlarda, qoʻshimcha maʼlumotlar olinganidan soʻng, bir oy muddat ichida oʻrganib chiqiladi.
34. Oʻrganish natijalari ijobiy boʻlganda dasturiy mahsulot Markaziy bank dasturiy mahsulotlar roʻyxatida qayd etiladi va Markaziy bank ruxsatnomasi taqdim etiladi.
VI. Dasturiy mahsulotlar haqidagi hujjatlar toʻplamini saqlash tartibi
35. Oʻrganish uchun taqdim etilgan dasturiy mahsulot haqidagi hujjatlar toʻplamining nusxasi oʻrganish natijalaridan qatʼi nazar, ariza beruvchiga qaytarilmaydi va Markaziy bank arxivida qoldiriladi.
36. Dasturiy mahsulot haqidagi hujjatlar toʻplami va dasturiy mahsulotning namunasi (kompyuter axborotini saqlovchi vositadagi nusxasi) “Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari faoliyatida yuzaga keladigan hujjatlarning saqlanish muddatlari roʻyxatini qoʻllash boʻyicha koʻrsatma” (2000-yil 26-iyul, roʻyxat raqami 951)da belgilangan muddatlarga muvofiq saqlanadi.
VII. Dasturiy mahsulotlar roʻyxatini yuritish shartlari va maqsadlari
37. Dasturiy mahsulotlar roʻyxatini olib borishdan asosiy maqsad — Oʻzbekiston Respublikasi banklarida foydalanilayotgan dasturiy mahsulot hisobini yuritish va ular ustidan nazoratni taʼminlash, saqlash, dasturiy mahsulot haqida maʼlumotlarni toʻplash, dasturiy mahsulot haqida toʻliq maʼlumot taqdim etish bilan axborot xizmatini koʻrsatishdan iborat.
38. Dasturiy mahsulotlarni roʻyxatga olish Markaziy bank Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
39. Dasturiy mahsulotlar roʻyxati maxsus (tikilgan, raqamlangan, Markaziy bank kotibiyati rahbari imzosi va muhri bilan tasdiqlangan) kitobda qayd qilib boriladi.
40. Dasturiy mahsulotlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimida foydalanish uchun Markaziy bank ruxsatnomasi berilgan dasturiy mahsulot haqidagi maʼlumotlardan iborat.
41. Markaziy bankning Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamenti Dasturiy mahsulotlar roʻyxatining saqlanishi va uni dolzarb holatda saqlab turish uchun javobgardir.
VIII. Dasturiy mahsulotlar roʻyxatining tarkibi va tuzilishi
42. Dasturiy mahsulot 16-bandda keltirilgan maʼlumotlar asosida oʻziga xos tartib raqam bilan roʻyxatga olinadi.
43. Dasturiy mahsulotlar roʻyxati maʼlumotlar bazasida quyidagi maʼlumotnomalarning boʻlishi koʻzda tutilgan:
a) Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan banklar boʻyicha maʼlumotnoma;
b) banklarning boʻlim va boʻlinmalari boʻyicha maʼlumotnoma;
v) mamlakatlar boʻyicha maʼlumotnoma;
g) Respublikadagi tuman va viloyatlar boʻyicha maʼlumotnoma.
IX. Dasturiy mahsulotlar roʻyxatidan foydalanishni tashkil etish
44. Markaziy bankning Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamenti dasturiy mahsulotlar roʻyxatida qayd qilingan dasturiy mahsulotlar axborotnomasini tijorat banklari va Markaziy bank tarkibiy boʻlinmalari tomonidan kelib tushgan arizalar asosida elektron hamda yozma shakllarda tarqatib turadi.
X. Dasturiy mahsulotlarni oʻrganish boʻyicha ekspertlar komissiyasi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
45. Markaziy bankning Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamenti dasturiy mahsulotlarni oʻrganish ishlari (hujjatlarni qabul qilish, oʻrganish ishlarini tashkil qilish, dasturiy mahsulotni dasturiy mahsulotlar roʻyxatida qayd etish va Markaziy bank ruxsatnomasini berish)ni tashkil qiladi.
46. Markaziy bankning Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamenti direktori dasturiy mahsulotni oʻrganish ishlarini oʻtkazishga masʼuldir.
47. Ekspertlar komissiyasi oʻrganish natijalarining xolisonaligi uchun javobgardirlar.
48. Dasturiy mahsulotni oʻrganish paytida ariza beruvchining mutaxassislari kuzatuvchi sifatida qatnashishi mumkin.
49. Ariza beruvchi dasturiy mahsulotga doir hujjatlarning toʻgʻriligi va ularni rasmiylashtirish qoidalariga rioya qilinishi uchun javobgardir.
50. Dasturiy mahsulotni oʻrganuvchi ekspertlar komissiyasi aʼzolari taqdim etilgan dasturiy mahsulotlarning namunalari (kompyuter axborotlarini saqlovchi mahsulotdagi nusxalari)ni va oʻrganiladigan dasturiy mahsulot haqidagi hujjatlarni uchinchi shaxsga bermaslik majburiyatini zimmalariga oladilar.
XI. Yakuniy qoidalar
51. Ushbu Nizom Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2007-yil 29-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimida dasturiy mahsulotlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
| |
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Toʻlov tizimi va axborotlashtirish departamentiga | |
Ariza beruvchi muassasaning nomi, manzili va toʻliq rekvizitlari |
| |
|
| ||
| ____________________________________________________________________ | ||
|
(dasturiy mahsulotning nomi) | ||
| _____________________________________________ dasturiy mahsulotni belgilangan tartibda oʻrganib chiqib, bank faoliyatida mazkur dasturiy mahsulotdan foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank ruxsatini berishingizni soʻraymiz. Dasturiy mahsulotning asosiy tavsifi ilova qilinadi: Ilova: 1. Dasturiy mahsulotning namunasi (kompyuter axborotlarini saqlovchi mahsulotdagi nusxasi); 2. Dasturiy mahsulot haqidagi asosiy maʼlumotlar (___ betdan iborat); 3. Dasturiy mahsulotni qoʻllash shart-sharoitlariga qoʻyilgan talablar (___ betdan iborat); 4. Dasturiy mahsulot taʼrifi (___ betdan iborat); 5. Foydalanuvchilar qoʻllanmasi (___ betdan iborat); 6. Dasturiy mahsulotning bankda sinovdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi xulosa (___ betdan iborat). | ||
|
|
�� Sana va imzo | |
|
Ismi, sharifi |
| |
Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimida dasturiy mahsulotlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
|
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki | |||
| |
|
| |
| |
dasturiy mahsulotni qoʻllash uchun |
| |
200__ y. “____” ____________da |
| | |
| ___________________________________________________________________ | |||
|
ishlab chiquvchining (yetkazib beruvchining) nomi | |||
| ___________________________________________________________________ | |||
|
manzili | |||
| __________________________ tomonidan ishlab chiqilgan (yetkazib berilgan), _______________________ versiyali ___________________________________ | |||
| | |
dasturiy mahsulotning nomi | |
| ___________________________________________________________________ oʻrganib chiqildi va u Markaziy bank meʼyoriy hujjatlari talablariga javob berishi tasdiqlanadi. | |||
|
|
|
| |
|
|
| | |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 46-47-son, 479-modda)