O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi SENATI KENGAShINING
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING DEVONI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni 14-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Devoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi M. ShARIFXO‘JAYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 18-aprel,
23–I-son
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati Kengashining
2005-yil 18-apreldagi 23-I-sonli Qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oliy Majlisi Senati Kengashining
2005-yil 18-apreldagi 23-I-sonli Qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Devoni to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi), uning organlari hamda Senat a’zolarining faoliyatini tashkiliy, axborot va moddiy-texnika jihatidan ta’minlashni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Devoni (bundan buyon matnda Senat Devoni deb yuritiladi) amalga oshiradi.
2. Senat Devoni o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga, Senatning va Senat Kengashining qarorlariga, Senat Raisining farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Senat Devoni o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining devonlari, shuningdek ijro etuvchi va sud hokimiyati organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
4. Senat Devonida jamoat birlashmalarining, shu jumladan siyosiy partiyalar, shuningdek diniy birlashmalarning tuzilmalari tashkil etilishi mumkin emas, kasaba uyushmalari bundan mustasno.
5. Senat Devonining tuzilmasi, shtatlar jadvali, xodimlari mehnatiga to‘lanadigan haq miqdori va ularning moddiy-texnika ta’minoti, shuningdek ularning ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlar Senat Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
6. Senat Devoni yuridik shaxs bo‘lib, o‘zining hisob-kitob varaqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
II. SENAT DEVONINING TARKIBIY BO‘LINMALARI VA ULARNING ASOSIY VAZIFALARI
7. Senat Devoni Senat Raisining, Rais o‘rinbosarlarining (bundan buyon matnda Senat rahbariyati deb yuritiladi) hamda Senat Devoni Rahbarining bevosita rahbarligida ishlaydi va quyidagi tarkibiy bo‘linmalarni o‘z ichiga oladi:
Senat rahbariyati huzuridagi kotibiyat
Matbuot kotibi
Yuridik bo‘lim
Nazorat-axborot bo‘limi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Matbuot va tarjima bo‘limi
Umumiy bo‘lim
Buxgalteriya.
Senat Devoni bo‘limlarining tarkibida shu’balar, guruhlar va boshqa tarkibiy bo‘linmalar tuzilishi mumkin.
8. Senat Devonini Senat Devoni Rahbari boshqaradi.
9. Senat Devoni Rahbari o‘z vakolati doirasida;
Qonunchilik palatasining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining devonlari, shuningdek ijro etuvchi va sud hokimiyati organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro aloqalarda Senat Devoni nomidan ish ko‘radi;
Senat Devoni, uning tarkibiy bo‘linmalari samarali ishlashini ta’minlaydi, Senat Devoni zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Senat Devoni tarkibiy bo‘linmalarining ishini muvofiqlashtirib va faoliyatini nazorat qilib boradi;
Senatda o‘tkazish mo‘ljallanayotgan tadbirlar rejalarining loyihalari tayyorlanishini tashkil etadi, Senat rahbariyatining topshirig‘iga binoan va qo‘mitalarning (komissiyalarning) takliflari asosida Kengash majlisining kun tartibi loyihasini shakllantiradi hamda bu hujjatlarni Senat rahbariyati ko‘rib chiqishi uchun kiritadi;
Senat rahbariyatiga, qo‘mitalariga (komissiyalariga) axborot, ma’lumotnoma yo‘sinidagi va boshqa materiallar tayyorlanishini tashkil etadi, Senat va uning organlari faoliyati axborotlar bilan ta’minlanishini yaxshilash, axborotlarni qayta ishlash hamda tahlil qilishning zamonaviy usul va vositalarini joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
Senatning Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda ishlashini hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlislari o‘tkazilishini ta’minlaydi;
Senat Devonining tarkibiy bo‘linmalarida tayyorlangan masalalar xususida Senat rahbariyatiga axborot berib boradi;
Senat Devoni ishini takomillashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqilishini ta’minlaydi, Senat Devoni tuzilmasi, shtatlari va kadrlar tarkibiga oid masalalar yuzasidan Senat rahbariyati ko‘rib chiqishi uchun takliflar kiritadi, Senat Devoni xodimlarining malakasini oshirish, mehnat intizomini mustahkamlash ishlarini tashkil etadi;
ushbu Nizomga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
10. Senat rahbariyati huzuridagi kotibiyat:
kelgan xat-xabarlarni saralash yo‘li bilan ishlovdan o‘tkazadi va jo‘natilayotgan xat-xabarlarning hisobini yuritadi;
kelgan hujjatlar bilan tahliliy va axborot-ma’lumotnoma yo‘nalishidagi ishlarni amalga oshiradi;
Senat va uning Kengashi majlislariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlislariga tayyorgarlik ko‘rishda Senat rahbariyatiga ko‘maklashadi;
Senat rahbariyatining Senat qo‘mitalari (komissiyalari) bilan hamkorlikdagi ishlarini ta’minlaydi;
Senat rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqiladigan axborot-tahliliy va boshqa materiallarni tayyorlaydi;
Senat rahbariyati tomonidan fuqarolarning qabul qilinishi bilan bog‘liq ishlarni tashkil etadi;
Senat rahbariyatining topshiriqlari bajarilishi ustidan nazorat olib boradi;
Senat Raisi qabulxonasi muntazam ravishda, shu jumladan navbatchilik jadvaliga binoan dam olish va bayram kunlari ham ishlashini ta’minlaydi;
Senat rahbariyati faoliyatiga moddiy-texnika xizmati ko‘rsatilishini amalga oshiradi;
Senat rahbariyatining topshiriqlariga binoan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
11. Matbuot kotibi:
ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
Senat va uning organlari faoliyati haqida e’lon qilinishi uchun axborotlar tayyorlaydi;
Senat va uning organlari faoliyati davriy nashrlar sahifalarida, televideniye va radio orqali belgilangan tartibda yoritilishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining, shuningdek chet davlatlar va MDHga a’zo mamlakatlar parlamentlarining faoliyatini o‘rganish bilan bog‘liq tahliliy ishlarni amalga oshiradi;
Senat ishi natijalarini umumlashtirib boradi;
Senat faoliyati to‘g‘risida hisobotlar, ma’lumotnoma yo‘sinidagi boshqa materiallar tayyorlaydi;
Senat rahbariyatining topshirig‘iga binoan nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari bilan aloqalarni amalga oshiradi.
12. Senat Devonining bo‘limlariga bo‘lim mudirlari rahbarlik qiladilar.
13. Yuridik bo‘lim:
Senat hamda uning Kengashi va qo‘mitalari (komissiyalari) muhokamasiga kiritiladigan masalalar yuzasidan materiallar va takliflar tayyorlanishiga ko‘maklashadi;
Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlar yuzasidan xulosalar tayyorlashda Senat qo‘mitalariga ko‘maklashadi, shuningdek, qarorlarning, bayonotlarning, murojaatnomalarning loyihalari yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda mazkur hujjatlarni yuridik-texnik jihatdan maromiga yetkazishda ishtirok etadi;
Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlarning muhokamasida ishtirok etadi;
Senat va uning Kengashi majlislari huquqiy jihatdan ta’minlanishida ishtirok etadi;
Senat rahbariyati va Senat Devoni Rahbari topshirig‘iga binoan bo‘lim vakolatiga taalluqli huquqiy masalalar yuzasidan xulosalar tayyorlaydi;
Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlarni ko‘rib chiqish uchun Senatning qaysi qo‘mitalari mas’ul bo‘lsa, shu qo‘mitalar topshirig‘iga binoan mazkur qonunlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlariga, shuningdek yuridik texnika talablariga qanchalik muvofiq ekanligini tahlil qiladi, mazkur hujjatlarning sifatini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Senat va uning Kengashi qarorlari, Qonunchilik palatasi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hisobini yuritadi hamda ularni tizimga solib boradi;
Senatning qonunlar bazasini shakllantiradi va tekshirib, to‘g‘ri holatda bo‘lishini nazorat qilib boradi;
Senat qo‘mitalarining yozma so‘roviga binoan qonunlar bazasi asosida huquqiy masalalar bo‘yicha axborot yo‘sinidagi ma’lumotnomalar tayyorlaydi;
Senat tomonidan ma’qullangan qonunlarni va qabul qilingan qarorlar, bayonotlarni, murojaatnomalarni, shuningdek parlament so‘rovlarini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishga bir xil yondashilishini ta’minlaydi, Senat a’zolariga maslahat yo‘sinidagi va uslubiy yordam ko‘rsatadi;
Senat tomonidan nazorat qilish sohasidagi vakolatlarning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.
14. Nazorat-axborot bo‘limi:
Senat qo‘mitalariga nazorat-tahlil ishlarini amalga oshirishlarida tashkiliy, uslubiy, axborot va maslahat yo‘sinidagi xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi;
Senat qo‘mitalari konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etishida hamda o‘tkazishida ko‘maklashadi;
Senat majlislariga tashkiliy va axborot yo‘sinidagi xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi, Senat a’zolariga tashkiliy-texnik yordam beradi;
Senat a’zolariga vakolatlarini amalga oshirishlarida ko‘maklashadi hamda ularni tegishli axborot materiallari bilan ta’minlaydi;
Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlarning muhokamasida ishtirok etadi;
senatorlarning joylarda olib borgan ishlari, aholi bilan o‘tkazgan uchrashuvlari haqida Senat Devoniga kelib tushgan axborotlarni umumlashtirib boradi;
fuqarolardan Senatga tushayotgan murojaatlar yuzasidan olib boriladigan ishlarni tashkil etadi, murojaatlarning hisobini yuritadi hamda ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlaydi, ularni tegishli davlat organlariga va boshqa organlarga yuboradi hamda yuborilgan murojaatlarning ana shu organlarda ko‘rib chiqilishini nazoratga oladi;
fuqarolarning qabul qilinishini tashkil etadi;
fuqarolarning murojaatlarini hamda bu murojaatlarning ko‘rib chiqish natijalarini muntazam tahlil qilib va umumlashtirib boradi, shikoyatlarning kelib chiqishi sabablarini o‘rganadi, zarur axborotlar tayyorlaydi;
Senat a’zolarining ro‘yxatlarini nashrga tayyorlaydi, so‘rovnoma yo‘li bilan ularga oid ma’lumotlardagi o‘zgarishlar hisobini yuritadi;
ma’muriy-hududiy tuzilishni tartibga solish, O‘zbekiston Respublikasi chegaralarini o‘zgartirish, tumanlar, shaharlar va viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish masalalariga oid takliflarni umumlashtiradi va hujjatlar tayyorlaydi;
xalq deputatlari Kengashlariga uslubiy va boshqa yo‘sindagi yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq tegishli materiallar hamda takliflar tayyorlanishini tashkil etadi;
xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazishga doir tashkiliy-texnik tadbirlarda mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlariga, saylov komissiyalariga yordam ko‘rsatadi.
15. Xalqaro aloqalar bo‘limi:
xalqaro munosabatlarga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya yoki denonsatsiya qilishga taalluqli materiallar va takliflar tayyorlashda ishtirok etadi;
Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan, xalqaro munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonunlar yuzasidan xulosalar tayyorlashda Senatning tegishli qo‘mitalariga ko‘maklashadi;
Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlarning muhokamasida ishtirok etadi;
chet el delegatsiyalarining, chet davlatlar ayrim davlat va siyosat arboblarining, diplomatiya vakillarining, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillarining Senatdagi qabulini uyushtiradi;
parlament delegatsiyalari tashrifining, Senat ishtirokida o‘tkazilayotgan xalqaro parlament tadbirlarining (konferensiyalar, seminarlar, simpozium va boshqalarning) protokol ta’minoti masalalarini hal etadi;
rasmiy tashrif bilan chet ellarga borayotgan Senat rahbariyatini, delegatsiyasini va Senat a’zolarini axborot, ma’lumotnoma yo‘sinidagi va boshqa materiallar bilan ta’minlaydi;
Qonunchilik palatasining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining devonlari tegishli tarkibiy bo‘linmalari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan, diplomatik va boshqa vakolatxonalar hamda O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xalqaro shartnomalar hisobini yuritadi hamda ularni tizimga solib boradi;
Senatning parlamentlararo aloqalari masalalariga doir materiallarni umumlashtirib boradi, xalqaro parlament institutlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yadi va olib boradi;
xalqaro shartnomalar hisobini yuritadi hamda ularni tizimga solib boradi;
xalqaro aloqalarga taalluqli, Senat rahbariyati nazoratidagi hujjatlarning ijrosi nazorat etilishini ta’minlaydi;
Senatning qo‘mitalari (komissiyalari) faoliyatiga tashkiliy, uslubiy va axborot yo‘sinidagi xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi, ularga xalqaro xususiyatdagi tadbirlar o‘tkazishda ko‘maklashadi;
xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga borayotgan Senat rahbariyatiga, senatorlarga va Senat Devoni xodimlariga tashkiliy-texnik, uslubiy va boshqa xil ko‘mak beradi;
Senatga kelib tushgan chet tillardagi xat-xabarlarning tarjima qilinishini ta’min etadi.
16. Matbuot va tarjima bo‘limi:
qonunlar, shuningdek Senatning va Senat Kengashining hujjatlari, Senat rahbariyatining topshirig‘iga binoan esa boshqa materiallar matnlari tarjima va tahrir etilishini ta’minlaydi;
Senat tomonidan qabul qilingan hujjatlarning matbuotda e’lon qilinishini tashkil etadi;
Senat va uning Kengashi muhokamasiga kiritilayotgan materiallar va takliflarni tayyorlashda ishtirok etadi;
Senatning matbuot organlari faoliyati bilan bog‘liq masalalarda mutasaddilik qiladi, bu organlar o‘z ustavlarida belgilangan talablarni bajarishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ommaviy axborot vositalari bilan aloqani yo‘lga qo‘yadi va olib boradi;
Senat Kengashi majlislarining bayonnomalari, Senat tomonidan qabul qilingan hujjatlarning to‘plamlari nashr qilinishini tashkil etadi.
17. Umumiy bo‘lim:
Senat hujjatlarining (qarorlar, bayonnomalar, farmoyishlar va boshqa hujjatlarning) ro‘yxatga olinishini, hisobi yuritilishini, rasmiylashtirilishini, ko‘paytirilishini va joylarga jo‘natilishini amalga oshiradi;
kelgan xat-xabarlarni qabul qilib oladi, ro‘yxatdan o‘tkazadi, hisobini yuritadi, taqsimlaydi va tegishliligi bo‘yicha yetkazib beradi, shuningdek jo‘natilayotgan xat-xabarlarning qabul qilib olinishi hamda joylarga yuborilishini ta’minlaydi;
Senat Devonining tarkibiy bo‘linmalarida ish yuritilishini belgilangan tartibda tashkil etadi, maxfiylik rejimini ta’minlaydi, Senat Devonining tarkibiy bo‘linmalarida mehnat intizomi ahvolini tahlil qilib boradi;
Senat Devonining boshqa tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda Senat va uning Kengashi majlislariga tashkiliy-texnik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi;
Senat va uning Kengashi hamda qo‘mitalari (komissiyalari) majlislarining, Senatda o‘tkaziladigan boshqa tadbirlarning bayonnomalarini, stenogrammalarini yuritadi, ana shu majlis va tadbirlarda so‘zga chiqqanlarning ovozlari magnit lentasiga yozib olinishini ta’minlaydi;
yuritilishi tugallangan hujjatlar yig‘majildlarining qabul qilib olinishi, hisobi yuritilishi va saqlanishini, joriy arxiv shakllantirilishini ta’minlaydi, ishlar, yig‘majildlar va hujjatlarni belgilangan tartibda davlat arxiviga topshiradi;
Senat ishlari nomenklaturasini ishlab chiqadi, uni “O‘zarxiv” agentligi bilan kelishib oladi va tasdiqlash uchun Senat rahbariyatiga kiritadi;
Senat kutubxonasi ishini tashkil etadi;
Senat rahbariyati va Senat Devoni Rahbari topshirig‘iga binoan farmoyishlar loyihalarini tayyorlaydi;
Senatda doimiy asosda ishlayotgan senatorlarning hamda Senat Devoni xodimlarining shaxsiy hujjatlar yig‘majildlari va mehnat daftarchalarini rasmiylashtirish hamda saqlashga doir ishlarni amalga oshiradi;
Senat Devoni xodimlarini harbiy ro‘yxatga kiritish va undan chiqarish, shuningdek bronlashtirib qo‘yish masalalarida tuman, shahar mudofaa ishlari bo‘limlari bilan aloqada bo‘ladi;
Senat Devoni tarkibiy bo‘linmalari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida har kuni Senat rahbariyatini Senat Devoni xodimlarining ishga chiqqan-chiqmaganligidan xabardor etadi;
Senatning, uning Kengashi va qo‘mitalarining (komissiyalarining), Senat a’zolarining hamda Senat Devonining faoliyatiga moliyaviy, moddiy-texnik va xo‘jalik xizmati ko‘rsatilishini ta’minlaydi;
Xalqaro aloqalar bo‘limi bilan birgalikda parlament delegatsiyalari va boshqa delegatsiyalarning Senatdagi qabullarini tashkil etadi, Senat delegatsiyalarini xorijiy mamlakatlarga yuborish, senatorlar hamda Senat Devoni xodimlari uchun aviatsiya chiptalarini band (bron) qilib qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy-texnik masalalarni hal etadi;
Senat qo‘mitalarining (komissiyalarining) va Senat Devoni tarkibiy bo‘linmalarining materiallari kompyuterda terib (ko‘chirib) berilishini hamda ko‘paytirilishini tashkil etadi;
Senat a’zolarining va Senat Devoni xodimlarining xizmat guvohnomalari hamda boshqa hujjatlar blankalari tayyorlanishini ta’min etadi;
ovoz berishning elektron tizimi, Senatning mahalliy kompyuter tarmog‘i, shuningdek boshqa tashkiliy texnikalar talab darajasida ishlashini ta’minlaydi;
Senatda doimiy asosda ishlayotgan senatorlarga va Senat Devoni xodimlariga mehnat, maishiy, dam olish sharoitlari yaratib berilishini hamda ularga tibbiy xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish ishlarini olib boradi.
18. Buxgalteriya Senat va uning organlari faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar smetalarining loyihalarini, bu smetalarning ijrosiga doir hisobotlarni tayyorlaydi hamda ularni Senat rahbariyati va Senat Devoni Rahbari ko‘rib chiqishi uchun kiritadi.
III. SENAT DEVONINING XODIMLARI
19. Senat Devoni Rahbari va Devon xodimlari Senat Raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimdan ozod qilinadi.
20. Senat Devoni bo‘limlarining mudirlari o‘z vakolatlari doirasida:
Senat Devonining tegishli bo‘linmalari faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladilar hamda ana shu bo‘linmalar zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar;
xodimlar o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydilar, ish uyushqoqlik bilan va batartib borishini, mehnat intizomiga rioya etilishini ta’minlaydilar, xodimlarning o‘z vazifalarini bajarishlari hamda ish yuritish tartibli bo‘lishi uchun javob beradilar;
Senat rahbariyati va Senat Devoni Rahbari topshiriqlari bajarilishini nazorat qilib boradilar;
bo‘lim xodimlarining malakasini oshirish choralarini ko‘radilar;
Senat Devonining tegishli bo‘limida tayyorlangan masalalar xususida Senat Devonining Rahbariga axborot berib boradilar;
Senat Kengashining hamda qo‘mitalarining (komissiyalarining) majlislarida ishtirok etadilar;
Senat rahbariyati va Senat Devoni Rahbari huzurida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda Senat Devonining tegishli bo‘limi nomidan vakillik qiladilar hamda ish ko‘radilar;
o‘z vakolati doirasiga taalluqli masalalar bo‘yicha bo‘limning Senat a’zolari, Senat qo‘mitalari (komissiyalari), Senat Devoni tarkibiy bo‘linmalari bilan, Qonunchilik palatasining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining devonlari tegishli tarkibiy bo‘linmalari bilan, davlat hokimiyati boshqa organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlashini tashkil qiladilar.
21. Bo‘lim mudirlarining o‘rinbosarlari Senat Devoni tegishli bo‘linmalari rahbarlari yo‘qligida ularning vazifalarini bajaradilar, shuningdek o‘zlariga topshirilgan ish jabhasiga rahbarlik qiladilar.
22. Matbuot kotibi, Senat Devonining katta referentlari, referentlari va boshqa mas’ul xodimlari:
xizmat vazifalari va mansab yo‘riqnomalariga muvofiq tegishli jabhada topshirilgan ish vaqtida, sifatli bajarilishini hamda tashkil etilishini ta’minlaydilar, bu yo‘nalishdagi ishlar uchun shaxsan javob beradilar;
tegishincha Senat rahbariyati, Senat Devoni Rahbari, bo‘lim mudirlari va bo‘lim mudirlarining o‘rinbosarlari tomonidan berilgan vazifa hamda topshiriqlarni bajaradilar.
23. Senat Devonining texnik xodimlari:
zimmalariga yuklatilgan xizmat vazifalarini, tegishincha Senat Devoni Rahbari, bo‘lim mudirlari va bo‘lim mudirlarining o‘rinbosarlari tomonidan berilgan topshiriqlarni bajaradilar;
o‘z ishlariga taalluqli masalalar yuzasidan o‘tkaziladigan xizmat yig‘ilishlarida ishtirok etadilar;
o‘z ishlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan, zarurat bo‘lganda, Senatning tegishli qo‘mitasi rahbariga, Senat Devoni bo‘limlarining mudirlariga takliflar kiritadilar.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-y., 3-4-son, 149-modda)