Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“OʻZBEKISTON. MUSTAQIL TARAQQIYOT YOʻLI” FOTOALBOMINI NAShR ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻn besh yillik bayramini munosib kutib olish, istiqlol yillarida hayotning barcha soha va tarmoqlarida qoʻlga kiritilayotgan katta yutuqlarni, yurtimizda amalga oshirilayotgan tarixiy oʻzgarishlarni xalqimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib etish maqsadida:
1. Vatanimizning betakror qiyofasini, yurtimizda yangi hayot, yangi jamiyat qurish yoʻlida olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini, odamlarimiz tafakkuridagi oʻzgarishlar tufayli ularning ongida mehnatga, mulkka nisbatan shakllanayotgan yangicha munosabatlarni, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy, sotsial sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni aks ettiruvchi “Oʻzbekiston. Mustaqil taraqqiyot yoʻli” nomli rangli-bezakli fotoalbom tayyorlansin va nashr etilsin.
2. Mazkur fotoalbomni tayyorlash boʻyicha ishchi guruhi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Ishchi guruhi bir oy muddat ichida fotoalbomning gʻoyaviy yoʻnalishi, mazmun-mundarijasi, hajmi va tarkibi ifodalangan dastur va ish rejasini ishlab chiqsin. Fotoalbom uchun tegishli arxiv hujjatlari, fotosuratlar va boshqa tasviriy vositalarni tanlashda quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratilsin:
- mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlat, ochiq fuqarolik jamiyati qurish, iqtisodiyotimizni rivojlantirish va erkinlashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi yangilanish jarayonlarini yorqin hayotiy lavhalar orqali koʻrsatish;
- ona yurtimizning goʻzal tabiatini, saxovatli zaminimizning beqiyos manzaralarini aks ettirish;
- qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, serqirra sanʼatimiz namunalarini tasvir etish;
- mamlakatimiz boyliklari, tabiiy-mineral zaxiralari va iqtisodiy salohiyatini keng namoyon etish;
- xalqimizning oʻziga xos turmush tarzi, inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan amaliy ishlar, yurtimizda qaror topgan tinchlik, millatlararo totuvlik va osoyishtalik, diniy bagʻrikenglikni aks ettirish;
- tarixiy-madaniy obidalarimiz, shu jumladan, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Ahmad Fargʻoniy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abdulxolik Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Amir Temur, Hazrati Xizr kabi ajdodlarimizning qadamjolari, Shohizinda, Registon, Masjidi kalon, Ichanqalʼa, Chor Bakr singari meʼmoriy majmualarni qayta tiklash va obod qilish, yangi ziyoratgohlar barpo etish yoʻlidagi ibratli ishlarning xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishdagi ahamiyatini qiyosiy usulda ifodalash;
- poytaxtimiz Toshkent shahrida, barcha viloyatlar, shahar va tumanlarda mustaqillik davrida bunyod etilgan zamonaviy binolar, yangi korxonalar, ravon yoʻllar, shinam uy-joylar, taʼlim-tarbiya, shifo maskanlari, sport inshootlari, goʻzal maydonlar bor va xiyobonlar manzarasini aks ettirish.
Yuqorida qayd etilgan Oʻzbekistonning tarixi, betakror qiyofasi, ulkan salohiyati hamda oʻn besh yillik mustaqil taraqqiyot davrida erishilgan natijalarni, xalqaro jamoatchilik eʼtirof etadigan yutuqlarni bir-biri bilan uzviy bogʻliq holda fotosuratlar va boshqa hujjatlar asosida yoritish ishchi guruhining asosiy vazifasi ekani belgilab qoʻyilsin.
3. “Oʻzbekiston. Mustaqil taraqqiyot yoʻli” fotoalbomini oʻzbek, rus va ingliz tillarida yuksak sifat bilan nashr etish vazifasi Matbuot va axborot agentligiga topshirilsin.
4. Matbuot va axborot agentligi Tashqi ishlar vazirligi hamda “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi bilan birgalikda fotoalbomni keng miqyosda targʻib etish va realizatsiya qilish chora-tadbirlarini belgilasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi fotoalbomni tayyorlash va nashr etish uchun zarur mablagʻlarni Matbuot va axborot agentligi taqdim etgan sarf-xarajatlar smetasi asosida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan ajratsin.
6. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi aerosuratga olish uchun zarur texnik shart-sharoitlarni tashkil etsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonov va Bosh vazir oʻrinbosari A. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 23-yanvar,
PQ-267-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 1-son, 36-modda)