O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007-YILDA QIShLOQ XO‘JALIGI KORXONALARINI FERMER XO‘JALIKLARIGA AYLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, qishloqda fermerlikni asosiy xo‘jalik subyekti sifatida mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida, shuningdek zarar ko‘rib ishlayotgan, past rentabelli va istiqbolsiz qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari)ni fermer xo‘jaliklariga aylantirish Dasturiga muvofiq:
1. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tayyorlagan quyidagi:
1-ilovaga* muvofiq, 2007-yilda qishloq xo‘jaligi korxonalarini fermer xo‘jaliklariga aylantirish;
2-ilovaga* muvofiq, 2007-yilda qayta tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi korxonalari hududida ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlarini barpo etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermer xo‘jaliklari uyushmasi rahbarlari zimmasiga:
ikki oy muddatda 1-ilovada ko‘rsatilgan qishloq xo‘jaligi korxonalari O‘zbekiston Respublikasining “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga to‘la muvofiq tarzda fermer xo‘jaliklariga aylantirilishi;
fermer xo‘jaliklarini tashkil etishga da’vogarlar o‘rtasida ochiq va oshkora tanlovlar o‘tkazilishi. bunda g‘oliblarni aniqlashda ijtimoiy adolat, xolislik va haqqoniylik tamoyillari qat’iy ta’minlanishi;
shirkat xo‘jaliklarini tugatish bo‘yicha ishlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z vaqtida va to‘liq yakunlanishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. Vazirlar Mahkamasi (Sh.M. Mirziyoyev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda:
2007-yilda qayta tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi korxonalari hududida barpo etiladigan ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlari 2-ilovaga qat’iy muvofiq ravishda joylashtirilishini bir oy muddatda aniqlasin va ularni tashkil qilish ustidan nazoratni ta’minlasin;
“O‘zdonmahsulot” AK korxonalari bilan qayta tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘rtasida avval tuzilgan shartnomalarga teng hajmda davlat ehtiyojlari uchun 2007-yil hosilidan boshoqli don xarid qilish uchun yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar imzolanishini ta’minlasin;
1-ilovaga muvofiq qishloq xo‘jaligi korxonalarini qayta tashkil etish natijasida bo‘shaydigan xodimlar ish bilan ta’minlanishini tashkil etsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda yordamchi, o‘quv, o‘quv-tajriba xo‘jaliklari va boshqa xo‘jalik subyektlari ixtiyoridagi qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarning to‘liq inventarizatsiyasini o‘tkazsin.
Inventarizatsiya natijalariga ko‘ra, ushbu yerlardan oqilona, samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermer xo‘jaliklari uyushmasi televideniye va ommaviy axborot vositalarida fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularning faoliyati, qishloqda ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini tashkil etish hamda rivojlantirish masalalarini yoritish bo‘yicha maxsus ko‘rsatuv va ruknlar tashkil etsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-noyabr,
PQ-514-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 46-47-son, 457-modda)