LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Harakat tarkibidan, xususan shinam “Mersedes-Bens” avtobuslaridan samarali, avaylab va maqsadli foydalanishdan avtobus saroylari xodimlarining manfaatdorligini oshirish, xususiy tashabbuskorlik va tadbirkorlikni rivojlantirish va shu asosda Toshkent shahri aholisiga shahar avtobus transportida yo‘lovchi tashish xizmati sifatini yaxshilashni ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 11-yanvardagi PF-3713-sonli Farmoni bilan tuzilgan Ishchi komissiyasining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, “Toshshahartransxizmat” uyushmasining “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi avtobus saroylarining davlat aksiyalari paketlarini, ilovaga* muvofiq, xususiy mulk etib ikki bosqichda sotish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
birinchi bosqichda (2006-2007-yillar) — jalb etilgan xorijiy kreditlar to‘liq to‘langan 159 ta “Mersedes-Bens” avtobuslarining qiymati ustav jamg‘armalariga qo‘shilishini hisobga olgan holda avtobus saroylarining davlatga qarashli aksiyalarini sotish;
ikkinchi bosqichda (2008—2010-yillar) — avtobus saroylarining ustav jamg‘armalarini O‘zbekiston Respublikasi kafilligida olingan va hali to‘liq to‘lanmagan xorijiy kreditlar hisobidagi 362 ta “Mersedes-Bens” avtobuslarining qiymati miqdorida ko‘paytirish, shu qiymatga teng miqdorda qo‘shimcha ravishda chiqarilgan aksiyalarni xususiy mulk etib sotish.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi Moliya vazirligi, “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda 2007-yilning 1-yanvarigacha 362 ta “Mersedes-Bens” avtobuslarining qiymati qo‘shilishini hisobga olgan holda “Toshavtobustrans” AK avtobus saroylarining ustav jamg‘armalarini belgilangan tartibda muvofiqlashtirsin.
2. Belgilansinki, xususiy mulkida “Mersedes-Bens” avtobuslari mavjud bo‘lgan “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi avtobus saroylarining davlat aksiyalari paketlari yopiq kimoshdi savdolarini o‘tkazish asosida birinchi navbatda avtobus saroylari mehnat jamoalarining a’zolariga, shuningdek “Toshavtobustrans” AK tarkibiga kirgan hamda yo‘lovchilarga bir maromda va bexatar xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydigan ishonchli avtoyo‘lovchi tashuvchi sifatida o‘zini namoyon etgan avtokorxonalarga sotiladi.
3. “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi avtobus saroylarining davlatga qarashli aksiyalari paketlarini sotishdan tushadigan mablag‘larini taqsimlashning quyidagi tartibi belgilansin:
davlatga qarashli aksiyalar paketlarini sotishdan tushadigan mablag‘larning 30 foizi, birinchi navbatda, “Mersedes-Bens” avtobuslarini sotib olish uchun O‘zbekiston Respublikasi kafilligida jalb etilgan xorijiy kreditlarni to‘lashga;
davlatga qarashli aksiyalar paketlarini sotishdan tushadigan mablag‘larning 40 foizi 2010-yilning oxirigacha “Toshshahartransxizmat” uyushmasiga qaytarib berish sharti bilan avtobus saroylarining harakat tarkibini yangilashda, shu jumladan lizing asosida maqsadli foydalanish uchun besh yil muddatga yo‘naltiriladi;
davlatga qarashli aksiyalar paketlarini sotishdan tushadigan mablag‘larning qolgan qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda belgilangan tartibda “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi avtobus saroylarining davlatga qarashli aksiyalari paketlarini avtobuslardan avtobus saroylariga biriktirilgan yo‘nalishlarda maqsadli foydalanish majburiyati olingan holda yopiq kimoshdi savdolarida sotish tartibi to‘g‘risida nizom ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi va “Asaka” bankining:
Toshkent shahar avtobus saroylarining harakat tarkibini 2008—2010-yillar davrida bosqichma-bosqich yangilash, bunda avtobus saroylarining davlat aksiyalari paketlarini sotishdan tushadigan mablag‘larining “Toshshahartransxizmat” uyushmasida qoldiriladigan qismi, shuningdek avtobus saroylarining o‘z mablag‘lari, mamlakatimiz banklari va xorijiy banklarning, xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobiga asosan dizel va gaz yonilg‘isi bilan ishlaydigan avtobuslardan foydalanish to‘g‘risidagi;
“Asaka” banki va “Toshshahartransxizmat” uyushmasi tomonidan tegishli litsenziya asosida tijorat maqsadida yo‘lovchilar tashiydigan yuridik shaxslarga avtobuslarni lizingga berish bo‘yicha lizing kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Yangi tashkil etiladigan lizing kompaniyasi 2010-yilning 1-yanvarigacha Toshkent shahri avtobus saroylariga lizingga beriladigan yo‘lovchi tashish avtobuslarini olib kirish chog‘ida bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno).
6. Shahar yo‘lovchi transportining bir maromda va bexatar faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, harakat tarkibini yangilash, shahar yo‘nalishlaridagi avtobuslardan samarali va maqsadli foydalanish uchun Toshkent shahar hokimi va “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi zimmalariga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 9-oktabrdagi PQ-2048-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 545-modda)
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.