|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.1998
|
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
MAHALLIY SOLIQLAR VA YIG‘IMLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 24-apreldagi 397-I-son “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksini amalga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun mahalliy soliqlar va yig‘imlarni joriy etish shartlari va tartibini, shuningdek davlat hokimiyati mahalliy organlarining mazkur masalalarni hal etishdagi vakolatini belgilab beradi.
Mahalliy soliqlar va yig‘imlar mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish manbaini vujudga keltirish, tabiiy va boshqa moddiy resurslarni takror ishlab chiqarish, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy organlarining faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida joriy etiladi.
1-modda. Mahalliy soliqlar va yig‘imlar tushunchasi
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, davlat hokimiyati mahalliy organlarining qarorlari bilan belgilangan, ular tomonidan o‘z vakolatiga muvofiq ravishda mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ishlatiladigan soliqlar mahalliy soliqlar hisoblanadi.
Mahalliy soliqlar mahalliy budjetga o‘tkaziladi. Yer solig‘ining bir qismi qonunlarda belgilangan tartibda yerdan foydalanish ishlarini yaxshilash yuzasidan umumdavlat tadbirlarini amalga oshirish uchun respublika budjetida markazlashtirilishi mumkin.
Mahalliy yig‘imlar – bu O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, davlat hokimiyati mahalliy organlarining qaroriga muvofiq belgilangan, fuqarolar va tashkilotlardan ularga ko‘rsatilgan madaniy-maishiy xizmatlar yoki davlat hokimiyatining mahalliy organlari nazorati ostida o‘tkaziladigan boshqa tadbirlarning chiqimlari bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash uchun undiriladigan to‘lovlardir.
Mahalliy soliqlar va yig‘imlarga quyidagilar kiradi:
a) jismoniy shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq;
b) yer solig‘i;
v) kurort mintaqasida ishlab chiqarish obyektlarini qurishga solinadigan soliq;
g) reklama solig‘i;
d) avtomobil vositalari, murakkab hisoblash va ro‘zg‘or texnikasini qayta sotganlik uchun solinadigan soliq;
e) transport vositalari egalaridan olinadigan soliq;
j) kurort yig‘imi;
z) savdo-sotiq qilish huquqini beruvchi yig‘im;
i) vino-aroq mahsulotlari bilan savdo-sotiq qilish huquqini beruvchi ruxsatnoma yig‘imi;
k) mahalliy kimoshdi savdolari va lotereyalar o‘tkazish huquqini beruvchi ruxsatnoma yig‘imi;
l) tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslarni ro‘yxatga o‘tkazganlik uchun olinadigan yig‘im;
m) avtotransportlar saqlanadigan joydan foydalanganlik uchun yig‘im;
n) otchoparlarda poygada qatnashganlik uchun yig‘im;
o) otchoparlarda o‘tkazilgan poygadagi yutuq uchun yig‘im;
p) birjalardagi oldi-sotdi bitimlaridan undiriladigan yig‘imlar;
r) kino va telesuratga olishlarni o‘tkazish huquqini beruvchi yig‘imlar;
s) aholi manzilgohlari hududini supirib-sidirish uchun yig‘im;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-moddaning “t” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrdagi 2022-XII-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)
u) it egalaridan olinadigan yig‘im.
2-modda. Soliq solish va yig‘imlarni undirish obyektlari
Oldingi tahrirga qarang.
Daromadlar (foyda), soliq to‘lovchilarning ayrim faoliyat turlari, tabiiy resurslardan foydalanish, jismoniy shaxslarning mol-mulki, qonun hujjatlarida belgilangan ishlar(xizmatlar) va boshqa obyektlar soliq solish va yig‘imlarni undirish obyektlari hisoblanadi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi 179-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda)
3-modda. Soliq solish va yig‘imlarni undirish subyektlari
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi fuqarolar, mulk shaklidan qat’i nazar korxonalar va tashkilotlar, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soliq solish va yig‘imlarni undirish subyektlari hisoblanadi.
4-modda. Mahalliy soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risidagi qonunlar
O‘zbekiston Respublikasidagi mahalliy soliqlar va yig‘imlar ushbu Qonun bilan, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari, davlat hokimiyati mahalliy organlarining qarorlari bilan tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma (bitim)larida O‘zbekiston Respublikasining mahalliy soliqlar va yig‘imlarga doir qonunlaridagi qoidalardan farqli qoidalar belgilangan bo‘lsa, u holda xalqaro shartnoma (bitim) qoidalari qo‘llanadi.
5-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasining mahalliy soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risidagi qonunlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mahalliy soliqlar va yig‘imlar ushbu Qonun bilan, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunlari bilan tartibga solinadi.
6-modda. Mahalliy soliqlar va yig‘imlarni joriy etish tartibi
1. Ushbu Qonun 1-moddasining “a”, “b”, “e” va “l” bandchalarida qayd etilgan soliqlar va yig‘imlar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan joriy etiladi va uning butun hududida undiriladi. Mahalliy soliqlar va yig‘imlar stavkalarining miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
2. Ushbu Qonun 1-moddasining “j” bandchasida qayd etilgan yig‘im hududida kurort joyi bo‘lgan xalq deputatlari tuman, shahar Kengashining qarori bilan joriy etilishi mumkin.
7-modda. Mahalliy soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik
Soliqlar va yig‘imlarni o‘z vaqtida to‘lash hamda mahalliy soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risidagi qonunlarga rioya etish yuzasidan javobgarlik soliqlar hamda yig‘imlarni to‘lovchilar zimmasiga yuklanadi.
Ushbu Qonun talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar amaldagi qonunlarga muvofiq intizomiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
8-modda. Mahalliy soliqlar va yig‘imlarni undirish ustidan nazorat qilish
Mahalliy soliqlar va yig‘imlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri undirish ustidan nazorat qilish davlat soliq organlari zimmasiga yuklatiladi.
9-modda. Mahalliy soliqlar va yig‘imlarni undirishga doir yo‘riqnomalar
Mahalliy soliqlar va yig‘imlarni undirishga doir yo‘riqnomalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh davlat soliq boshqarmasi bilan hamkorlikda chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-may,
843-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 227-modda; 1994-y., 11-12-son, 285-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda)