1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.64.00 (Кучини йукотган) Ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiyasi]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TA’LIM MUASSASALARINI DAVLAT AKKREDITATSIYASIDAN O‘TKAZISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470 -sonli “Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2019-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 6 va 25-moddalariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 10-fevral,
21-son
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevraldagi 21-son qaroriga ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 6 va 25-moddalariga muvofiq idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda — ta’lim muassasalari)ni davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
3. Ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat inspeksiyasi) tomonidan attestatsiyaga asosan amalga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
Attestatsiya ta’lim muassasasi faoliyatini baholashda davlat nazoratining asosiy shakli hisoblanib, ta’lim muassasasida kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat ta’lim standartlari hamda davlat talablariga muvofiqligini aniqlashdan iborat.
4. Davlat akkreditatsiyasi ta’lim muassasasi faoliyatining davlat ta’lim standartlari va davlat talablari mezon va talablariga javob berishining davlat tomonidan e’tirof etilishi hamda uning bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni topshirish huquqini berishdan iborat.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan tashkil etilgan ta’lim muassasalari birinchi attestatsiyadan o‘tgunga qadar akkreditatsiyalangan deb hisoblanadi.
6. Litsenziyaga ega bo‘lgan, davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim dasturlari bo‘yicha imtihonlar topshirgandan keyin beriladi.
7. Ta’lim muassasalari attestatsiyasi Davlat inspeksiyasi tomonidan tashkil etiladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
II. Attestatsiya o‘tkazish tartibi
8. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 9 yilda, boshqa ta’lim muassasalari 5 yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Oliy ta’lim muassasasi tarkibida filiallar va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim turi mavjud bo‘lsa, ularning attestatsiyasi oliy ta’lim muassasasining asosiy ta’lim faoliyati attestatsiyasi bilan bir vaqtda o‘tkaziladi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
9. Yangi tashkil etilgan ta’lim muassasasi attestatsiyasi birinchi bitiruv yakunlariga ko‘ra ta’lim oluvchilar tayyorlash davri to‘la tugagandan so‘ng o‘tkaziladi.
10. Attestatsiya jarayonida ta’lim turlari bo‘yicha ta’lim muassasalarining oxirgi uch yillik faoliyatini kompleks tahlil etish asosida quyidagilarga alohida e’tibor beriladi:
a) maktabgacha ta’lim muassasalarida:
ta’lim-tarbiya jarayonining davlat talablariga muvofiq tashkil etilganligi;
bolalar rivoji uchun o‘yinchoqlar, uslubiy qo‘llanma va bolalar adabiyoti bilan ta’minlanganligi, sport maydonchalari va zarur sharoitlarning yaratilganligi, ovqatlanish hamda dam olish xonalarining belgilangan sanitariya-gigiyenik va estetik talablarga mosligi, shuningdek, foydalanish holati;
b) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:
ta’lim jarayoniga davlat ta’lim standartlarining joriy etilganligi;
o‘quvchilar bilim darajalarining davlat ta’lim standartlariga muvofiqligi;
o‘quv-uslubiy ishlarning olib borilishi va o‘quvchilarning darslik hamda uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlanganlik darajasi;
pedagog kadrlar salohiyati;
ta’lim jarayoniga zamonaviy o‘qitish uslublari va axborot texnologiyalarining joriy etilganligi;
moddiy-texnik salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturining bajarilish holati;
ma’naviy-ma’rifiy ishlarning tashkil etilish sifati;
v) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida:
o‘quv-tarbiyaviy jarayonning davlat ta’lim standartlariga muvofiq tashkil etilganligi;
ta’lim muassasalarining normativ-huquqiy hujjatlar bilan ta’minlanganlik darajasi va ularning ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etilganlik holati;
o‘quvchilarning o‘quv rejasidagi fanlarni o‘zlashtirish darajasi (bilimi);
pedagog, muhandis-pedagog kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi va ularning sifat tarkibi;
o‘quv rejasidagi fanlar bo‘yicha zarur o‘quv adabiyotlari (darslik, o‘quv qo‘llanma, lug‘at, ma’ruzalar to‘plami, uslubiy qo‘llanma, elektron darslik)ning mavjudligi va kutubxona fondining ular bilan to‘ldirilganligi;
kutubxonaning o‘qitish tiliga mos holda o‘quv, uslubiy, siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va badiiy adabiyotlar bilan boyitilishi;
moddiy-texnik ta’minoti, o‘quv, laboratoriya va amaliyot xonalari hamda ustaxonalarning jihozlanishi, axborot kommunikatsion texnologiyalarining joriy etilganligi, kompyuterlashtirish darajasi, moddiy-texnik bazasining mavjud ta’lim yo‘nalishlariga mosligi;
mavjud o‘quv-laboratoriya jihozlari, dastgoh, asbob-uskuna va texnikalarning o‘quv jarayonida ishlatilishi;
zamonaviy pedagogik texnologiyalarning o‘quv jarayonida qo‘llanilishi;
iqtidorli o‘quvchilar, respublika va xalqaro fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari salmog‘i;
ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi, ta’lim muassasalarida vasiylik kengashlarining tashkil etilganligi hamda ular faoliyatining samarasi;
kasbga yo‘naltirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarining samaradorligi, ta’lim muassasasiga o‘quvchilar qabul qilish jarayonining tashkil etilishi va amalga oshirilishi;
bitiruvchilarning ta’limning keyingi bosqichlariga o‘qishga kirish hamda ishga joylashish darajasi;
ma’naviy-ma’rifiy ishlarning reja asosida tashkil etilganligi va uning samarasi;
o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan ijtimoiy-maishiy sharoitlar hamda ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish holati;
g) oliy ta’lim muassasalarida:
davlat ta’lim standartlarining o‘quv jarayoniga joriy etilishi;
talabalarning fan dasturlarini o‘zlashtirish darajasi (bilimi);
ilmiy-tadqiqot ishlarining iste’molchilar talablaridan kelib chiqib olib borilayotganligi;
talabalarning darslik (jumladan, elektron darsliklar) va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanganlik darajasi;
moddiy-texnik ta’minoti, o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuterlashtirish salmog‘i, ularning zamonaviy asbob-uskunalar bilan to‘ldirilish holati va ulardan foydalanilishi hamda foydali o‘quv-laboratoriya maydoni bilan ta’minlanganlik darajasi;
zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarining joriy etilishi;
ta’limning ishlab chiqarish va ilm-fan bilan integratsiyasi;
tayanch doktorantura va doktorantura orqali hamda mustaqil izlanuvchilik asosida ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash faoliyati;
(10-bandning “g” kichik bandi o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bilan hamkorligi;
ma’naviy-ma’rifiy faoliyati;
bitiruvchilarning ta’limning keyingi bosqichlariga o‘qishga yoki ishga joylashishi;
xalqaro hamkorlikning yo‘lga qo‘yilganligi;
g1) oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida:
davlat talablarining ta’lim jarayoniga joriy etilishi;
falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Doctor of Science) dissertatsiyalari mavzulari va bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarning respublika ilmiy-texnik hamda texnologik rivojlanish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga mosligi;
(10-bandning “g1” kichik bandi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
ilmiy maslahatchilar tarkibining sifat ko‘rsatkichlari hamda ularning ilmiy-tashkiliy faoliyati natijalari;
kadrlar tayyorlash bo‘yicha istiqbol rejaning ustuvor yo‘nalishlarga mosligi;
ta’limni amalga oshirish jarayoniga jalb etilgan pedagog va ilmiy xodimlarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi e’tirof etgan jurnallarda, shuningdek xorijiy nashrlarda ilmiy maqolalarni chop etish faoliyati;
tayanch doktorant va doktorantlarga ijtimoiy, ilmiy, ijodiy hamda loyihalash ishlarini olib borishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar;
(10-bandning “g1” kichik bandi sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
tayanch doktorant va doktorantlarning shaxsiy ish rejalarining bajarilishi, hisobotlarining oliy ta’lim muassasalarining kengashi yoki ilmiy tadqiqot muassasalarining ilmiy (ilmiy-texnikaviy) kengashlari, tegishli bo‘lim, laboratoriya va boshqalarda muhokama qilinganligi hamda tasdiqlangan rejaga mos deb topilganligi;
(10-bandning “g1” kichik bandi to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
tayanch doktorant va doktorantlar faoliyati samaradorligi monitoringini olib borilishi holati;
(10-bandning “g1” kichik bandi o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutini bitirgan tayanch doktorantlarning falsafa doktori (PhD) va doktorantlarning fan doktori (Doctor of Science) dissertatsiyalarini himoya qilish holati;
(10-bandning “g1” kichik bandi o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Doctor of Science) dissertatsiyalari doirasida olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etish holati va ularning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi.
(10-bandning “g1” kichik bandi o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
d) kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasalarida:
davlat talablarining o‘quv jarayoniga joriy etilishi;
moddiy-texnik, o‘quv-laboratoriya ta’minoti, ularning zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanish holati;
ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyati va ular faoliyatining samaradorligi;
o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarining joriy etilishi (jumladan, multimedia va boshqa uslublarning qo‘llanilishi);
ta’limning ishlab chiqarish bilan integratsiyasi hamda xalqaro hamkorlik faoliyati.
11. Ta’lim muassasalari attestatsiyasi xolislik, to‘la oshkoralik, davriylik va pedagogik etika me’yorlariga amal qilingan holda o‘tkaziladi.
111. Nodavlat ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun yig‘im O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti daromadiga o‘tkaziladi.
(111-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-sonli qaroriga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
12. Davlat inspeksiyasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan boshqa vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlarini ishlab chiqadi hamda attestatsiya ular asosida o‘tkaziladi.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
13. Tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar attestatsiya jadvalini hamda attestatsiya tekshiruviga oid hujjatlarni attestatsiya boshlanishidan 3 oy oldin Davlat inspeksiyasidan oladilar.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
14. Davlat inspeksiyasida attestatsiyadan o‘tuvchi ta’lim muassasasi uchun attestatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlar yig‘ma jildi yig‘iladi. Unda:
Komissiya tuzish haqidagi buyruq (qaror);
ta’lim muassasasining komissiyaga taqdim etgan hujjatlari nusxalari;
attestatsiya natijalari bo‘yicha komissiya xulosasi;
attestatsiya natijalari bo‘yicha Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i jamlanadi.
Hujjatlar yig‘majildi navbatdagi attestatsiya o‘tkazilgunga qadar Davlat inspeksiyasida saqlanadi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
III. Attestatsiya komissiyalarini tashkil etish va ularning tarkibi
15. Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun Davlat inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan hamkorlikda qo‘shma qaror qabul qiladi. Attestatsiya komissiya (keyingi o‘rinlarda — Komissiya)lari mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan tuziladi va tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’ul xodimlari, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi mutaxassislari, fan va ta’lim kasaba uyushmasi hamda jamoatchilik vakillari jalb etiladi. Komissiyani tuman (shahar) hokimining mas’ul o‘rinbosari boshqaradi.
Davlat inspeksiyasi ta’lim muassasalari attestatsiyasini tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
16. Bevosita O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunuvchi umumiy o‘rta maktab ta’lim muassasalari uchun Komissiyalar tarkibiga ushbu vazirlik hamda uning viloyatlardagi boshqarmalari mutaxassislari, ta’lim muassasalari pedagoglari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’ul xodimlari jalb etiladi. Komissiya Davlat inspeksiyasi tomonidan tuzilib, unga Davlat inspeksiyasi xodimi rahbarlik qiladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
17. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari, oliy ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalari uchun Komissiyalar tarkibiga mos ravishda ta’lim muassasalarining pedagog va rahbar xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlari, ta’limni boshqaruv bo‘yicha vakolatli davlat organlarining mas’ul xodimlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari va tegishli ishlab chiqarish korxonalarining yuqori malakali mutaxassislari jalb etiladi hamda ular attestatsiya qilinayotgan ta’lim muassasalariga aloqador bo‘lmasligi lozim.
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
Komissiya Davlat inspeksiyasi tomonidan tuzilib, unga Davlat inspeksiyasi xodimi rahbarlik qiladi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
18. Komissiya a’zolarining xizmat safarlari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar ularning asosiy ish joyi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Bunda tegishli budjet tashkilotlaridan jalb qilingan attestatsiya komissiyasi a’zolarining xizmat safari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlari ushbu budjet tashkilotlarining tasdiqlangan xarajatlar smetasida xizmat safari uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
19. Komissiyalar tarkibi va ish muddati ta’lim muassasalarining turi hamda ta’lim yo‘nalishlariga qarab belgilanadi.
IV. Attestatsiya yakunlari
20. Komissiya ta’lim muassasasidagi ta’lim dasturlari, yo‘nalishlar va mutaxassisliklarni attestatsiya qilib, ularda kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat ta’lim standartlari hamda davlat talablariga muvofiqligi haqida xulosa tayyorlaydi.
21. Komissiya ta’lim muassasasi rahbariyati bilan birgalikda attestatsiyadan o‘tmagan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hamda ta’lim muassasasi faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqadi. Davlat inspeksiyasi attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni o‘z vaqtida bartaraf etish ustidan nazoratni tashkil qiladi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
22. Maktabgacha ta’lim muassasalari attestatsiyasi bo‘yicha ekspertlar tomonidan tarbiyalanuvchilar uchun o‘tkazilgan nazorat ishlari natijalari, davlat talablarini o‘zlashtirish darajasi, ta’lim muassasasi Ustavida belgilangan vazifalarning bajarilishi bo‘yicha ta’lim muassasasi to‘g‘risida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
o‘tkazilgan nazorat ishlarida tarbiyalanuvchilarning 80 foizi va undan ko‘pi ijobiy baholanib, ta’lim muassasasi faoliyati mezonda belgilangan umumiy ballning 80 foizi va undan yuqori ball to‘plaganda “Attestatsiyadan o‘tdi”;
o‘tkazilgan nazorat ishlarida tarbiyalanuvchilarning 60 foizi va undan ko‘pi ijobiy baholanib, ta’lim muassasasi mezonda belgilangan umumiy ballning 65 foizi va undan yuqori baholanganda “Attestatsiyadan shartli o‘tdi”;
o‘tkazilgan nazorat ishlarida tarbiyalanuvchilarning 60 foizidan kami ijobiy baholanib, ta’lim muassasasi mezonda belgilangan umumiy ballning 65 foizidan past baholanganda “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
23. Maktabgacha ta’lim muassasalari “Attestatsiyadan shartli o‘tdi” deb e’tirof etilganda, ular bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
24. Maktabgacha ta’lim muassasalari “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilganda:
ularni tugatish yoki qayta tashkil etish;
litsenziyaning amal qilishini tugatish (nodavlat ta’lim muassasalari uchun);
litsenziya muddatini uzaytirishga rad javobini berish (nodavlat ta’lim muassasalari uchun) masalasi qo‘yiladi.
25. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari attestatsiyasi bo‘yicha so‘nggi uch yilda ta’lim muassasasi bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi va ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan nazorat ishlari natijalari, ta’lim muassasasi davlat ta’lim standartlari va Ustavida belgilangan vazifalarning bajarilish darajasi asosida ta’lim muassasasi to‘g‘risida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
bitiruvchilarning 75 foizi va undan ko‘pi, nazorat ishlarida o‘quvchilarning 60 foizi va undan ko‘pi ijobiy baholanib, ta’lim muassasasi mezonda belgilangan umumiy ballning 70 foizi va undan ko‘pini to‘plaganda “Attestatsiyadan o‘tdi”;
bitiruvchilarning 60 foizi va undan ko‘pi, nazorat ishlarida o‘quvchilarning 50 foizi va undan ko‘pi ijobiy baholanib, ta’lim muassasasi mezonda belgilangan umumiy ballning 55 foizi va undan ko‘pini to‘plaganda “Attestatsiyadan shartli o‘tdi”;
bitiruvchilarning 50 foizi va undan kami “qoniqarli” baholangan bo‘lib, nazorat ishlarida o‘quvchilarning 50 foizi va undan ko‘pi “qoniqarsiz” baholanib, ta’lim muassasasi mezonda belgilangan umumiy ballning 55 foizidan kam ball to‘plaganda “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari “Attestatsiyadan shartli o‘tdi” deb e’tirof etilganda, ular bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
26. Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilca:
ta’lim muassasasi rahbarlarini navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etish;
ta’lim muassasasi bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini boshqa ta’lim muassasasi bitiruvchilari bilan qo‘shib o‘tkazish;
litsenziyaning amal qilishini tugatish (nodavlat ta’lim muassasalari uchun);
litsenziya muddatini uzaytirishga rad javobini berish (nodavlat ta’lim muassasalari uchun) masalasi qo‘yiladi.
Bunda “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan nodavlat ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini boshqa umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga ko‘chirish masalasi xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
27. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi mavjud ta’lim yo‘nalishlarining 70 va undan ko‘p foizi attestatsiyadan o‘tgan holda ta’lim muassasasi “Attestatsiyadan o‘tdi”, 30 dan 70 foizgacha — “Attestatsiyadan shartli o‘tdi”, 30 va undan kam foizida “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
28. “Attestatsiyadan o‘tdi” va “Attestatsiyadan shartli o‘tdi” deb e’tirof etilgan o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasining attestatsiyadan o‘tmagan ta’lim (tayyorlov) yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish uchun bir yil muddat beriladi va ushbu muddat tugagandan so‘ng bu ta’lim (tayyorlov) yo‘nalishlari qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
29. Qayta attestatsiya natijalariga ko‘ra “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan ta’lim (tayyorlov) yo‘nalishlari tugatiladi.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
30. “Attestatsiyadan shartli o‘tdi” deb e’tirof etilgan ta’lim muassasalari bo‘yicha ta’limni boshqaruv davlat organlariga ta’lim muassasasi rahbariyati, attestatsiyadan o‘tmagan yo‘nalishlarga mas’ul bo‘lim boshliqlari va kafedra mudirlarining o‘z lavozimlariga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish hamda attestatsiya jarayonida aniqlangan kamchilik va nuqsonlarni tugatish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish tavsiya qilinadi.
31. “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari to‘g‘risida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
ta’lim muassasasi faoliyatini qayta tashkil etish bo‘yicha ta’limni boshqaruv davlat organlariga taklif kiritish;
litsenziyaning amal qilishini tugatish (nodavlat ta’lim muassasalari uchun);
litsenziya muddatini uzaytirishga rad javobini berish (nodavlat ta’lim muassasalari uchun).
Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan nodavlat ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini boshqa o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalariga ko‘chirish masalasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
32. Oliy ta’lim muassasasida mavjud yo‘nalishlar va mutaxassisliklarning umumiy soniga nisbatan 75 va undan ko‘p foizi “Attestatsiyadan o‘tdi” deb xulosa qilinsa, ta’lim muassasasi “Attestatsiyadan o‘tdi”, 67 foizdan 75 foizgacha —“Attestatsiyadan shartli o‘tdi”, 67 va undan kam foizida “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
33. “Attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etilgan oliy ta’lim muassasasining attestatsiyadan o‘tmagan yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir yil vaqt beriladi. Ushbu muddat tugaganidan so‘ng oliy ta’lim muassasasining attestatsiyadan o‘tmagan yo‘nalishlari va mutaxassisliklari qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi hamda ta’lim muassasasi faoliyatida qayd etilgan boshqa kamchiliklarning bartaraf etilganligi o‘rganiladi.
34. “Attestatsiyadan shartli o‘tdi” deb e’tirof etilgan oliy ta’lim muassasasining prorektorlari, attestatsiyadan o‘tmagan yo‘nalishlar va mutaxassisliklarga mas’ul dekanlari navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkaziladi. Tegishli mutaxassis chiqaruvchi kafedralar mudirlarining o‘z vazifalarini qoniqarsiz bajarayotganliklarini qayd etib, oliy ta’lim muassasasi rektoriga kelgusida ularning kafedralarni boshqarishi yoki boshqarmasligi masalasini oliy ta’lim muassasasi Ilmiy kengashiga kiritish bo‘yicha tavsiya beriladi.
Attestatsiyadan o‘tmagan yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bir yildan so‘ng qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
35. Qayta attestatsiya natijalariga ko‘ra “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari yopiladi.
36. Oliy ta’lim muassasalarining qayta attestatsiyadan o‘tmagan ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisliklari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasi ushbu oliy ta’lim muassasasining yuqori turuvchi vazirlik (idora) tomonidan tashkil etilgan davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
37. “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan oliy ta’lim muassasasi to‘g‘risida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
ta’lim muassasasini qayta tashkil etish yoki tugatish;
ta’lim muassasasining maqomini o‘zgartirish;
litsenziyaning amal qilishini tugatish (nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun);
litsenziya muddatini uzaytirishga rad javobi berish (nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun).
371. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasida kamida bitta ixtisoslik attestatsiyadan o‘tgan taqdirda, mazkur muassasa ushbu ta’lim turi bo‘yicha “Attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etiladi.
372. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim ixtisosliklarini oxirgi 3 yilda bitirgan tayanch doktorantlar va doktorantlardan dissertatsiyasi ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash tomonidan himoyaga qabul qilinganlar soni 10 foizdan kam bo‘lsa ixtisoslikka nisbatan “Attestatsiyadan o‘tmadi” degan qaror qabul qilinadi.
(372-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
373. “Attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etilgan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasining attestatsiyadan o‘tmagan ixtisosliklari bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
374. Qayta attestatsiya natijalariga ko‘ra “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan ixtisosliklarga qabul to‘xtatiladi. Qayta attestatsiya natijalari qabulni to‘xtatish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligiga yuboriladi.
(374-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
375. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilganda:
oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim bo‘yicha qabul to‘xtatiladi;
oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim bo‘yicha litsenziyaning amal qilishi tugatiladi (nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun);
oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim bo‘yicha litsenziya muddatini uzaytirishga rad javobi berish (nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun) masalasi ko‘riladi;
ta’lim olayotganlar ilmiy ishlarini davom ettirishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan boshqa turdosh ta’lim muassasalariga o‘tkaziladi.
(375-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
376. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining monitoringi natijalari hamda oliy yoki ilmiy-tadqiqot ta’lim muassasalari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida joylarga chiqmagan holda ham amalga oshirilishi mumkin.
(376-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
38. Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasa (MOM)lari bo‘yicha:
MOMning davlat talablari va Ustavida belgilangan vazifalari, o‘quv jarayonining tashkil etilishi, ilmiy-pedagog kadrlar salohiyati va ular faoliyatining samaradorligi, moddiy-texnik va o‘quv-laboratoriya ta’minoti, o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarining joriy etilishi, ishlab chiqarish bilan integratsiya va xalqaro hamkorlik bo‘yicha faoliyati Davlat inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan mezonlar bilan baholanadi. Mezonlar asosida MOMda mavjud kurslarning 75 va undan ko‘p foizi attestatsiyadan o‘tsa, MOM “Attestatsiyadan o‘tdi”, 55 foizdan 75 foizgacha attestatsiyadan o‘tsa, MOM “Attestatsiyadan shartli o‘tdi”, 55 dan kam foizi attestatsiyadan o‘tsa, MOM “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi;
(38-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
“Attestatsiyadan shartli o‘tdi” deb e’tirof etilgan MOM bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
“Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan MOM to‘g‘risida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
ta’lim muassasasini qayta tashkil etish;
litsenziyaning amal qilishini tugatish (nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun);
litsenziya muddatini uzaytirishga rad javobi berish (nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun).
381. “Attestatsiyadan shartli o‘tdi” deb e’tirof etilgan ta’lim muassasalarining davlat akkreditatsiyasi qayta attestatsiya o‘tkazilgunga qadar uzaytirilgan hisoblanadi.
(381-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qaroriga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
382. Qayta attestatsiya natijalariga ko‘ra ta’lim muassasasiga nisbatan “Attestatsiyadan o‘tdi” yoki “Attestatsiyadan o‘tmadi” degan qarorlardan biri qabul qilinadi.
(382-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qaroriga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
39. Davlat inspeksiyasi ta’lim muassasalari attestatsiyasi jarayonida aniqlangan kamchilik va nuqsonlarning o‘z vaqtida bartaraf etilishini muntazam nazorat qiladi.
(39-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
40. “Attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etilgan ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash uchun zarur hujjatlar Davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi.
(40-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
V. Davlat akkreditatsiyasini o‘tkazish tartibi
41. Ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash uchun Davlat inspeksiyasi qoshida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Akkreditatsiya komissiyasi tuziladi. Komissiya tarkibi Davlat inspeksiyasi buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazishda Akkreditatsiya komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mas’ul xodimi jalb etiladi. Davlat inspeksiyasi direktori Akkreditatsiya komissiyasining raisi hisoblanadi.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
42. Davlat akkreditatsiyasi ta’lim muassasasining attestatsiyasi xulosalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Akkreditatsiya komissiyasi ta’lim muassasasi faoliyatining davlat ta’lim standartlari va davlat talablari mezoni hamda talablariga javob berishini e’tirof etish bilan birgalikda uning maqomini ham belgilaydi.
43. Ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash uchun Attestatsiya komissiyasi tomonidan ta’lim muassasasi attestatsiyasi xulosasi Akkreditatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
(43-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 196-modda)
44. Ta’lim muassasasini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish haqidagi qaror hujjatlar topshirilgandan keyin bir oy muddatda qabul qilinadi.
Ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash yuzasidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, ta’lim muassasasiga 2 hafta davomida davlat akkreditatsiyasi haqida ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shakldagi sertifikat beriladi.
Sertifikatda ta’lim muassasasining tashkiliy-huquqiy shakli, turi, maqomi va sertifikatning amal qilish muddati qayd etiladi.
Sertifikatga ta’lim muassasasining ta’lim dasturlari, yo‘nalish va mutaxassisliklari ro‘yxati ilova qilinadi (2-ilova).
Sertifikat 5 yil muddatga beriladi.
Sertifikat blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi.
Sertifikat blankalari namunalari Davlat inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va uning buyurtmasiga ko‘ra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi. Davlat inspeksiyasi boshlig‘i sertifikat blankalari hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
(44-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
45. Ta’lim muassasasi qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan taqdirda davlat akkreditatsiyasi haqidagi sertifikat o‘z kuchini yo‘qotadi.
46. Davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim muassasasi tomonidan ta’limga oid qonunlar buzilganligi yoki amalga oshirilayotgan ta’lim xizmatlari Davlat ta’lim standartlari va davlat talablariga mos kelmasligi yoki sertifikatda belgilangan ko‘rsatkichlar doirasidan chetga chiqishlar aniqlangan taqdirda Davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda davlat akkreditatsiyasi haqidagi sertifikat bekor qilinishi mumkin.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
47. Davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim muassasalari Davlat inspeksiyasida hisobga olinadi va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Ta’lim muassasalari yangi tashkil etilganda, qayta tashkil etilganda, tugatilganda manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan, nodavlat ta’lim muassasalari tugatilganda ta’sischilari tomonidan tegishli qaror nusxasi bir hafta muddatda Davlat inspeksiyasiga taqdim etilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan birgalikda tashkil etilgan ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlarining ta’lim muassasalari filiallari akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi yoki unga tenglashtirilgan hujjatni asosiy ta’lim muassasasidan olgandan so‘ng, uning nusxasini ikki hafta muddatda Davlat inspeksiyasiga taqdim etishi shart.
Davlat inspeksiyasi ushbu hujjatlar asosida davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim muassasalari reyestriga tegishli o‘zgartirishlarni kiritadi.
(47-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
48. Ta’lim muassasalari attestatsiyasi va davlat akkreditatsiyasi natijalaridan norozi bo‘lgan ta’lim muassasalari rahbarlari yoki ularning ta’sischilari belgilangan tartibda sudga murojaat qilishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomga 1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Gerbi
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
mosligini tasdiqlaydi va bitiruvchilarga mazkur sertifikat ilovasiga muvofiq ta’lim yo‘nalish (mutaxassislik)lari, dasturlari, bosqichlari bo‘yicha davlat namunasidagi ta’lim haqidagi hujjatlarni berish huquqini kafolatlaydi (sertifikat ilovasi bilan haqiqiydir).
Amal qilish muddati ______ yil
M.O‘.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i
___________
__________
(imzo)
(F.I.Sh.)
Seriya № 0000
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda)
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomga 2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
200__ yil ____ ___________ da
№____ - raqami bilan qayd etilgan
Davlat akkreditatsiyasi to‘g‘risidagi sertifikatga ilova