O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Egasiz turar joylarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kommunal xizmatlar tariflarining asossiz ravishda o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ular uchun o‘z vaqtida va to‘liq hisob-kitob qilinishi uchun iste’molchilarning mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2005-yil 11-fevraldagi PQ–5-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Egasiz turar joylarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-yanvar,
8-son
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 21-yanvardagi 8-son qaroriga
ILOVA
Egasiz turar joylarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 191-moddasiga muvofiq egasiz turar joylarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga o‘tkazish, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqa tashkilotlarning shunday turar joylarni aniqlash va ularni davlat mulkiga o‘tkazish tartibini belgilaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
2. Egasi bo‘lmagan yoki egasi noma’lum bo‘lgan turar joylar egasiz turar joy deb e’tirof etiladi.
Mazkur Nizomga muvofiq egasiz turar joy deb e’tirof etilgan turar joylar sud qarori asosida davlat mulkiga o‘tkaziladi.
3. Turar joyni egasiz turar joy deb e’tirof etish va uni davlat mulkiga o‘tkazish maqsadida turar joyning egasizligi yoki egasi noma’lumligi holati quyidagi tartibda aniqlanadi:
egasizlik belgilariga ega bo‘lgan turar joy aniqlangan taqdirda ushbu turar joyning egasini yoki uning ishonchli vakilini aniqlash chora-tadbirlari ko‘riladi. Mazkur Nizomning 4-bandida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar turar joyning egasizlik belgilari bo‘lishi mumkin;
ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida turar joyning egasi yoki uning ishonchli vakili aniqlanmagan taqdirda shaharlar (tumanlar) hokimliklarining arizasi asosida turar joy ko‘chmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tegishli organlarida hisobga qo‘yiladi.
4. Uzoq (6 oydan ko‘proq) vaqt mobaynida bo‘sh turgan, ya’ni ushbu turar joyda qonuniy asoslarda yashaydiganlar bo‘lmaganda, buning natijasida u yerda quyidagi holatlar vujudga kelgan turar joy ushbu Nizom maqsadlari uchun egasiz va hisobga qo‘yiladigan turar joy hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) bo‘sh turgan ushbu davr uchun kommunal xizmatlar haqi va turar joyni saqlash uchun xarajatlar bo‘yicha qarzlar mavjudligi. Turar joyda yashovchilar yo‘qligi bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan holatlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tegishli organi tomonidan, kommunal xizmatlar haqi va turar joyni saqlash uchun xarajatlar bo‘yicha qarzlarning mavjudligi bo‘yicha esa — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan tasdiqlanadi;
b) turar joyning butunligi va saqlanishi ta’minlanmaganligi, buning oqibatida turar joyning buzilishiga va unga uchinchi shaxslarning kirish uchun urinishlariga yo‘l qo‘yilganligi. Ushbu holat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari ishtirokidagi qo‘shma dalolatnomasi bilan tasdiqlanadi.
(4-bandning “a” va “b” kichik bandlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
Ushbu holatlar birgalikda yoki alohida-alohida yuz berganda egasiz turar joyni hisobga olish uchun yetarli deb e’tirof etilishi mumkin.
II. Turar joyni hisobga olish ishlarini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
5. Egasiz turar joylarni aniqlash bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish funksiyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2005-yil 10-fevraldagi PQ–3-son qaroriga muvofiq shaharlar (tumanlar)da tashkil etilgan Turar joy fondi saqlanishi monitoringi bo‘yicha komissiyaga (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) yuklanadi.
Komissiya tarkibiga kadastr, soliq, moliya xizmatlari, arxitektura-qurilish nazorati, ichki ishlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmalari vakillari kiritiladi. Komissiyalarning shaxsiy tarkibi tegishli shahar (tuman) hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiyaga hokimning uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalariga mutasaddi o‘rinbosari boshchilik qiladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
6. Komissiyalar o‘zlariga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradilar:
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, boshqa tashkilotlar, kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalar hamda manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar axborotlari asosida turar joylarni xatlovdan o‘tkazadilar;
(6-bandning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
egasiz turar joylarning paydo bo‘lishi sabablarini aniqlaydilar hamda ichki ishlar organlaridan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasining hududiy organlaridan va boshqa tashkilotlardan bunday turar joylar mulkdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun zarur axborotlarni va tekshirilayotgan turar joy tavsifini so‘rab oladilar;
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)
olingan ma’lumotlar asosida egasiz turar joyni aniqlash uchun materiallar (hujjatlar)ni shakllantiradilar va qaror qabul qilish hamda ko‘chmas mulkka huquqlarni hamda ularga oid bitishuvlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish organlarida hisobga olish uchun ularni tegishli hokimlikka beradilar;
Oldingi tahrirga qarang.
sud va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlari asosida egasiz turar joylar bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradilar.
(6-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
7. Ko‘chmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish organlari Komissiya so‘rovi bo‘yicha binolar va inshootlarning reyestr daftari ma’lumotlariga binoan ikki hafta muddatda egasiz turar joylar egalari to‘g‘risidagi hamda turar joylarning joriy vaqtdagi mansubligi va xatlov bahosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Aniqlangan egasiz turar joylar bo‘yicha ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan taqdirda ko‘chmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish organlari ichki ishlar organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari vakillari bilan birgalikda bunday turar joylarning mansubligini, tavsifini va taxminiy baholash qiymatini aniqlash chora-tadbirlarini ko‘radilar.
(7-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
8. Ichki ishlar organlari Komissiya so‘rovi bo‘yicha bir oy muddatda tekshirilayotgan turar joyda ro‘yxatdan o‘tganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadilar, zarurat bo‘lganda, qidiruv e’lon qiladilar va ularning turgan joyini aniqlaydilar.
Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning turgan joyi aniqlanmagan taqdirda, ichki ishlar organlari Komissiyaga turar joy egasining yo‘qligini tasdiqlovchi tegishli ma’lumotlarni taqdim etadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalar, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari Komissiyaga kommunal xizmatlar to‘lovi va turar joy ta’minoti xarajatlari (6 oydan ko‘p vaqt) bo‘yicha mavjud qarzlar to‘g‘risida tegishli ma’lumotlarni taqdim etadilar.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
III. Egasiz turar joylarni hisobga qo‘yish tartibi
10. Aniqlangan egasiz turar joylar bo‘yicha materiallar Komissiya tomonidan ko‘chmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish organlarida hisobga qo‘yish chora-tadbirlarini ko‘rish uchun turar joylar joylashgan joydagi tegishli hokimlikka taqdim etiladi.
Shahar (tuman) hokimligi aniqlangan egasiz turar joylar bo‘yicha materiallar Komissiya tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab o‘n kun muddatda ko‘chmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish organlariga egasiz turar joylarni hisobga qo‘yish to‘g‘risida ariza jo‘natadi.
Ko‘chmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish organi aniqlangan egasiz turar joylarni bino va inshootlarga huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda hisobga qabul qilib oladi.
11. Quyidagi hollarda:
egasi ozodlikdan mahrum etish joylarida jazoni o‘tayotganda;
egasi davolanish, o‘qish, mehnat faoliyati munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga chiqib ketganda;
egasi Qurolli Kuchlar saflarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganda;
egasi O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot muassasalarida uzoq muddat davolanayotganda turar joyni hisobga olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
12. Turar joy hisobga qo‘yilgandan keyin Komissiya turar joyga kirish joyidagi peshlavhaga hisobga qo‘yilgan sanasi va ushbu turar joyning egasi yoki ishonchli vakili qaytib kelgan taqdirda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan manzil ko‘rsatilgan holda turar joy egasiz turar joy sifatida hisobga qo‘yilganligi haqidagi ma’lumotlarni joylashtirishi zarur.
Turar joy hisobda turgan davrda uning saqlanishi ustidan qarab turish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (“Mahalla posboni” jamoat tuzilmalari) tomonidan ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Turar joy hisobda turgan davrda kommunal xizmatlar va turar joyni saqlash xarajatlari uchun to‘lov hisoblanmaydi, markaziy isitish xizmatlari bundan mustasno. Turar joylar hisobga qo‘yilgan paytdan boshlab shahar (tuman) hokimligi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatini va kommunal xizmatlar ko‘rsatadigan korxonalarni ko‘rsatib o‘tilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanishining to‘xtatilishi to‘g‘risida ma’lum qiladi.
(12-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
IV. Egasiz turar joylarni davlat mulkiga o‘tkazish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
13. Egasiz turar joylar hisobga qo‘yilgan kundan boshlab qonunchilikda belgilangan uch yillik muddat tugagandan keyin shahar (tuman) hokimligi turar joyni egasiz turar joy deb e’tirof etish va davlat mulkiga o‘tgan deb hisoblash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qiladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Belgilangan tartibda egasiz deb e’tirof etilgan turar joylar davlat uy-joy fondiga kiritiladi va o‘z maqsadida foydalanish, shu jumladan ijara shartnomasi shartlarida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolarga berish uchun shahar (tuman) hokimligi ixtiyoriga o‘tadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi 200-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2009-y., 29-son, 335-modda)
15. Egasiz turar joylar yashash uchun yaroqsiz deb e’tirof etilgan taqdirda ko‘rsatib o‘tilgan turar joylar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining uy-joy fondini davlat yo‘li bilan hisobga olish to‘g‘risida” 2000-yil 20-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan Uylarni va turar joylarni uy-joy fondidan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda uy-joy fondidan chiqariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va kommunal xizmatlar ko‘rsatadigan korxona ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va u bilan bitishuvlar tuzish organining egasiz turar joyni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi asosida ko‘rsatib o‘tilgan kommunal xizmatlar (turar joyni saqlash bo‘yicha xizmatlar) uchun qarzlar summasini soliq solinadigan bazaga tiklamasdan zarar hisobiga o‘tkazadi.
(15-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
V. Turar joylarni hisobdan chiqarish tartibi
16. Sudning qaroriga ko‘ra davlat mulkiga o‘tganligi e’tirof etilmagan egasiz turar joy uni tashlab ketgan egasining egaligiga, foydalanishi uchun va tasarruf etishi uchun qabul qilinishi yoxud egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida turar joyning egasi hisoblanmaydigan shaxs tomonidan mulk qilib olinishi mumkin.
17. Turar joyni hisobdan chiqarish turar joyning egasi yoki uning ishonchli vakili tomonidan shahar (tuman) hokimligiga berilgan ariza asosida amalga oshiriladi.
Shahar (tuman) hokimligi Komissiya bilan birgalikda ariza tushgan kundan boshlab uch kun muddatda arizani ko‘rib chiqadi va ko‘chmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish organiga turar joyni hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi iltimosnomani yuboradi.
18. Turar joyning egasi yoki uning ishonchli vakili ularning turar joyni hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilayotgan davrda turar joyda to‘sqinliksiz yashashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Kommunal xizmatlar to‘lovi va turar joyni saqlash bo‘yicha xarajatlar, shu jumladan mazkur Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan aniqlangan sabablarga ko‘ra egasi bo‘lmagan turar joylar bo‘yicha kommunal xizmatlar to‘lovi va turar joyni saqlash bo‘yicha xarajatlar bilan bog‘liq qarzlar mavjud bo‘lgan taqdirda shahar (tuman) hokimligi kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi korxona va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining taqdimnomasiga binoan sudlarga hosil bo‘lgan qarzdorlikni turar joylarning egalaridan undirib olish, shuningdek turar joy egasining o‘ziga tegishli turar joyni saqlash va unga qarash bo‘yicha majburiyatlari turar joyning egasi tomonidan bajarilmasligi natijasida yetkazilgan zararni undirish yuzasidan da’vo kiritadi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
20. Kommunal-foydalanish xizmatlariga haq to‘lash bo‘yicha qarzlarni undirishga oid sud hujjatlarining majburiy ijro etilishi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 4–5-son, 27-modda; 2007-y., 9–10-son, 85-modda; 2009-y., 29-son, 335-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)