|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.10.2022
|
“TASDIQLAYMAN”
Davlat mulki qoʻmitasi
raisi oʻrinbosari —
Qimmatli qogʻozlar bozori
ishlashini muvofiqlashtirish
va nazorat qilish
Markazi bosh direktori
M. Yunusmatov
1999-yil 1-mart, 42-son
Davlat mulki qoʻmitasi
raisi oʻrinbosari —
Qimmatli qogʻozlar bozori
ishlashini muvofiqlashtirish
va nazorat qilish
Markazi bosh direktori
M. Yunusmatov
1999-yil 1-mart, 42-son
Qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiya (qayta attestatsiya)dan oʻtkazish toʻgʻrisida
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 3-martda 660-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur nizom Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2022-yil 5-oktabrdagi 55-sonli “Qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiya (qayta attestatsiya)dan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom va unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 660-8, 18.10.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-bob. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiya (qayta attestatsiya)dan oʻtkazish, qimmatli qogʻozlar bozorida xizmat koʻrsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish tartibini, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining malaka attestatlarini berish, amal qilishini toʻxtatish va mahrum (bekor) qilish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarida (bundan buyon matnda- professional ishtirokchi), fond birjalarida, valyuta birjalarining fond boʻlimlarida ishlashga talabgor boʻlgan yoki ishlayotgan xamda majburiyatiga ularning nomidan qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, qimmatli qogʻozlar bozorida xizmat koʻrsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish kiruvchi jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
1.2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
jismoniy shaxslarni attestatsiya (qayta attestatsiya)dan oʻtkazish boʻyicha vakolatli davlat organi (bundan buyon matnda — vakolatli organ) — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi;
jismoniy shaxslarni attestatsiyadan oʻtkazish (bundan buyon matnda — attestatsiyadan oʻtkazish) — qimmatli qogʻozlar bozorida qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, xizmatlarni koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarishda qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassisi malaka guvohnomasini olishga talabgor boʻlgan jismoniy shaxslarning (bundan buyon matnda — talabgor) tayyorgarligini aniqlash usuli;
qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisi malaka guvohnomasi (bundan buyon matnda — malaka guvohnomasi) — vakolatli organ tomonidan professional ishtirokchi, fond birjasi (fond boʻlimini tashkil etgan valyuta birjasi)ning nomidan qimmatli qogʻozlar bozorida qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, xizmatlar koʻrsatish va ishlar bajarish huquqini tasdiqlovchi va tegishli toifasi koʻrsatilgan tarzda jismoniy shaxsga beriladigan hujjat;
I toifa malaka guvohnomasi — jismoniy shaxslarga beriladigan va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi va uning tuzilmaviy boʻlinmalari rahbari, boshqa professional ishtirokchilarning ijro organi rahbari, fond birjasining ijroiya organi va uning tuzilmaviy boʻlinmalari rahbari, valyuta birjalarining fond boʻlimi rahbari lavozimini egallash huquqini beruvchi malaka guvohnomasining toifasi;
II toifa malaka guvohnomasi — jismoniy shaxslarga beriladigan va professional ishtirokchilarda, fond birjalarda, valyuta birjalarining fond boʻlimlarida mutaxassis sifatida ishlash huquqini beruvchi malaka guvohnomasining toifasi;
Attestatsiya komissiyasi — attestatsiya (qayta attestatsiya) oʻtkazish boʻyicha kollegial organ.
1.3. Majburiy attestatsiyadan, mazkur Nizomning 1.31 bandida qayd etilgan xollardan tashqari, quyidagi shaxslar oʻtishi lozim:
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi va uning tuzilmaviy boʻlinmalari rahbarlari, boshqa professional ishtirokchilarning ijroiya organi rahbarlari, fond birjalarning ijro organi va uning tuzilmaviy boʻlinmalari rahbarlari, valyuta birjalarining fond boʻlimi rahbarlari;
bevosita qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi, xizmatlar koʻrsatuvchi va (yoki) qimmatli qogʻozlar bozorida ishlarni bajaruvchi professional ishtirokchilarning, fond birjasining, valyuta birjalarining fond boʻlimlari mutaxassislari.
Malaka guvohnomasining amal qilish muddati tugagan taqdirda, koʻrsatib oʻtilgan shaxslar malaka guvohnomasining amal qilish muddati tugagan paytdan eʼtiboran ikki oydan kechiktirmay majburiy attestatsiyadan oʻtishlari lozim.
Mazkur bandning toʻrtinchi xatboshisida qayd etilgan muddat davomida malaka guvohnomasining amal qilish muddati tugagan shaxslar, qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishda ishtirok etish, xizmatlar koʻrsatish va (yoki) qimmatli qogʻozlar bozorida ishlarni bajarish huquqisiz lavozimlarini egallash huquqiga ega.
Professional ishtirokchilarda, fond birjalarida, valyuta birjalarining fond boʻlimlarida ishlayotgan malaka attestatiga ega shaxslar soni ikki kishidan kam boʻlmasligi lozim.
Qayd etilgan shaxslarning lavozimlari, ularning vazifalari, funksiyalari va vakolatlari koʻrsatilgan roʻyxat xoʻjalik yurutivchi subyektning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Shaxs attestatsiyadan oʻtmagan deb topilganda, u mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida qayd etilgan lavozimlarni egallashga haqli emas.
1.31. Istisno tariqasida, moliya-iqtisod yoki huquqshunoslik sohasida imtiyozli oliy maʼlumot diplomiga ega oliy taʼlim muassasasi bitiruvchisi agar oliy maʼlumotga egaligi toʻgʻrisidagi diplom berilgan kundan 3 yildan koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa attestatsiyadan oʻtmasdan va belgilangan yigʻimni toʻlamasdan II toifa malaka guvohnomasini olishi mumkin.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslar malaka attestatini olish uchun vakolatli organga:
Mazkur nizomning 1-ilovasidagi* shaklda ariza;
* 1-ilova rus tilidagi matnida berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — pasport yoxud xorijiy fuqaro va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun — yashash guvohnomasining nusxasi;
taʼlim muassasasi yoki notarius tomonidan tasdiqlangan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi imtiyozli diplom nusxasi (bakalavrlar uchun).
1.4. Attestatsiya komissiyasi quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlganda attestatsiyadan oʻtgan shaxslarni qayta attestatsiyadan oʻtkazishga haqli:
malaka guvohnomasining amal qilish muddati tugaganda;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari bir necha marotaba buzilganda;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga jiddiy oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilganda.
Bir yil davomida uch va undan ortiq marotaba amaldagi malaka guvohnomasiga ega boʻlgan shaxs tomonidan sodir etilgan qonunbuzilishlar qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini bir necha marotaba buzish deb tan olinadi.
(1.4-bandning uchinchi — beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
2-bob. Attestatsiya komissiyasining ish tartibi
2.1. Vakolatli organda besh kishidan kam boʻlmagan Attestatsiya komissiyasi tuziladi va Attestatsiya komissiya raisini, aʼzolarini va Attestatsiya komissiya aʼzosi boʻlmagan kotibni oʻz ichiga oladi.
Attestatsiya komissiyasi tarkibiga vakolatli organning mansabdor shaxslari va xodimlari, shuningdek boshqa davlat boshqaruvi organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilarining ixtiyoriy birlashmasining vakillari xam kiritilishi mumkin.
2.2. Attestatsiya komissiyasining tarkibi vakolatli organ rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
2.3. Attestatsiya komissiyasi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
attestatsiya oʻtkazish tartibini tasdiqlash;
test va bilet savollarini tuzish va tasdiqlash;
attestatsiya oʻtkazish sanasi, joyi va vaqtini belgilash;
attestatsiya (qayta attestatsiya)ni oʻtkazish;
attestatsiya natijalarini rasmiylashtirish;
attestatsiyadan oʻtmagan deb topilgan shaxslarning apellatsiyalarini koʻrib chiqish.
2.4. Attestatsiya komissiyasining majlislari zaruriyatga koʻra, lekin bir oyda kamida bir marotaba oʻtkaziladi. Attestatsiya komissiyasi kotibi Attestatsiya komissiyasi majlisini tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul hisoblanadi.
Attestatsiya komissiyasi majlisi uning aʼzolarining kamida 2/3 qismi hozir boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi.
Attestatsiya komissiyasining majlisiga qoʻyilgan va uning vakolati doirasidagi masalalarni hal etishda Attestatsiya komissiyasi majlisida qatnashayotgan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi kerak boʻladi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Attestatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Komissiya raisini yoki aʼzosini uzrli sabablarga koʻra ishtirok eta olmagan hollarda ularni almashtirish vakolatli organ rahbarining buyrugʻiga asosan amalga oshiriladi.
2.5. Attestatsiya komissiyasining navbatdagi majlisini oʻtkazish (Attestatsiya komissiyasining majlisi oʻtkaziladigan joy va vaqti) toʻgʻrisida Attestatsiya komissiyasi aʼzolari Attestatsiya komissiyasi kotibi tomonidan xabardor qilinadi.
2.6. Vakolatli organ rahbarining buyrugʻiga asosan Attestatsiya komissiyasi aʼzolari tarkibidan sayyor Attestatsiya komissiyasi majlislari oʻtkazilishi mumkin.
2.7. Attestatsiya komissiyasi test va imtihon savollarini qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari oʻzgarishidan kelib chiqib, qayta koʻrib chiqadi.
(2.7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Test va imtihon savollarini ishlab chiqish uchun tegishli yoʻnalishdagi taʼlim muassasalari, davlat boshqaruvi organlari shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilarining ixtiyoriy birlashmalari jalb etilishi mumkin.
3-bob. Attestatsiya (qayta attestatsiya)dan oʻtkazish va malaka guvohnomalarini berish tartibi
3.1. Talabgorlar toʻgʻri rasmiylashtirilgan hujjatlarni vakolatli organga attestatsiya kunidan kamida yetti ish kun oldin taqdim etadi va attestatsiya kunidan ikki ish kuni oldin tasdiqlanadigan attestatsiyaga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxatiga kiritiladi.
Attestatsiyaga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxati talabgorlardan hujjatlarni kelib tushgan sanasi boʻyicha tuziladi va tasdiqlanganidan soʻng tanishish uchun ochiq deb hisoblanadi.
Mazkur Nizomda nazarda tutilgan belgilangan toʻlov miqdori kelib tushmagan taqdirda, talabgor attestatsiyaga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxatiga kiritilmaydi.
Attestatsiyaga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxati Attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
3.2. Attestatsiya (qayta attestatsiya)dan oʻtish uchun talabgorlar vakolatli organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
taqdim etilayotgan hujjatlar roʻyxati, nusxalar soni, hujjatlar shakli (nusxasi yoki asli), shuningdek, xar bir taqdim etilgan hujjatlarning varaqlar soni koʻrsatilgan holda mazkur Nizomning 2- ilovasiga* muvofiq shakldagi ariza;
* 2-ilova rus tilidagi matnida berilgan.
oʻquv muassasasi yoki notarius tomonidan tasdiqlangan qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining malakasini oshirish yoki qayta tayyorlash kurslarini tugatganligi toʻgʻrisidagi oʻquv muassasasi sertifikatining nusxasi (bunda, talabgorga sertifikat berilgan sanadan mazkur bandga asosan hujjatlarni taqdim etish sanasigacha boʻlgan muddat bir yildan koʻp boʻlmasligi lozim);
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — pasport yoxud chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun — yashash guvohnomasining nusxasi;
Mazkur Nizomning 3.8-bandida belgilangan bir martalik toʻlov toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatining nusxasi.
I darajali malaka guvohnomasini olishga talabgorlar, qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
quyida keltirilgan yoʻnalishlardan biri, yaʼni moliya — iqtisod, huquqshunoslik, matematika yoki axborot texnologiyalar boʻyicha oliy maʼlumotga egaligini tasdiqlovchi hujjatning taʼlim muassasasi yoki notarius tomonidan tasdiqlangan nusxasi, shuningdek iqtisodiyot, moliya va huquqshunoslik sohalarda yoki koʻrsatilgan sohalar boʻyicha davlat boshqaruv organlarida kamida ikki yillik ish stajiga egaligini tasdiqlovchi mehnat daftarchasining yoki boshqa hujjatning notarius yoki ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
yoxud taʼlim muassasasi yoki notarius tomonidan tasdiqlangan oliy maʼlumotga egaligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, shuningdek iqtisodiyot, moliya va huquqshunoslik sohalarda yoki koʻrsatilgan sohalar boʻyicha davlat boshqaruv organlarida kamida besh yillik ish stajiga egaligini tasdiqlovchi mehnat daftarchasining yoki boshqa hujjatning notarius yoxud ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
Agar, shaxslar iqtisodiy yoki huquqshunoslik sohasida ilmiy darajaga ega boʻlsa va tegishli hujjatlar bilan tasdiqlansa (agarda ilmiy daraja xorijiy davlatda olingan boʻlsa, qonunchilik hujjatlariga muvofiq nostrifikatsiyadan oʻtgandan soʻng), attestatsiyaga tegishli ish stajisiz, qayta tayyorgarliksiz va malaka oshirmagan xolda, kiritiladi.
(3.2-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Mazkur Nizomning 1.31, 3.2 va 4.1 bandlarida qayd etilgan quyidagi hujjatlar, talabgorning (malaka guvohnomasi egasi) xohishiga koʻra ulardan nusxa olish va talabgorga qaytarish uchun asl nusxada (asli) taqdim etilishi mumkin:
taʼlim muassasasi yoki notarius tomonidan tasdiqlangan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi imtiyozli diplom nusxasi (bakalavrlar uchun);
oʻquv muassasasi yoki notarius tomonidan tasdiqlangan qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining malakasini oshirish yoki qayta tayyorlash kurslarini tugatganligi toʻgʻrisidagi oʻquv muassasasi sertifikatining nusxasi;
taʼlim muassasasi yoki notarius tomonidan tasdiqlangan, quyida keltirilgan yoʻnalishlardan biri: moliya — iqtisod, huquqshunoslik, matematika yoki axborot texnologiyalar boʻyicha oliy maʼlumotga egaligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shuningdek iqtisodiyot, moliya va huquqshunoslik sohalarda yoki koʻrsatilgan sohalar boʻyicha davlat boshqaruv organlarida kamida ikki yillik ish stajiga egaligini tasdiqlovchi mehnat daftarchasining yoki boshqa hujjatning notarius yoki ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
taʼlim muassasasi yoki notarius tomonidan tasdiqlangan oliy maʼlumotga egaligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, shuningdek iqtisodiyot, moliya va huquqshunoslik sohalarda yoki koʻrsatilgan sohalar boʻyicha davlat boshqaruv organlarida kamida besh yillik ish stajiga egaligini tasdiqlovchi mehnat daftarchasining yoki boshqa hujjatning notarius yoki ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
FHDY organi tomonidan berilgan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga kiritilgan oʻzgartirishlar va tuzatishlar toʻgʻrisidagi hujjatning notarial tasdiqlangan nusxasi;
Nusxalarda nusxa olingan sana va vaqt haqida belgi qoʻyiladi, shuningdek nusxa olishni amalga oshirgan vakolatli organ xodimining toʻliq ismi sharifi koʻrsatiladi.
3.3. Taqdim etilgan hujjatlar nomuvofiq rasmiylashtirilgan taqdirda, hujjatlarni taqdim etishning belgilangan muddatlari buzilganda, hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda yoki mazkur Nizomda nazarda tutilgan boshqa hollarda vakolatli organ talabgorga attestatsiyadan oʻtishga rad javobini beradi. Bunda malaka guvohnomasini olish uchun ariza bergan shaxsga arizani bergan kunidan eʼtiboran 5 ish kunidan kech boʻlmagan muddatda yozma shakldagi asoslangan rad javobi yuboriladi.
3.4. Taqdim etilgan hujjatlar boʻyicha eʼtirozlar mavjud boʻlmasa, ariza bergan shaxs attestatsiyaga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxatiga kiritiladi.
3.5 Attestatsiyani oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi vakolatli organning veb-saytiga eʼlon qilinadi. Attestatsiya komissiyasi tomonidan belgilangan attestatsiya (qayta attestatsiya)ni oʻtkazish kunida, attestatsiyadan oʻtuvchilar roʻyxatiga kiritilgan talabgorlar attestatsiyadan oʻtish uchun koʻrsatilgan joyga yetib keladi.
Talabgor oʻzi bilan pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatga ega boʻlishi lozim. Pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatga ega boʻlmagan yoki attestatsiyaga kech kelgan shaxslar kelmagan deb hisoblanadi va navbatdagi attestatsiyaga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxatiga kiritiladi.
Ketma-ket ikki marta attestatsiyadan oʻtishga kelmagan talabgorlar attestatsiyaga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxatidan chiqarib tashlanadi. Bunda taqdim etilgan hujjatlar oxirgi attestatsiya oʻtkazilgan kundan eʼtiboran yetti kun ichida nomzodga qaytariladi, bir martalik toʻlov esa qaytarilmaydi. Hujjatlarni qayta taqdim etish mazkur Nizomning 3.1 — 3.4 bandlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Vakolatli organ tomonidan qaytarilgan hujjatlar boʻyicha maxsus daftar yuritiladi.
3.7. Attestatsiyalar jarayoniga texnik xizmat koʻrsatish vakolatli organ va zarur dasturiy-texnik uskunalarga ega boʻlgan tashkilot oʻrtasidagi shartnomaga asosan amalga oshirilishi mumkin.
Attestatsiya testlari natijalari yuzasidan kompyuter maʼlumotlar bazasini saqlash uchun javobgarlik attestatsiyani oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatiladi.
3.8. Attestatsiyalar (qayta attestatsiyalar)ni oʻtkazish va texnik xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida, talabgorlardan vakolatli organ hisob raqamiga oʻtkaziladigan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida bir martalik yigʻim undiriladi.
Attestatsiyadan oʻtmagan shaxslarga bir martalik yigʻim qaytarilmaydi. Avval attestatsiyadan oʻtmagan shaxsning xar bir keyingi attestatsiyasi (qayta attestatsiyasi) tegishli bir martalik yigʻimni toʻlash bilan birga amalga oshiriladi.
3.9. II darajali malaka guvohnomasini olish uchun talabgorlarni attestatsiya (qayta attestatsiya)dan oʻtkazish test sinovi usulida amalga oshiriladi.
I darajali malaka guvohnomasini olish uchun talabgorlarni attestatsiya (qayta attestatsiya)dan oʻtkazish ikki bosqichda amalga oshiriladi:
test sinovi;
test sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan taqdirda — yozma-ogʻzaki imtihon (bundan buyon matnda — imtihon).
Test sinovi kompyuter dasturidan foydalangan xolda yoki yozma ravishda test savollariga javob berish shaklida amalga oshiriladi va talabgorlarga 60 daqiqa taqdim etgan holda oʻz ichiga 60ta savollarni oladi.
Imtihon toʻrtta nazariy va amaliy savollardan iborat imtihon biletlariga javoblar shaklida yozma amalga oshiriladi.
Imtihon savollariga javob berish uchun talabgorlarga 90 daqiqa taqdim etiladi. Har bir imtihon biletining savoliga berilgan javoblar besh balli tizimda baholanadi.
3.10. Kerak boʻlgan toʻgʻri javoblar soni:
test sinovidan oʻtish uchun kamida 45 ta toʻgʻri javobni tashkil etishi;
imtihondan oʻtish uchun 15 balldan kam boʻlmasligi lozim.
3.11. Attestatsiya natijalarini aniqlash uchun kuyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
“attestatsiyadan oʻtgan”;
“attestatsiyadan oʻtmagan”.
3.12. Test sinovi va imtihon oʻtkazilayotgan vaqtda talabgorlarga quyidagilar taqiqlanadi:
maʼlumotnoma, maxsus va boshqa adabiyotlardan foydalanish;
yozuvlardan, shu jumladan elektron manbalardagi yozuvlardan foydalanish;
uyali aloqa yoki boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan muloqot olib borish.
Koʻrsatib oʻtilgan talablar buzilgan taqdirda, talabgor attestatsiyadan chetlashtiriladi va attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblanadi.
3.13. Attestatsiya natijalari Attestatsiya komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolangan va Attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan Attestatsiya komissiyasi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Attestatsiya natijalari vakolatli organning veb-saytiga attestatsiya oʻtkazilgan sanadan soʻng 3 ish kuni davomida eʼlon qilinadi.
3.14. Attestatsiyadan oʻtmagan deb topilgan shaxs, mazkur Nizomning 3.1 — 3.4 bandlarida koʻrsatilgan tartibda hujjatlarni qayta taqdim etgan xolda attestatsiyadan oʻtishga haqli.
3.15. Talabgor attestatsiya natijalari boʻyicha Attestatsiya komissiyasiga apellatsiya berishga haqli. Apellatsiya arizasi Attestatsiya komissiyasi raisi nomiga talabgorni attestatsiyadan oʻtmagan deb topilgan kundan eʼtiboran 30 ish kunidan kech boʻlmagan muddatda yozma shaklda taqdim etiladi.
Attestatsiya komissiyasi apellatsiya arizasini kelib tushgan sanadan boshlab besh ish kuni ichida koʻrib chiqishi hamda koʻrib chiqish natijasi boʻyicha arizachiga Attestatsiya komissiyasining qarorini Attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan imzolangan komissiya yigʻilishi bayonnomasidan koʻchirma koʻrinishida yuborishi lozim.
Attestatsiya komissiyasi apellatsiya arizasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha arizachi — attestatsiyadan oʻtmagan shaxsning shikoyat va vajlarini oʻrinli deb topishi va uni attestatsiyadan oʻtgan deb tan olish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Attestatsiya komissiyasi qaroriga asosan attestatsiyadan oʻtgan deb topilgan shaxsga malaka guvohnomasi beriladi.
Qayta attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda Attestatsiya komissiyasi attestatsiyadan oʻtmagan deb topilgan shaxsni qayta attestatsiyadan oʻtkazish kunini belgilaydi. Agarda oldingi attestatsiyadan oʻtmagan deb topilgan shaxs qayta attestatsiyadan oʻtkazish natijalariga koʻra attestatsiyadan oʻtgan deb topilsa, unga umumiy asoslarga koʻra malaka guvohnomasi beriladi.
Takroriy apellatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi. Apellatsiya arizasini koʻrib chiqish natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, arizachi Attestatsiya komissiyasi qarori ustidan sud tartibida shikoyat keltirishga haqli.
3.16 Attestatsiyadan oʻtmagan deb topilgan shaxs, Attestatsiya komissiyasining qarori ustidan sud tartibida shikoyat keltirishga haqli.
3.17 Malaka guvohnomalari mazkur Nizomning 3 (I toifa malaka guvohnomasi) va 4 (II toifa malaka guvohnomasi) ilovalaridagi shaklda rasmiylashtiriladi. Malaka guvohnomalarini berish attestatsiya oʻtgan sanadan boshlab 15 ish kuni davomida amalga oshiriladi.
3.18 Vakolatli organ attestatsiyadan oʻtgan shaxslarning (qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislari) yagona davlat reyestrini yuritadi. Malaka guvohnomalarini olgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar attestatsiyadan oʻtgan shaxslarning (qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining) yagona davlat reyestriga kiritiladi.
Attestatsiyadan oʻtgan shaxslarning (qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining) yagona davlat reyestri quyidagi shakllarda yuritiladi:
a) qogʻozli manbalarda (tikilgan va vakolatli organning muhri bilan muhrlangan jurnallar shaklida, tikilgan betlarning soni koʻrsatilgan holda);
b) elektron manbalarda, elektron yozuvlar shaklida.
Attestatsiyadan oʻtgan shaxslarning (qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining) yagona davlat reyestrida malaka guvohnomalari berilgan mutaxassislar toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
malaka guvohnomasini olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
pasportiga doir maʼlumotlar yoki yashash guvohnomasiga doir maʼlumotlar — chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun;
malaka guvohnomasining tartib raqami, berilgan sanasi va amal qilishining tugash muddati, toifasi;
malaka guvohnomasi blankasining tartib raqami;
malaka guvohnomasi olingan sana, olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va imzosi (faqat qogʻoz shaklda);
malaka guvohnomasini bekor qilish, amal qilish muddatini toʻxtatib turish va tugatish sanasi va sabablari, shuningdek dublikat berish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
izoh, unda vakolatli organ zarur deb hisoblaydigan har qanday qoʻshimcha maʼlumotlar aks ettirilishi lozim.
3.19 Malaka guvohnomalarining amal qilish muddati 5 yilni tashkil etadi.
4-bob. Malaka guvohnomalarini qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi
4.1. Ilgari berilgan malaka guvohnomasida koʻrsatilgan maʼlumotlarning oʻzgarganligi munosabati bilan malaka guvohnomasini qayta rasmiylashtirish uchun malaka guvohnomasi egasi tomonidan vakolatli organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
vakolatli organ rahbari nomiga malaka guvohnomasini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza;
malaka guvohnomasining asl nusxasi, u yoʻqolgan taqdirda — yoʻqolgan malaka guvohnomasining haqiqiy emasligi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalaridagi eʼlon nusxasi;
qayta rasmiylashtirilgan malaka guvohnomasini berish xarajatlarini qoplash uchun eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida bir martalik toʻlov toʻlanganligi haqidagi toʻlov hujjatining nusxasi;
FHDY organi tomonidan berilgan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga familiyasi yoki ismi oʻzgartirilganligi munosabati bilan kiritilgan oʻzgartirishlar va tuzatishlar toʻgʻrisidagi hujjatning notarius tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
pasport nusxasi — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun yoki chet el fuqarolari yoxud fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun –yashash guvohnomasining nusxasi.
4.2. Vakolatli organ tomonidan malaka guvohnomasini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda avvalgi tartib raqami va avval belgilangan amal qilish muddati bilan malaka guvohnomasining yangi blanki beriladi, bunda ilgari berilgan malaka guvohnomasining blanki bekor qilinadi.
4.3. Malaka guvohnomasi yoʻqolgan taqdirda malaka guvohnoma egasi tomonidan vakolatli organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
malaka guvohnomasi dublikati berish toʻgʻrisida ariza, ilgari berilgan malaka guvohnomasining yoʻqolishi sabablari va holatlari koʻrsatilgan xolda;
yoʻqolgan malaka guvohnomasining haqiqiy emasligi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalaridagi eʼlon nusxasi;
malaka guvohnomasi dublikatini berish xarajatlarini qoplash uchun eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida bir martalik toʻlov toʻlanganligi haqidagi toʻlov hujjatining nusxasi;
pasport nusxasi — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun yoki chet el fuqarolari yoxud fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun –yashash guvohnomasining nusxasi.
4.4. Vakolatli organ tomonidan malaka guvohnomasining dublikatini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda vakolatli organ malaka guvohnomasini yoʻqotgan shaxsga malaka guvohnomasining avvalgi tartib raqami va avval belgilangan amal qilish muddati bilan “DUBLIKAT” yozuvi qoʻyilgan malaka guvohnomasining yangi blankini beradi.
4.5. Mazkur Nizomning 4.1-bandida koʻrsatilgan holatda yangi malaka guvohnomasini berish hamda 4.3-bandida koʻrsatilgan holatda dublikat berish toʻgʻrisidagi qaror Attestatsiya komissiyasi tomonidan ariza olingan paytdan eʼtiboran 15 ish kuni mobaynida qabul qilinadi.
4.6. Agar malaka guvohnomasining dublikati olingandan soʻng avval yoʻqolgan malaka guvohnomasining asl nusxasi topilsa, malaka guvohnomasining dublikatini olgan shaxs shu holat yuzaga kelgan kundan eʼtiboran besh kundan kechikmasdan malaka guvohnomasining asl nusxasini uni bekor qilish uchun vakolatli organga topshirishi shart.
4.7. Dublikat yoki qayta rasmiylashtirilgan malaka guvohnomasini olish uchun qayta attestatsiyadan oʻtish talab etilmaydi.
Dublikat yoki qayta rasmiylashtirilgan malaka guvohnomasini olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan taqdirda arizachiga ariza olingan kundan eʼtiboran 15 ish kuni mobaynida yozma shakldagi asoslantirilgan rad javobi yetkaziladi.
5-bob. Malaka guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish
5.1. Vakolatli organ malaka guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish hamda malaka guvohnomasini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
5.2. Malaka guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turish malaka guvohnomasi egasining harakati (harakatsizligi) bilan sodir etilgan qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlari aniqlanganda, olti oydan oshmagan muddatga amalga oshiriladi.
(5.2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Boshqa asoslarga asosan malaka guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Malaka guvohnomasini tugatish yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinmagan boʻlsa, yuqorida qayd etilgan muddat oʻtishi bilan malaka guvohnomasining amal qilishi qayta tiklanadi.
5.3. Malaka guvohnomasini amal qilishini tugatish quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:
malaka guvohnomasining amal qilish muddati tugaganda;
mazkur Nizomning 1.4-bandida nazarda tutilgan xollarda attestatsiyadan oʻtgan shaxs qayta attestatsiyadan oʻta olmaganda;
malaka guvohnomasi egasining vafoti yoxud muomala layoqati belgilangan tartibda cheklanganda yoki uni muomalaga layoqatsiz deb topilganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlsa;
malaka guvohnomasi egasi vakolatli organga unga berilgan malaka guvohnomasining amal qilishini tugatishni soʻrab ariza bilan yozma murojaat qilganda;
malaka guvohnomasi egasi tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari bir necha marta yoki bir marta qoʻpol ravishda buzilganda;
(5.3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
malaka guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlar malaka guvohnomasi egasi tomonidan bartaraf etilmaganda.
Boshqa asoslarga koʻra malaka guvohnomasining amal qilishini tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5.4. Malaka guvohnomasini ishonchsiz maʼlumotlar va hujjatlarni taqdim etgan xolda olish holati aniqlanganligi malaka guvohnomasini bekor qilishga asos boʻladi.
Boshqa asoslarga koʻra malaka guvohnomasini bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Attestatsiya komissiyasining malaka guvohnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori malaka guvohnomasi berilgan sanadan amal qiladi.
5.5. Vakolatli organ malaka guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran 10 ish kunidan kech boʻlmagan muddatda malaka guvohnomasi egasini Attestatsiya komissiyasining qabul qilgan qarori haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
5.6. Malaka guvohnomasini amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi xabarnomada malaka guvohnomasi egasi tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan choralar hamda ularni bajarish muddati aks ettirilgan boʻlishi kerak.
5.7. Koʻrsatilgan choralarni lozim tarzda, belgilangan muddatda bajargan taqdirda, malaka guvohnomasi egasi bajarganligi toʻgʻrisida vakolatli organni yozma ravishda xabardor qilishi shart.
5.8. Amal qilish muddati tugaganligi bois malaka guvohnomalarining amal qilishi tugatilgan shaxslar, umumiy asoslarga koʻra yangi malaka guvohnomasini olish uchun murojaat qilishga haqli.
Muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganligi yoki malaka guvohnomasini amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarni bartaraf etmaganligi sababli malaka guvohnomalarining amal qilishi tugatilgan shaxslar malaka guvohnomasining amal qilishi tugatilgan sanadan eʼtiboran bir yil oʻtgach yangi malaka guvohnomalarini olish uchun murojaat etishga haqli.
(5.8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
5.9. Vakolatli organ malaka guvohnomalarini amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki malaka guvohnomalarini bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida va (yoki) vakolatli organning rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi, shuningdek Attestatsiyadan oʻtgan shaxslarning yagona davlat reyestriga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.
5.10. Malaka guvohnomasi sud qaroriga asosan bekor qilinishi, uning amal qilishi esa toʻxtatib turilishi va tugatilishi mumkin.
5.11. Vakolatli organning malaka guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
6-bob. Yakuniy qoidalar
6.1 Mazkur Nizom 1999-yilning 5-martidan kuchga kiradi.
6.2 Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1994-yil 25-sentabrda tasdiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1994-yil 29-sentabrda roʻyxat raqami 103-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Investitsiya institutlari va fond birjalari (birjalarning fond boʻlimlari) xodimlari va mutaxassislarini, jismoniy shaxslarni qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi nizom va ilgari unga berilgan barcha tushintirishlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6.3 Mazkur Nizomning talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
(6.3-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
6.4 Mazkur Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazorat vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.