Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.08.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA XORIJIY FUQAROLARNI OʻQITISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi 169-sonli “Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xorijiy davlatlar fuqarolarini Oʻzbekiston Respublikasi oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tizimini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Respublika oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalarida, ularning qaysi idoraga qarashliligidan qatʼi nazar, xorijiy fuqarolardan mutaxassislar tayyorlashga rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga yuklansin.
3.Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasiga oʻqish uchun kelayotgan xorijiy fuqarolar bilan tuziladigan namunaviy shartnoma (kontrakt)larni bir oy muddatda ishlab chiqsin;
Toshkent davlat universiteti va Toshkent davlat texnika universitetining faoliyat koʻrsatayotgan tayyorlov boʻlimlari negizida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida chet ellik fuqarolarga til oʻrgatadigan xoʻjalik hisobidagi Markazni tashkil etsin, Markazga respublika oʻquv yurtlariga oʻqishga kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolarini til va umumtaʼlim boʻyicha tayyorlash vazifasi yuklatilsin. Markazni mablagʻ bilan taʼminlash xorijiy talabalarni oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar hisobiga amalga oshirilsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda oliy oʻquv yurtlari, ilmiy muassasalarda xorijiy fuqarolarning oʻqishi uchun toʻlov miqdorlarini belgilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
xorijiy fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining oʻquv va ilmiy muassasalariga oʻqishga shartnoma (kontrakt) asosida qabul qilinadilar, Oʻzbekiston Respublikasi bilan boshqa mamlakatlar oʻrtasida tuzilgan hukumatlararo bitimlarda nazarda tutilgan oʻqishga qabul qilish hollari bundan mustasno;
agar davlatlararo bitimlar va kontraktlarda boshqa valyuta nazarda tutilmagan boʻlsa, xorijiy fuqarolarning oʻqishi uchun toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi;
xorijiy fuqarolarni oʻqitishga ruxsatnomalar oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga — Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan, umumtaʼlim maktablari va hunar-texnika bilim yurtlariga esa — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan beriladi;
Oʻzbekiston Respublikasiga oʻqishga kelayotgan xorijiy fuqarolarga viza olishda yordam berish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi talabnomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
xorijiy fuqarolarni qabul qilgan oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq va belgilangan tartibda oʻqishning butun davri uchun ularning milliy pasportlarini ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazishlari shart.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Taʼlim va fan boʻlimiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 24-may,
266-son
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 24-maydagi 266-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilish va oʻqitish “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunga, boshqa qonun hujjatlari va mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim olayotgan xorijiy fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq huquqlarga va erkinliklarga ega boʻladilar.
3. Xorijiy fuqarolarni oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining ruxsatiga ega boʻlgan oʻquv yurtlarida, umumtaʼlim maktablari va hunar-texnika bilim yurtlarida esa Xalq taʼlimi vazirligining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
4. Respublika oʻquv yurtlarida xorijiy fuqarolarni oʻqitish oʻzbek yoki (oʻqiyotganlarning xohishiga koʻra) rus tilida olib boriladi.
II. Qabul qilish tartibi, shartlari va oʻqitish turlari
5. Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilish quyidagilar asosida amalga oshiriladi;
a) Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar oʻrtasidagi hukumatlararo shartnomalar;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida dastlabki ekspertizadan va roʻyxatdan oʻtkaziladigan jamoa va shaxsiy shartnomalar hamda kontraktlar (shu jumladan, Oʻzbekistonga kelish maqsadlaridan qatʼi nazar, haqiqiy vizalar boʻyicha respublikaga kelgan xorijiy fuqarolar bilan ham).
6. Oʻqitish uchun toʻlovlarning turlari, miqdorlari, tartibi va muddati, stipendiya bilan taʼminlash, turar joy berish, tibbiy xizmat koʻrsatish va fors-major holatlar natijasida yetkazilgan zararni qoplash mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan shartnoma va kontraktlarga muvofiq belgilanadi.
7. Xorijiy fuqarolar xohishlariga koʻra:
oʻrta umumtaʼlim maktablarida;
hunar-texnika bilim yurtlarida;
oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida;
oliy oʻquv yurtlarida;
ilmiy muassasalarda taʼlim olishlari mumkin.
8. Oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga toʻliqsiz oʻrta yoki oʻrta maktab darajasida maʼlumotga ega 25 yoshgacha boʻlgan xorijiy fuqarolar qabul qilinadi.
9. Oliy oʻquv yurtlariga oʻrta maktab darajasida maʼlumotga ega 35 yoshgacha boʻlgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.
Madaniyat, sport, sanʼat va arxitektura oʻquv yurtlariga tegishli maʼlumotga va qobiliyatga ega boʻlgan xorijiy fuqarolar qabul qilinadi. Koʻrsatilgan oʻquv yurtlariga ularni qabul qilish mazkur mutaxassisliklarning oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq talablarga binoan oʻtkaziladi.
10. Oliy oʻquv yurtlari, akademiya institutlari va boshqa ilmiy muassasalarning aspiranturasiga va ordinaturasiga oliy maʼlumotli, 35 yoshgacha boʻlgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.
Aspiranturaga va ordinaturaga kiruvchilar Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan talablarga muvofiq tayyorlangan referat yoki eʼlon qilingan ishlarning rasmiy ravishda tasdiqlangan roʻyxatini taqdim etishlari kerak.
11. Oʻquv yurtlari, akademiyaning yoki tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlariga, malaka oshirish fakultetlari va kurslariga tajriba orttirish uchun oliy yoki oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.
12. Oʻqishni tamomlagan xorijiy fuqarolarga olgan maʼlumoti toʻgʻrisida xalqaro namunada tegishli hujjatlar beriladi.
13. Xorijiy oʻquvchilar respublika oʻquv yurtlariga, agar shartnoma yoki bitimda boshqacha tartib kelishilmagan boʻlsa, oilalari va qarindoshlarisiz keladilar.
14. Oʻqish uchun kelgan xorijiy fuqarolar tibbiy koʻrikdan va “OITS kasalliklari oldini olish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq OITS virusi bor-yoʻqligini aniqlash tekshiruvidan oʻtadilar.
III. Hujjatlarning roʻyxati va ularni topshirish tartibi
15. Oʻzbekiston Respublikasiga oʻqish uchun kelgan xorijiy fuqarolar quyidagi hujjatlarni topshiradilar;
oʻqishga qabul qilish haqida ariza;
oʻrganilgan fanlar va ular boʻyicha imtihonlarda olingan 6aholar (ballar) koʻrsatilgan hujjatlarning maʼlumoti haqidagi asl nusxalari va notarial tasdiqlangan nusxalari;
sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy xulosa;
milliy pasport yoki tugʻilganlik haqida guvohnoma;
4 X 6 kattalikdagi 6 dona fotosurat.
Oʻqishga kirish uchun hujjatlarni topshirish tartibi va muddatlari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan maxsus yoʻriqnoma asosida belgilanadi.
IV. Tayyorlov taʼlimi
16. Oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga, aspiranturaga oʻqishga kirishni yoki tajriba orttirishni xohlagan, oʻzbek yoki rus tilini bilmaydigan xorijiy fuqarolar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi til oʻrgatish Markazida til oʻrganish va tanlangan mutaxassislik boʻyicha umumtaʼlim fanlarini oʻz ichiga olgan dasturlar asosida taʼlim oladilar. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida oʻzbek yoki rus tillarini oʻrgangan xorijiy fuqarolarga, til oʻrganish markazida test sinovlaridan oʻtgach, oʻqishga kirish uchun yoʻllanma beriladi.
17. Xorijiy fuqarolar umumtaʼlim maktablariga yoki hunar-texnika bilim yurtlariga Xalq taʼlimi vazirligining yoʻllanmalari bilan oʻqishga kiradilar va zarurat boʻlganda, oʻqiyotgan joyida til oʻrganish kurslaridan oʻtadilar.
18. Markazda oʻqish tugagach imtihonlar oʻtkaziladi. Bitirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan oʻquvchilarga Oʻzbekiston Respublikasining tegishli oʻquv yurtlarida oʻqishni davom ettirish huquqini beradigan belgilangan namunadagi guvohnoma (sertifikat) beriladi. Markazdagi oʻqish davrida zarur umumtaʼlim bilimlarini egallay olmagan va til oʻrganishga boʻlgan layoqatini koʻrsata olmagan xorijiy oʻquvchilarga oʻqish uchun yoʻllanma berilmasdan roʻyxatdan chiqariladilar.
19. Oʻquv yurtlarida va ilmiy muassasalarda oʻqiyotgan xorijiy fuqarolarni oʻqitish tartibi, muddati va ularga qoʻyiladigan talablar Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vazirliklari, idoralari tomonidan tasdiqlangan taʼlim oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar toʻgʻrisidagi nizomlar bilan belgilanadi.
V. Oʻzbekistonda taʼlim oladigan xorijiy fuqarolarning huquq va majburiyatlari
20. Xorijiy oʻquvchilar quyidagi huquqlarga egadirlar:
kafedralarning ilmiy-tadqiqot ishlarida, talabalarning ilmiy jamiyatlari va toʻgaraklarida qatnashish;
oʻquv yurtlarining kutubxonalari, sport komplekslari, klublari va madaniyat saroylaridan foydalanish;
dam olishning uyushtirilgan turlarida qatnashish.
21. Xorijiy oʻquvchilar quyidagilarga majburdirlar:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qilish, mahalliy urf-odat va anʼanalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish, xorijiy fuqarolarning boʻlishi va yurishi boʻyicha respublikada belgilangan qoidalarni bajarish;
intizomga rioya qilish, mashgʻulotlarga qatnashish, oʻquv rejalari va dasturlarida nazarda tutilgan oʻquv va ishlab chiqarish ishlarining barcha turlarini bajarish, imtihon va sinovlarni belgilangan muddatlarda topshirish;
oʻquv yurtining va talabalar yotoqxonasining ichki tartib-qoidalarini bajarish;
oʻquv yurti rahbarlarining koʻrsatma va farmoyishlarini bajarish.
22. Oʻqishda oʻzlashtirmaslik, intizomni, oʻquv yurti va talabalar yotoqxonasining ichki tartib-qoidalarini buzganlik uchun, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining normativ hujjatlarida xorijiy oʻquvchilarga nisbatan nazarda tutilgan boshqa sabablarga koʻra oʻquv yurti roʻyxatidan chiqarib yuborishgacha boʻlgan maʼmuriy choralar koʻrilishi mumkin; Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlish va yurish tartibini qoʻpol ravishda buzganlik uchun ular oʻquv yurtlarining iltimosiga binoan ichki ishlar organlari tomonidan respublikadan tashqariga chiqarib yuboriladilar.
23. Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyat sodir etgan xorijiy oʻquvchilar, agar xalqaro shartnoma va bitimlarda boshqa chora koʻzda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat va jazo qonuniga binoan javobgarlikka tortiladilar.
24. Oʻqishni tugatgan yoki oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar roʻyxatidan oʻchirilgan xorijiy oʻquvchilar bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasidan oʻz vataniga yoki doimiy yashaydigan mamlakatiga joʻnab ketishga majbur.
25. Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim olayotgan xorijiy oʻquvchilar bir mamlakat oʻquvchilarini birlashtiradigan vatandoshlik uyushmasini tashkil qilishlari mumkin. Ularning oʻquv yurti maʼmuriyati va talabalar tashkilotlari bilan mustahkam aloqada amalga oshiriladigan va siyosiy tusga ega boʻlmagan faoliyati oʻquv rejalarini muvaffaqiyatli bajarishga, intizomga rioya qilishga, uning aʼzolarining oʻquv yurti ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishlariga, ularni ezgulik, insonparvarlik, xalqlar oʻrtasida doʻstlik va tinchlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan boʻlishi kerak.
26. Oliy, oʻrta maxsus taʼlim oʻquv yurtlarida oʻquv yili birinchi sentyabrda boshlanadi. Taʼtillarning boshlanish va tugash vaqti, ularning davom etish muddati muayyan oʻquv yurtining oʻquv rejalariga muvofiq belgilanadi.
VI. Xorijiy fuqarolarni mazkur Nizom bilan tanishtirish tartibi haqida
27. Oʻzbekiston Respublikasi oʻquv yurtlari yoki ilmiy-tadqiqot muassasalariga oʻqishga qabul qilingan xorijiy fuqarolar mazkur Nizom bilan tanishtiriladi va ular uning talablarini bajarish haqida oʻz majburiyatlarini yozma ravishda tasdiqlaydilar.