Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.03.2020
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 16-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1339]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligining 2020-yil 11-martdagi 8-2020, 11-sonli “Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1339-6, 27.03.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-avgustdagi “Oliy oʻquv yurtlari talabalariga stipendiyalar toʻlash tartibi va miqdorlari toʻgʻrisida”gi 344-sonli qarorining 3-bandini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladilar:
1. Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng, 10 kun oʻtganidan keyin kuchga kiradi.
3. Ushbu qaror kuchga kirgan kunidan soʻng, quyidagi yoʻriqnomalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligining 2002-yil 14-yanvardagi 1-P, 13-sonli “Taʼlim muassasalarida stipendiya tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (2002-yil 6-mart, roʻyxat raqami 1104-son — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-y., 5-son) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligining 2002-yil 20-avgustdagi 4-P va 100-sonli “Taʼlim muassasalarida stipendiya tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida”gi qarori (2002-yil 29-avgust, roʻyxat raqami 1104-1-son — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-y., 15-16-son).
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri S. GʻULOMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 10-mart,
2-P-son
Moliya vaziri M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2004-yil 10-mart,
43-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligining 2004-yil 10-martdagi 2-P, 43-son qarori bilan
“TASDIQLANGAN”
Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-avgustdagi “Oliy oʻquv yurtlari talabalariga stipendiyalar toʻlash tartibi va miqdorlari toʻgʻrisida” 344-son qarorining 3-bandini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan hamda Oliy taʼlim muassasalarining talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.
1. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
stipendiya — Oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha va pulli — kontrakt asosda kunduzi oʻqiydigan, davomati yaxshi boʻlgan talabalariga (bundan chet ellik talabalar mustasno), Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar, toʻlanadigan oylik pul taʼminoti (nafaqa).
Stipendiya chuqur kasbiy bilimlarni egallash va davomatni oshirishda talabalarni ragʻbatlantirish, mutaxassislarni tayyorlash sifatini yanada oshirish uchun zarur sharoitlar barpo etish maqsadida toʻlanadi;
stipendiya komissiyasi — Oliy taʼlim muassasalarida talabalarga stipendiyalar tayinlash uchun oʻquv ishlari boʻyicha prorektor raisligida bir oʻquv yiliga fakultetlarning dekanlari (bakalavriat darajasida fakultet dekanati nazarda tutilmagan oliy taʼlim muassasalarida — Oʻquv-uslubiy boʻlim (boshqarma) boshligʻi), kasaba uyushmasi va yoshlar tashkilotlari, akademik guruhlar, buxgalteriya vakillaridan tashkil etiladigan va Oliy taʼlim muassasasining rektori (uning vazifalarini bajaruvchi shaxs) tasdiqlaydigan komissiya;
 LexUZ sharhi
(AV 19.08.2016-y. 1339-5-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang)
reyting nazorati — Oliy taʼlim muassasasida davlat taʼlim standartlariga kiradigan fanlar boʻyicha talabalarning bilim va mahoratlarining attestatsion sinovlari;
ulgurayotgan talaba bundan avvalgi oʻquv semestri uchun reyting nazorati natijalari boʻyicha akademik qarzi boʻlmagan talaba.
2. Talabalar davomatining darajasiga bogʻliq holda stipendiyalarning miqdorlari tabaqalanadi.
3. Oliy taʼlim muassasalarida 2001-yil 1-sentabrdan boshlab talabalarning davomatiga bogʻliq holda tabaqalangan koeffitsiyentlarni qoʻllash bilan stipendiyalarning bazaviy miqdorlarlari belgilangan:
reyting boʻyicha eng yuqori ballar
(86 — 100%) — 1,0;
reyting boʻyicha yuqori ballar
(71 — 85%) — 0,75;
reyting boʻyicha oʻrtacha ballar
(55 — 70%) — 0,5.
 LexUZ sharhi
AV 19.08.2016-y. 1339-5-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qaroriga muvofiq sakkizinchi xatboshi chiqarib tashlangan.
4. Davlat grantlari boʻyicha va pulli — kontrakt asosida oʻqiyotgan bakalavriat va magistratura birinchi kursining talabalariga stipendiya miqdori birinchi oʻquv semestrida stipendiyaning bazaviy miqdoridan 0,5 koeffitsiyentini qoʻllagan holda belgilanadi. Ikkinchi va undan keyingi semestrlarda stipendiya tabaqalangan koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda talabalarning davomati (reytingi)ga bogʻliq ravishda tayinlanadi.
5. Ulgurayotgan talabalarga stipendiya tayinlash oʻquv yilida ikki marotaba oʻtkaziladi va stipendiya har bir oʻquv semestri oyining birinchi kunidan boshlab toʻlanadi.
Toshkent davlat yuridik universitetida ulgurayotgan talabalarga stipendiya tayinlash oʻquv yilida ikki marotaba oʻtkaziladi va stipendiyalar yakuniy nazorat natijalari eʼlon qilinganidan soʻng, har bir oʻquv semestri oyining birinchi kunidan boshlab tayinlangan holda toʻlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 30.06.2015-y. 1339-4-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi).
6. Ulgurayotgan talabalarga stipendiya tayinlashni stipendiya komissiyasi quyidagi tartibda amalga oshiradi:
Oʻquv semestrining barcha fanlari boʻyicha talabaning haqiqiy reytingi koʻrsatkichlarini belgilash uchun asos boʻlib belgilangan tartibda toʻldirilgan, reyting nazorati boʻyicha qaydnomalar yoki talabaning reyting daftarchasi hisoblanadi, ular teng kuchga egadir.
Oʻquv semestri mobaynida har bir fan boʻyicha eng yuqori ballarning 86 — 100 foizini toʻplagan talabaga 1,0 koeffitsiyenti bilan stipendiya tayinlanadi.
Oʻquv semestri mobaynida har bir fan boʻyicha eng yuqori ballarning 71 — 85 foizini toʻplagan talabaga 0,75 koeffitsiyenti bilan stipendiya toʻlanadi.
Oʻquv semestri mobaynida bir yoki undan koʻp fanlar boʻyicha eng yuqori ballarni 55 — 70 foiz doirasida toʻplagan talabaga 0,5 koeffitsiyenti bilan stipendiya toʻlanadi.
Stipendiya toʻlash uchun stipendiya komissiyasi tavsiya etgan talabalarning roʻyxatlari oliy taʼlim muassasasi rektorining (uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning) buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 07.08.2012-y. 1339-3-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi).
7. Oʻquv semestri uchun reyting nazorati natijalari boʻyicha uzrsiz sabablarga koʻra akademik qarzga (bir yoki undan koʻp fanlar boʻyicha 55% dan kam reytingga) ega boʻlgan Oliy taʼlim muassasalarining talabalari keyingi oʻquv semestri oyining birinchi kunidan boshlab stipendiya olish huquqidan mahrum boʻladilar.
Belgilangan tartibda akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar boʻyicha 55 va undan koʻp foiz toʻplagan) talabalarga stipendiya akademik qarzni bartaraf etish muddati tugaganidan keyingi oyning 1-kunidan boshlab, talabaning davomati (reytingi)ga qarab tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda keyingi oʻquv semestriga qadar tayinlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 30.06.2015-y. 1339-4-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang)
Qayta oʻzlashtirish uchun ularga taqdim etilgan bir oylik muddat mobaynida akademik qarzini bartaraf etmagan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazariy oʻqishning keyingi semestriga (kursiga) oʻtkazilgan hamda keyinchalik akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar boʻyicha 55 va undan koʻp foiz toʻplagan) Toshkent davlat yuridik universiteti talabalariga stipendiya akademik qarz bartaraf etilgandan keyin keladigan oyning birinchi sanasidan boshlab, talabaning oʻzlashtirishi (reytingi)ga qarab tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda, akademik qarz bartaraf etilgan oʻquv semestrining oxiriga qadar tayinlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 19.08.2016-y. 1339-5-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)
8. Kasalligi yoki tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanadigan boshqa uzrli sabablarga koʻra akademik qarzga ega boʻlgan talabalar akademik qarzlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda bartaraf etgunlariga qadar stependiyadan mahrum etilmaydilar.
Hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sababga koʻra reyting nazoratining biror-bir turini topshirmagan Toshkent davlat yuridik universiteti talabalariga qayta oʻzlashtirish uchun akademik qarzdorlarga taqdim etiladigan davr uchun stipendiya reyting nazoratini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda toʻlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 19.08.2016-y. 1339-5-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qarori tahriridagi band) (Oldingi tahririga qarang)
9. Oʻquv rejasi bilan nazarda tutilgan malaka amaliyotlari va taʼtillar davrida talabalarning stipendiya olish huquqi saqlanadi.
10. Pensiya oladigan talabalarga stipendiya umumiy asoslarda tayinlanadi.
11. Talabalarga akademik taʼtil davrida stipendiya toʻlanmaydi.
Talaba akademik taʼtildan qaytganidan keyin unga stipendiya toʻlash avvalgi miqdorlarda joriy oʻquv semestrining oxiriga qadar tiklanadi.
12. Ilgari maʼmuriyat tashabbusi bilan Oliy taʼlim muassasasidan chiqarilgan talabalar oʻqishga tiklanganda mazkur oʻquv semestri uchun stipendiya, stipendiya bazaviy miqdoridan 0,5 koeffitsiyentini qoʻllagan holda tayinlanadi.
13. Homiladorlik va tugʻish taʼtili davri uchun talabalarga stipendiya qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida toʻliq miqdorda toʻlanadi.
Agar homiladorlik akademik taʼtil davrida yuzaga kelgan boʻlsa, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida yagona namunadagi maʼlumotnoma taqdim etilganda akademik taʼtil toʻxtatilishi hamda homiladorlik va tugʻish taʼtili rasmiylashtirilishi kerak.
2 yoshgacha bolasi boʻlgan va oʻqishni taʼlimning kunduzgi shaklida davom ettirayotgan talaba ayollarga stipendiya toʻliq miqdorda toʻlanadi. Bola 2 yoshga toʻlguniga qadar uni parvarishlash taʼtilida boʻlish davrida stipendiya toʻlanmaydi.
Bola 2 yoshga toʻlguniga qadar uni parvarishlash boʻyicha nafaqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 30.06.2015-y. 1339-4-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qarori tahriridagi band) (Oldingi tahririga qarang)
14. Belgilangan tartibda bir Oliy taʼlim muassasasi (fakultet)dan boshqasiga, shuningdek taʼlimning sirtqi shaklidan kunduzgi shakliga oʻtkazilgan talabalarga stipendiya ular tomonidan reyting nazorati natijalari boʻyicha, oʻquv rejalaridagi tafovutlar bartaraf etilganidan keyin tayinlanadi.
Akademik qarz mavjud boʻlmaganida stipendiya akademik maʼlumotnoma (reyting daftarchasi)da koʻrsatilgan, avvalgi oʻquv joyidagi reyting nazorati natijalari boʻyicha tayinlanadi va yangi oʻquv joyiga qayd etilgan paytdan boshlab Oliy taʼlim muassasasi rektorining (uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning) buyrugʻi asosida toʻlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 07.08.2012-y. 1339-3-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi)
Yozgi taʼtil vaqtida talabalarga stipendiya toʻlash ular oʻtkazishga qadar oʻqigan Oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Davlat grantlari boʻyicha Oliy taʼlim muassasalarining oxirgi kurslarida oʻqiyotgan sirtqi boʻlimlar talabalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 256-moddasiga muvofiq, bitirish ishiga materiallar tayyorlash uchun oʻttiz taqvimiy kun miqdorida ish haqi saqlanmaydigan taʼtil beriladi. Koʻrsatilgan taʼtil davrida talabalar umumiy asoslarda stipendiyaga qayd etiladilar.
16. Oliy taʼlim muassasasining rektori (uning vazifasini bajaruvchi shaxs) isteʼdodli va jamoat hayotida faol boʻlgan talabalarga Vasiylik va Ilmiy kengashlar tavsiyalari boʻyicha, tegishli yil uchun oliy taʼlim muassasasining xarajatlar smetasida tasdiqlangan stipendiya fondi doirasida Oliy taʼlim muassasasining shaxsiy stipendiyalarini belgilashga haqlidir. Oliy taʼlim muassasasi talabasining shaxsiy stipendiyasi miqdori reyting nazorati boʻyicha eng yuqori ballarga ega boʻlgan talabalarning stipendiyasidan 10 foiz koʻp qilib belgilanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 13.02.2008-y. 1339-2-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qarori tahriridagi band)
17. 2002-2003 oʻquv yilida bir yilda bir talabani oʻqitish uchun qiymatda stipendiya fondi 1,0 tabaqalangan koeffitsiyentini qoʻllagan holda har oyda toʻlanadigan stipendiyani hisobga olib belgilangan. 2003-2004 oʻquv yilidan boshlab bir yil uchun bir talabani oʻqitish qiymatida 0,75 koeffitsiyentini qoʻllagan holda har oyda toʻlanadigan stipendiyani hisobga olgan ravishda stipendiya fondining miqdori nazarda tutiladi.
Pullik-kontrakt asosida oʻqitishning oʻquv yili uchun qiymatiga kiritilgan har oyda toʻlanadigan stipendiya summasi talabalar davomatining reyting koʻrsatkichlaridan qatʼi nazar, qayta hisob-kitob qilinmaydi va qaytarilmaydi
 LexUZ sharhi
(AV 13.02.2008-y. 1339-2-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang)
 LexUZ sharhi
AV 13.02.2008-y. 1339-2-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qaroriga muvofiq uchinchi — oltinchi xatboshilar chiqarib tashlangan.
Oliy taʼlim muassasalarining toʻlov-kontrakt asosida taʼlim oluvchi bitiruvchi kurslari talabalari uchun iyul va avgust oylari uchun stipendiya summasi oxirgi oʻquv yilidagi (qismlarga boʻlib toʻlanganda — oxirgi oʻquv semestridagi) taʼlim uchun kiritilayotgan toʻlovdan chiqarib tashlanadi. Bunda chiqarib tashlanayotgan stipendiya summasi oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati miqdorlarining oxirgi oʻrnatilgan paytiga 0,75 koeffitsiyentni qoʻllagan holda stipendiyaning bazaviy miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 07.08.2012-y. 1339-3-son bilan roʻyxatga olingan OOʻMTV, MV Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)
18. 2003-2004 oʻquv yilidan boshlab oʻtgan oʻquv semestri yakunlari boʻyicha talabaning reytingi koʻpaygan va oʻrtacha hisob-kitobni tabaqalangan koeffitsiyentning oʻqitish qiymatida nazarda tutilgan qiymati 0,75 dan 1,0 ga koʻpaygan taqdirda har oyda toʻlanadigan stipendiya summasidagi farq stipendiya fondini tejash va oʻqitishning pulli-kontrakt shakli boʻyicha smetaning umumiy xarajatlari hisobidan amalga oshiriladi.
19. Talabalarning stipendiyalaridan ushlab qolishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Talabalarga stipendiyani toʻgʻri tayinlash va toʻlash ustidan nazorat qilish Oliy taʼlim muassasasining stipendiya komissiyasiga yuklanadi.
20. Mazkur Yoʻriqnomaning talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 15-son, 184-modda; 2008-y., 6-7-son, 31-modda; 2012-y., 32-son, 380-modda)