Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.07.2024

“TASDIQLANGAN”

Oʻzbekiston Respublikasi

Moliya vazirligi

Vazirning oʻrinbosari

E.F.Gadoyev

26.07.1998-y.

17-07/86-son

MOLIYAVIY HISOBOTNI TAYYORLASH VA TAQDIM ETISH UCHUN
KONSEPTUAL ASOS
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 14-avgustda 475-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur konseptual asos Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 131-sonli “Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish uchun konseptual asosni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3530, 12.07.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Konseptual asoslarning maqsadi va maqomi
1. Ushbu konseptual asos Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan va foydalanuvchilar uchun moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish asosini tashkil etuvchi tushunchalarni belgilab beradi.
Mazkur konsepsiyaning maqsadi quyidagilarga yordam berishdan iborat:
1.1. Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini tartibga soluvchi davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga — buxgalteriya hisobi milliy standartlarini (keyingi oʻrinlarda BHMS) rivojlantirish va ularni qayta koʻrib chiqishda;
(1.1-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 6-iyuldagi 52-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3448, 25.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son)
1.2. Moliyaviy hisobotni tayyorlovchi shaxslarga — BHMS dan foydalanishda;
1.3. Auditorlarga — moliyaviy hisobotlarni BHMS mos kelishi boʻyicha xulosalarni tayyorlashda;
1.4. Moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarga — moliyaviy hisobotdagi maʼlumotlarni tahlil qilishda.
2. Konseptual asos BHMS hisoblanmaydi va uning taʼriflari biron-bir nizoli masalani baholash yoki tushuntirish uchun ishlatilmaydi. Mazkur konseptual asosdagi mavjud qoidalar buxgalteriya hisobining alohida bir standartini rad etmaydi.
3. Ayrim hollarda, agar konseptual asos va BHMS oʻrtasida ziddiyatlar mavjud boʻlsa, BHMSning talablari konseptual asos talablaridan ustun keladi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi BHMSni ishlab chiqishda mazkur konseptual asosni qoʻllaydi va ana shu ziddiyatlarni bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻradi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 6-iyuldagi 52-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3448, 25.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son)
4. Konseptual asos buxgalteriya hisobi standartlarining amaliy faoliyatini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan koʻrib chiqiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 6-iyuldagi 52-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3448, 25.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son)
Konseptual asoslarning amal qilish sohasi
5. Quyidagilar mazkur konseptual asoslarning asosiy jihatlaridir:
5.1. Moliyaviy hisobotning maqsadi;
5.2. Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot prinsiplari;
5.3. Moliyaviy hisobotlarning elementlarini taʼriflash, tan olish va oʻlchash.
6. Konseptual asos moliyaviy hisobotga, shu jumladan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga aloqadordir. Moliyaviy hisobot keng doiradagi foydalanuvchilarning axborotga boʻlgan talabini qanoatlantirish uchun tuziladi va davriy ravishda taqdim etiladi. Koʻpchilik foydalanuvchilar uchun moliyaviy axborotning asosiy manbasi moliyaviy hisobot hisoblanadi. Ayrim foydalanuvchilar, tegishli vakolatlar boʻlganda, moliyaviy hisobotda mavjud boʻlgan axborotga qoʻshimcha axborotni talab qilishlari mumkin.
7. Moliyaviy hisobotlar moliyaviy hisobotning tarkibiy qismi hisoblanadi va BHMS bilan belgilanadi. Moliyaviy hisobot ana shu hisobotlarga asoslangan yoki ular bilan bogʻliq boʻlgan izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlarni ham oʻz ichiga oladi. Bunday axborot sanoat va jugʻrofiy hududlarning faoliyat turlari toʻgʻrisidagi moliyaviy axborotni aks ettirishi va narxlar oʻzgarishining moliyaviy natijalarga taʼsirini tushuntirib berishi kerak.
8. Barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar* moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etishda konseptual asosga amal qiladilar.
* “Subyekt” atamasi “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida taʼriflangan.
Moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar va ularning axborotga boʻlgan talabi
9. Moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar qatoriga haqiqiy va boʻlgʻusi investorlar, kreditorlar, mahsulot yetkazib beruvchilar, xaridorlar, xodimlar, shuningdek hukumat muassasalari, vazirliklar, idoralar, jamoatchilik va boshqa manfaatdor foydalanuvchilar kiradi. Moliyaviy hisobot axborotiga boʻlgan talab quyidagilarda vujudga keladi:
9.1. Investorlarda taqdim etilgan investitsiyalar bilan bogʻliq xatarlar munosabati bilan. Aksiyadorlar ham xoʻjalik subyektining dividendlarni toʻlash qobiliyatini baholashga imkon beradigan va aksiyalarni sotib olish, saqlash yoki sotish kerakligini aniqlashga yordam beradigan axborotdan manfaatdordirlar;
9.2. Kreditlari va foizlari oʻz vaqtida toʻlanishini aniqlashga imkon beradigan axborotdan manfaatdor kreditorlarda;
9.3. Summalari oʻz vaqtida toʻlanishini aniqlashga imkon beradigan axborotdan manfaatdor boʻlgan mahsulot yetkazib beruvchilar va boshqa savdo kreditorlarida;
9.4. Xoʻjalik yurituvchi subyektning uzluksiz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan manfaatdor boʻlgan xaridorlarda, ayniqsa ular uzoq muddatli bitimga ega boʻlsalar yoki mazkur xoʻjalik yurituvchi subyektga bogʻliq boʻlsalar;
9.5. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyati barqarorligi va rentabelligi toʻgʻrisidagi axborotdan manfaatdor boʻlgan xodimlarda. Ular ham xoʻjalik yurituvchi subyektning oʻz ish haqlarini, pensiyalarini va keyinchalik ham yollash boʻyicha ishlash imkoniyatlarini taʼminlash qobiliyatiga baho berish imkonini yaratadigan axborotdan manfaatdordirlar;
9.6. Resurslarning taqsimlanishi va binobarin, subyektlarning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan manfaatdor boʻlgan davlat boshqaruvi organlarida. Ularga ham xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatini tartibga solib turish, soliqqa tortish siyosatini belgilash uchun va milliy daromadni hamda boshqa statistik maʼlumotlarni aniqlash uchun asos sifatida axborot kerak;
9.7. Jamoatchilikda ham, chunki xoʻjalik yurituvchi subyektlar mahalliy iqtisodiyotga koʻpgina usullar bilan, shu jumladan aholini ish bilan taʼminlash va mahalliy mahsulot yetkazib beruvchilarni qoʻllab-quvvatlash bilan katta hissa qoʻshishi mumkin. Moliyaviy hisobot jamoatchilikni taraqqiyot yoʻnalishlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning farovonligini yaxshilashda erishilgan soʻnggi yutuqlar toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlab, ularga yordam beradi.
10. Xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbari moliyaviy hisobotning tuzilishi va taqdim etilishi uchun javobgardir. Rahbar oʻz talablarini qanoatlantirish maqsadida qoʻshimcha axborotning shakli va mazmunini belgilash huquqiga egadir. Biroq bunday qoʻshimcha axborot shakllarini muhokama qilish mazkur konseptual asos doirasidan tashqariga chiqadi.
Moliyaviy hisobotning maqsadi
11. Moliyaviy hisobotning maqsadi buxgalteriya hisobi subyektining hisobot sanasidagi moliyaviy holati, hisobot davridagi uning faoliyatini moliyaviy natijasi va pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etish hisoblanadi. Biroq moliyaviy hisobot iqtisodiy qarorlar qabul qilish uchun foydalanuvchilarga zarur boʻlgan barcha axborotni oʻz ichiga olmaydi, chunki hisobot asosan avvalgi voqealarning natijalarini aks ettiradi.
12. Moliyaviy hisobot quyidagilar uchun ham axborotni oʻzida mujassam etgan:
12.1. Investitsiya qarorlarini va kreditlar berish boʻyicha qarorlarni qabul qilish;
12.2. Xoʻjalik yurituvchi subyektning kelgusi pul oqimini baholash;
12.3. Xoʻjalik yurituvchi subyektga ishonib topshirilgan resurslar munosabati bilan uning resurslarini, majburiyatlarini baholash;
12.4. Rahbar organlarning ishini baholash.
Xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati, moliyaviy holati va moliyaviy holati oʻzgarishlar
13. Moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar qabul qiladigan iqtisodiy qarorlar xoʻjalik yurituvchi subyektning pul mablagʻlarini koʻpaytirish, ularning koʻpayish vaqtini hisob-kitob qilish va natijaga erishishga umid qilishdagi qobiliyatini baholashni talab qiladi. Bunday qobiliyat pirovard natijada masalan, xoʻjalik yurituvchi subyekt oʻz xodimlari va mahsulot yetkazib beruvchilariga haq toʻlay olishi, foizlarni toʻlab turishi, kreditlar qoplashi va daromadni (foydani) taqsimlay olishi mumkinligini aniqlaydi.
Agar foydalanuvchilar xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatini moliyaviy holatini va moliyaviy holatdagi oʻzgarishlarni aks ettiradigan axborot bilan taʼminlansa, ular pul mablagʻlarini koʻpaytirish qobiliyatini yaxshiroq baholashlari mumkin.
14. Xoʻjalik yurituvchi subyekt nazorat qilib turadigan iqtisodiy resurslar, uning moliyaviy tuzilmasi, likvidligi, toʻlovga qobiliyati, ishlayotgan muhit oʻzgarishlariga munosabat bildira olishi uning moliyaviy holatiga taʼsir oʻtkazadi. Xoʻjalik yurituvchi subyekt nazorat qilib turadigan iqtisodiy resurslar haqidagi va uning ana shu resurslarni qayta ishlash qobiliyati toʻgʻrisidagi axborotlar xoʻjalik yurituvchi subyektning kelgusida pul mablagʻlarini va ularning ekvivalentini koʻpaytirish imkoniyatini prognozlash uchun zarurdir. Moliyaviy holat haqidagi axborot kelgusida kreditlarga boʻlgan talabni aniqlash uchun, shuningdek kelgusidagi daromadlar va pul oqimlarini xoʻjalik yurituvchi subyektning aksiyalariga (payiga) ega boʻlganlar oʻrtasida taqsimlashda, xoʻjalik yurituvchi subyekt keyinchalik oʻzining moliyaviy holatini qanchalik muvaffaqiyat bilan yaxshilay olishini aniqlash uchun ham zarurdir. Likvidlik va toʻlovga qobiliyat haqidagi axborot xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy majburiyatlarini oʻz vaqtida toʻlay olishini aniqlash uchun zarur. Likvidlik yaqin kelajakda ana shu davr ichidagi moliyaviy majburiyatlarni toʻlash uchun pul mablagʻlari mavjudligini anglatadi. Toʻlov qobiliyati moliyaviy majburiyatlarni oʻz vaqtida toʻlash uchun pul mablagʻlari mavjudligini anglatadi.
15. Xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyat koʻrsatkichlari, ayniqsa uning rentabelligi toʻgʻrisidagi axborot iqtisodiy resurslardagi potensial oʻzgarishlarni baholash uchun talab etiladi. Bunday axborot kelgusida nazoratni amalga oshirishga imkon beradi. Shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatidagi oʻzgarishlar haqidagi muhim axborot hisoblanadi.
Faoliyat haqidagi axborot xoʻjalik yurituvchi subyektning mavjud resurslar bazasidan pul mablagʻlari toʻplay olishini prognozlash uchun zarurdir, bu esa korxona qoʻshimcha resurslarni jalb qilishi mumkin boʻlgan samaradorlikka baho berishni shakllantirishda muhimdir.
16. Pul oqimlari haqidagi axborot xoʻjalik yurituvchi subyektning pul mablagʻlarini jalb qilish qobiliyatiga baho berish uchun zarurdir, bu esa foydalanuvchilarga har xil xoʻjalik yurituvchi subyektlarining pul oqimlarini baholash va taqqoslash uchun yangi usullar ishlab chiqishga imkon beradi.
17. Moliyaviy hisobotlar oʻzaro bir-biri bilan bogʻlangandir, chunki ular xoʻjalik faoliyatiga doir bir xil holatlarning har xil jihatlarini aks ettiradi. Har bir hisobot turli xil axborotlarni taqdim etadi, bitta maqsadga xizmat qilmaydi va foydalanuvchilarning muayyan talablarini aniqlash uchun zarur boʻlgan butun axborotni bermaydi. Masalan, moliyaviy-xoʻjalik faoliyatning natijalari toʻgʻrisidagi hisobot, agar undan buxgalteriya balansi va pul oqimlari haqidagi hisobot bilan uygʻunlikda foydalanilmasa, faoliyatning butun manzarasini aks ettirmaydi.
Izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar
18. Moliyaviy hisobot qoʻshimcha axborotni — izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlarni (tushuntirish xati koʻrinishida) ham oʻz ichiga oladi. Izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar jadvallar koʻrinishida ham, boshqacha shaklida ham taqdim etilishi mumkin.
Prinsiplar
Hisoblash
19. Daromadlar va xarajatlar buxgalteriya hisobida tan olinadi va moliyaviy hisobotlarda ularni kelib tushishi yoki yuzaga kelishiga qarab (balki pul mablagʻlarini olish yoki toʻlash asosida emas) aks ettiriladi.
Ikki yoqlama yozuv usuli bilan hisob yuritish
20. Ikkiyoqlama yozuv usulida hisobni yuritish deganda shu narsa tushuniladiki, xoʻjalik yurituvchi subyektlar ikkiyoqlama yozuv tizimi asosida buxgalteriya operatsiyalarini roʻyxatga olishni yuritishi kerak. Ikkiyoqlama yozuv shundan iboratki, bitta operatsiya boʻyicha bitta summaning oʻzi buxgalteriya hisobining kamida ikkita schyotida aks ettiriladi.
Uzluksizlik
21. Xoʻjalik yurituvchi subyekt uzluksiz ishlaydigan, yaʼni kelajakda ishlashni davom ettiradigan deb hisoblanadi. Uning oʻz faoliyatini tugatish yoki faoliyat koʻlamini ancha qisqartirish niyati ham, zarurati ham yoʻq deb taxmin qilinadi.
Xoʻjalik operatsiyalarini, aktivlarni va passivlarni pulda baholash
22. Moliyaviy hisobotlarda axborotlarni umumlashtirish maqsadida barcha operatsiyalar va hodisalar pulda baholanadi.
Ishonchlilik
23. Axborotda muhim xato yoki gʻarazlilik boʻlmasa va foydalanuvchilar unga tayanishlari mumkin boʻlsa, ishonchli hisoblanadi.
Operatsiyalar yoki hodisalarning ishonchliligi odatda boshlangʻich hisob hujjatlari bilan tasdiqlanishi kerak.
Oldindan koʻra bilish (ehtiyotkorlik)
24. Qarorlar qabul qilishda oldindan koʻra bilish (ehtiyotkorlik) prinsipiga rioya qilish aktivlar va daromad oshirib baholanmasligi, majburiyatlar yoki xarajatlar esa kamaytirib baholanmasligi uchun noaniqlik sharoitida baho chiqarish uchun zarurdir.
Mazmunning shakldan ustunligi
25. Agar hisob hujjatlaridagi va moliyaviy hisobotdagi axborot operatsiyalar va hodisalarning mazmunini toʻgʻri aks ettirsa, bu axborot faqat uning huquqiy shakli bilangina emas, balki mohiyati va iqtisodiy realligiga muvofiq hisobga olinishi va taqdim etilishi zarur.
Koʻrsatkichlarning qiyosiyligi
26. Moliyaviy axborot foydali va mazmunli boʻlishi uchun, bir hisobot davridagi axborot boshqa hisobot davridagisi bilan qiyoslanadigan boʻlishi kerak. Foydalanuvchilar xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan moliyaviy hisobotni tayyorlashda foydalangan hisob siyosatidan, mazkur siyosatdagi barcha oʻzgarishlardan va shunday oʻzgarishlarning natijalaridan xabardor boʻlishlari kerak.
Moliyaviy hisobotning betarafliligi
27. Moliyaviy hisobotda keltiriladigan axborotlar ishonchli boʻlishi uchun gʻarazlilikdan mustaqil boʻlishi kerak.
Hisobot davrida daromadlar bilan xarajatlarning muvofiqligi
28. Hisobot davridagi daromadlar va xarajatlarning muvofiqligi ushbu davrda mazkur hisobot davrida olingan daromadlarga asos boʻlgan xarajatlarni aks ettirishini bildiradi. Agar daromadlar va xarajatlarning ayrim turlari oʻrtasidagi bevosita bogʻliqlikni aniqlash qiyin boʻlsa, xarajatlar taqsimlashning biror-bir tizimiga muvofiq tarzda bir necha hisobot davriga taqsimlab chiqiladi. Bu bir necha yilga taqsimlanadigan amortizatsiya xarajatlariga ham taalluqlidir.
Aktivlar va majburiyatlarni haqiqiy baholash
29. Aktivlar va majburiyatlarni haqiqiy baholash prinsipi ularning tannarxi yoki xarid qilish qiymati baholashga asos boʻlishini nazarda tutadi.
Standartlarda nazarda tutilgan ayrim hollarda haqiqiy baholash xarid qilish qiymatidan farq qilishi mumkin.
Tushunarlilik
30. Moliyaviy hisobotlarda keltiriladigan axborotlar foydalanuvchilar uchun ochiq va tushunarli boʻlishi kerak.
Ahamiyatlilik
31. Moliyaviy axborot foydalanuvchilar qarorlar qabul qilish jarayonida ularning talablarini qanoatlantirishi va ularga operatsion, moliyaviy va xoʻjalik faoliyati hodisalariga baho berishda yordamlashishi uchun ahamiyatli boʻlishi kerak.
Muhimlik
32. Agar axborotning kiritmaslik yoki notoʻgʻri koʻrsatilishi axborotdan foydalanuvchilarning moliyaviy hisobot asosida qabul qiladigan iqtisodiy qarorlariga taʼsir qilsa, bunday axborot muhim hisoblanadi. Axborotning ahamiyatliliga uning mohiyati ham, shuningdek uning qimmati (muhimligi) ham taʼsir oʻtkazishi mumkin.
Haqqoniy va begʻaraz tasavvur etish
33. Moliyaviy hisobotlar foydalanuvchilarda subyektning moliyaviy holati, operatsiyalarning natijalari va pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisida haqqoniy va begʻaraz tasavvur hosil qilishi kerak.
Tugallanganlik
34. Moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini taʼminlash maqsadida axborot yetarlicha toʻla hajmda taqdim etilishi kerak.
Izchillik
35. Hisob siyosati bir davrdan ikkinchisiga izchillik bilan oʻtkazilishi nazarda tutiladi. Foydalanuvchilar xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy holatidagi oʻzgarishlar tendensiyalarini aniqlash uchun uning turli hisobot davrlaridagi moliyaviy hisobotlarini qiyoslash imkoniyatiga ega boʻlishlari kerak.
Oʻz vaqtidalik
36. Hisobot axborotining asossiz kechiktirilganda u oʻzining iqtisodiy ahamiyatliligini yoʻqotadi. Axborotni oʻz vaqtida taqdim etish uchun bitimning yoki boshqa hodisaning barcha jihatlari maʼlum boʻlgunga qadar hisobotga zarurat paydo boʻlishi mumkin, bu esa uning ishonchliligini buzadi. Boshqa tomondan, agar hisobot barcha jihatlar maʼlum boʻlgunicha kechiktirilsa, eng ishonchli axborot ham kam foyda berishi mumkin, chunki foydalanuvchilar oldiroq qaror qabul qilishga majbur boʻladi. Ahamiyatlilik va ishonchlilik oʻrtasida muvozanatga erishish maqsadida iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda foydalanuvchilarning talablarini qanday qilib yaxshiroq qanoatlantirishni hal etish kerak.
Moliyaviy hisobot elementlari
37. Moliyaviy hisobotlar moliyaviy natijalarni va boshqa xoʻjalik operatsiyalarini moliyaviy hisobotlarning elementlari deb ataluvchi iqtisodiy tavsiflariga muvofiq alohida moddalarga guruhlab aks ettiradi. Aktivlar, xususiy kapital va majburiyatlar buxgalteriya balansida xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy natijalarini aniqlash bilan bevosita bogʻliq boʻlgan elementlar hisoblanadi. Daromadlar va xarajatlar faoliyat natijalari toʻgʻrisidagi hisobotda xoʻjalik yurituvchi subyektning koʻrsatkichlarini aniqlash bilan bevosita bogʻliq boʻlgan elementlar hisoblanadi. Pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisidagi hisobot faoliyat natijalari elementlarini va buxgalteriya balansi elementlaridagi oʻzgarishlarni aks ettiradi.
38. Moliyaviy holatni aniqlash bilan bevosita bogʻliq elementlar boʻlib quyidagilar hisoblanadi: aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, rezervlar, daromadlar va xarajatlar. Ular quyidagi tarzda aniqlanadi:
38.1. Aktivlar — subyekt nazorat qiladigan, kelgusida ulardan daromad olish maqsadida avvalgi faoliyat natijasida olingan iqtisodiy resurslardir.
38.2. Majburiyatlar — shaxsning (qarzdorning) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakat amalga oshirish, masalan, mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, pul toʻlash va boshqalar yoxud muayyan harakatdan tiyilib turish majburiyatidir, kreditor esa qarzdordan oʻz majburiyatlarini bajarishini talab qilishga haqlidir;
38.3. Xususiy kapital — subyektning majburiyatlarni chegirib tashlagandan keyingi aktivlaridir;
38.4. Rezervlar — kelgusida muayyan xarajatlarga yoʻnaltirilishi mumkin boʻlgan xususiy kapitalning bir qismidir;
38.5. Daromadlar — hisobot davrida aktivlarning koʻpayishi yoxud majburiyatlarning kamayishidir;
38.6. Xarajatlar — hisobot davrida aktivlarning kamayishi yoxud majburiyatlarning koʻpayishidir;
38.7. Moliyaviy natijalar — xoʻjalik yurituvchi subyektning foyda yoki zarar shaklida ifodalangan faoliyatining yakuniy iqtisodiy yakunidir.
Aktivlar
39. Aktivlar — xoʻjalik subyektining qiymat bahosiga ega boʻlgan moddiy, jumladan, pul mablagʻlari va debitorlik qarzlari va nomoddiy mulkidir.
Aktivlarda aks ettirilgan kelgusidagi iqtisodiy foyda, xoʻjalik yurituvchi subyektning pul mablagʻlari oqimiga potensial, bevosita va bilvosita qoʻshiladigan ulushdir. Bu ulush xoʻjalik yurituvchi subyekt asosiy faoliyatining bir qismi sifatida yuzaga kelishi mumkin.
40. Xoʻjalik yurituvchi subyektning aktivlari avvalgi bitimlar va boshqa hodisalarning natijasidir. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar odatda aktivlarni xarid qilib yoki ishlab chiqarib ularga ega boʻladilar, biroq, boshqa bitimlar yoki hodisalar aktivlarni koʻpaytirishga imkon beradi. Masalan, xoʻjalik yurituvchi subyekt hukumatdan olgan koʻchmas mulk. Kelgusida kutiladigan bitimlar va boshqa voqealar oʻzidan oʻzi aktivlarning paydo boʻlishiga olib kelmaydi.
41. Xoʻjalik yurituvchi subyekt aktivlaridan mulkni boshqarish, tovar-moddiy zaxiralar ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatilishi uchun foydalanadi.
42. Aktivlarda aks ettirilgan kelgusidagi iqtisodiy naf xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan har xil yoʻllar bilan amalga oshirilishi mumkin. Masalan, aktivdan:
42.1. Tovar-moddiy zaxiralar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishda alohida yoki boshqa aktivlar bilan birgalikda foydalanilishi;
42.2. Boshqa aktivlarga almashtirilishi;
42.3. Majburiyatlarni bajarish uchun foydalanilishi;
42.4. Xoʻjalik yurituvchi subyektning egalari oʻrtasida taqsimlanishi mumkin.
43. Aktivlar binolar, inshootlar va uskunalar singari fizik shaklga ega. Biroq, fizik shakl aktivning mavjud boʻlishi uchun zarur emas. Masalan, patentlar va mualliflik huquqlari aktiv hisoblanadi, agar xoʻjalik yurituvchi subyekt kelgusida ulardan foydalanishdan iqtisodiy naf olishni kutayotgan boʻlsa.
44. Aktivlar, masalan, debitorlik qarzlari va mulk yuridik huquqlar, shu jumladan egalik huquqi bilan bogʻliq. Aktiv mavjudligini aniqlashda, egalik huquqi asosiy hisoblanmaydi. Masalan, ijaraga olinadigan mulk aktiv hisoblanadi, agar xoʻjalik yurituvchi subyekt ana shu mulkdan olinishi kerak boʻlgan foydani nazorat qilsa.
45. Xarajatlarni amalga oshirish bilan aktivlarni hosil qilish oʻrtasida uzviy aloqa mavjud, ammo bu jarayonlar hamma vaqt ham vaqti boʻyicha toʻgʻri kelmaydi. Xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan amalga oshirilgan xarajatlar kelgusi iqtisodiy foyda izlanganidan dalolat beradi, lekin aktivlar olinganini uzil-kesil tasdiqlamaydi. Binobarin, xarajatlarning mavjud emasligi obyektni aktiv deb hisoblash uchun asos boʻlmaydi. Masalan, xoʻjalik yurituvchi subyektga tekinga berilgan obyektlar aktivlarni taʼriflashga mos keladi.
Majburiyatlar
46. Majburiyatning asosiy tavsifi boʻlib xoʻjalik yurituvchi subyekt boshqa yuridik va jismoniy shaxslar oldida joriy masʼuliyatli ekanligi hisoblanadi.
Majburiyatlar ustavning yoki shartnomaning talablari natijasi sifatida kuchga kirishi mumkin. Masalan, olingan tovar-moddiy zaxiralar va xizmatlar uchun toʻlanadigan summalar. Majburiyatlar odatiy tadbirkorlik ishi jarayonida, yaxshi munosabatlarni saqlab turish yoki xolisona tarzda ish koʻrishda ham yuzaga keladi. Masalan, agar xoʻjalik yurituvchi subyekt kafolat muddati tugaganidan soʻng oʻz mahsulotidagi kamchiliklarni tuzatish toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, shu boʻyicha qilingan xarajatlar ham majburiyatlar deb hisoblanadi.
47. Hozirgi majburiyat bilan kelgusi majburiyat oʻrtasida chegara boʻlishi kerak. Xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining kelgusida aktivlarni sotib olish haqida qabul qilgan qarori majburiyat paydo boʻlishiga sabab boʻlmaydi. Majburiyat odatda aktiv olinganda yoki xoʻjalik yurituvchi subyekt aktivni sotib olish toʻgʻrisida bitimga kirishgandagina paydo boʻladi.
48. Tegishli majburiyatni bajarish odatda boshqa tarafning eʼtirozlarini qanoatlantirish uchun iqtisodiy foydani ifodalovchi xoʻjalik yurituvchi subyekt resurslarini oʻziga jalb etadi. Majburiyatlarning bajarilishi har xil usullarda (qonunchilik hujjatlarida koʻzda tutilgan hollardan tashqari) amalga oshiriladi:
(48-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
48.1. Haq toʻlash bilan;
48.2. Boshqa aktivlarni berish bilan;
48.3. Xizmatlarni koʻrsatish bilan;
48.4. Ushbu majburiyatni boshqasi bilan almashtirish orqali;
48.5. Majburiyatlarni aksiyalarga almashtirish orqali.
Majburiyat, kreditor oʻz huquqlaridan bosh tortgan hollarda yoki kreditor ana shu huquqlaridan mahrum boʻlganida, bajarilgan deb hisoblanishi mumkin.
49. Majburiyatlar avvalgi bitimlar yoki oʻtgan hodisalarning natijasi hisoblanadi. Masalan, tovar-moddiy zaxiralarni xarid qilish va xizmatlarni olish bilan toʻlanishi kerak boʻlgan (agar ular ilgari yoki yetkazib berilganda toʻlanmagan boʻlsa) schyotlar ham olinadi.
Xususiy kapital
50. Xususiy kapital ustav, qoʻshilgan, rezerv kapitalidan va taqsimlanmagan foydadan iborat boʻladi.
Zarur hollarda ustav, qoʻshilgan, rezerv kapitali analitik kesimda hisobga olinishi mumkin.
51. Buxgalteriya balansidagi xususiy kapitalning miqdori aktivlar va majburiyatlar qiymatini baholashga bogʻliqdir.
Rezervlar
52. Xoʻjalik yurituvchi subyektni va kreditorlarni zararlarning oqibatlaridan qoʻshimcha himoya qilishni taʼminlash uchun rezevlarni tashkil etish zarur. Rezervlarni shakllanishi va miqdori haqidagi axborot qarorlar qabul qilishda foydalanuvchilar uchun ahamiyatli hisoblanadi. Rezervlarni tashkil etish qonunchilik hujjatlarida yoki xoʻjalik yurituvchi subyektning ustavida (soliq qonunchilik hujjatlarini buzmagan holda) nazarda tutiladi.
(52-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Daromadlar
53. Yalpi daromad xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy va asosiy boʻlmagan faoliyatidan olingan daromadlarini oʻz ichiga oladi. Asosiy faoliyatdan daromad mahsulot, ishlar, xizmatlar, tovar-moddiy zaxiralar, boshqa aktivlarni realizatsiyasidan, shuningdek mukofotlar, foizlar va dividendlar, gonorarlar va xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy faoliyatiga kelib chiqib renta koʻrinishida olinishi mumkin.
54. Xoʻjalik yurituvchi subyekt asosiy boʻlmagan faoliyat natijasida oladigan daromadlar daromadni aniqlashga mos keladigan moddalarni oʻz ichiga oladi va konseptual asosning alohida tarkibiy elementi deb hisoblanmaydi.
55. Asosiy boʻlmagan faoliyat natijasida yuzaga keladigan daromadlarga misol boʻlib birjada aylanadigan qimmatli qogʻozlarni qayta baholash va boshqalar xizmat qilishi mumkin. Bunday daromadlar, agar moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda tan olinsa, alohida koʻrsatiladi, chunki iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda ular haqidagi axborot foydali boʻlishi mumkin.
56. Soliqqa tortiladigan daromad (zarar) — soliq qonunchiligiga muvofiq aniqlanadigan hisobot davridagi daromad (zarar) summasidir.
(56-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Xarajatlar
57. Xarajatlar atamasi mulkni boshqarish, ishlab chiqarish, mahsulotlarni sotish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va zararlar bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz ichiga oladi. Ular odatda pul mablagʻlari, moddiy zaxiralar, inshootlar, uskunalar va boshqalar singari aktivlarning chiqishi yoki ulardan foydalanilishi shaklida boʻladi.
58. Zararlar iqtisodiy foydaning kamayganligini bildiradi va oʻz tabiatiga koʻra boshqa xarajatlardan farq qilmaydi va konseptual asosning alohida elementi sifatida qaralmaydi.
59. Zararlar boshqa aktivlarni sotishda yoki tabiiy ofatlar natijasida yuzaga kelishi mumkin. Bunday zararlar moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda koʻrsatiladigan boʻlsa, ular haqidagi axborot iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda foydali boʻlishi mumkin va shuning uchun ham ular alohida koʻrsatiladi.
Moliyaviy natijalar
60. Daromadlar va xarajatlar moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan axborotni taqdim etish maqsadida faoliyat turlarini chegaralash yoʻli bilan koʻrsatilishi mumkin. Masalan, xoʻjalik yurituvchi subyektning odatdagi faoliyati davomida va faoliyat jarayonidagi favqulodda holatlarda yuzaga keladigan daromadlar va xarajatlarning moddalari oʻrtasidagi chegara umumiy qabul qilingan amaliyot hisoblanadi. Bunday chegaralash xoʻjalik yurituvchi subyektning kelgusida pul mablagʻlarini koʻpaytirish qobiliyatiga baho berishda ahamiyatli boʻlgan moddalarning manbalari asosida oʻtkaziladi. Moddalarni chegaralashda xoʻjalik yurituvchi subyektning tabiati va uning faoliyati bilan hisoblashish kerak. Bitta xoʻjalik yurituvchi subyektning odatdagi faoliyati natijasida paydo boʻladigan moddalar boshqa subyektga nisbatan favqulodda boʻladigan moddalar boʻlishi mumkin.
61. Daromadlar va xarajatlarning moddalari oʻrtasidagi chegara hamda ularning har xil kombinatsiyalari ham xoʻjalik yurituvchi subyektning ishlari natijalarini koʻrsatish imkoniyatini beradi. Bunday boʻlimlar har xil moddalarni oʻz ichiga oladi. Masalan, moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot soliqqa tortilgungacha va undan keyingi moliyaviy-xoʻjalik faoliyatidan daromadni koʻrsatadi.
62. Xususiy kapitalga egalarining ulushlari daromad hisoblanmaydi; xususiy kapitalning egalari oʻrtasida taqsimlanishi xarajat hisoblanmaydi.
Daromadlar va xarajatlarni taʼrifi ularning asosiy farq qiluvchi jihatlarini yoritib beradi, lekin ularni moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda tan olishdan oldin javob berishi lozim boʻlgan mezonlarni aniqlashtirmaydi.
Moliyaviy hisobotlarning elementlarini aks ettirish
63. Aks ettirish — buxgalteriya balansi yoki moliyaviy natijalari toʻgʻrisidagi hisobotga elementlar taʼrifiga javob beruvchi va ularda aks ettirilishi lozim boʻlgan moddalarning kiritish jarayonidir.
Aks ettirish jarayoni moddaning bayonini ham, uning puldagi ifodasini ham, shuningdek u ushbu moddaning buxgalteriya balansiga yoki moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotga kiritilishini oʻz ichiga oladi.
64. Moddaning mezonga muvofiqligini aniqlash uchun va aks ettirish uchun uni tasniflashda ahamiyatlilik va qiyosiylik prinsiplariga eʼtiborni qaratish kerak.
Elementlar oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik taʼrif va mezonlarga javob beradigan modda alohida jihatni aks ettirishini anglatadi. Masalan, aktivning aks ettirilishi oʻz-oʻzidan daromad yoki majburiyatning boshqa elementini aks ettirishni talab qiladi.
Aktivni aks ettirish
65. Ushbu aktivdan foydalanish natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektga kelgusi iqtisodiy foyda tushish ehtimoli mavjud boʻlganida ushbu aktiv buxgalteriya balansida aks ettiriladi va aktiv aniq ifodalanadigan chiqimlar yoki qiymatni oʻz ichiga oladi.
Majburiyatlarni aks ettirish
66. Majburiyatlar oʻzida iqtisodiy foydani ifodalovchi resurslar chiqimi ehtimoli mavjud boʻlganida buxgalteriya balansida tan olinadi, shuningdek ular majburiyatlarni qabul qilish natijasi hisoblanadi.
Daromadni aks ettirish
67. Aktivlarning koʻpayishi va majburiyatlarning kamayishi bilan bogʻliq kelgusi iqtisodiy foydaning oʻlchangan koʻpayishi paydo boʻlganda, daromad moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettiriladi. Bu esa daromadni aks ettirish aktivlarning koʻpayishi va majburiyatlarning kamayishini aks ettirish bilan bir vaqtda yuzaga kelishini anglatadi (masalan, tovarlar va xizmatlarni sotishda yuzaga keladigan aktivlardagi sof koʻpayish yoki kreditor qarzdan voz kechishi natijasida majburiyatlarning kamayishi).
Xarajatlarni aks ettirish
68. Xarajat aktivlarning kamayishi va majburiyatlarning koʻpayishi bilan bogʻliq kelgusi iqtisodiy fondining oʻlchangan kamayishi paydo boʻlganda moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettiriladi va bu ishonchli tarzda aniqlanishi mumkin. Bu esa xarajatlarni aks ettirish majburiyatlardagi koʻpayish yoki aktivlarning kamayishini aks ettirish bilan bir vaqtda yuzaga kelishini anglatadi.
Moliyaviy hisobotlardagi elementlarni baholash
69. Baholash — aktivlar va majburiyatlar tan olinadigan va moliyaviy hisobotlarda qayd etiladigan pul oʻlchovining usulidir.
70. Moliyaviy hisobotlarda baholashning quyidagi usullaridan foydalaniladi:
70.1. Boshlangʻich qiymat. Aktivlar xarid qilish vaqtida erishilgan tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra belgilangan joriy qiymati boʻyicha aks ettiriladi. Majburiyatlar majburiyatni bajargunga qadar toʻlanadigan pul mablagʻlari summasi boʻyicha majburiyatlarga almashib olingan mablagʻlar summasida aks ettiriladi.
70.2. Joriy qiymat. Aktivlar ana shu yoki shunga oʻxshash aktiv endigina xarid qilingan boʻlgandagi holatda toʻlanishi kerak boʻlgan pul mablagʻlari summasi boʻyicha hisobotda aks ettiriladi. Majburiyatlar majburiyatni toʻlash uchun talab etiladigan pul mablagʻlarining diskontlanmagan summasida aks ettiriladi.
70.3. Sotish qiymati. Aktivlar sotishdan olinishi mumkin boʻlgan pul mablagʻlari summasi boʻyicha aks ettiriladi. Majburiyatlar ularni toʻlash qiymati boʻyicha aks ettiriladi, bunday qiymat esa majburiyatlarni toʻlash uchun talab etiladigan pul mablagʻlarining diskontlanmagan summasidir.
70.4. Diskontlangan qiymat. Aktivlar xoʻjalik yurituvchi subyektning normal faoliyati davomida aktivlarni koʻpaytirishi lozim boʻlgan kelgusi pul mablagʻlari tushumining diskontlangan qiymati boʻlgan joriy qiymat boʻyicha aks ettiriladi.
Majburiyatlar kelgusida oʻtkaziladigan pul mablagʻlarining diskontlangan qiymatidan iborat boʻlgan, xoʻjalik yurituvchi subyektning oddiy faoliyati davomida majburiyatlarni toʻlash uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan joriy qiymat boʻyicha aks ettiriladi.
70.5. Balans qiymati — hisobot sanasida buxgalteriya balansida aktivlar va majburiyatlarni aks ettirish qiymatidir.
71. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda boshlangʻich qiymatni baholash uchun asos qilib oladilar. Undan odatda baholashning boshqa asosiy tushunchalari bilan birgalikda foydalaniladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2016-yil 5-sentabrdagi 65-son (roʻyxat raqami 475-1, 2016-yil 9-sentabr) buyrugʻi bilan kiritilgan oʻzgartirishlar bilan. Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son)