|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.03.2001
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON KIMYo SANOATI KORXONALARI (“OʻZKIMYoSANOAT”) UYuShMASINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-martdagi 124-sonli “Kimyo sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 21-yanvardagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Birlashmalar, korxonalar, tashkilotlarning:
Oʻzbekiston kimyo sanoati davlat konsernini tugatish toʻgʻrisidagi;
1-ilovaga muvofiq birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston kimyo sanoati korxonalari (“Oʻzkimyosanoat”) uyushmasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi;
“Oʻzkimyosanoat” uyushmasi tomonidan “Oʻzdavkimyo” konserni qabul qilgan majburiyatlar, tuzgan shartnomalar, bitimlar va unga tegishli mol-mulklar boʻyicha huquqiy vorislik funksiyalarining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparatining 2-ilovaga muvofiq tuzilmasi va xodimlari soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 58 nafar, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan uyushma raisi hamda uning 2 nafar oʻrinbosari boʻlishiga rozilik berilsin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, ijro etuvchi apparatni mablagʻ bilan taʼminlash uyushma qatnashchilari — birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning ajratmalari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzkimyosanoat” uyushmasining asosiy vazifalari quyidagilar hiso6lanadi;
uyushma taʼsischilarini huquqiy himoya qilish hamda davlat va mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarida ularning qonuniy manfaatlarini ifodalash;
bozor konyunkturasi va mahsulot marketingidan kelib chiqqan holda ishlab chiqarishni rivojlantirish strategiyasini belgilash, uyushma aʼzolarining — mulkchilikning barcha shakllaridagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini oʻzaro muvofiqlashtirish, ularning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini mustahkamlash;
uyushma doirasida raqobatbardoshli mahsulotlarni yaratish va ishlab chiqarishni taʼminlaydigan yagona ilmiy-texnika va investitsiya siyosatini oʻtkazish, mavjud asosiy fondlardan samarali foydalanish.
4. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga uyushma tarkibiga kiruvchi davlat korxonalarini, ularni koʻproq ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishni nazarda tutgan holda, 1994-1995-yillarda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “Oʻzkimyosanoat” uyushmasiga uyushma aʼzolari — davlat birlashmalari, korxonalari, tashkilotlarini, davlat tasarrufidan chiqarilgandan keyin esa — davlat korxonalari negizida tashkil etilgan, uyushma tarkibiga kiruvchi aksionerlik jamiyatlarini, shirkatlarni davlatga tegishli aksiyalar (ulushlar, paylar)ga muvofiq boshqarish huquqini bersin.
(4-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 17-dekabr 525-sonli qarori tahririda)
5. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi ikki hafta muddatda Ustav ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda uni qabul qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi tugatilayotgan konsernda oʻrnatilgan barcha telefonlarni va aloqa turlarini “Oʻzkimyosanoat” uyushmasida saqlab qolsin.
7. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi Toshkent shahar, Lohutiy koʻchasi, 42-uyda joylashgan.
8. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston kimyo sanoati davlat konsernini tashkil etish toʻgʻrisida” 1990-yil 29-oktabrdagi 349-son, “Oʻzbekiston kimyo sanoati davlat konsernining Ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1990-yil 17-dekabrdagi 381-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari A.N. Voznenko zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 19-mart,
149-son
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 19-martdagi 149-son qaroriga
1-ILOVA
1994-yil 19-martdagi 149-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston kimyo sanoati korxonalari “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi ishlab chiqarish birlashmalari, tashkilotlar va muassasalar
ROʻYXATI
1. “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasi, Navoiy shahri.
2. “Oʻzbekrezinotexnika” ishlab chiqarish birlashmasi, Chirchiq shahri, Toshkent viloyati.
3. “Elektrkimyosanoat” ishlab chiqarish birlashmasi, Chirchiq shahri, Toshkent viloyati.
4. “Azot” ishlab chiqarish birlashmasi, Fargʻona shahri.
5. Fargʻona kimyoviy tola zavodi.
6. Toshkent lak-boʻyoq zavodi.
7. “Oʻzmaishiykimyo” ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent shahri.
8. Toshkent rezina texnika buyumlari zavodi.
9. Olmaliq maishiy kimyo zavodi, Toshkent viloyati.
10. Jizzax plastmassa zavodi.
11. Namangan kimyo zavodi.
12. “Ammofos” ishlab chiqarish birlashmasi, Olmaliq shahri.
13. Samarqand kimyo zavodi.
14. Qoʻqon superfosfat zavodi.
15. “Rustam” ishlab chiqarish birlashmasi, Qoʻqon shahri.
16. “Elektrkimyozavod” aksionerlik jamiyati, Navoiy shahri.
17. “Lola” attorlik-pardoz mollari firmasi, Toshkent shahri.
18. Andijon gidroliz zavodi.
19. Fargʻona furan birikmalari kimyo zavodi.
20. Yangiyoʻl biokimyo zavodi, Toshkent viloyati.
21. “Oʻrtaosiyoqurilishmontaj” tresti, Toshkent shahri.
22. “Oʻzkimyotuzatishqurilishmontaj” tresti, Toshkent shahri.
23. “Kimyoavtomatika” Oʻzbekiston ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Chirchiq shahri.
24. Oʻzbekiston kimyo sanoati ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti, Chirchiq shahri.
25. Polimer materiallar ilmiy-tadqiqot instituti, Fargʻona shahri.
26. Kimyo sanoati xodimlari malakasini oshirish instituti, Chirchiq shahri.
27. Kimyoviy reaktivlar respublika idorasi, Toshkent shahri.
28. “Sharq taronasi” ishlab chiqarish-xoʻjalik birlashmasi, Toshkent shahri.
29. Tez harakat qiluvchi maxsus harbiylashtirilgan otryad, Chirchiq shahri.
30. Qizilqum fosforit kombinati qurilishi boʻyicha direksiya, Zarafshon shahri, Navoiy viloyati.
31. “Laktam” aksionerlik jamiyati, Chirchiq shahri.
Izoh: Taʼsischilari uyushma aʼzolari — birlashmalar, korxonalar boʻlgan ilmiy-ishlab chiqarish va ishlab chiqarish birlashmalariga, qoʻshma (shu jumladan xorijiy sarmoyani jalb etuvchi) korxonalarga kiruvchi korxonalar ham uyushma aʼzolari hisoblanadilar
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 19-martdagi 149-son qaroriga
2-ILOVA
1994-yil 19-martdagi 149-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston kimyo sanoati korxonalari (Oʻzkimyosanoat) uyushmasi ijro etuvchi
apparatining TUZILMASI
Rahbariyat
Marketing, birja faoliyati, kooperatsiyalash va moddiy-texnika resurslari boshqarmasi
Ishlab chiqarishni rivojlantirish strategiyasi va ilmiy-texnika siyosati boshqarmasi
Investitsiyalar va texnik qayta jihozlash boʻlimi
Moliya, hisob va hisobot boʻlimi
Ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish boʻlimi, dispetcherlik xizmati bilan
Energiya va resurslar bilan taʼminlash boʻlimi
Axborot va hisoblash texnikasi boʻlimi
Tashqi iqtisodiy aloqalar boʻlimi
Xalq isteʼmol mollari ishlar chiqarishni rivojlantirish boʻlimi
Ishlar boshqarmasi
Birinchi boʻlim