|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.07.2024
|
“TASDIQLANGAN”
O‘zbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi
Vazirning o‘rinbosari
E.F. GADOYEV
1998-yil 3-dekabr 64-son
ILMIY-TADQIQOT VA TAJRIBA-KONSTRUKTORLIK ISHLAB CHIQISHLARGA XARAJATLAR
o‘zbekiston respublikasi buxgalteriya hisobi milliy standarti
11- son bhms
11- son bhms
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 28-dekabrda 581-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur standart O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 137-sonli “O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi milliy standarti (11-sonli BHMS) “Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bo‘yicha xarajatlar”ni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3535, 25.07.2024-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
UMUMIY QOIDALAR
1. Buxgalteriya hisobining ushbu milliy standarti (BHMS) “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini me’yoriy tartibga solish tizimining bir qismi hisoblanadi.
MAQSAD
2. Ushbu standartning maqsadi ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga xarajatlarni buxgalteriyada hisobga olish usulini belgilashdan iborat. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlariga xarajatlarni hisobga olishning asosiy masalasi bunday xarajatlarni aktiv yoki xarajat sifatida tan olishdan iborat. Ularni aktiv yoki xarajat deb tan olishning mezonlari moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish Konseptaul asoslarida belgilab qo‘yilgan.
AMAL QILISH DOIRASI
3. Ushbu standart ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlari xarajatlarini hisobga olish chog‘ida qo‘llaniladi.
4. Ushbu standart qazib olish tarmoqlarida neft, gaz, mineral konlarni qidirish va ularni ishlab chiqish xarajatlariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Biroq u mazkur tarmoqlardagi boshqa tekshirishlar va ishlanmalarga nisbatan qo‘llaniladi.
5. Xo‘jalik yurituvchi subyekt kontraktga muvofiq boshqa xo‘jalik yurituvchi subyekt uchun tekshirishlar o‘tkazishi va ishlanmalar bilan shug‘ullanishi mumkin. Kontrakt shartlariga ko‘ra tekshirishlar va ishlanmalar bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlar va foydalar boshqa subyektga o‘tkazilsa yoki o‘tkaziladigan bo‘lsa, bu faoliyatni amalga oshiradigan xo‘jalik yurituvchi subyekt “Tovar-moddiy zaxiralar” BHMS yoki “Kapital qurilishga pudrat shartnomalari” BHMSga muvofiq xarajatlarni hisobga olib boradi. Bu faoliyat bilan bog‘liq xatarlarni zimmasiga oladigan va keladigan daromadlarni oladigan xo‘jalik yurituvchi subyekt ushbu xarajatlarni ushbu standartga muvofiq hisobga oladi.
6. Agar xo‘jalik yurituvchi boshqa subyekt bilan tuzilgan kontrakt shartlari bo‘yicha ilmiy tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlari bilan bog‘liq xarajatlar va daromadlar boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektga o‘tkazilmasa yoki keyinchalik ham o‘tkazilmasa, u holda ilmiy tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyekt o‘z xarajatlarini ushbu standartga muvofiq. hisobga olib boradi.
TUSHUNCHALAR
7. Bu standartda foydalanilgan atamalar:
Ilmiy-tekshirish ishlari — yangi ilmiy yoki texnik bilimlar va g‘oyalarni olish maqsadida o‘tkaziladigan yangi va rejali izlanishlar.
Tajriba-konstruktorlik ishlari — yangi yoki jiddiy tarzda yaxshilangan materiallar, mexanizmlar, mahsulotlar, texnologiyalar, tizimlar yoki xizmatlarni rejalashtirish yoxud loyihalashtirish uchun, ularni tijorat maqsadlarida ishlab chiqarishdan yoki foydalanishdan oldin, ilmiy-tekshirish ishlari natijalarini yoki boshqa bilimlarni qo‘llash.
8. Ilmiy-tekshirish faoliyatiga quyidagilar kiradi:
8.1. Yangi bilimlar olishga qaratilgan faoliyat;
8.2. Ilmiy-tekshirishlar natijalarini yoki boshqa bilimlarni qo‘llanish yo‘llarini izlash;
8.3. Muqobil texnologiyalar yoki mahsulotlarni izlash;
8.4. Yangi yoki ancha yaxshilangan mahsulot yoki muqobil texnologiyani ishlab chiqish;
8.5. Va boshqalar.
9. Tajriba-konstruktorlik faoliyatiga quyidagilar kiradi:
9.1. Muqobil texnologiyalar yoki mahsulotlarni baholash;
9.2. Tajriba namunalari va modellarini loyihalashtirish, ularni yasash va sinab ko‘rish;
9.3. Yangi texnologiyalarni qo‘llanib, asboblar, qisqich moslamalari, quyilma qoliplar va matritsalarni ishlab chiqish;
9.4. Miqyoslari bo‘yicha tijorat ishlab chiqarishi maqsadlarga mo‘ljallanmagan eksperimental qurilmalarni loyihalashtirish, yasash va sinab ko‘rish;
9.5. Va boshqalar.
10. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik faoliyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan, lekin ular qatoriga qo‘shilmaydigan faoliyat turlari:
10.1. Ishlab chiqarishning dastlabki bosqichida muhandislik jihatidan madad berish;
10.2. Ishlab chiqarish jarayonida sifatni nazorat qilish, jumladan mahsulotni har kuni sinab ko‘rish;
10.3. Ishlab chiqarish jarayonida vujudga keladigan nosozliklarni bartaraf etish;
10.4. Mavjud mahsulotni yangilashga, kengaytirishga yoki boshqa yo‘l bilan sifatini yaxshilashga qaratilgan kundalik sa’y-harakatlar;
10.5. Va boshqalar.
ILMIY-TEKSHIRISH VA TAJRIBA-KONSTRUKTORLIK ISHLAB CHIQISHLAR XARAJATLARI TARKIBI
11. Ilmiy tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlari xarajatlariga ilmiy tekshirish va tajriba-konstruktorlik faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yoki asosli ravishda faoliyatning bu turlariga kiritilishi mumkin bo‘lgan barcha xarajatlar kiritiladi.
12. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlariga quyidagi xarajatlar kiritiladi:
12.1. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlari bilan band bo‘lgan xodimlarga ish haqi to‘lash va boshqa to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar;
12.2. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlari chog‘ida foydalaniladigan materiallar va xizmatlar qiymati;
12.3. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlarida mazkur aktivlardan foydalanish chog‘ida asosiy vositalarning eskirishi;
12.4. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar;
12.5. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlarida mazkur aktivlardan foydalanish darajasiga qarab, ayni shu darajadagi patentlar va litsenziyalar amortizatsiyasi va boshqa shu singari xarajatlar.
13. Realizatsiya xarajatlari ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlari xarajatlariga kiritilmaydi.
ILMIY-TEKSHIRISH VA TAJRIBA-KONSTRUKTORLIK ISHLAB CHIQISHLAR XARAJATLARINING TAN OLINISHI
14. Ilmiy-tekshirish ishlab chiqishlar xarajatlari shu xarajatlar qilingan hisobot davridagi xarajat sifatida tan olinadi va keyingi davrda aktiv deb tan olinmasligi lozim.
15. Tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlarga xarajatlar, agar ular 16-paragrafda ko‘rsatilgan aktivni tan olish mezonlarini qanoatlantirmasa, shu xarajatlar qilingan hisobot davridagi xarajatlar sifatida tan olinadi.
Dastlab xarajat sifatida tan olingan tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlar xarajatlarini keyingi hisobot davrlarida aktivlar sifatida tan olmaslik kerak.
16. Tajriba-konstruktorlik ishlanmalari xarajatlari quyidagi mezonlarga javob bergan taqdirdagina aktiv sifatida tan olinadi:
16.1. Mahsulot yoki jarayon aniq belgilangan, mahsulot yoki jarayonga tegishli xarajatlar alohida aniqlanishi va ishonchli tarzda o‘lchanishi mumkin;
16.2. Mahsulot yoki jarayonni texnikaviy jihatdan amalga oshirish mumkinligini namoyish qilish mumkin bo‘lganda;
16.3. Xo‘jalik yurituvchi subyekt mahsulot yoki texnologiyani ishlab chiqarish, sotish yoki undan foydalanishni mo‘ljallaganda;
16.4. Mahsulot yoki texnologiya uchun bozorning mavjudligi yoki uni sotish o‘rniga subyekt o‘zi uchun foydalanilgan taqdirda uning subyektga foyda keltirishi namoyish qilinishi mumkin bo‘lganda;
16.5. Loyihani nihoyasiga yetkazish va bozorga chiqarish yoki mahsulotni, texnologiyani qo‘llanish uchun yetarli resurslarning yoki ularni namoyish qilish imkoniyatining mavjudligi.
17. Aktiv deb tan olingan tajriba-konstruktorlik ishlarining xarajatlari quyidagilar chiqarib tashlangandan so‘ng tegishli bo‘lajak daromadlar hisobidan qoplanadigan summadan oshmasligi lozim:
— tajriba-konstruktorlik ishlariga keyin qilinadigan xarajatlar;
— tegishli ishlab chiqarish xarajatlari;
— ma’muriy xarajatlar va mahsulotni sotish chog‘ida bevosita qilingan xarajatlar.
18. Loyihaning tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlar xarajatlari aktiv deb hisoblash talablariga javob berganligi tufayli bu xarajatlar xo‘jalik yurituvchi subyekt ana shu xarajatlar natijasida kelgusida iqtisodiy naf olishini aniqlash uchun yetarli bo‘lmagani sababli aktiv deb tan olish mezonlariga mos kelmasligi mumkin. Bunday hollarda tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlar xarajatlari shu xarajatlar amalga oshirilgan davrdagi xarajatlar deb e’tirof etiladi va keyingi davrda aktiv deb tan olinmaydi.
TAJRIBA-KONSTRUKTORLIK ISHLARI XARAJATLARI AMORTIZATSIYASI
19. Aktiv deb tan olingan tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlari summasi amortizatsiya qilinishi va muntazamlilik asosida xarajat deb tan olinishi kerak. Bunday hollarda subyekt quyidagilarga asoslanadi:
19.1. Mahsulot yoki texnologiyani sotish yoki undan foydalanishdan keladigan daromadlar yoki boshqa manfaatlarga;
19.2. Mahsulot yoki texnologiyani sotish yoxud undan foydalanish ko‘zda tutilgan davrga.
Amortizatsiya mahsulot yoki texnologiya sotishga yoki foydalanishga tayyor bo‘lgan paytdan boshlanadi.
20. Aktiv deb tan olingan tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlarining amortizatsiya qilinadigan summasini quyidagi muddatlarning eng qisqa davrida muntazam asosda taqsimlash lozim bo‘ladi:
20.1. Aktivning xizmat muddati;
20.2. U dastlab tan olingan vaqtdan boshlab besh yil davomida.
21. Ayrim holatlarda tajriba-konstruktorlik ishlariga qilingan xarajatlar natijasida olingan iqtisodiy naf xo‘jalik yurituvchi subyekt boshqa aktivlarni ishlab chiqarishi chog‘ida sarflanib ketadi va xarajat sifatida tan olinmaydi. Bunday holatda mazkur xarajatlar amortizatsiyasi boshqa aktiv qiymatining bir qismini tashkil etadi va balans qiymatiga kiritiladi. Masalan, ilgari aktiv deb hisoblangan tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlari ishlab chiqarish tovar-moddiy zaxiralari qiymatiga kiritilishi mumkin (“Tovar-moddiy zaxiralar” 4-son BHMS). Boshqa aktivlarning balans qiymatiga kiritilgan tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlari shu tariqa ana shu aktivlarning boshqa xarajatlari qilingan paytdagi xarajatlar deb tan olinadi.
TAJRIBA-KONSTRUKTORLIK ISHLARI XARAJATLARINING KAMAYTIRILISHI
22. Loyiha bo‘yicha tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlari summasini tajriba-konstruktorlik ishlariga keyin bo‘ladigan xarajatlarni, tegishli ishlab chiqarish xarajatlarini, ma’muriy xarajatlarni va mahsulot yoki texnologiyani bevosita realizatsiya qilish chog‘ida qilingan, lekin kelajakdagi daromadlar hisobidan qoplanmaydigan xarajatlarni hisobga olib, amortizatsiya qilinmagan qoldiq summasigacha kamaytirish lozim bo‘ladi.
Tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga amortizatsiya qilinmagan xarajatlar qoldig‘i, agar bu xarajatlar ularni 16-bandda keltirilgan aktiv deb hisoblash mezonlariga javob bermasa, hisobdan chiqarib tashlanishi lozim. To‘la yoki qisman hisobdan chiqarib tashlangan summasini mazkur qisman yoki to‘la hisobdan chiqarib tashlash amalga oshirilgan davrdagi xarajat deb tan olish lozim bo‘ladi.
23. 22-paragrafga muvofiq qisman yoki to‘la hisobdan chiqarib tashlangan tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlarini, to‘la yoki qisman hisobdan chiqarib tashlashga olib kelgan voqea yoki vaziyat tugagandan so‘ng va yangi voqea hamda vaziyat kelajakda mavjud bo‘lishiga ishonchli dalil mavjud bo‘lgan hollarda qaytadan tiklash lozim. Qayta tiklangan summani, 17-paragrafga muvofiq to‘la yoki qisman hisobdan chiqarib tashlanmagan bo‘lsa, amortizatsiya sifatida tan olinishi mumkin bo‘lgan summaga kamaytirish kerak. Qayta tiklangan summani shu davr xarajati sifatida tan olingan tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlarining kamaytirilgan summasi sifatida e’tirof etish lozim.
YORITIB BERISH
24. Moliyaviy hisobotlar quyidagilarni yoritib berishi kerak:
24.1. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlarini amalga oshirish xarajatlari uchun qabul qilingan hisob siyosatini;
24.2. Ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga hisobot davridagi xarajat sifatida tan olingan xarajatlar summasini;
24.3. Foydalanilgan amortizatsiya usullarini;
24.4. Qabul qilingan foydali xizmat muddati yoki amortizatsiya me’yorlarini;
24.5. Hisobot davrining boshida va oxirida tajriba-konstruktorlik ishlariga amortizatsiya qilinmagan xarajatlar qoldig‘ini, bunda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
24.5.1. 16-bandga muvofiq. aktiv deb tan olingan tajriba-konstruktorlik ishlariga qilingan xarajatlar;
24.5.2. 19 va 22-bandlarga muvofiq xarajat deb tan olingan tajriba-konstruktorlik ishlariga qilingan xarajatlar;
24.5.3. Boshqa aktivlar hisobiga o‘tkazilgan tajriba-konstruktorlik ishlariga qilingan xarajatlar;
24.5.4. 23-bandga muvofiq ravishda qayta tiklangan tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlari.
O‘TKAZISH QOIDALARI
25. Ushbu standartning qabul qilinishi hisob siyosatida o‘zgarish bo‘lishiga olib keladigan holatlarda xo‘jalik yurituvchi subyekt o‘z moliyaviy hisobotini “Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot” deb atalgan 3-son BXMSga muvofiq ravishda tuzatishi lozim. Shu bilan bir vaqtda xo‘jalik yurituvchi subyekt tajriba-konstruktorlik ishlariga ushbu standart kuchga kirgan vaqtdan keyin qilingan xarajatlarnigina va 16-bandda sanab o‘tilgan mezonlarga javob bergan taqdirda aktiv sifatida aks ettirishi lozim.