Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 24.07.2024

“TASDIQLANGAN”

Oʻzbekiston Respublikasi

Moliya vazirligi

Vazirning oʻrinbosari

E.F. GADOYEV

1998-yil 2-noyabr 58-son

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBIning MILLIY STANDARTI 17-SON BHMS
KAPITAL QURILISHGA OID PUDRAT SHARTNOMALARI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 23-dekabrda 579-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 140-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (17-sonli BHMS) “Kapital qurilishning pudrat shartnomalari”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3533, 23.07.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Buxgalteriya hisobi milliy standarti (BHMS) Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini meʼyoriy tartibga solish tizimining bir qismi hisoblanadi.
STANDARTNING MAQSADI
2. Ushbu standartning maqsadi qurilish pudrati shartnomalari bilan bogʻliq boʻlgan daromadlar va xarajatlarning buxgalteriya hisobi uslubiyatini belgilashdan iborat. Pudrat shartnomasi boʻyicha daromadlar va xarajatlarning taqsimlanishi pudrat shartnomalarini hisobga olishdagi asosiy masalasidir, chunki pudratni bajarishning boshlangʻich va oxirgi muddatlari odatda har xil hisobot davrlariga toʻgʻri keladi. Pudrat shartnomasi boʻyicha daromadlar va xarajatlar moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda daromadlar va xarajatlar sifatida aks ettirilishi lozim boʻladigan paytni belgilash uchun ushbu standart moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish qoidalarida (BHMS “Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish uchun konseptual asos” BHMSi) belgilangan mezonlaridan foydalanadi.
HARAKAT DOIRASI
3. Ushbu standart kapital qurilish uchun pudrat shartnomalari boʻyicha natijalarni tayyorlash va moliyaviy hisobotga kiritish maqsadida pudratchilar tomonidan qoʻllaniladi.
Mazkur standart oʻz ehtiyojlari uchun kapital qurilishni amalga oshirayotgan (xoʻjalik hisobi usuli) subyektlar — quruvchilarga taalluqli emas, chunki ular bunday faoliyatdan daromad olmaydilar, ular qilgan xarajatlarning hammasi esa kapitallashtiriladi.
TUSHUNCHALAR
4. Ushbu standartda foydalaniladigan tushunchalar:
Kapital qurilish uchun pudrat shartnomasi (keyingi oʻrinlarda “Qurilish pudrati shartnomasi”) — ushbu shartnomaga asoslanib pudratchi, buyurtmachining topshirigʻiga koʻra qurilish ishlarini bajarish majburiyatini tavakkal qilib zimmasiga oladigan, buyurtmachi esa bajarilgan ishni qabul qilib oladigan va haqini toʻlaydigan shartnomadir. Qurilish pudrati shartnomasi bir-biri bilan mustahkam bogʻlangan yoki ularni loyihalash va ulardan foydalanish shartlari boʻyicha oʻzaro bogʻliq boʻlgan bitta obyektni yoki obyektlar guruhini qurish maqsadida tuzilishi mumkin. Bundan tashqari, qurilish pudrati shartnomalariga obyektlarni qurish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xizmatlarni koʻrsatish ishlari kiritilishi mumkin (yaʼni qurilayotgan obyektlar rahbariyatining va meʼmorlarning xizmatlari va h.k.).
Belgilangan narxdagi qurilish pudrati shartnomasi — ushbu shartnomaga koʻra taraflar qurilish ishlarining belgilangan narxiga (qiymatiga) yoki oʻzgaruvchan narx haqida qayd etgan holda bajarilgan ishlar birligining belgilangan stavkasiga rozilik bildiradigan shartnomadir.
Kelishilgan narx boʻyicha qurilish pudrati shartnomasi — ushbu shartnomaga koʻra qurilish ishlarini bajarish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan buyurtmachi yoʻl qoʻyadigan miqdordagi haqiqiy xarajatlar, shu jumladan shartnomada qayd etilgan mukofot puli bilan birga pudratchiga toʻlanadi.
OBYEKTLAR BOʻYICHA SHARTNOMALAR VA QURILISH PUDRATI SHARTNOMALARI GURUHLARI
5. Ushbu standart talablari har bir qurilish pudrati shartnomasiga nisbatan alohida qoʻllaniladi. Muayyan vaziyatlarda standartni pudrat shartnomasining yoki shartnomalar guruhining mohiyatini aks ettirish maqsadida bitta pudrat shartnomasining ayrim qismlariga nisbatan yoki pudrat shartnomasining butun bir guruhiga nisbatan qoʻllanish zarur.
6. Agar bir necha obyektga bitta pudrat shartnomasi tuzilayotgan boʻlsa, u holda har bir obyektning qurilishini alohida qurilish pudrat shartnomasi deb hisoblash kerak, agar quyidagi shartlar bajarilgan boʻlsa:
— har bir obyekt boʻyicha qurilish ishlarining shartnomaviy qiymatiga doir alohida taklif mavjud boʻlsa;
— har bir obyekt boʻyicha kelishuvga erishilgan boʻlsa va pudratchida ham, buyurtmachida ham ayrim obyektlarni qabul qilish yoki qabul qilishdan bosh tortish imkoniyati bor boʻlsa;
— daromadlar va xarajatlar har bir obyekt boʻyicha aniqlash imkoniyati boʻlsa.
7. Qurilish pudrat shartnomasi buyurtmachining xohishiga qarab qoʻshimcha obyekt qurilishini koʻzda tutishi yoki qoʻshimcha obyekt qurilishi bilan toʻldirilishi mumkin. Qoʻshimcha obyekt qurilishini quyidagi hollarda alohida shartnoma deb hisoblash kerak:
— obyekt dastlabki shartnomaga kiritilgan obyekt yoki obyektlar loyihasidan, texnologiyasi yoki vazifalari bilan tubdan farq qilsa;
— qoʻshimcha obyekt uchun shartnomaviy qiymat dastlabki shartnoma boʻyicha shartnomaviy qiymatni hisobga olmagan holda kelishilsa.
QURILISH PUDRAT SHARTNOMALARI BOʻYICHA DAROMADLAR
8. Pudratdan olinadigan daromad quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
— qurilish ishlarining dastlabki shartnomaviy qiymatini;
— shartnomani oʻzgartirishdan olinadigan daromadlar, eʼtirozlar boʻyicha daromadlar va ragʻbatlantirish toʻlovlarini.
9. Qurilish pudrat shartnomasidan olinadigan daromad hisoblab chiqarish paytida joriy qiymat boʻyicha belgilanadi. Kelgusidagi ishlarning natijalariga bogʻliq boʻlgan koʻzda tutilmagan har xil ishlar pudrat shartnomasidan olinadigan daromadning oʻzgarishiga taʼsir oʻtkazadi.
10. Qurilish pudrat shartnomasining oʻzgarishi amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlgan oʻzgarishdir.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
11. Oʻzaro eʼtirozlar (daʼvolar) boʻyicha daromadlar pudratchi pudrat shartnomasini buzgan buyurtmachidan olmoqchi boʻlgan mablagʻlardir.
12. Ragʻbatlantirish toʻlovlari pudrat shartnomasida belgilangan ishlarni bajarganda yoki oshirib bajarganda pudratchiga toʻlanadigan qoʻshimcha summalardir. Ragʻbatlantirish toʻlovlari hisoblash usuli bilan daromadga kiritiladi.
QURILISH PUDRAT SHARTNOMALARI BOʻYICHA XARAJATLAR
13. Pudrat shartnomasi boʻyicha xarajatlarga quyidagilar kiradi:
— xarajatlar tarkibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq ushbu pudrat shartnomasi bilan bogʻliq boʻlgan bevosita xarajatlar;
— xarajatlar tarkibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq pudrat shartnomasi boʻyicha umumiy qurilish ishlariga taalluqli boʻlgan va pudrat shartnomasi boʻyicha taqsimlanishi va shartnoma qiymatiga kiritilishi mumkin boʻlgan bilvosita xarajatlar (qoʻshimcha sarflar);
— shartnoma shartlarida xarajatlarini qoplash qayd etilgan tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlari singari qurilish pudrat shartnomasi shartlari boʻyicha buyurtmachi tomonidan qoplanadigan boshqa xarajatlar.
14. Pudrat shartnomasi boʻyicha faoliyatga kiritilmaydigan va taqsimlanmaydigan xarajatlar qurilish pudrat shartnomasi boʻyicha xarajatlardan chiqarib yuboriladi (masalan, pudrat shartnomasi shartlarida qoplanishi qayd etilmagan maʼmuriy xarajatlar, tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlari, sotish xarajatlari va hokazo).
QURILISH PUDRATI SHARTNOMALARI BOʻYICHA DAROMADLAR VA XARAJATLARNING EʼTIROF ETILISHI
15. Daromadlar va xarajatlarni buxgalteriya balansini tuzish sanasiga pudrat boʻyicha qurilishni yakunlash darajasini hisobga olgan holda daromadlar va xarajatlar sifatida eʼtirof etish kerak (yaʼni pudrat boʻyicha ishlarni yakunlash foiziga tayangan holda). Daromadlar va xarajatlar ular paydo boʻlgan hisobot davrlarida eʼtiborga olinishi kerak.
16. Belgilangan narxdagi qurilish pudrat shartnomasining natijasi quyidagi barcha shartlarga rioya etilganda baholanadi, agar:
— pudrat shartnomasi boʻyicha umumiy daromad aniqlash mumkin boʻlsa;
— pudratchi iqtisodiy foyda olsa;
— qurilish ishlarini bajarish xarajatlarini va foizini aniqlash hamda buxgalteriya balansiga kiritish mumkin boʻlsa;
— pudrat shartnomasi boʻyicha qilingan haqiqiy xarajatlarni smeta meʼyorlari bilan qiyoslash mumkin boʻlsa.
17. “Shartnoma narxdagi” qurilish pudrat shartnomasining natijasi quyidagi barcha shartlarga rioya etilganda baholanishi mumkin, agar:
— pudratchi iqtisodiy foyda olsa;
— qurilish ishlarini bajarish xarajatlari va foizini aniqlash va buxgalteriya balansiga kiritish mumkin boʻlsa.
18. Agar qurilish pudrat shartnomasi boʻyicha daromadga kiritib boʻlingan va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirib boʻlingan mablagʻni olish paytida noaniqlik yuzaga keladigan boʻlsa, u holda toʻliq olinmagan mablagʻ yoki olish ehtimoli yoʻqqa chiqqan mablagʻ qurilish pudrat shartnomasi boʻyicha daromad miqdorini tuzatish sifatida emas, balki xarajat sifatida hisobga olinadi.
19. Qurilish pudrat shartnomasi boʻyicha bajarilgan ishlar foizi shartnoma turiga qarab quyidagi usullarda oʻlchanadi:
— muayyan sanaga bajarilgan qurilish ishlari boʻyicha xarajatlar miqdorini shartnoma boʻyicha umumiy smeta xarajatlariga nisbatan;
— nazorat oʻlchovini oʻtkazish;
— qurilish pudrat shartnomasi boʻyicha ishlarning jismoniy (fizik) qismini yakunlash.
Buyurtmachidan olingan oraliq toʻlovlar va boʻnak toʻlovlari bajarilgan ishlar darajasini aks ettirmaydi.
20. Qurilish pudrat shartnomasi boʻyicha natijani ishonchli tarzda aniqlash mumkin boʻlmagan hollarda:
— daromad pudrat shartnomasi boʻyicha qilingan chiqimlar qoplanishi ehtimoli boʻladigan darajadagina eʼtirof etilishi kerak;
— qurilish boʻyicha xarajatlar ular haqiqiy qilingan davr mobaynida boshlangʻich hisob-kitob maʼlumotlari boʻyicha xarajatlar sifatida eʼtirof etilishi kerak.
MOʻLJALDAGI ZARARLARNING EʼTIROF ETILISHI
21. Umumiy xarajatlar qurilish pudrat shartnomasi boʻyicha daromadlardan oshib ketgan hollarda moʻljaldagi zararlar mazkur hisobot davri xarajatlari deb eʼtirof etilishi kerak.
Bunday zararlar miqdori:
— pudrat shartnomasi boʻyicha ishlar boshlanganligiga;
— pudrat shartnomasi boʻyicha ishlarning bajarilish foiziga;
— qurilish pudratining yagona daromadi deb qabul qilinayotgan boshqa pudrat shartnomalari boʻyicha kutilayotgan yalpi daromad summasiga bogʻliq boʻlmagan holda belgilanadi.
YORITIB BERISH
22. Pudratchi quyidagilarni ochib oshkor qilishi shart:
— hisobot davrida har bir qurilish pudrat shartnomasi boʻyicha daromad miqdorini;
— hisobot davrida eʼtirof etiladigan qurilish pudrat shartnomasi boʻyicha daromadni aniqlashda foydalaniladigan usullarni;
— qurilish pudratining tugallanmagan shartnomasi boʻyicha ishlarning bajarilish bosqichi foizini aniqlashda foydalaniladigan usullarni.
Qurilish pudrat shartnomalari boʻyicha daromadlar va xarajatlarni baholash usullaridagi oʻzgarishlar ham hisobot davridagi va keyingi davrlardagi moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda (3-BHMS) eʼtirof etiladigan hisob-kitob baholashlaridagi oʻzgarishlar kabi ochib berilishi kerak.
23. Hisobot sanasiga tugallanmagan qurilish pudrat shartnomalari boʻyicha pudratchi quyidagi axborotlarni oshkor qilishi kerak:
— haqiqiy qilingan chiqimlarning va eʼtirof etilgan daromadning (eʼtirof etilgan zararlarni chiqarib tashlagan holda) jami miqdorini;
— oldindan toʻlangan va olingan mablagʻni;
— ushlab qolingan summalarni.
24. Pudratchi moliyaviy hisobotlarda quyidagilarni aks ettirishi shart:
— buyurtmachilarning qurilish ishlari boʻyicha debitorlik qarzlarini;
— buyurtmachilarning qurilish ishlari boʻyicha kreditorlik qarzlarini.
AMALGA KIRITISH SANASI
25. Ushbu Buxgalteriya hisobi milliy standarti Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatga olingan paytdan boshlab amalga kiritiladi.