|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.03.2011
|
oʻzbekiston respublikasi markaziy banki boshqaruvi
Qarori
QAYTA MOLIYALASh KREDITLARINI BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRISh KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 18-avgustda 566-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 22-yanvardagi 1/1-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklariga qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2201, 23.02.2011-y.) muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga va Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-maydagi 234-sonli “Respublika bank tizimi boshqaruvi tuzilmasini va uning amaliy faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 1998-yil 9-noyabrdagi 19/8-sonli qarori bilan tasdiqlangan va 1998-yil 17-dekabrda 566-raqam bilan Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi toʻgʻrisida Nizom”ning “v. Respublika hukumati qarorlari boʻyicha aniq maqsadli qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi (Xizmat doirasida foydalanish uchun)” nomli boʻlimining 2-bandi quyidagi yangi tahrir bilan almashtirilsin:
“2. Direktiv kreditlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus qarorlarida (farmoyishlarida) belgilangan shartlar asosida, respublika iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarini kredit resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish maqsadlari uchun ajratiladi. Hukumat qarorlarida (farmoyishlarida) ushbu kreditlardan foydalanish muddati belgilanmagan taqdirda, ular uch oygacha boʻlgan muddatga beriladi”.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Markaziy bank Raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi M.R. JUMAGALDIYEV
Toshkent sh.,
2001-yil 4-avgust,
18/1-son