|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.2005
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YOʻL XOʻJALIGINI BOShQARIShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 28-dekabrdagi 610-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yilgi Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish hamda uning faoliyati samaradorligini oshirish, mavjud avtomobil yoʻllarini tiklash, saqlash va yangilarini jahon andozalari darajasida qurish sohasidagi siyosatni rejalashtirish va amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1998-yil 5-avgustda Osiyo taraqqiyot banki bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida oʻzaro fikrdoshlik toʻgʻrisida Memorandum imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. U ishlab chiqilgan yoʻl sektorini rivojlantirish siyosatini oʻz ichiga oladi va “Avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish” loyihasini mablagʻ bilan taʼminlash uchun 50 mln AQSh dollari miqdorida kredit berishni hamda yoʻl xoʻjaligi faoliyat koʻrsatishini quyidagilar orqali takomillashtirish uchun 600 ming AQSh dollari miqdorida grant berishni nazarda tutadi:
yoʻl sektorida islohotlar siyosatini ishlab chiqishda, uni tarkibiy oʻzgartirishda va yoʻl sektori muassasalarini mustahkamlashda qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash;
eng muhim avtomobil yoʻllarini tiklash;
avtomobil yoʻllarini saqlashning tajriba tizimini yaratish;
avtomobil yoʻllarida harakatlanish xavfsizligi tizimini yaxshilash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida ilovaga* muvofiq tarkibda yoʻl xoʻjaligi kengashi tashkil etilsin.
* Ilova berilmaydi.
Belgilab qoʻyilsinki, 1998—2000-yillarda yoʻl xoʻjaligini davlat tomonidan boshqarishning barcha funksiyalari “Oʻzavtoyoʻl” konsernidan Yoʻl xoʻjaligi kengashiga bssqichma-bosqich beriladi, u 2001-yil 1-yanvardan boshlab tegishli rahbar boshchilik qiladigan, avtomobil yoʻllarini boshqarishning doimiy davlat organiga aylantiriladi.
3. Yoʻl xoʻjaligi kengashiga quyidagilar yuklansin:
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, barcha avtomobil yoʻllari shoxobchalarini rejalashtirish, mablagʻ bilan taʼminlash, qurish, taʼmirlash va ulardan foydalanish sohasida yagona yoʻl siyosatini amalga oshirish;
yoʻl xoʻjaligi davlat mulkining saqlanishini va undan samarali foydalanishni nazorat qilish;
Respublika, viloyatlar va tumanlar yoʻl jamgʻarmalarini shakllantirish, ularning yoʻnalishini belgilash va ulardan maqsadli foydalanishni nazorat qilish;
boshqarishning bozor tamoyillarida yoʻl xoʻjaligini tarkibiy oʻzgartirish va isloh qilishga bosqichma-bosqich yondoshish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
yoʻl xoʻjaligini rivojlantirish, yoʻl-transport xizmatlarini sifatli koʻrsatish bilan bogʻliq huquqiy bazani takomillashtirish;
yoʻl sektorining buxgalteriya hisobi, moliya va boshqaruvning axborot tizimi masalalarini oʻz ichiga oluvchi potensialini institutsional mustahkamlash va rivojlantirish;
yoʻl xoʻjaligida mavjud yoʻl infratuzilmasini saqlashni mablagʻ bilan taʼminlashni koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishni oʻz ichiga oluvchi oʻz-oʻzini mablagʻ bilan taʼminlash sxemasini joriy etish;
yoʻl qurilishi ishlarining tanlov asosida amalga oshirilishini taʼminlash;
mavjud avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilishda va yangilarini qurishda ekologiya meʼyorlariga va talablariga rioya etilishini taʼminlash;
yoʻllarni loyihalash va qurish andozalarini, ularni umumiy ravishda qabul qilingan xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish maqsadida, takomillashtirish;
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ishtirokidagi “Avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish” loyihasini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish uchun javobgarlik.
4. Yoʻl xoʻjaligi kengashi:
OTB ekspertlari bilan ishlash davomida va yoʻl xoʻjaligi yuqori darajada rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrganish asosida Vazirlar Mahkamasiga yoʻl xoʻjaligini boshqarish tuzilmasini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin;
OTB ekspertlari bilan birgalikda “Yoʻl xoʻjaligini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirishda, mablagʻ bilan taʼminlash doirasida, Kattaqoʻrron — Navoiy — Buxoro — Olot bojxona shoxobchasi avtomobil yoʻlining eng muhim qismlarini rekonstruksiya qilishni nazarda tutsin.
5. Belgilansinki, quyidagilar Yoʻl xoʻjaligi kengashining ishchi organi hisoblanadilar:
Qurilayotgan obyektlar birlashgan respublika direksiyasi;
mustaqil davlat moliya-kredit muassasasi — Respublika yoʻl jamgʻarmasi;
Davlat yoʻl inspeksiyasi.
6. OTB ishtirokidagi koʻrsatib oʻtilgan loyihani samarali amalga oshirish uchun Yoʻl xoʻjaligi kengashi huzurida yetti kishidan iborat Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etilsin.
Loyihani amalga oshirish guruhining taʼminoti va uning faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 28-sentabr,
412-son