1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.05.00.00 Shaxs xavfsizligi / 16.05.03.00 Pasport-viza tizimi. Doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish;
2.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.07.00.00 Diplomatik va konsullik huquqi / 19.07.07.00 Konsullik vazifalari (pasport-viza ishlari, konsullik legalizatsiyasi) va yigʻimlar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Fuqarolik. Aholi. Pasport tizimi]
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A. KOMILOV “TASDIQLAYMAN” 15.04.1999-y.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Z. ALMATOV “KELIShILGAN” 15.04.1999-y.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga pasportlarni berish va almashtirish tartibi toʻgʻrisida
Yoʻriqnoma
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 11-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 726]
LexUZ sharhi
Mazkur yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2020-yil 28-fevraldagi 49-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga pasportlarni berish va almashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 726-2, 16.03.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi PF-2240-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 27-dekabrdagi 624-son “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga pasportlar, xorijiy shaxslarga, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash guvohnomalari va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomalari berish hamda almashtirishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi va uni egasining shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga yetgan barcha fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportiga ega boʻlishlari shart.
3. Oʻzbekiston Respublikasining xorijda istiqomat qiladigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini qoʻlga kiritgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan beriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini pasporti Oʻzbekiston Respublikasi uchun yagona namunada oʻzbek, rus va ingliz tillarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun esa qoraqalpoq, oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlanadi va 32 sahifaga ega boʻladi.
II. PASPORTDAGI YoZUVLAR. PASPORTNING AMAL QILISh MUDDATI
5. Pasportga fuqaroning shaxsi toʻgʻrisida oʻzbek, rus va ingliz tillarida quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
familiyasi, ismi, otasining ismi;
tugʻilgan kuni, oyi, yili;
tugʻilgan joyi;
millati;
jinsi;
identifikatsiya tartib raqami.
6. Pasportga fuqaroning millati toʻgʻrisidagi yozuv uning ota-onasi millatiga qarab kiritiladi. Agar fuqaroning ota-onasi turli millatga mansub boʻlsa, birinchi marta pasport berilayotganda pasport oluvchining istagiga koʻra otasi yoki onasining millati yoziladi. Keyinchalik millat toʻgʻrisidagi yozuv fuqaroning yozma arizasiga muvofiq otasi yoki onasining millatiga almashtirilishi mumkin, ammo faqat bir marta oʻzgartiriladi.
7. Pasportda uning egasining imzosi, pasport bergan masʼul shaxs imzosi boʻlishi, shuningdek pasport berilgan vaqt va amal qilish muddati koʻrsatilishi lozim.
8. Pasportga shuningdek quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
balogʻatga yetmagan bolalarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, kuni, oyi;
harbiy xizmatga majburligi toʻgʻrisidagi;
nikohdan oʻtish va nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi;
pasport egasining yashaydigan va doimiy qayd etilgan joyi haqidagi;
vaqtincha qayd etilgani toʻgʻrisidagi;
xorijiy davlatlarga kirish uchun vizalar haqidagi maʼlumotlar yoziladi.
9. Fuqarolarning roziligi bilan ularning pasportiga pasport egalarining qoni guruhi va rezusi toʻgʻrisidagi belgilar qoʻyiladi. Fuqaroning pasportiga Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizomda koʻzda tutilmagan yozuvlarni kiritish taqiqlanadi.
10. 16 yoshga toʻlgan shaxsga pasport beriladi va u 25 yoshga toʻlguniga qadar haqiqiy hisoblanadi.
Fuqarolar 25 yoshga va 45 yoshga toʻlganda ularga yangi pasport beriladi, unga oldingi pasportdagi maʼlumotlarning yangi pasport berish vaqtida haqiqiy boʻlganlarining hammasi kiritiladi.
Pasport xorijda unda koʻrsatilgan muddatda haqiqiy hisoblanadi.
III. PASPORT BERISh VA UNI ALMAShTIRISh TARTIBI
11. Xorijda doimiy istiqomat qiladigan yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilgan fuqarolarga pasport berish va almashtirish Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari yoxud konsullik muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijda doimiy istiqomat qiladigan yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilgan fuqaro pasport olishda ilgari olgan pasportini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari yoxud konsullik muassasalariga qaytarishi shart.
Bekor qilingan pasportlar keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga topshirilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga yuboriladi.
12. Pasport olish uchun fuqaro Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga quyidagilarni taqdim etadi:
tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma (pasportni birinchi marta olish chogʻida);
35x45 millimetr kattalikdagi ikkita oq-qora yoki rangli fotosurat;
zarurat boʻlsa, shaxsini va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
13. Diplomatiya vakolatxonasi yoki konsullik muassasasining mansabdor shaxsi olingan hujjatlarni koʻrib chiqish va pasport berish yoki almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamentiga yuboradi.
Pasport Oʻzbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamentining pasport boʻlimida “Diletta — 230 i” pasportni bosish mashinkasida toʻldiriladi.
Pasport blankalari qatʼiy hisobda turadigan blankalar hisoblanadi.
Ularni hisobini yuritilishi, saqlanishi va berilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamentining pasport boʻlimi mudiri javobgar boʻladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasi yoki konsullik muassasasining mansabdor shaxsi fuqaroga pasportni berishda bir paytning oʻzida Keluvchi pasportlarni hisobini yuritish va ularni fuqarolarga berish Kitobi boʻyicha pasportni chiqimga chiqaradi (2-shakl).
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini olgan barcha shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar kompyuterga kiritiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga yuboriladi.
15. Pasportni amal qilish muddati tugashidan bir oy avval fuqaro pasportni va yoshiga mos keladigan 35x45 millimetr kattalikdagi ikkita oq-qora yoki rangli fotosuratlarni taqdim etishi shart.
16. Quyidagi hollarda pasport almashtiriladi:
pasportning amal qilish muddati tugaganda;
familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgarganida;
millatini, tugʻilgan yilini oʻzgartirganda;
yozuvlardagi chalkashlik aniqlanganda;
viza va alohida belgilar uchun moʻljallangan varaqlar toʻlganda;
foydalanishga yaroqsiz holga kelganda.
17. Pasportni almashtirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
35x45 millimetr kattalikdagi ikkita oq-qora yoki rangli fotosurat.
Familiyasi, ismi, otasining ismini oʻzgartirish, millatini, tugʻilgan yilini oʻzgartish yoki yozuvdagi chalkashlikka aniqlik kiritish maqsadida pasportni almashtirish uchun shu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ham taqdim etiladi.
18. Fuqaro tegishli yoshga toʻlgandan soʻng yoki familiyasi, ismi, otasining ismini, tugʻilgan yili va millatini oʻzgartirgan, yozuvdagi chalkashlik aniqlangan va pasport foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgandan soʻng bir oy muddatdan kechiktirmay, pasport aniq muddatga berilgan hollarda esa — pasportning amal qilish muddati tugagan paytdan boshlab uch kun muddatda pasport olish yoki uni almashtirish uchun hujjatlarni va fotosuratlarni taqdim etishi kerak.
19. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasi yoxud konsullik muassasasi tomonidan almashtirish tarzida yoki yoʻqolgan pasport oʻrniga beriladigan pasportga balogʻatga yetmagan bolalari, shuningdek, nikohdan oʻtish, doimiy yashash joyi, harbiy xizmatga majburiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishi kerak.
20. Pasport berish uchun Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda konsullik yigʻimi olinadi.
21. Fuqaro pasportni avaylab asrashi shart. Xorijda pasport yoʻqolgani haqida fuqaro Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga darhol xabar qilishi lozim, ular esa fuqaroning arizasiga binoan belgilangan namunadagi maʼlumotnoma beradi (3-shakl).
Fuqaroning pasport yoʻqolgani toʻgʻrisidagi arizasini shikoyat va arizalar jurnalida qayd etgan konsullik mansabdor shaxs ushbu arizani, tegishli tartibda tekshirishni amalga oshirish maqsadida, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga topshirilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga yuboradi.
Pasport yoʻqolgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonalari yoxud konsullik muassasalari joylashgan davlatining vakolatli organlarini, shuningdek, joylashgan davlatida akkreditatstsiya qilingan boshqa davlatlarning vakolatxonalarini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini bekor qilingani toʻgʻrisida xabardor qiladilar.
22. Fuqaro pasportini yoʻqotgan taqdirda unga ushbu Nizomda belgilangan tartibda pasport yoʻqolgani haqida ariza bergan kundan boshlab bir oy ichida yangi pasport beriladi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqan shaxs pasportini Oʻzbekiston Respublikasining shaxs borgan xorijdagi diplomatiya vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga topshirishi shart.
Vafot etganlarning pasportlari Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga topshiriladi, ular esa oʻlim roʻyxatga olinganidan soʻng bir oy muddatdan kechiktirmay, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga topshirilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga yuborishadi.
Topib olingan pasport Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga topshirilishi lozim.
IV. PASPORT BLANKALARI HISOBINI YuRITISh, SAQLASh, YOʻQ QILISh
24. Pasport blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjat hisoblanadi, ularni hisobini yuritilishi va saqlanishi toʻliq butligini taʼminlaydigan tarzda tashkil etiladi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport blankalari Oʻzbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamentining pasport boʻlimida saqlanadi.
Berilgan pasportlarning hisobini yuritish ixtisoslashtirilgan kompyuter tizimida belgilangan tartibga muvofiq Konsullik-huquqiy departamentining pasport boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
26. Oʻrniga yangisi berilgan pasportlar Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tarafidan Oʻzbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamentiga yuboriladi. Konsullik-huquqiy departamenti oʻz navbatida, pasport qaysi organ tarafidan berilganiga qarab pasportlarni yoʻq qiladi yoki yoʻq qilish uchun KChvaFB ga yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tarafidan berilgan pasportlar Oʻzbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan yilda kamida bir marta Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tarafidan tasdiqlangan dalolatnoma boʻyicha yoʻq qilinadi. Ushbu dalolatnomada pasport egasining familiyasi, ismi, otasining ismi, seriya va tartib raqami koʻrsatiladi.
Ichki ishlar organlari tarafidan berilgan pasportlar Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan yoʻq qilish uchun IIV ning KChvaFB ga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamenti 1-son shakl
ARIZA pasport berish haqida (saqlash muddati F № 1 — 80 yil)
_______________________________________________________ sababli
sababini koʻrsatish
________ ______ y. _____________________“___”________
imzo
Fuqaro ___________________________ imzosini tasdiqlayman_________________
familiya
imzo
16 dan 25 yoshgacha boʻlgan arizachining 35mm x 45mm kattalikdagi rasmi uchun joy
Pasport __________________________________________ asosan berilgan nomi _____________________________________________________ hujjat, seriya raqami, kim tomonidan va qachon berilgan
Konsullik muassasasi boshligʻi ____________________________