Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.03.2025

“TASDIQLANGAN”

Oʻzbekiston Respublikasi

Davlat mulki qoʻmitasi
raisining oʻrinbosari,
Qimmatli qogʻozlar bozori
faoliyatini muvofiqlashtirish va
nazorat qilish markazi
bosh direktori
M.S. YUNUSMATOV
1999-yil 21-dekabr

Qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyati toʻgʻrisida
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 28-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 860]
 LexUZ sharhi
Mazkur nizom Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 19-fevraldagi 15-sonli “ Qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3610, 28.02.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq emitentlar qimmatli qogʻozlarini dastlabki kafolatli joylashtirish boʻyicha faoliyatini amalga oshirish standartlarini (tartib va shartlarini) belgilaydi.
(1.1-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
1.2. Mazkur Nizom emitentning qimmatli qogʻozlarini chiqarilish jarayonida va/yoki dastlabki kafolatli joylashtirilishida emitent va anderrayterning oʻzaro hamkorlik asoslarini va javobgarliklarini tartibga soladi.
1.3. Mazkur Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
emitent — emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qogʻozlarning egalari oldida majburiyatlari boʻlgan yuridik shaxs;
qimmatli qogʻozlar — mazkur hujjatlarni chiqargan yuridik shaxs bilan ularning egasi oʻrtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlaydigan, dividendlar yoki foizlar tarzida daromad toʻlashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga oʻtkazish imkoniyatini nazarda tutadigan hujjat;
investitsiya memorandumi — emitent haqida barcha zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hamda qimmatli qogʻozlarni joylashtirish narxi toʻgʻrisidagi axborotlarni va bitim tafsilotlarini koʻrsatmaydigan investorlarga taqdim etish uchun oldindan tayyorlangan hujjatlar toʻplami;
anderrayter faoliyati (anderrayting) — emitent va anderrayter (anderrayterlar) oʻrtasidagi shartnomada belgilangan shartlar asosida emitent qimmatli qogʻozlarini chiqarilishini tashkillashtirish va/yoki kafolatli joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish faoliyati;
anderrayter — anderrayting faoliyatini amalga oshiruvchi investitsiya vositachisi yoki tijorat banki;
anderrayting xizmatini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma — bir tomondan, maʼlum bir narxda joylashtirilishi kerak boʻlgan qimmatli qogʻozlarni chiqarayotgan emitent va boshqa tomondan anderrayter (anderrayterlar) oʻrtasidagi shartnoma;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
(1.3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 6-iyuldagi 52-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3448, 25.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son)
II. ANDERRAYTER FAOLIYATI
2.1. Anderrayting faoliyatini amalga oshiruvchi tijorat banklari va investitsiya vositachilariga qoʻyiladigan talablar:
Anderrayterlar faqat investitsiya vositachilari va tijorat banklari boʻlishi mumkin.
Anderrayting faoliyatini amalga oshirish uchun tijorat banklari va investitsiya vositachilari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) litsenziyaga ega boʻlishi:
investitsiya vositachisi sifatida faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi, yohud,
bank operatsialarini amalga oshirish huquqini beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki.
Oldingi tahrirga qarang.
(2.1-bandning “b” kichik bandiOʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining 2019-yil 14-oktabrdagi 2019-59-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 860-5, 31.10.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2019-y., 10/19/860-5/3982-son)
2.2. Anderrayter faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
Anderrayter faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
emitent bilan birgalikda qimmatli qogʻozlarni chiqarish va joylashtirishning maqbul tuzilmasini shakllantirish;
investitsiya memorandumini tuzish va investorlarga taqdim etish;
chiqarilishning kutilayotgan hajmidan qimmatli qogʻozlarni sotib olish huquqiga oldindan obuna oʻtkazish;
marketing tadqiqotlarini oʻtkazish, shu jumladan potensial investorlar tomonidan chiqarilishi kutilayotgan qimmatli qogʻozlar hajmidan ularni sotib olish huquqiga amalga oshirilgan dastlabki obunalardan kelib chiqib bozor konyunkturasi va imkoniyatlarini oʻrganish;
anderrayting xizmatlarining xususiyatlarini belgilovchi emissiya risolasi, operatsion hujjatlashtirish va kafolatlangan majburiyatlarni tuzish;
zarur hollarda, anderrayterlarning vaqtinchalik birlashmasini shakllantirish va uning faoliyatini taʼminlash uchun investitsiya vositachilari va tijorat banklarini tanlash;
anderrayting xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan, qabul qilingan majburiyatlar va muddatlarga muvofiq emitentning qimmatli qogʻozlarining kafolatlangan joylashtirilishini oʻtkazish (chiqarilishlarni muayyan minimal narxda joylashtirish);
anderrayting xizmatlari koʻrsatganlik uchun vaqtinchalik birlashma ishtirokchilari oʻrtasida (agar mavjud boʻlsa) sotib olish va sotish farqidan olingan daromad yoki komissiya mukofotini taqsimlash;
emitentga qimmatli qogʻozlarni joylashtirishdan tushgan mablagʻlarni toʻlash;
ikkilamchi bozorda (ushbu emissiya) joylashtirilgan qimmatli qogʻozlarni dastlabki qoʻllab-quvvatlanishini amalga oshirish emissiya risolasida (anderrayting xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma) nazarda tutiladi.
2.3. Kafolatlangan joylashtirish turlari:
toʻliq kafolatlangan joylashtirish — ushbu chiqarilishning barcha qimmatli qogʻozlarini anderrayter tomonidan joylashtirilishi;
qisman kafolatlangan joylashtirish — anderrayter tomonidan ushbu chiqarilishning 10% foizdan kam boʻlmagan qimmatli qogʻozlarning qisman joylashtirilishi;
2.4. Anderrayterning huquqlari
Anderrayting faoliyatini amalga oshirish jarayonida anderrayter quyidagi huquqlarga ega:
qimmatli qogʻozlarni toʻliq yoki qisman kafolatli dastlabki joylashtirishga shartnoma tuzishda emitentdan qimmatli qogʻozlarning nominal qiymatidan chegirma taqdim etishni shartnoma bilan belgilanadigan miqdorda talab qilish;
emitent aksiyadorlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun barcha mumkin boʻlgan choralarni koʻrish;
qimmatli qogʻozlarni joylashtirish shartlarini bajarmagan taqdirda emitent oldida javobgarlik tavakkalchiligini sugʻurta qilish;
qimmatli qogʻozlarni joylashtirishda shartnomada belgilangan miqdorda emitentdan komissiya haqi olish.
2.5. Axborotlarni oshkor qilish talablari
2.5.1. Emitent anderrayterga investitsiya memorandumini tuzish va investorlar taqdim etish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
Investitsiya memorandumida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
emitent va umuman tarmoq faoliyatining tavsifi;
emitentning kelgusi yil uchun strategiyasi;
emitentning boshqaruv tizimini tavsiflash, kasbiy tayyorgarlik, boshqaruv xodimlarining ish tajribasi, soʻnggi uch yil ichida ish joylari va egallab turgan lavozimlarni koʻrsatgan holda;
taʼsis hujjatlariga muvofiq emitent tomonidan qoʻyilgan maqsadlarga erishish uchun taktik qadamlar;
raqobat muhitini va bozordagi ulushini tahlil qilish;
emitentning oxirgi uch moliya yilidagi moliyaviy natijalarining (choraklar boʻyicha) tahlili, daromadlarning pasayishi yoki oshishi sabablari, moliyaviy qoʻyilmalar (emissiyani amalga oshirishdan) olinganidan keyingi moliyaviy natijalar prognozi;
emitentning moliyaviy kamomadini (profitsit) vaqtinchalik oraliq muddatda aniqlash;
qimmatli qogʻozlar chiqarilishidan (emissiyasidan) olingan mablagʻlarni sarflash smetasi xarajatlari.
2.5.2. Chiqarilishning emitenti va anderrayterlari har bir potensial xaridorga joylashtirilgan qimmatli qogʻozlarni sotib olish paytiga qadar sotish shartlari va emissiya risolasi bilan tanishish imkoniyatini berishlari shart.
2.5.3. Chiqarilishning emitenti va anderrayterlari emissiya chiqarish risolasida eʼlon qilingan axborotning ishonchliligi va toʻliqligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda birgalikda javobgar boʻladilar.
(2.5.3-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-bobi.
III. ANDERRAYTERNI TANLASH TARTIBI
3.1. Anderrayterni tanlash emitent tomonidan:
investitsiya vositachilar va tijorat banklari — potensial nomzodlar bilan anderrayting boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun dastlabki muzokaralar asosida, yohud
anderrayting boʻyicha xizmatlar koʻrsatish huquqi uchun ommaviy (yohud yopiq) tanlov (tender) oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
IV. ANDERRAYTERLARNING VAQTINCHALIK BIRLASHMASI
4.1.1. Qimmatli qogʻozlar bozorida noqulay konyunktura yuzaga kelganda anderrayterlarning hech biri katta zarar koʻrmasligi, qimmatli qogʻozlar taklifi tavakkalchiligini taqsimlash maqsadida birgalikda faoliyat yuritish uchun vaqtincha anderrayterlar birlashmasini (bundan buyon matnda — birlashma) tashkil etish huquqiga ega.
4.1.2. Birlashmani tashkil etishning tashabbuskori emitent tomonidan tanlangan anderrayter hisoblanadi. Anderrayting xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma emitent bilan birlashma nomidan amaldagi qonunchilik talablariga va mazkur Nizomning 5.2 bandiga muvofiq tuziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 27-bobi.
4.1.3. Birlashma ishtirokchilarining oʻzaro munosabatlari oʻzaro hamkorlik shartnomasi bilan tartibga solinadi.
4.1.4. Oʻzaro hamkorlik shartnomasida:
birlashma aʼzolarining roʻyxati, ularning birlashmadagi hissasi miqdori;
birlashma aʼzolarining huquqlari va majburiyatlari;
qaror qabul qilish tartibining tavsifi;
amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar kelishilgan boʻlishi kerak.
4.1.5. Emitent tomonidan tanlangan anderrayter emitentdan qoʻshimcha haq olmagan holda birlashma ichki ishlarini yuritish va ularni tashkillashtirishni amalga oshiradi.
Birlashma tomonidan amalga oshirilgan joylashtirish boʻyicha xarajatlar aʼzolarning ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Anderrayting xizmatlarini koʻrsatganlik uchun komission mukofot emitent va birlashma oʻrtasida shartnomada belgilangan miqdorda toʻlanadi va qimmatli qogʻozlarni kafolatli joylashtirish boʻyicha qabul qilingan majburiyatlarga mutanosib ravishda birlashma aʼzolari orasida emitent tomonidan tanlangan anderrayter tomonidan taqsimlanadi.
4.1.6. Qimmatli qogʻozlarni joylashtirish tugallangandan soʻng birlashma oʻz faoliyatini tugatadi.
V. ANDERRAYTING XIZMATLARI KOʻRSATISH TOʻGʻRISIDAGI SHARTNOMA
5.1. Emitent va anderrayter oʻrtasidagi qimmatli qogʻozlarni joylashtirish jarayonidagi oʻzaro munosabatlar ular oʻrtasida tuzilgan anderrayting xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma bilan belgilanadi.
5.2. Anderrayting xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma anderrayter tomonidan chiqarilish tartibi, anderrayting xususiyati va emitent turiga qarab Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tayyorlanadi va quyidagi majburiy (muhim) shartlarni oʻz ichiga oladi:
qimmatli qogʻozlarni joylashtirish shartlari va anderraytning majburiyatining xususiyati;
xizmatlar uchun haq toʻlash miqdori va tartibi;
emitent va anderrayter (birlashma) oʻrtasida joylashtirish jarayonida oʻzaro munosabatlarning shartlari va tartibi;
emitent bilan anderrayter (birlashma) oʻrtasida joylashtirishdan keyingi oʻzaro munosabatlarning shartlari va tartibi (ikkilamchi bozorda joylashtirilgan emissiyani anderrayter (birlashma) tomonidan qoʻllab-quvvatlash);
va qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar.
(5.2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
VI. ANDERRRAYTER FAOLIYATINI NAZORAT QILISH. JAVOBGARLIK.
6.1. Anderrayterlar faoliyatini nazorat qilish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
6.2. Qimmatli qogʻozlarning ikkilamchi bozorda ommaviy joylashtirish va muomalasida qimmatli qogʻozlarni sotib olishda bir investorga boshqalar oldida imtiyozli huquqni belgilash taqiqlanadi. Ushbu shartlar aksiyadorlarga yangi emissiya qimmatli qogʻozlarini sotib olishga imtiyozli huquqni taqdim etishda qoʻllanilmaydi.
6.3. Qimmatli qogʻozlarni joylashtirish jarayonida anderrayter tomonidan quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
a) investorlar uchun ahamiyatga ega boʻlgan axborotni lozim darajada oshkor qilmasdan turib anderrayting xizmatlarini amalga oshirish;
b) qimmatli qogʻozlar bozorining alohida bir ishtirokchilari uchun imtiyozli huquqlarni taqdim etish maqsadida uni biror-bir belgisiga koʻra boʻlish;
v) emitent bilan tuzilgan shartnomaning shartlarini bajarmaslik va/yoki lozim darajada bajarmaslik va/yoki oʻz vaqtida bajarmaslik;
g) emitentga (boy berilgan foydani), birlashma boʻyicha hamkorlariga (adolatsiz raqobat va h.k.) yoki investorlarga (axborotni oshkor qilish) zarar yetkazishi mumkin boʻlgan har qanday harakatlar.
6.4. Emitentning qimmatli qogʻozlarini joylashtirishda anderrayter aksiyadorlik jamiyatining foydasini va qimmatli qogʻozlarining likvidliligini yanada oshishini hisobga olishi kerak.
6.5. Anderrayter mazkur Nizom talablarini bajarmaganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(6.5-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1741-moddasi.