O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
Huquqiy eksperiment to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 1-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 18-dekabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi huquqiy eksperimentni tashkil etishga, o‘tkazishga, uning natijalarini baholashga va joriy etishga doir munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Huquqiy eksperimentning qo‘llanilish sohasi
Huquqiy eksperiment davlat boshqaruvi sohasida, ijtimoiy, iqtisodiy va ushbu Qonun bilan cheklanmagan boshqa sohalarda qo‘llanilishi mumkin.
Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari hamda erkinliklarini cheklaydigan, bekor qiladigan yoki insonning holatini boshqacha tarzda yomonlashtiradigan hollarda huquqiy eksperiment o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
3-modda. Huquqiy eksperiment to‘g‘risidagi qonunchilik
Huquqiy eksperiment to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
vakolatli organ — normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ yoki mansabdor shaxs (bundan normativ-huquqiy hujjat qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari mustasno);
mas’ul organ — huquqiy eksperimentni o‘tkazish va uning natijalarini baholash uchun mas’ul etib belgilangan davlat organi yoki tashkiloti;
eksperimental-huquqiy norma — huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat bilan belgilangan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oralig‘ida sinovdan o‘tkaziladigan huquqiy norma;
huquqiy eksperiment — normativ-huquqiy hujjatning yoki huquqiy normaning samaradorligini amalda muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oralig‘ida sinovdan (tajribadan, aprobatsiyadan va shu kabilardan) o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar majmui;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat — ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy qoidalarni belgilaydigan, amalda muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oralig‘ida sinovdan o‘tkaziladigan normativ-huquqiy hujjat.
5-modda. Huquqiy eksperimentning asosiy prinsiplari
Huquqiy eksperimentning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi;
jamoat xavfsizligini, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligi;
ochiqlik va oshkoralik;
asoslanganlik;
dolzarblik.
6-modda. Qonuniylik prinsipi
Huquqiy eksperimentni tashkil etish, o‘tkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek huquqiy eksperimentning boshqa ishtirokchilari ularga og‘ishmay rioya etishi hamda ularni bajarishi shart.
Ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablarini aniq va bir xilda bajarishdan hamda ularga rioya etishdan har qanday chetga chiqish, ularning sabablari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, qonuniylikni buzishdir va u belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
7-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi prinsipi
Huquqiy eksperimentni tashkil etishda, o‘tkazishda, uning natijalarini baholashda va joriy etishda jismoniy va yuridik shaxslarni kamsitishga, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga zarar yetkazgan holda bir jismoniy va yuridik shaxsga imtiyozlar yoki preferensiyalar taqdim etishga, ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini buzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
8-modda. Jamoat xavfsizligini, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligi prinsipi
Huquqiy eksperimentni tashkil etishda, o‘tkazishda, uning natijalarini baholashda va joriy etishda jamoat xavfsizligini hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini buzishga, ekologiyaga va atrof-muhitga zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
9-modda. Ochiqlik va oshkoralik prinsipi
Huquqiy eksperimentni tashkil etish, o‘tkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish ochiq hamda oshkora amalga oshiriladi.
10-modda. Asoslanganlik prinsipi
Huquqiy eksperimentni o‘tkazishning maqsadga muvofiqligi va zarurligi tahlil qilinishi hamda huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat yoki eksperimental-huquqiy normalar orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy oqibatlar asoslangan bo‘lishi kerak.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatni tashabbus qilishga, tayyorlashga va qabul qilishga faqat ushbu normativ-huquqiy hujjatning oqibatlarini norma ijodkorligining boshqa usullari bilan aniqlash imkoni mavjud bo‘lmaganda yo‘l qo‘yiladi.
11-modda. Dolzarblik prinsipi
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat yoki eksperimental-huquqiy norma jamiyat va davlat uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan masalani tartibga solishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
12-modda. Huquqiy eksperimentning maqsadi
Huquqiy eksperimentning maqsadi eksperimental-huquqiy normalarni muayyan sohaga joriy etishdan, ushbu normalarning samaradorligini tahlil qilishdan hamda ularning natijasida yuzaga kelgan yoki kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy oqibatlarni o‘rganish va baholash orqali samarali huquqiy normalarni amaliyotga joriy etishdan iborat.
13-modda. Huquqiy eksperimentning shartlari
Huquqiy eksperimentni tashkil etishda, o‘tkazishda, uning natijalarini baholashda va joriy etishda quyidagi shartlarga amal qilinadi:
eksperimental-huquqiy normalarni qo‘llashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish va ularni kamaytirish choralarini ko‘rish;
eksperimental-huquqiy normalar huquqiy eksperimentni joriy etish maqsadlari doirasida sinovdan o‘tkazilayotganligini asoslash;
eksperimental-huquqiy normalarni turlicha talqin qilinmaydigan yoki noaniqlikka yo‘l qo‘yilmaydigan darajada tushunarli tarzda bayon etish;
huquqiy eksperimentni o‘tkazishda ishtirokchilarning tengligini ta’minlash, shuningdek yetarlicha asoslanmagan imtiyozlar, davlat yordami berilishiga va cheklovlar belgilanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
huquqiy eksperimentning oqilonaligi va manfaatdor taraflarda belgilangan talablarni bajarish imkoniyati mavjudligi;
eksperimental-huquqiy normalar bilan belgilanayotgan yangi talablarga moslashish uchun yetarli vaqt berilishi;
huquqiy eksperimentni o‘tkazish shart-sharoitlari va moliyalashtirish manbalari aniq hamda yetarli bo‘lishi;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini, huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturini va huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobotni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish;
huquqiy eksperiment va uning natijalari haqida Huquqiy eksperimentning yagona reyestri, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘i, shu jumladan rasmiy manbalar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikni xabardor qilish;
faqat kuchga kirgan, huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normani huquqiy eksperimentdan o‘tkazish;
huquqiy eksperimentni tegishli munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga soluvchi o‘zaro teng yoki yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat bilan o‘tkazish;
huquqiy eksperiment qaysi darajadagi normativ-huquqiy hujjat bilan o‘tkazilgan bo‘lsa, uning natijalarini o‘sha darajadagi yoki undan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat bilan joriy etish.
14-modda. Huquqiy eksperimentning muddatini, hududini va (yoki) shaxslar doirasini belgilash
Huquqiy eksperimentning muddati huquqiy eksperimentni tashkil etish, o‘tkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish uchun oqilona sarflanadigan vaqt hisobga olingan holda olti oydan uch yilgacha bo‘lgan muddatga belgilanadi. Huquqiy eksperiment ko‘rsatilgan muddat tugaganidan keyin davom ettirilishi mumkin emas.
Huquqiy eksperimentning hududi huquqiy eksperimentning mazmunidan hamda u o‘tkaziladigan ma’muriy-hududiy birlikning o‘ziga xos xususiyatlaridan va tabiatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Huquqiy eksperimentning shaxslar doirasi huquqiy eksperimentning mazmunidan va unda ishtirok etadigan shaxslarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan xolda belgilanadi.
Huquqiy eksperimentning muddatini, hududini va ushbu hududdagi shaxslar doirasini belgilashda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.
Tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari huquqiy eksperimentda ishtirok etishga, shu jumladan hududlarni huquqiy eksperiment o‘tkaziladigan hududlar ro‘yxatiga kiritishga yoki undan chiqarish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar taqdim etishga haqli.
15-modda. Huquqiy eksperimentning yagona reyestri
Huquqiy eksperimentning yagona reyestri huquqiy eksperimentni tashkil etish, o‘tkazish va uning yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Huquqiy eksperiment o‘tkazilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat va huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturi qabul qilinganidan keyin bir ish kuni ichida vakolatli organ tomonidan quyidagi ma’lumotlar bilan birga Huquqiy eksperimentning yagona reyestriga kiritiladi:
huquqiy eksperimentni o‘tkazishning maqsadi va vazifalari;
huquqiy eksperimentning muddati, hududi va (yoki) shaxslar doirasi;
mas’ul organlar va ularning vazifalari;
huquqiy eksperimentning o‘tkazilishini nazorat qiluvchi davlat organlari;
huquqiy eksperimentning samaradorligi va natijadorligini baholashga nisbatan qo‘yiladigan talablar yoki mezonlar, shu jumladan baholashdan o‘tkaziladigan ko‘rsatkichlar.
Huquqiy eksperimentning yagona reyestri va undagi ma’lumotlar barcha foydalanishi uchun ochiqdir. Bunda o‘tkazilayotgan huquqiy eksperiment yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar bildirish imkoniyati yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqiy eksperimentning yagona reyestri operatori hisoblanadi.
2-bob. Huquqiy eksperimentni tartibga solish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtirok etishi
16-modda. Vakolatli organning huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha vakolatlari
Vakolatli organ:
normativ-huquqiy hujjatni huquqiy eksperiment tartibida qabul qilish to‘g‘risida;
huquqiy eksperimentning ko‘lamini kengaytirish, muddatini uzaytirish, uni to‘xtatib turish yoki muddatidan oldin tugatish haqida;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning yoki tegishli eksperimental-huquqiy normalarning amal qilishini vaqt bo‘yicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilish to‘g‘risida yoki qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi haqida qaror qabul qiladi.
Huquqiy eksperiment O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘tkaziladi.
Vakolatli organ qonunchilikka muvofiq huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
17-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazishda vazirliklar hamda idoralarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
huquqiy eksperimentning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlaydi;
mas’ul organni belgilaydi;
huquqiy eksperiment o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni hal etish va omillarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli davlat organlarining hamda tashkilotlarining zimmasiga vazifalar yuklatadi, ularga ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga doir ko‘rsatmalar beradi;
huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha vaqtinchalik nizomni qabul qiladi hamda davlat organlari va tashkilotlariga uslubiy jihatdan ko‘maklashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18-modda. Mas’ul organning huquqiy eksperimentni o‘tkazish va uning natijalarini baholash bo‘yicha vakolatlari
Mas’ul organ:
huquqiy eksperimentni o‘tkazish va uning natijalarini baholash bo‘yicha zarur choralar ko‘radi;
huquqiy eksperimentni o‘tkazish va uning natijalarini baholash yuzasidan davlat tashkilotlariga, korxonalar va muassasalarga murojaat qiladi, ma’lumotlar oladi hamda takliflar bilan chiqadi;
huquqiy eksperimentni o‘tkazishga va uning natijalarini baholashga doir yig‘ilishlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tashkil etadi;
manfaatdor taraflar o‘rtasida huquqiy eksperiment bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazadi, shuningdek huquqiy eksperimentni o‘tkazish va uning natijalarini baholash yuzasidan statistik ma’lumotlarni yig‘adi hamda ma’lumotlar bazasini shakllantiradi;
huquqiy eksperimentni o‘tkazish bo‘yicha ekspertlarni, ilmiy-tahliliy ishlarni amalga oshirish uchun ilmiy va boshqa tashkilotlarni, shuningdek olimlar va mutaxassislarni belgilangan tartibda, shu jumladan shartnoma asosida jalb qiladi;
manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda huquqiy eksperimentga doir standartlarni, qoidalarni qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
huquqiy eksperimentni o‘tkazish va uning natijalarini baholash uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
huquqiy eksperiment ishtirokchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘radi;
huquqiy eksperimentni tahlil qiladi, monitoring va o‘rganish ishlarini amalga oshiradi hamda uning natijalarini baholaydi.
Mas’ul organ qonunchilikka muvofiq huquqiy eksperimentni o‘tkazish va uning natijalarini baholash bo‘yicha boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
19-modda. Fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtirok etishi
Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari o‘z vakolatlari doirasida:
davlat organlarining yoki ular huzuridagi ishchi guruhlarning, komissiyalarning va jamoatchilik-maslahat organlarining majlislarida ko‘rib chiqish uchun huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturlarini va huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, tegishli loyihalarga doir takliflarni kiritishi;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tashabbus qilishda, ko‘rib chiqishda va tayyorlashda ishtirok etishi;
huquqiy eksperimentni tashkil etish, o‘tkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi;
huquqiy eksperiment to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar kiritishi mumkin.
Fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolar mas’ul organ tomonidan o‘tkaziladigan so‘rovnomalarda, davra suhbatlarida va ekspertlar yig‘ilishlarida ishtirok etishi, ushbu institutlar va fuqarolarning takliflari majburiy tartibda ko‘rib chiqilishi hamda natijalari huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha tayyorlangan hisobotda aks ettirilishi kerak.
3-bob. Huquqiy eksperimentni tashkil etish, o‘tkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish
20-modda. Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashabbus qilish
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashabbus qilishga faqat, basharti:
ko‘tarilayotgan masalalarni yoki muammolarni tartibga solishda maqbul yechimlarni tanlash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni boshqa usullar yordamida, shu jumladan tartibga solish ta’sirini baholash orqali olish mumkin bo‘lmasa;
ushbu Qonun bilan taqiqlanmagan munosabatlarni yaxshilashga, yengillashtirishga, soddalashtirishga va samaradorlikni oshirishga qaratilgan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashabbus qilish qonunchilikka muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni tashabbus qilish huquqiga ega organlar (shaxslar) tomonidan amalga oshiriladi.
Huquqiy eksperiment tartibida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining hamda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatning loyihasini tayyorlashni tashabbus qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tegishli davlat organlariga huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasi to‘g‘risida takliflar kiritishga haqli.
21-modda. Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash va qabul qilish
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash jarayonida:
huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturi ishlab chiqiladi;
tartibga solish ta’siri baholashdan o‘tkaziladi va baholash natijalari to‘g‘risida hisobot tayyorlanadi;
huquqiy, korrupsiyaga qarshi va boshqa zarur ekspertiza o‘tkaziladi.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ushbu Qonunda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tayyorlanadi va qabul qilinadi.
22-modda. Huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturi
Huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
huquqiy eksperimentni o‘tkazishning maqsadi va vazifalari;
huquqiy eksperimentning muddati, hududi va (yoki) shaxslar doirasi va ularni tanlash asoslari. Bunda huquqiy eksperiment o‘tkaziladigan hududni tanlashda o‘tkaziladigan huquqiy eksperimentning samaradorligini tahlil qilish hamda natijada yuzaga kelgan yoki kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy oqibatlarni o‘rganish va baholash imkoniyati yuqori ekanligi inobatga olinadi;
huquqiy eksperimentni o‘tkazishning asosiy bosqichlari va uning muddatlari;
huquqiy eksperimentni o‘tkazish uchun zarur chora-tadbirlar, zarur bo‘lgan hollarda huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha vaqtinchalik nizomni ishlab chiqish muhimligi;
huquqiy eksperimentni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan resurslar, shu jumladan moliyalashtirish manbalari va ularning miqdori;
huquqiy eksperiment ishtirokchilari va ular bajarishi kerak bo‘lgan talablar;
mas’ul organlar va ularning vazifalari, shu jumladan moddiy-texnikaviy, moliyaviy hamda boshqa resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalari;
shaxsning mol-mulkiga, davlat mudofaasiga va (yoki) xavfsizligiga, qonun bilan himoya qilinadigan boshqa qadriyatlarga zarar yetkazilishi xavfini baholash hamda bunday xavflarni kamaytirish choralari;
huquqiy eksperiment vaqtida berilgan vakolatlar, huquqlar va imkoniyatlardan foydalanish tartibi;
huquqiy eksperimentning nazorat qilinishi, shu jumladan nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek nazorat funksiyalarini amalga oshirish, huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturining qoidalariga rioya etilishini tekshirishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi;
huquqiy eksperimentning samaradorligi va natijadorligini baholashga qo‘yiladigan talablar yoki mezonlar, shu jumladan baholashdan o‘tkaziladigan ko‘rsatkichlar;
eksperimental-huquqiy normalar hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solish o‘rtasidagi farqlar to‘g‘risida huquqiy eksperiment ishtirokchilarini xabardor qilish usullari;
huquqiy eksperiment jarayoni va uning natijalari, shu jumladan eksperimental-huquqiy normalar hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solish o‘rtasidagi farqlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘i, shu jumladan rasmiy manbalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilish usullari.
Huquqiy eksperiment o‘tkazish dasturida boshqa zarur ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan qonun hujjatlari bo‘yicha huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan qonunosti hujjatlari bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish dasturi tegishli vakolatli organning qarori bilan tasdiqlanadi.
23-modda. Huquqiy eksperimentni o‘tkazish
Huquqiy eksperiment muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oralig‘ida o‘tkaziladi.
Huquqiy eksperiment eksperimental-huquqiy normalar asosida huquqiy eksperimentning tartib-taomillarini joriy etish va ularning natijalarini baholash orqali amalga oshiriladi.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:
huquqiy eksperimentni o‘tkazishning maqsadi va vazifalari;
eksperimental-huquqiy normalarning barqaror amalga oshirilishini ta’minlovchi kafolatlar, shu jumladan huquqiy va moliyaviy kafolatlar;
huquqiy eksperimentning shaffofligini va uning natijalarining ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan ko‘rsatmalar hamda tavsiyalar;
huquqiy eksperimentning muddati, hududi va (yoki) shaxslar doirasi.
Mas’ul organ tegishli vakolatli organga huquqiy eksperimentni o‘tkazish va uning natijalarini baholash holati bo‘yicha har chorakda hisobotlar taqdim etadi.
24-modda. Huquqiy eksperimentning natijalarini baholash
Mas’ul organ huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturida belgilangan muddatlarda va tartibda huquqiy eksperiment jarayonlarini monitoring qilish orqali uning natijalarini baholab boradi.
Huquqiy eksperiment monitoringi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
eksperimental-huquqiy normaning u qo‘llanilgan sohaga nisbatan ta’sirini aniqlashni;
so‘rovlar yuborish, so‘rovnomalar o‘tkazish, fikr-mulohazalarni yig‘ish va huquqni qo‘llash amaliyotida sinovdan o‘tgan eksperimental-huquqiy normaning samaradorlilik darajasini boshqa usullar orqali aniqlashni;
eksperimental-huquqiy norma joriy etilganidan keyin qanday ijobiy va salbiy oqibatlarga olib kelishining tahlilini;
jismoniy va yuridik shaxslarning eksperimental-huquqiy norma yuzasidan davlat organlariga hamda tashkilotlariga murojaatlari tahlilini;
eksperimental-huquqiy normani qo‘llash amaliyoti yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yoki nazorat qiluvchi organlarning ushbu sohadagi nazorati tahlilini;
murojaatlar hamda qabul qilingan qarorlar davriyligini hisobga olgan holda sud amaliyoti va statistikasining tahlilini;
ommaviy axborot vositalaridagi va Internet jahon axborot tarmog‘idagi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarning tahlilini;
eksperimental-huquqiy normaning huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha statistika ma’lumotlarini to‘plashni va boshqalarni.
Huquqiy eksperimentning monitoringi va uning natijalarini baholash huquqiy eksperimentni o‘tkazish dasturida belgilangan nazorat qilish hamda natijalarni baholash bo‘yicha uslubiy vositalar orqali amalga oshiriladi.
Huquqiy eksperimentning monitoringi va uning natijalarini baholash huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobotda to‘liq ko‘rsatilishi shart.
25-modda. Huquqiy eksperimentning natijalarini joriy etish
Huquqiy eksperimentning natijalarini joriy etish huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki tegishli eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt bo‘yicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilish to‘g‘risida ijobiy xulosaga kelinganda amalga oshiriladi.
Vakolatli organ huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobot asosida huquqiy eksperiment natijalarini joriy etish haqida qaror qabul qiladi.
26-modda. Huquqiy eksperimentni o‘tkazishni to‘xtatib turish va tugatish
Huquqiy eksperiment quyidagi hollarda vakolatli organ tomonidan to‘xtatib turiladi:
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat doirasida ish olib borilmaganda;
huquqiy eksperimentni o‘tkazishda moliyaviy mablag‘larning maqsadsiz va samarasiz sarflanishi, shuningdek turli xil suiiste’molchilik hollari yuzaga kelganda.
Huquqiy eksperiment quyidagi hollarda vakolatli organ tomonidan tugatiladi:
huquqiy eksperiment bo‘yicha muddatidan oldin ijobiy natijaga erishilgan, degan xulosaga kelinganda;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida yoki qonunlarida belgilangan tartibda bekor qilinganda;
eksperimental-huquqiy normalarni qo‘llash oqibatida yuzaga kelgan xavf-xatarlarning oldini olish va ularni kamaytirish imkoni bo‘lmaganda.
4-bob. Huquqiy eksperiment yakunlarini rasmiylashtirish
27-modda. Huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobot
Huquqiy eksperiment yakunlanganidan keyin mas’ul organ tomonidan huquqiy eksperiment natijalari bo‘yicha huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt bo‘yicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilish to‘g‘risida yoki qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi haqida o‘ttiz ish kuni ichida huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlanadi.
Huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobotda quyidagilar ko‘rsatiladi:
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni qo‘llash amaliyoti, huquqiy eksperimentning ijobiy va salbiy oqibatlari, bunday hujjatning yoki eksperimental-huquqiy normalarning qo‘llanilishiga ta’sir o‘tkazgan ijtimoiy hamda boshqa omillar, huquqiy eksperiment o‘tkazilishi munosabati bilan qilingan xarajatlarning va olingan daromadlarning tahlili;
o‘tkazilgan huquqiy eksperimentning samaradorligi, foydaliligi va tejamkorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt bo‘yicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilish maqsadga muvofiqligining yoki qabul qilish maqsadga muvofiq emasligining asoslari;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat yoki eksperimental-huquqiy normalar ularning amal qilishini vaqt bo‘yicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilinganidan keyin yuzaga keladigan ijobiy va salbiy oqibatlarning, xarajatlar va daromadlarning huquqiy eksperiment jarayonida erishilgan natijalar haqidagi ma’lumotlar bilan asoslantirilgan prognozi.
Huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobot manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan kelishiladi.
Huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobot Huquqiy eksperimentning yagona reyestri, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘i, shu jumladan mas’ul organning rasmiy nashrlari va rasmiy veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka yetkazilishi shart.
Huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobot tegishliligiga qarab vakolatli organga kiritiladi.
28-modda. Huquqiy eksperiment natijasi yuzasidan qaror qabul qilish
Huquqiy eksperiment natijasi yuzasidan vakolatli organ huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha hisobot asosida quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt bo‘yicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt bo‘yicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida;
huquqiy eksperimentni o‘tkazish muddatini uzaytirish to‘g‘risida, bunda mazkur muddat ushbu Qonun 14-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan muddat doirasida uzaytirilishi mumkin;
huquqiy eksperiment natijalarini inobatga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish haqida;
huquqiy eksperiment natijalarini inobatga olgan holda normativ-huquqiy hujjatni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida.
29-modda. Huquqiy eksperiment doirasida berilgan imtiyozlarning va qabul qilingan ma’muriy hujjatlarning eksperiment yakunlariga ko‘ra amal qilishi
Huquqiy eksperiment doirasida jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan imtiyozlar hamda qabul qilingan ma’muriy hujjatlar, agar qonunchilik hujjatlarida ushbu imtiyozlar va ma’muriy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotishi nazarda tutilmagan bo‘lsa, huquqiy eksperimentning amal qilishi muddatida saqlanib qoladi.
Huquqiy eksperiment yakunlanganidan keyin huquqiy eksperiment doirasida berilgan imtiyozlarning va qabul qilingan ma’muriy hujjatlarning amal qilishi muddatini uzaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Huquqiy eksperiment natijalarini e’lon qilish
Huquqiy eksperiment natijalari Huquqiy eksperimentning yagona reyestrida, ommaviy axborot vositalarida, Internet jahon axborot tarmog‘ida, shu jumladan mas’ul organning rasmiy nashrlarida va rasmiy veb-saytlarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinishi kerak.
31-modda. Huquqiy eksperimentni moliyalashtirish manbalari
Huquqiy eksperimentni o‘tkazishni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
32-modda. Huquqiy eksperimentga doir qonunga xilof harakatlar va qarorlar ustidan shikoyat qilish
Jismoniy va yuridik shaxslar huquqiy eksperiment davomida o‘z huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda mas’ul organga yoki vakolatli organga yoxud bevosita sudga shikoyat qilishi mumkin.
Yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi bunday shikoyatni sudga berish huquqini istisno etmaydi.
33-modda. Huquqiy eksperiment to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Huquqiy eksperiment to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
34-modda. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish
O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 20-aprelda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-682-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 288-modda; 2022-yil, № 3, 213-modda, № 8, 788-modda, № 10, 983-modda; 2023-yil, № 8, 629-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 109-modda, № 9, 955-modda, № 10, 1075, 1076-moddalar; 2025-yil, № 4, 516-modda) 34-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Huquqiy eksperiment normativ-huquqiy hujjatning yoki huquqiy normaning samaradorligini amalda muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oralig‘ida sinovdan (tajribadan, aprobatsiyadan va shu kabilardan) o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar majmuidir.
Huquqiy eksperimentni tashkil etishga, o‘tkazishga, uning natijalarini baholashga va joriy etishga doir munosabatlar “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi”.
35-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
36-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
37-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 27-mart,
O‘RQ-1127-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1127/0280-son)