|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.12.2019
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SUGʻURTA FAOLIYATINI DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi 1060-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oldingi tahrirga qarang.
Sugʻurta sohasidagi munosabatlarning davlat tomonidan tartibga solinishi maqsadlarida va “Sugʻurta” faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga davlat sugʻurta nazorati funksiyasi yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 201-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 201-modda)
2. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 201-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida sugʻurta nazorati davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatuvchi sugʻurta tashkilotlari uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida qayta roʻyxatdan oʻtishlari shart;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining sugʻurta faoliyati masalalari boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida chiqarilgan normativ hujjatlari davlat boshqaruvi organlari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 19-fevraldagi 30-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2015-y., 7-son, 81-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 201-modda)
5. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi sugʻurta nazorati davlat inspeksiyasini joylashtirish uchun Toshkent shahar, Mustaqillik maydoni, 5-uydagi maʼmuriy binodan qoʻshimcha xizmat xonalari ajratsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 8-iyul,
286-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 201-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi sugʻurta nazorati davlat inspeksiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta nazorati davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Davlat inspeksiyasi deb ataladi) sugʻurta munosabatlari barcha qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududida sugʻurta tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organi hisoblanadi.
2. Davlat inspeksiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligini qarorlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Quyidagilar Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
bajarilishi majburiy boʻlgan toʻlov layoqati normalarini va ularni aniqlash tartibini, alohida tavakkalchiliklar boʻyicha sugʻurtalovchilarning majburiyatlari cheklangan yoʻl qoʻyiladigan miqdorini hisoblab chiqish metodikasini hamda majburiyatlarning jami miqdorini, sugʻurtalovchilarning toʻlovga layoqatliligi boʻyicha axborot berish tartibi va muddatlarini belgilash;
sugʻurta bozorining professional qatnashchilari tomonidan sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, toʻlovga layoqatlilikning belgilangan normativlarini va ularning moliyaviy barqarorligiga qoʻyiladigan boshqa talablarni taʼminlash;
sugʻurtalovchilar tomonidan sugʻurta zaxiralari mablagʻlari shakllantirilishi va joylashtirilishi boʻyicha hisobot yuritish tartibini, hisobotlar tuzishni belgilash;
sugʻurtalovchining ijro etuvchi organi rahbariga va bosh buxgalterga qoʻyiladigan bajarilishi majburiy boʻlgan malaka talablarini belgilash;
sugʻurtalovchilar tomonidan moliyaviy hisobot berilishi shakllari, tartibi va muddatlarini belgilash;
sugʻurtalovchilar tomonidan sugʻurta zaxiralari hosil qilish va joylashtirish tartibi va shartlarini belgilash;
sugʻurtalovchilar tomonidan sugʻurta hodisalari boshlanishining oldini olish va ogohlantirish boʻyicha tadbirlar mablagʻ bilan taʼminlanishi tartibi va shartlarini belgilash;
qonun hujjatlariga muvofiq sugʻurta bozori professional qatnashchilarining faoliyatini tekshirish va aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
Oldingi tahrirga qarang.
sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokyerlari litsenziyalarining amal qilishini koʻpi bilan oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish yoxud sugʻurtaning ayrim turlari (klasslari)ga nisbatan toʻliq toʻxtatish, huquqiy taʼsir koʻrsatish chorasi sifatida koʻrsatib oʻtilgan litsenziyalarning amal qilishini oʻn ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turish va toʻxtatish toʻgʻrisida sudga murojaat qilish;
(3-bandning oʻninchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
har bir moliyaviy yil tamom boʻlgandan keyin olti oy oʻtgach sugʻurta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish boʻyicha faoliyat toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni, shuningdek moliyaviy yil mobaynida sugʻurta bozorining faoliyati toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini eʼlon qilish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
4. Davlat inspeksiyasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
sugʻurtalovchilar tomonidan sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga rioya qilinishini va ularning hisobotlari ishonchliligini, shuningdek ular uchun belgilangan toʻlovga layoqatlilik koʻrsatkichlari va moliyaviy barqarorlikning boshqa talablari taʼminlanishini tekshirish;
sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokyerlarining sugʻurta faoliyatini litsenziyalash;
oʻz vakolatlari doirasida sugʻurtalovchilar ishini metodik taʼminlash;
sugʻurtaning majburiy turlari boʻyicha sugʻurta qilish qoidalari (shartlari) va sugʻurta tariflari belgilash boʻyicha takliflar tayyorlash;
Davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab sugʻurta munosabatlarining barcha qatnashchilari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini amalga oshirish boʻyicha normativ hujjatlar va metodik materiallarni ishlab chiqish;
sugʻurta faoliyati masalalari boʻyicha qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va ularni koʻrib chiqish uchun vazirlik rahbariyatiga kiritish;
sugʻurtalovchilar tugatilgan va qayta tashkil etilgan taqdirda sugʻurta qildiruvchilarning manfaatlarini himoya qilish;
respublikada sugʻurta faoliyati rivojlanishining holati va tendensiyalarini tahlil qilish;
sugʻurta faoliyati boʻyicha mutaxassislarni kasbga tayyorlash va ularni qayta tayyorlashga doir tadbirlarni amalga oshirish, sugʻurta faoliyati masalalari boʻyicha seminarlar va konferensiyalar tashkil etish;
ommaviy axborot vositalari orqali sugʻurta faoliyati masalalari boʻyicha axborot-tushuntirish ishlari olib borish;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha fuqarolarning takliflari va soʻrovlarini koʻrib chiqish;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish”.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
5. Davlat inspeksiyasi quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
sugʻurtalovchilardan sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida belgilangan hisobot va ularning moliyaviy ahvoli haqidagi axborotni, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, banklardan (kichik va oʻrta korxonalar, mikrofirmalar bundan mustasno), fuqarolardan oʻziga yuklangan funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan axborotni olish;
(5-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 15-maydagi 193-sonli qarori tahririda)
sugʻurtalovchilar tomonidan sugʻurta toʻgʻrisida qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida sugʻurtalovchilar faoliyatini tekshirish, zarurat boʻlsa buning uchun komissiyalar va ishchi guruhlar tashkil etish;
davlat ijro etuvchi organlardan oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborot va statistika hisobotini tekin olish.
6. Davlat inspeksiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan tayinlanadigan boshliq boshchilik qiladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 19-fevraldagi 30-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 7-son, 81-modda)
Davlat inspeksiyasi boshligʻi Davlat inspeksiyasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi va inspeksiya tomonidan oʻz funksiyalari amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi.
7. Sugʻurta nazoratini amalga oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etishning asosiy masalalari va Davlat inspeksiyasi faoliyatining boshqa masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hayʼati tomonidan koʻrib chiqiladi.
8. Davlat inspeksiyasi oʻz ishini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan rejaga muvofiq tashkil etadi.
9. Davlat inspeksiyasi xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 201-modda)