Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.11.2021
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT SANITARIYA NAZORATI SAMARADORLIGINI OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi 694-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Joylarda olib borilgan tekshirishlar Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar, korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari aholi yashash joylarining sanitariya holatiga zarur darajada e’tibor bermayotganligini ko‘rsatadi. Ko‘pgina shaharlar va tumanlarning hokimlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bu ishlardan chetda turibdilar. Sanitariya-epidemiologiya xizmatlari ularga “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi Qonun bilan berilgan vakolatlaridan to‘liq foydalanmayaptilar, ijro etuvchi-boshqaruv organlari rahbarlarini tegishli hududlarning sanitariya holati yomonligi uchun yetarli darajada javobgarlikka tortmayaptilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanitariya qonunlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida” 1998-yil 2-martdagi Farmonini bajarish uchun va respublikada davlat sanitariya nazoratining roli va samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
ehtiyotdan va joriy davlat sanitariya nazorati hamda kasalliklarning oldini olish faoliyatini tartibga soluvchi barcha sanitariya normalari va qoidalarini 1998-yil 1-maygacha belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin;
hududlarni sanitariya jihatidan muhofaza qilish va kasalliklarning oldini olish davlat tadbirlari tizimida sanitariya-epidemiologiya xizmati rolini kuchaytirish maqsadida uning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirishga oid takliflarni bir oy muddatda kiritsin;
ehtiyotdan va joriy davlat sanitariya nazoratini o‘tkazishda asbob-uskunalardan va tadqiqotlarning laboratoriya usullaridan foydalanishni 70 foizgacha yetkazsin;
ikki oy muddatda kasalliklarga qarshi kurashish tarmoqlararo dasturlari bajarilishini tahlil qilib chiqsin, ularga tuzatishlar kiritsin va manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ularning bajarilishini ta’minlasin;
kasalliklarning oldini olishda aholini yuqumli kasalliklardan himoya qiluvchi samaradorlikni saqlab qolgan holda eng kam xarajatli selektiv immunizatsiya qilishni va diagnostik tekshirishlarni keng qo‘llasin;
“EKOSAN”, “Mahalla” jamg‘armalari va o‘zini o‘zi boshqarish boshqa organlari bilan birgalikda atrof muhitning ahvoli, aholining sanitariya-gigiyena va ekologiya madaniyatini oshirish tadbirlari o‘tkazilishi uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirsin;
mazkur qarorning bajarilishi to‘g‘risida har bir yarim yillik yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zkommunxizmat” agentligi, boshqa vazirliklar va idoralar budjet prognozlarini shakllantirishda hududlarni sanitariya jihatidan muhofaza qilish, dori-darmonlar, diagnostika preparatlari, vaksinalar sotib olish va kasalliklarning oldini olish xarajatlarini eng ustuvor vazifalar sifatida ko‘rib chiqsinlar.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar, hokimliklari bilan birgalikda aholi zich joylashgan shaharlar va tumanlarda sanitariya militsiyasining ixtisoslashtirilgan bo‘linmalarini mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobiga belgilangan xodimlar soni doirasida tashkil etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda sanitariya militsiyasi nizomini, namunaviy tuzilmasini va uning shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda sanitariya militsiyasi bo‘linmalari va sanepidstansiyalarning hududlarni sanitariya jihatidan muhofaza qilish va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha o‘zaro hamkorligini ta’minlasin,
4. Sanitariya qonunlarini buzganlik uchun jazo jarimalaridan tushadigan mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, ommaviy kasalliklar to‘g‘risidagi rasmiy xabarlar faqat O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kiritiladi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 8-aprel,
147-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
8-apreldagi 147-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Sanitariya qonunlarini buzganlik uchun jazo jarimalaridan tushadigan mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanitariya qonunlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida” 1998-yil 2-martdagi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Barcha darajalardagi sanitariya-epidemiologiya xizmatlari bankda “Epidemiologiya jamg‘armasi” maxsus hisob varaqasini ochadilar, unda sanitariya qonunlari, sanitariya me’yorlari, qoidalari va gigiyena normativlarini, shuningdek karantinli va inson uchun xavfli boshqa infeksiyalarning paydo bo‘lishi va tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzganlik uchun jazo jarimalaridan tushadigan barcha mablag‘lar jamlanadi.
(ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)
Bosh davlat sanitariya vrachlari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan solingan jarimalardan hosil bo‘lgan maxsus hisob varaqasi mablag‘lari epidemiyaga qarshi va sanitariya-sog‘lomlashtirish tadbirlari kompleksini o‘tkazishga, shuningdek ehtiyot va joriy davlat sanitariya nazoratini sifatli amalga oshirayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
(uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)
Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tomonidan solingan jarimalarni undirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)
Undirilgan mablag‘lar umumiy summasining:
a) 85 foizi epidemiyaga qarshi va sanitariya-sog‘lomlashtirish tadbirlari komplekslarini o‘tkazishga, ya’ni:
vaqtinchalik infeksiya koykalarini kengaytirish va ta’minlab turishga;
epidemiyaga qarshi vaqtinchalik otryadlarni tashkil etish va ta’minlab turishga, shuningdek yuqumli kasalliklar o‘choqlarida vaqtinchalik ko‘chma hammom-izolatsiya qurilmalari va izolatsiya xonalarini tashkil etish va ta’minlab turishga;
vabo va boshqa o‘ta xavfli infeksiyalar o‘choqlarini tugatish bilan bog‘liq maxsus tadbirlar o‘tkazilishiga;
yuqumli kasalliklar bilan kasallanish oshganida yoki ularning tarqalishi xavfi tug‘ilganda ishlarning zarur hajmi doimiy ishlovchi tarmoqlar bilan ta’minlanishi mumkin bo‘lmagan hollarda rejadan tashqari epidemiyaga qarshi tadbirlarning o‘tkazilishiga;
vaksinalar, ozuqa muhiti, bakteriyali faglar, immunoglobulinlar, diagnostikumlar, zardoblar, dezinfeksiya vositalari, kimyoviy reaktivlar, tibbiy jihozlar va texnikalar, laboratoriya idishlari, laboratoriyalar uchun asboblar va priborlar xarid qilishga, priborlar va asboblarni ta’mirlashga, avtotransport vositalarini ta’mirlash va yonilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlashga, epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazilganda xizmat safari xarajatlarini to‘lashga;
(o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)
Sog‘liqni saqlash vazirligining qaroriga ko‘ra, davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tizimining rahbar kadrlari yangi ish joyiga o‘tkazilganda ularni xizmat uy-joylari bilan ta’minlashga yoki uning ijarasi uchun kompensatsiya to‘lovlariga;
(“a” kichik bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
Yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘larni tibbiyot muassasalarining doimiy ishlovchi tarmoqlarini ta’minlab turishga va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa har qanday maqsadlarga sarflash taqiqlanadi;
b) 15 foizi davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga, ya’ni:
(o‘n oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan belgilangan bayram kunlari munosabati bilan mukofotlashga;
moddiy yordam ko‘rsatishga;
ko‘p yillik benuqson mehnati uchun, pensiyaga chiqish munosabati bilan, shuningdek yubiley sanalari munosabati bilan bir yo‘la mukofotlar to‘lashga yo‘naltiriladi.
Mukofotlar miqdori xodimning umumiy ish natijasiga qo‘shgan shaxsiy hissasiga muvofiq belgilanadi. Mukofotlarning umumiy summasi bir yilda 3 oylik lavozim maoshidan oshmasligi kerak.
Moddiy rag‘batlantirish uchun nazarda tutilgan mablag‘ning ishlatilmay qolgan qismi epidemiyaga qarshi tadbirlarni o‘tkazishga yo‘naltiriladi.
Mukofotlar va bir marta beriladigan mukofotlar muassasa rahbarining buyrug‘i asosida beriladi.
Barcha darajalardagi davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari maxsus hisob varaqasiga pul mablag‘larining tushishi va ularning amalda sarflanishi to‘g‘risida belgilangan shaklda (ilova qilinadi) har chorakda hisobot tuzadilar va ularni hisobot choragidan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmasdan ular joylashgan joydagi tegishli tarmoq va moliya organlariga taqdim etadilar.
(yigirma uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)
Mablag‘lar to‘g‘ri va o‘z vaqtida undirilishi, “Epidemiologiya jamg‘armasi” maxsus hisob varaqasiga o‘tkazilishi va foydalanilishi ustidan nazorat qilish davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari rahbarlari va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining tegishli moliya bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(yigirma to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)
ILOVA
“Epidemiologiya jamg‘armasi” maxsus hisob varaqasida jamlanadigan mablag‘larning sarflanishi to‘g‘risida
Hisobot
(ilova nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 443-modda)

199___yil _____________________ uchun

(ming so‘m)

Ko‘rsatkichlar‎

Summa‎

Yil boshidagi qoldiq‎
Solingan jarimalar summasi‎
Jarima jazolaridan tushgan mablag‘‎
Amaldagi xarajatlar — hammasi‎
Ulardan:‎
1.Sanitariya-sog‘lomlashtirish va epidemiyaga
‎ qarshi tadbirlar kompleksini o‘tkazishga:‎
a) vaksinalar sotib olishga;‎
b) asbob-uskunalar sotib olishga;‎
v) va boshqalar‎
2.Moddiy rag‘batlantirishga‎
Hisobot davri oxiridagi qoldiq‎
shu jumladan moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha
‎foydalanilmagan mablag‘lar qoldig‘i‎
Rahbar‎
Bosh buxgalter‎
199___yil “___”__________________‎