|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.05.2021
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGINING
Qarori
Yangi tashkil etilgan mikrofirma va kichik korxonalarga yagona soliq toʻlovini toʻlash muddatini kechiktirish huquqini berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 2-iyulda 1502-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021-yil 1-apreldagi 20-sonli, Davlat soliq qoʻmitasining 2021-yil 31-martdagi 2021-17-sonli va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2021-yil 30-martdagi 31-sonli ““Yangi tashkil etilgan mikrofirma va kichik korxonalarga yagona soliq toʻlovini toʻlash muddatini kechiktirish huquqini berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1502-4, 04.05.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 20-iyundagi “Mikrofirmalar va kichik korxonalarni rivojlantirishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-3620-son Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 25-26-son, 177-modda) muvofiq qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan Yangi tashkil etilayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga yagona soliq toʻlovini toʻlash muddatini kechiktirish huquqini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Moliya vaziri S. RAHIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 2-avgust
70-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 2-avgust,
2005-46-son
Iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari U. ROZUQULOV
Toshkent sh.,
2005-yil 2-avgust,
61-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligining 2005-yil 2-avgustdagi 70, 2005-46, 61-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Yangi tashkil etilgan mikrofirma va kichik korxonalarga yagona soliq toʻlovini toʻlash muddatini kechiktirish huquqini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 52 (II)-son) muvofiq yangi tashkil etilgan mikrofirma va kichik korxonalarga (keyingi oʻrinlarda — korxona) yagona soliq toʻlovi toʻlashni kechiktirib berish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari;
lotoreyalar tashkil qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish doirasidagi yuridik shaxslar.
I. Umumiy qoidalar
1. Toʻlovni kechiktirish soliq taʼtillari tarzida beriladi va davlat roʻyxatidan oʻtgan paytdan eʼtiboran bir yilgacha boʻlgan muddatga yagona soliq toʻlovini toʻlash muddatini muayyan muddatga koʻchirishni anglatadi.
Yangidan tashkil etilgan korxonalarga belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan korxonalar kiradi, bundan oldin faoliyat yuritgan yuridik shaxslar bazasida tashkil etilgan korxonalar, ularning filiallari va tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek, boshqa korxonalar huzurida tashkil etilgan korxonalar, ular shu korxonalardan ijaraga olingan uskunalarda ishlayotgan taqdirda mustasno.
II. Toʻlovni kechiktirib berish tartibi
3. Yagona soliq toʻlovini toʻlash boʻyicha kechiktirishni olish uchun soliq toʻlovchi yagona soliq toʻlovini toʻlashning birinchi muddati yetib kelishidan kamida 15 kun oldin kechiktirmay yagona soliq toʻlovini toʻlash boʻyicha muddatni kechiktirish huquqini olish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 4-martdagi 23, 2013-8-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 2439, 2013-yil 22-mart) bilan tasdiqlangan shaklda ariza topshiradi.
Yagona soliq toʻlovini toʻlash boʻyicha muddatni kechiktirish huquqini olish toʻgʻrisidagi ariza (keyingi oʻrinlarda — ariza) soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga yozma yoki soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali, shu jumladan axborot tizimi orqali yuborilgan elektron shaklda beriladi.
4. Soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organi toʻlovni kechiktirish toʻgʻrisidagi arizani, ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida koʻrib chiqadi, soʻngra toʻlovni kechiktirish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror chiqarib, korxonaning berilgan arizasiga qabul qilingan qaror natijasining tegishli belgisini qoʻyadi.
5. Soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organining rad etish toʻgʻrisidagi qarori quyidagi hollarda qabul qilinishi mumkin:
ariza belgilanmagan shaklda taqdim etilgan boʻlsa;
ariza mazkur Nizomning 3-bandida belgilangan muddatdan kech topshirilsa;
korxona yagona soliq toʻlovining toʻlovchisi hisoblanmasa.
Yagona soliq toʻlovi toʻlashni kechiktirish boshqa sabablarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Korxona arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga qonun hujjatlariga muvofiq javobgar hisoblanadi.
6. Toʻlovni kechiktirish korxonaga korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan oyning 1-kunidan boshlab bir yilga beriladi.
Misol uchun, agar korxona davlat roʻyxatidan 15 yoki 25-yanvarda oʻtkazilgan boʻlsa, mazkur korxonaga toʻlovni kechiktirish joriy yilning 1-yanvaridan keyingi yilning 1-yanvarigacha boʻlgan davrga beriladi.
Korxonaning xohishiga koʻra toʻlovni kechiktirish bir yildan kamroq muddatga berilishi mumkin.
7. Korxona arizada koʻrsatilgan muddat tugashiga qadar toʻlovni kechiktirish keyinchalik qoʻllashdan ixtiyoriy rad etgan taqdirda yagona soliq toʻlovini toʻlash boʻyicha majburiyatlar belgilangan muddatlarda, rad etganlik toʻgʻrisidagi ariza berilgan oydan boshlab vujudga keladi.
8. Toʻlovni kechiktirish berilgan davrda korxonaning soliq toʻlash tartibi oʻzgargan vaqtda, korxona toʻlovni kechiktirish huquqidan oʻtgan paytidan boshlab mahrum boʻladi va unda qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha majburiyatlar vujudga keladi.
9. Toʻlovni kechiktirish yoki kechiktirilgan toʻlov summasini soʻndirish berilgan davrda korxona tugatilsa, kechiktirilgan toʻlov summasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda toʻlanadi.
III. Hisob-kitoblarni taqdim etish va kechiktirilgan toʻlov summasini soʻndirish tartibi
10. Toʻlovi kechiktirib berilgan korxona soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga belgilangan tartibda, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kuniga qadar yagona soliq toʻlovining hisob-kitobini taqdim etadi. Bunda korxona yagona soliq toʻlovi hisob-kitobining yuqoridagi oʻng burchagiga “Yagona soliq toʻlovini toʻlash boʻyicha kechiktirish” belgisini qoʻyadi.
11. Agar toʻlovni kechiktirib berish muddati chorak yakuniga qadar tugasa, ushbu davrlar uchun yagona soliq toʻlovining summasini aniqlash uchun korxona davlat soliq xizmati organlariga yagona soliq toʻlovi hisob-kitobining belgilangan shakli boʻyicha yagona soliq toʻlovi boʻyicha maʼlumotnoma-hisob-kitobni taqdim etadi.
Misol uchun, agar toʻlovni kechiktirib berish muddati 1-iyunda tugasa, korxona soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga aprel va may oylari uchun yagona soliq toʻlovining maʼlumotnoma-hisob-kitobini taqdim etadi, iyun oyi uchun yagona soliq toʻlovining hisob-kitobi 25-iyulga qadar taqdim etadi.
12. Kechiktirilgan toʻlov summasini soʻndirish 12 oy davomida toʻlovni kechiktirib berishning belgilangan muddati tugashidan soʻng boshlanadigan oyning 1-kunidan boshlab, keyingi yilning oʻsha oyi 1-kunigacha teng ulushlar bilan (toʻlanadigan yagona soliq toʻlovining hisoblab yozilgan yillik summasining kamida oʻn ikkidan bir qismi hisobida) amalga oshiriladi. Bunda kechiktirilgan toʻlovni toʻlash har bir oyning 25-kuniga qadar amalga oshiradi.
Kechiktirilgan toʻlov summasini soʻndirishning ushbu tartibi mazkur Nizomning 7 va 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda ham qoʻllaniladi.
13. Toʻlovchining xohishiga qarab qarz summasi muddatidan avval soʻndirilishi mumkin. Bunda, har oyda kechiktirilgan toʻlovni toʻlash yagona soliq toʻlovi hisoblangan yillik summasining oʻn ikkidan bir qismidan kam boʻlmasligi kerak.
14. Yagona soliq toʻlovining hisob-kitobi taqdim etilmagan yoki oʻz vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, shuningdek, kechiktirilgan toʻlov summasi oʻz vaqtida soʻndirilmaganda korxonaga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
IV. Korxonalarning buxgalteriya hisobida yagona soliq toʻlovi boʻyicha kechiktirilgan toʻlov summalarni aks ettirish
15. Korxonaning buxgalteriya hisobida toʻlovni kechiktirish bilan bogʻliq operatsiyalar quyidagicha aks ettiriladi:
a) hisoblangan yagona soliq toʻlovi summasiga:
debet 9820 “Foydadan hisoblangan boshqa soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha xarajatlar” scheti;
kredit 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” scheti;
b) hisoblangan yagona soliq toʻlovi summasini kechiktirilgan toʻlov summasiga koʻchirish:
debet 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” scheti;
kredit 6240 “Soliqlar va majburiy toʻlovlar boʻyicha kechiktirilgan majburiyatlar” scheti;
v) toʻlovni kechiktirish tugaganidan soʻng yagona soliq toʻlovining bir qismini toʻlash boʻyicha majburiyatlar boshlanganida:
debet 6240 “Soliqlar va majburiy toʻlovlar boʻyicha kechiktirilgan majburiyatlar” scheti;
kredit 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” scheti;
g) kechiktirilgan yagona soliq toʻlovining bir qismi toʻlanganda:
debet 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” scheti;
kredit pul mablagʻlarini hisobga oluvchi schet.
V. Yakuniy qoidalar
16. Korxona mazkur Nizom talablariga rioya etilishi boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq javobgar hisoblanadi.
17. Davlat soliq xizmati organlari kechiktirilgan toʻlov summasini oʻz vaqtida soʻndirish ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi qonuni va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligining 2010-yil 30-sentabrdagi 82-son, 2010-40-son va 101-son (roʻyxat raqami 1502-1, 2010-yil 15-noyabr), 2017-yil 4-apreldagi 27-son, 2014-14-son va 61-son (roʻyxat raqami 1502-2, 2014-yil 14-aprel), 2018-yil 16-martdagi 64, 2018-24, 9-son (roʻyxat raqami 1502-3, 2018-yil 4-aprel) qarori bilan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan.