1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.03.00 Arxiv fondi. Arxivlar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat xizmati. Arxiv ishi]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAhKAMASI HUZURIDAGI BOSh ARXIV BOShQARMASI BOShLIGʻIning
buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT ARXIVLARI OʻQUV XONALARIDA FOYDALANUVChILARNING IShLASh QOIDALARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 20-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1053]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktorining 2020-yil 18-dekabrdagi 254-sonli ““Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv xonalarida foydalanuvchilarning ishlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1053-3, 22.12.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Arxivlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Ilova qilinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv zallarida foydalanuvchilarning ishlash qoidalari tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan oʻn kundan keyin kuchga kiritilsin.
3. Buyruq kuchga kiritilgan kundan boshlab 1995-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv zallarida izlanuvchilarning ishlash qoidalari toʻgʻrisidagi loyihasi haqida” Oʻzbosharxiv kollegiyasi qarorini eʼlon qilgan Oʻzbosharxivning 1995-yil 30-iyundagi 11-son buyrugʻi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida 1995-yil 29-iyunda Oʻzbosharxiv kollegiyasi tomonidan maqullangan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv zallarida izlanuvchilarning ishlash qoidalari tadbiq etilmasin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish hujjatlarni ishlatish va nashr etish boʻlimi boshligʻi R.Z. Fayziyev zimmasiga yuklatilsin.
Boshqarma boshligʻi P.N. NIGMATOV
Toshkent sh.,
2001-yil 29-iyun,
11-son
“Oʻzbosharxiv” boshligʻining 29-iyun 2001-yildagi 11-son buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT ARXIVLARI OʻQUV ZALLARIDA FOYDALANUVChILARNING IShLASh
QOIDALARI
Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv zallarida foydalanuvchilarning ishlash qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi “Arxivlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi 1999-y., 5-son (1277), 277 — 285-betlar), “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son (1252-1253), 159 — 161-betlar) qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son “Arxiv ishi boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qarorlar toʻplami 1999-yil oktyabr, 171 — 200-betlar) muvofiq ishlab chiqilgan.
Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv zallari (kinozal, fono hujjat eshitish xonalari va h.k.)da foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibini belgilaydi.
Arxiv xodimlarining foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha ish tartibi, majburiyatlari, arxiv ishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlari bilan belgilanadi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Barcha foydalanuvchilar arxiv hujjatlarini kirib koʻrishda teng huquqli.
2. Oʻquv zallariga tashrif va arxiv hujjatlaridan foydalanish uchun haq olinmaydi.
3. Oʻquv zallari ish tartibi arxiv rahbariyati tomonidan oʻrnatiladi.
II. DAVLAT ARXIVLARI OʻQUV ZALLARIGA FOYDALANUVChILARNING KIRISh TARTIBI
4. Ilmiy tadqiqot muassasalarining rejalariga muvofiq ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan yoki xizmat vazifalarini bajarayotgan foydalanuvchilar oʻz tashkilotlari xatlarini taqdim etadilar.
5. Shaxsiy tashabbusi boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazadigan foydalanuvchilar shaxsiy arizalari orqali oʻquv xonalariga kirishlari mumkin.
6. Foydalanuvchilarning xatlarida yoki shaxsiy arizasida ismi, familiyasi, otasining ismi, lavozimi, maʼlumoti, ilmiy darajasi, unvoni, tadqiqot mavzusi hamda xronologik chegarasi, maqsadi koʻrsatilishi shart.
7. Foydalanuvchilarga oʻquv zallarida ishlash uchun ruxsatnoma arxiv rahbariyati tomonidan zarur boʻlgan muddatga, roʻyxatdan oʻtgan kundan boshlab 1 yil mobaynida foydalanish uchun beriladi. Agar muddatni uzaytirish zarur boʻlsa, mazkur masala arxiv rahbariyati bilan kelishilgan xolda amalga oshiriladi.
Foydalanuvchi tadqiqot mavzusini oʻzgartirgan holda tashkilot nomidan yangi xat yuboriladi, shaxsiy ariza bilan ishlayotgan tadqiqotchi yangi ariza taqdim etadi.
8. 16 yoshga toʻlmagan, sud tomonidan vakolatsiz deb topilgan shaxslarga hujjatlar bilan ishlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Barcha foydalanuvchilar ushbu Qoidalar bilan tanishib chiqadilar va savolnomani toʻldiradilar (Ilova).
10. Oʻquv zallariga kirish ruxsatnomasini rasmiylashtirish foydalanuvchilar tomonidan shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng amalga oshiriladi.
11. Davlat arxivi oʻquv zallariga xorijiy foydalanuvchilarni qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining yozma ruxsati bilan amalga oshiriladi:
a) ilmiy va madaniy almashinuvi toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tegishli davlat arxiv hujjatlariga qoʻyilishi darajasida;
b) Oʻzbekiston Respublikasi va chet ellik foydalanuvchi davlati oʻrtasidagi ikki tomonlama bitim mavjud boʻlmasa, foydalanuvchiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda hujjatlar bilan ishlashga ruxsat etiladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining yozma ruxsati Oʻzbekistondagi chet el elchixonasi, boshqa vakolatli organlari yoki foydalanuvchini rasmiy qabul qiluvchi tashkilot orqali rasmiylashtiriladi. Yozma ruxsatda foydalanuvchi istiqomat qiladigan mamlakat nomi, ismi, familiyasi, otasining ismi, maʼlumoti, ilmiy darajasi, tadqiqot mavzusi, xronologik chegaralari, maqsadi va qaysi arxivlarda ishlash mumkinligi koʻrsatilishi shart.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining chet el foydalanuvchisiga davlat arxivi hujjatlari bilan aniq ilmiy mavzu boʻyicha ishlash uchun yozma ruxsati olingandan soʻng, doimiy vakolatli organ yoki foydalanuvchini rasmiy qabul qiluvchi tashkilot tegishli davlat arxiviga rasmiy xat taqdim etadi.
14. Rasmiy xatda Tashqi ishlar vazirligining xorijiy foydalanuvchisiga Oʻzbekiston Respublikasining tegishli davlat arxivlarida ishlash uchun ruxsati koʻrsatilishi kerak (ruxsat hujjat raqami va sanasi), shuningdek foydalanuvchining ismi, familiyasi, otasining ismi, lavozimi, maʼlumoti, ilmiy darajasi, unvoni, ish joyi yoki oʻqish joyi, tadqiqot mavzusi, xronologik chegaralari, maqsadi, tadqiqot olib borish koʻzda tutilgan arxivlar nomi va hujjatlar koʻrsatilishi lozim.
III. FOYDALANUVChILARNING HUQUQ, MAJBURIYAT VA JAVOBGARLIKLARI
15. Foydalanuvchilarga arxivdagi mavjud maʼlumotnomalar (yoʻl koʻrsatkichlar, opislar, kataloglar, sharhlar va boshqalar) arxiv hujjatlari, shu jumladan kinohujjatlar, fotohujjatlar pozitiv nusxalari (pozitiv izlar koʻrinishida yoki fotokatalog kartochkalaridagi nazorat izlari), fonohujjatlar, hamda mikronushalar, audiovizual va mashina orqali oʻqiladigan hujjatlar, shu jumladan, elektron hujjatlar bilan ishlash uchun texnik jihozlar taqdim etiladi.
16. Davlat arxivlarning oʻquv zallarida ishlayotgan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
a) oʻquv zallarining ish tartibi, arxiv tomonidan taqdim etiladigan xizmatlar va ularni taqdim etish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
b) tadqiqot mavzusi boʻyicha mavjud hujjatlarning tarkibi va mazmuni, arxiv maʼlumotlari toʻgʻrisida arxiv mutaxassislaridan maslahatlar olish;
v) tadqiqot mavzusi boʻyicha hujjatlarni berish va nusxa koʻchirishga cheklovlar, shuningdek ularning amal qilish muddatlari toʻgʻrisida axborot olish, jumladan yozma ravishda;
foydalanuvchilar munozarali masalalarni hal qilish uchun arxiv rahbariyatiga yoki respublika arxiv tizimidagi yuqori turuvchi vakolatli davlat organlariga, shuningdek oʻrnatilgan tartibda sud organlariga murojaat etishlari mumkin;
g) arxiv bosma nashrlar saqlovxonalarining bosma nashrlaridan foydalanishga (ilmiy-maʼlumotnoma kutubxonalari, maʼlumotnoma va axborot fondlari);
d) tadqiqot mavzusi boʻyicha arxiv hujjatlaridan nusxa olishga buyurtma berish, ularga taqdim etiladigan yigʻmajildlar, hujjatlar, arxiv maʼlumotnomalaridan davlat arxivi xodimlari tomonidan majburiy tarzda koʻrib chiqiladigan koʻchirmalar olish;
e) arxiv rahbariyati yozma ruxsati bilan boshqa foydalanuvchilarning ishlashiga toʻsqinlik qilmasa oʻz texnik vositalaridan foydalanish (shaxsiy kompyuter, magnitofon, diktofon va boshqalar) yoki arxiv texnik vositalarini ijaraga olish;
yo) oʻquv zallariga arxiv xodimlari kelishuvi bilan bosma matnlarni olib kirish maʼlumotlarni olib kirish. Ularni oʻquv zaliga kiritish va olib chiqish ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
foydalanuvchining qoʻlyozmalari maʼlumotlari ruxsatnomasiz olib chiqiladi.
17. Foydalanuvchilarga tarjimonlar yoki yordamchilar hamroh boʻlishlari mumkin.
18. Foydalanuvchilar quyidagilarga majbur:
a) Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlarining oʻquv xonalarida foydalanuvchilarning qoidalariga amal qilish;
b) foydalanuvchi xar safar oʻquv zaliga tashrif buyurishni qayd etish jurnalida roʻyxatdan oʻtish;
v) koʻrib chiqilgan yigʻmajildlardan foydalanish varaqalarini foydalanish sanasi, familiya va initsiallarni (aniq koʻrinishda), foydalanish mohiyatini (nusxa olish, koʻchirma olish, koʻrib chiqish va x.z, foydalangan varaqlarning sanalari) koʻrsatgan holda toʻldirish;
g) foydalanuvchi oʻquv zaliga har bir tashrif oxirida unga taqdim etilgan roʻyxatlar (opislar), yigʻmajildlar (saqlov birliklari) hujjatlar, bosma nashrlarni oʻquv zali xodimiga topshirish;
d) mikrofotonusxalar, maxsus axborot tashuvchilaridagi hujjatlar bilan ishlashda texnik talablarga rioya qilish;
e) oʻquv zallari tartibiga rioya qilish;
yo) davlat arxivlarining oʻquv zallari qoidalarini buzgan foydalanuvchi arxivning oʻquv zalida ishlash huquqidan mahrum boʻlishi mumkin. Bu haqida qaror arxiv rahbariyati tomonidan qabul qilinadi.
j) arxiv hujjatlariga ziyon yetkazish va oʻgʻirlash, shuningdek arxivga moddiy zarar yetkazgan foydalanuvchilar mamlakatdagi amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
IV. ILMIY MAʼLUMOTNOMA APPARATI YIGʻMAJILDLAR, HUJJATLAR, MIKROFOTONUSXALAR , BOSMA NAShRLARNI TAQDIM ETISh TARTIBI
19. Arxiv hujjatlari, mikrofotonusxalar, bosma nashrlar foydalanuvchilarga buyurtmalar asosida taqdim etiladi.
20. Arxiv hujjatlari, bosma nashrlar va arxiv maʼlumotnomalari foydalanuvchilarga taqdim etilgan materiallarning har biriga buyurtma shaklida kelib tushgan holda beriladi. Buyurtma qilingan materiallarni qabul qilishda foydalanuvchi buyurtma shakliga imzo chekadi.
21. Bir vaqtning oʻzida foydalanuvchiga 5 dona opis, 25 yigʻmajildlarni (25 mikrofotokopiya byuksi) yoki saqlov birligidagi kino hujjatlar, audio hujjatlarni 3 soat vaqt mobaynida berilishi mumkin.
22. Buyurtma qilingan yigʻmajildlar, hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim etish muddatlari arxiv rahbariyati tomonidan oʻrnatiladi, lekin buyurtma kunidan boshlab 3 ish kunidan oshmasligi kerak.
23. Oʻquv zalida saqlanayotgan roʻyxatlar, maʼlumotnoma-axborot nashrlar, va boshqa bosma nashrlar foydalanuvchilarga buyurtma kuni taqdim etiladi.
24. Foydalanuvchilarga roʻyxatlar 5 kun muddatga taqdim etiladi, arxiv yigʻmajildlari va mikrofotokopiyalar 1 oy muddatga beriladi.
Alohida qimmatli hujjatlar foydalanuvchilarga 5 kungacha beriladi. Noyob hujjatlar 1 kunga beriladi.
Oʻquv zallarida arxiv hujjatlarini saqlash va ulardan foydalanish muddatini uzaytirish oʻquv zali xodimi bilan kelishiladi, alohida qimmatli hujjatlar arxiv rahbariyati bilan kelishiladi.
Yigʻmajildlarni qayta taqdim etish muddatlarini arxiv rahbariyati belgilaydi. Foydalanuvchi oʻquv zaliga kelmasa, takroriy berish qoidaga koʻra 3 oydan soʻng boʻladi.
25. Foydalanish fondi mavjud boʻlgan qogʻoz asosdagi asl hujjatlar oʻquv zallariga qoidaga koʻra taqdim etilmaydi.
Asl hujjatlar arxiv rahbariyati ruxsati bilan maxsus sharoitlarda berilishi mumkin (masalan, tashqi xususiyatini oʻrganish uchun, texnik uskunalar yetishmovchiligi, nusxalar sifatsiz boʻlsa va boshqalar). Kinofotofono hujjatlar foydalanuvchiga nusxa koʻrinishda taqdim etiladi.
26. Arxiv hujjatlarining saqlanishini va xavfsizligini taʼminlash maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:
a) oʻquv xonalariga portfellar, sport va xoʻjalik sumkalari, soyabon hamda yozuv axborotni yozuvchi, saqlovchi va yetkazib beruvchi elektron vositalari (mobil telefonlar, yozib oluvchi va yozib olmaydigan maʼlumot tashish vositalari);
b) chekish, oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish, ichimliklar maxsus joylarda boʻlishi kerak;
v) oʻquv xonalaridan hujjatlarni olib chiqib ketish, ularni boshqa shaxslarga berib yuborish, yigʻmajild varaqlarini boshqalariga qoʻshib yuborish, arxiv hujjatlarining ustidagi qogʻoz varaqlariga yozish, qogʻoz chetini buklash, begona buyumlarni hujjat orasiga qoʻyish, hujjatlardan nusxa koʻchirish, uzoq vaqt hujjatlarni ochiq holda quyosh va elektr nurlaridan himoyasiz qoldirish, arxiv hujjatlariga va ularni tashuvchi axborot vositalarining butunligiga salbiy taʼsir koʻrsatish;
g) hujjatlar bilan ishlashda kley, skotch, yozuv mashinasi uchun shtrixdan foydalanish, nusxa olish qogʻozidan, markerdan, siyohli ruchka, qaychi va boshqa kesuvchi vositalardan foydalanish;
d) arxiv hujjatlari maʼlumotlariga oʻzgartirishlar kiritish, belgilar qoʻyish,toʻgʻrilash, chizish.
27. Foydalanuvchilar roʻyxatlar va yigʻmajildlarni (saqlov birligida) hujjatlar va boshqa materiallar holati va saqlanishini oʻquv zali xodimi oldida tekshirib qabul qilib oladi.
Foydalanuvchilar hujjatning biror bir kamchiligini, qogʻozlar yetishmovchiligini, tartib raqami notoʻgʻri ekanligini aniqlasalar oʻquv zali xodimiga murojaat qilishlari lozim.
28. Yigʻmajildlarni (hujjatlarni) taqdim etishni asosli kechiktirish yoki rad etishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
a) ularning qoniqarsiz jismoniy holati;
b) respublika qonunchiligiga muvofiq yoki fond tashkil qiluvchi tomonidan hujjatlarni doimiy saqlov uchun topshirilayotganda, hujjatlardan foydalanish boʻyicha cheklov oʻrnatilganda;
v) xizmat topshiriqlarini bajarish zarurati (maʼlumotnoma ishlari, fondlarni mavzuli ishlab chiqish, qayta tiklash (restavratsiya) axborot materiallarini tayyorlash, ilmiy va texnik ishlov berilganda (obrabotka) va h.k.);
g) hujjatlarni boshqa tashkilotlarga vaqtinchalik foydalanish uchun taqdim etilganda;
d) hujjatlarni boshqa foydalanuvchiga taqdim etilganda;
e) buyurtma qilingan yigʻmajild yoki hujjatlarni koʻrgazmada namoyish etilganda.
29. Ilmiy va texnik ishlov berilmagan yigʻmajildlar (hujjatlar) oʻquv zaliga berilmaydi.
* keyingi oʻrinlarda — oʻquv zallari
** Keyingi oʻrinlarda — arxiv, arxivlar
Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv zallarida foydalanuvchilarning ishlash qoidalariga ILOVA
DAVLAT ARXIVINING NOMI FOYDALANUVChI MAʼLUMOTNOMASI