Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari haqida
Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish mexanizmini samarali tashkil etish toʻgʻrisida” 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish mexanizmini samarali tashkil etish toʻgʻrisida” 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-son Farmonida:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini boshqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarini turli tavakkalchiliklardan himoya qilish va zararning oʻrnini qoplash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtalovchisi sifatida Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilishi;
Jamgʻarma sugʻurtalovchi vazifasini ushbu Qonunda belgilangan tartibda litsenziyasiz amalga oshirishi, bunda ushbu qoida Jamgʻarmani sugʻurta (qayta sugʻurta) faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlarini bajarishdan ozod etmasligi;
Jamgʻarma notijorat tashkiloti boʻlib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga asosan faoliyat koʻrsatishi;
Jamgʻarmaning yuqori boshqaruv organi Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi hisoblanib, uning faoliyatiga umumiy rahbarlik qilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Mustaqil ekspertlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Sugʻurta qilish bosqichma-bosqich joriy etiladigan qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlari va mahsulotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yoʻqotilishi (nobud boʻlishi) xavflari boʻyicha sugʻurta qilish bosqichlari 4-ilovaga muvofiq;
“Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimiga integratsiya qilinadigan axborot tizimlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasining boshqaruv kengashi tarkibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi direksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 09/26/206/0425-son)
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Jamgʻarma tomonidan sugʻurtalangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda:
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi ekinlarining kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda hosilni saqlab qolishni taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni koʻrib borsin;
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan maqsadli foydalanish hamda oʻz vaqtida sifatli ekish va parvarishlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan doimiy nazorat hamda monitoring ishlarini olib borsin;
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan birgalikda veterinariya sohasi hamda chorvachilikning barcha tarmoqlarini, shu jumladan, qoramolchilik, qoʻychilik, qorakoʻlchilik, echkichilik, yilqichilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilik yoʻnalishlarida hayvonlarni yuqumli kasalliklardan himoya qilish choralarini koʻrib borsin;
Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayonlarini sunʼiy yoʻldosh va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) yordamida kosmik monitoring qilib borsin.
4. Belgilansinki, ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan tadbirlar natijasi boʻyicha yigʻilgan maʼlumotlar va tahliliy materiallar tegishli tadbirlar amalga oshirilgandan keyin oʻn kunlik muddatda “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimiga tadbirni oʻtkazgan vakolatli organlar tomonidan majburiy tartibda kiritib boriladi.
5. Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Jamgʻarmaga sugʻurtalangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini monitoring qilish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni bepul taqdim etib borsin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimi bilan ushbu qarorga 5-ilovaga muvofiq axborot tizimlarini integratsiya qilish choralarini koʻrsin;
bir hafta muddatda “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJda “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimini ishlab chiqish va uning uzluksiz ishlashini taʼminlashga masʼul boʻlgan tuzilmani tashkil qilsin hamda ushbu tuzilma faoliyatini muvofiqlashtirish Jamgʻarmaga yuklatilishini taʼminlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar ishtirokida joylarda qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi tizimi va uning afzalliklari boʻyicha oʻquv-seminarlari tashkil qilsin;
har oyda oʻzining rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlarda qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi tizimi boʻyicha videoroliklarni joylashtirib borsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-dekabr,
772-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-dekabrdagi 772-son qaroriga
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari, Jamgʻarma faoliyatini boshqarish, mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish, shuningdek, faoliyatiga oid toʻlovlarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
vakolatli davlat organi — sugʻurta faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli davlat organi;
Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi — Jamgʻarma faoliyatiga umumiy rahbarlik qiluvchi yuqori boshqaruv organi;
muvofiqlashtiruvchi davlat organi — qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilishni muvofiqlashtiruvchi davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
“Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimi — qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini elektron tarzda rasmiylashtirish, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasining ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish va koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari ustidan nazorat qilish imkoniyatini taʼminlovchi axborot tizimi;
Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Yagona tizim) — manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari hamda markaziy maʼlumotlar bazalari, jismoniy va yuridik shaxslar markaziy maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan sugʻurta bozori maʼlumotlarini hisobga olish va isteʼmolchilarga elektron sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish imkoniyatini taʼminlovchi yagona tizim;
23210 — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan tartibda hamda imtiyozli shartlar asosida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti yoki tegishli jamgʻarmalar tomonidan tijorat banklariga joylashtirilgan resurslar hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar boʻyicha hisobvaraq.
3. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Jamgʻarma notijorat tashkiloti hisoblanadi, mustaqil balansga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan dumaloq muhrga, shtamplarga va blankalarga ega boʻladi.
Jamgʻarma moliyaviy yordam berish va xayriya faoliyati bilan shugʻullanishi, shuningdek, yuridik shaxslarning muassisi (qatnashchisi) boʻlishi hamda sugʻurta tashkilotlarining ustav kapitalida (fondida) ishtirok etishi mumkin emas.
5. Jamgʻarmaning nomi:
davlat tilida:
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi;
ingliz tilida:
Agricultural insurance fund;
rus tilida:
Fond selskoxozyaystvennogo straxovaniya.
6. Jamgʻarma oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻzining barcha mol-mulki bilan javob beradi.
Bunda Jamgʻarmaning oʻz mablagʻlari va qayta sugʻurta qilishdan olinadigan mablagʻlar zimmasiga olingan majburiyatlarni qoplash uchun yetarli boʻlmasa, majburiyatlarning qoplanmagan qismi Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
2-bob. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
sugʻurta sohasiga oid qonunchilik hujjatlariga muvofiq qishloq xoʻjaligini sugʻurta qilishni tashkil etish va boshqarish;
sugʻurta hodisasi yuz berganda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga yetkazilgan zararning qiymati qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi doirasida toʻlanishini taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini amalga oshirish chogʻida olingan axborotning maxfiyligini taʼminlagan holda Jamgʻarma, muvofiqlashtiruvchi davlat organi, vositachilar hamda vakolatli davlat organi oʻrtasida axborot almashinuvlarini tashkil etish.
8. Jamgʻarma oʻziga yuklangan asosiy vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Jamgʻarmaning zimmasiga yuklangan asosiy vazifalarni amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq uning faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofotlari mablagʻlarini jamlaydi, sugʻurta zaxiralarini qonunchilik hujjatlarida belgilanadigan tartibda va shartlarda shakllantiradi hamda joylashtiradi;
sugʻurta hodisasi yuz berganda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga yetkazilgan zarar summasini ushbu Nizomda va sugʻurta shartnomasida belgilangan tartibda toʻlaydi;
muvofiqlashtiruvchi davlat organi bilan kelishuvga koʻra qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining turlari boʻyicha sugʻurta qonunchiligiga muvofiq qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining namunaviy shartnomasi va namunaviy polisini ishlab chiqadi hamda tasdiqlash uchun Jamgʻarmaning boshqaruv kengashiga taqdim etadi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining turlaridan, tavakkalchiliklaridan va hududlarning sharoitlaridan kelib chiqqan holda, aktuar hisoblarga asosan sugʻurta tarifi stavkasini aniqlashga doir tadqiqotlar oʻtkazadi, tadqiqotlar natijalarini muvofiqlashtiruvchi davlat organi bilan kelishuvga koʻra Jamgʻarmaning boshqaruv kengashiga taqdim etadi;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xizmat haqi toʻlanishini taʼminlaydi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari hamda vositachilar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sugʻurtasiga oid axborotlar almashinuvi taʼminlanishini muvofiqlashtiradi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha statistikani shakllantiradi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan sugʻurta siriga doir talablarga rioya etgan holda, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi ishtirokchilari hamda vakolatli davlat organi bilan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha axborot almashinuvini amalga oshiradi;
Jamgʻarma mablagʻlarining tushumlari va xarajatlari boʻyicha yillik hamda choraklik prognozlarni shakllantiradi;
qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklari sugʻurtasi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqadi, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganadi va ularni muvofiqlashtiruvchi davlat organiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari hamda Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlaydi.
Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalarga va qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
3-bob. Jamgʻarmaning huquqlari va majburiyatlari
9. Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomalarini tuzish;
oʻz majburiyatlarini belgilangan tartibda qayta sugʻurta qilish, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida qayta sugʻurta qilish;
qaytarilish, likvidlik, diversifikatsiya va foydalilik prinsiplariga asosan mablagʻlarni bank depozitlariga joylashtirish;
vositachilar, sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari hamda sugʻurta bozorining boshqa professional ishtirokchilari bilan tegishli shartnomalar tuzish;
zarurat boʻlganda Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi qarori asosida oʻzining alohida boʻlinmalarini tashkil etish;
sugʻurta mukofotlarini va sugʻurta hodisasi yuz bergani natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun (oʻz mablagʻlari yetmaganda) subsidiyalar olish;
qonunchilik hujjatlarida va (yoki) sugʻurta shartnomasida belgilangan hollarda hamda tartibda sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish, sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish;
sugʻurta hodisasi yuz berishining sabablari va holatlarini, shuningdek, sugʻurta tovoni miqdorini belgilash uchun zarur boʻladigan axborotni va hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlardan, sudlardan, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlaridan hamda boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta obyektini oʻrganish, monitoring qilish, aniqlangan zarar miqdorini qoʻshimcha ravishda oʻrganish;
sugʻurta obyektini oʻrganish uchun sugʻurta qildiruvchidan zarur axborotni soʻrash va olish;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xorijiy va mahalliy ekspertlarni hamda maslahatchilarni shartnoma asosida jalb qilish;
Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi qarori asosida autsorsing xizmatlari orqali sugʻurta obyektini monitoring qilish.
Jamgʻarma qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
10. Jamgʻarma:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari tomonidan sugʻurta mukofotlari toʻlangan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta javobgarligini zimmasiga olishi;
qabul qilingan majburiyatlarni Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi qarori asosida qayta sugʻurta qilishi;
mustaqil ekspertlarni jalb etishi va sugʻurta hodisasi yuz bergani natijasida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash boʻyicha choralar koʻrishi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga zararning oʻrni oʻz vaqtida qoplanishi boʻyicha choralar koʻrishi;
sugʻurta hodisasi yuz bergan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida yoki sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda barcha zarur hisob-kitoblarni va sugʻurta tovoni toʻlovlarini amalga oshirishi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini amalga oshirish chogʻida qonunchilik hujjatlariga muvofiq olingan axborotning maxfiyligini taʼminlashi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan axborotni vakolatli davlat organi va muvofiqlashtiruvchi davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurta zaxiralarini shakllantirish hamda joylashtirish shartlariga va toʻlov qobiliyatini aniqlash tartibiga amal qilishi;
har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi;
aktuar xulosasini va hisobotini bir yilda kamida bir marta aktuar tashkilotlarni jalb etgan holda olishi;
buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy, statistika, soliq hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzishi;
Jamgʻarmaga kelib tushadigan mablagʻlardan samarali va maqsadli foydalanilishini taʼminlashi;
oʻzi vakolat bergan vositachilarning reyestrini yuritishi;
Jamgʻarma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, bu haqda vakolatli davlat organi va sugʻurta qildiruvchilarni (qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarini) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xabardor qilishi;
vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan shaklda, tartibda va muddatlarda yillik moliyaviy hisobotni eʼlon qilishi;
Jamgʻarma toʻlov qobiliyati normativlari hisob-kitobini va aktivlarni joylashtirishga oid, shuningdek, qayta sugʻurta operatsiyalariga oid talablarga rioya qilingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda vakolatli davlat organiga taqdim etishi;
sugʻurta qildiruvchilar (qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar) va boshqalarning shikoyatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish hamda hal qilish choralarini koʻrishi;
sugʻurta (qayta sugʻurta) faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlariga qatʼiy rioya qilishi (kalendar badal toʻlash majburiyati bundan mustasno) shart.
Jamgʻarmaning zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
11. Jamgʻarmaning ustav kapitali qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchilarning umumiy sugʻurta sohasidagi ixtiyoriy sugʻurta faoliyati uchun belgilangan eng kam miqdoriga teng miqdorda shakllantiriladi.
12. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomalari boʻyicha kelib tushadigan sugʻurta mukofotlari;
sugʻurta mukofotlarining bir qismi uchun davlat tomonidan toʻlanadigan budjet subsidiyasi;
toʻlangan va toʻlanishi lozim boʻlgan zararning oʻrnini qoplash uchun qayta sugʻurta tashkilotlaridan kelib tushadigan mablagʻlar;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomalari boʻyicha sugʻurta hodisasi yuz berganda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga sugʻurta tovonlarini toʻlash;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga xizmat haqini toʻlash;
Jamgʻarma direksiyasining faoliyatini taʼminlash, shu jumladan, xodimlariga ish haqini toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va mukofotlar toʻlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
axborot tizimini ishlab chiqish hamda ushbu tizim ishlashi uchun zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish;
qayta sugʻurta qilish xarajatlarining oʻrnini qoplash;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasiga xorijiy mutaxassislarni va maslahatchilarni jalb etish, shuningdek, Jamgʻarma xodimlarini kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish.
14. Jamgʻarma direksiyasi taʼminoti Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi asosida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
15. Jamgʻarma mablagʻlarini bank depozitlariga joylashtirishni tanlovlar natijasidan kelib chiqqan holda Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi qarori asosida amalga oshiradi.
16. Homiylik va grant mablagʻlari Jamgʻarma faoliyatiga muvofiq boʻlgan maqsadlarga sarflanadi.
5-bob. Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish
17. Jamgʻarma faoliyatini sugʻurta qonunchiligi, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi uni amalga oshirishning umumiy shartlari va tartibini belgilovchi qishloq xoʻjaligi sugʻurta shartnomasiga hamda qoidalariga asosan amalga oshiradi.
18. Jamgʻarma sugʻurtalovchi vazifasini sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) va sugʻurta brokerlarining sugʻurta faoliyati uchun litsenziyasiz amalga oshiradi.
Bunda mazkur qoida Jamgʻarmani sugʻurta (qayta sugʻurta) faoliyatini amalga oshirishda sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) va sugʻurta brokerlarining sugʻurta faoliyati uchun litsenziya talablari va shartlarini bajarishdan ozod etmaydi.
19. Jamgʻarma sugʻurtalovchi vazifasini bajarishda sugʻurtalovchilar (qayta sugʻurtalovchilar) uchun belgilangan prudensial normativlarga rioya etishi lozim.
20. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalari Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya qilgan holda Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi tomonidan qabul qilinadi hamda tasdiqlanadi.
21. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining turlari boʻyicha qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining namunaviy shartnomasi va namunaviy polisi, shuningdek, sugʻurta mukofoti stavkasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
22. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar kadrlarining amaldagi zaxirasiga kiritilgan xodimlari Jamgʻarmaga ishga qabul qilingan taqdirda, ushbu xodimlarda kadrlarning amaldagi zaxirasiga kiritilguniga qadar ishlagan lavozimidagi barcha ustamalar, qoʻshimcha haqlar hamda ijtimoiy himoya qilish choralari saqlab qolinadi va amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda ularga Jamgʻarma xodimlari uchun belgilangan ish haqi toʻlovlarini toʻlash shartlari tatbiq etiladi va ushbu toʻlovlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
6-bob. Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi
23. Jamgʻarma faoliyati Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tomonidan boshqariladi.
24. Kengash Jamgʻarmaning yuqori boshqaruv organi boʻlib, uning faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.
25. Kengash tarkibi yetti nafar aʼzodan iborat boʻlib, unga Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining hamda iqtisodiyot va moliya vazirining bir nafardan oʻrinbosari va ushbu vazirliklardan bir nafardan masʼul vakil, Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasidan, Oʻzbekiston fermerlari kengashidan va Jamgʻarmadan bir nafardan vakil kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Kengash raisi hisoblanadi.
26. Kengash aʼzolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga tayinlanadi va vakolatlari muddati tugagandan keyin ular yangi muddatga qayta tayinlanishi mumkin.
27. Kengash:
Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
Jamgʻarmaning zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha uning faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining namunaviy shartnomasi va namunaviy polisini, shuningdek, aktuar hisoblarga asosan sugʻurta mukofoti stavkasini tasdiqlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
(27-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 09/26/206/0425-son)
Jamgʻarmaning joriy faoliyatiga oid xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga toʻlanadigan xizmat haqi miqdorlarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi organini shakllantiradi va uning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
auditorlik tashkilotini belgilaydi, audit natijalarini koʻrib chiqadi va ushbu tekshirishlar natijalari boʻyicha choralar koʻradi;
Jamgʻarmaning joriy faoliyati yuzasidan ushbu Nizomda belgilangan tartibda uning zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi holati toʻgʻrisida har choraklik va ichki audit natijalari haqidagi hisobotlarni eshitadi;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi hisobotlarini, shuningdek, oʻz vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qiladi.
Kengash qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
28. Kengash aʼzosining vakolati quyidagi hollarda muddatidan oldin tugatilishi mumkin:
Kengash aʼzosi aʼzolikdan chiqish toʻgʻrisida yozma ariza taqdim etganda;
sogʻligiga koʻra oʻz vazifalarini bir yildan ortiq muddatda bajara olmaganda;
ketma-ket toʻrt marotaba uzrli sabablarsiz Kengash yigʻilishlarida ishtirok etmaganda;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganda;
Kengash aʼzosiga nisbatan sudning ayblov hukmi yoki tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;
nomzodni koʻrsatgan tashkilotda tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda.
29. Kengash aʼzolarini almashtirish zarur boʻlgan taqdirda, ularning oʻrniga tayinlangan aʼzolar qolgan muddatning yakuniga qadar hamda yangi tarkib keyingi muddatga tayinlangunga qadar faoliyatni amalga oshiradi.
Muvofiqlashtiruvchi davlat organining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Kengash aʼzolari yangi muddatga tayinlanadi va ularning vakolatlari muddatidan oldin tugatiladi.
30. Kengash majlisi har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Zarur hollarda Kengash raisining yoki kamida toʻrt nafar Kengash aʼzosining talabiga (taklifiga) koʻra qoʻshimcha majlislar oʻtkazilishi mumkin.
Kengash majlisi, agar unda aʼzolarining kamida besh nafari ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Kengash qarori Kengash majlisida ishtirok etganlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
31. Kengash aʼzolariga (Jamgʻarma direksiyasi direktoridan tashqari) ular oʻz majburiyatlarini bajarib turgan davr uchun har chorak yakunida Jamgʻarma faoliyati natijalaridan kelib chiqqan holda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn baravarigacha boʻlgan miqdorda haq toʻlanadi.
32. Kengash aʼzolari oʻz huquq va majburiyatlarini amalga oshirishda Jamgʻarmaning qonuniy manfaatlarini koʻzlab ish tutishi kerak hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
7-bob. Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi
33. Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi uning direksiyasidir.
Jamgʻarma direksiyasi Jamgʻarmaning joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi va uning faoliyati uchun javobgar boʻladi.
Jamgʻarma direksiyasiga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Kengash tomonidan tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi va u Kengash aʼzosi hisoblanadi.
Direksiya direktori Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Kengash tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosarga, shu jumladan, birinchi oʻrinbosarga ega boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Direksiyaga 3 ta xizmat yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratiladi.
Direksiya direktori, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasida tibbiy xizmatdan foydalanishga va tizimdagi kontingentga qoʻshilishga ruxsat etiladi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli qaroriga asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 09/26/206/0425-son)
34. Jamgʻarma direksiyasi oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda qonun ustuvorligiga, shaffoflik, xolislik, toʻgʻrilik va halollik tamoyillariga amal qiladi.
35. Jamgʻarma direksiyasi:
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta faoliyati va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek, shaxsga doir maʼlumotlarni saqlash va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlaydi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarini qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi toʻgʻrisida xabardor qiladi, jamoatchilik bilan aloqalar oʻrnatadi va reklama kampaniyalarini oʻtkazish choralarini koʻradi;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga xizmat haqini toʻlaydi;
Jamgʻarma uchun Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻini ochadi va yuritadi, belgilangan tartibda ushbu hisobvaraq boʻyicha tegishli operatsiyalarni amalga oshiradi;
har chorakda Jamgʻarmaning joriy faoliyati toʻgʻrisida hamda ushbu Nizomda zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan Kengashga hisobot beradi;
Jamgʻarmaning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan Kengashga takliflar kiritadi;
har yili Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari prognozini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Kengashga kiritadi.
Jamgʻarma direksiyasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
36. Jamgʻarma direksiyasi xodimlarining ish haqi — lavozim maoshi, ragʻbatlantirish, mukofot, qoʻshimcha toʻlov va ustamalardan iborat.
8-bob. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi tariflarini belgilash
37. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta tariflarini aktuar hisob-kitoblar asosida hisoblashda zarur boʻlgan maʼlumotlarni shakllantirish uchun “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimi tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilinadi hamda Jamgʻarmaning soʻroviga koʻra tegishli axborot egalari tomonidan maʼlumotlar taqdim etiladi.
38. Jamlangan maʼlumotlar yetarli boʻlmagan hollarda Jamgʻarma qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining turlaridan, tavakkalchiliklardan va hududlarning sharoitlaridan kelib chiqqan holda, sugʻurta tarifi stavkasini aniqlashga doir tadqiqotlar oʻtkazadi hamda statistik maʼlumotlar bazasini shakllantiradi.
39. Muvofiqlashtiruvchi davlat organi “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari boʻlgan subyektlar va ularga tegishli boʻlgan ekin maydonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantiradi hamda doimiy yangilab boradi.
40. Jamgʻarma qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarining hududlar, tabiiy va iqlim sharoiti, mavjud xatarlar hamda ekin va chorva turlari hamda zararlar darajasidan kelib chiqib, sugʻurta tariflarini aktuar hisob-kitoblar asosida har yili kamida bir marta ishlab chiqadi va Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
9-bob. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzish, muddatidan oldin bekor qilish va sugʻurta polisini rasmiylashtirish
41. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimi orqali elektron shaklda tuziladi, boshqacha usulda tuzilgan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
42. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzish istagida boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtadi va vositachi yoki vositachi mavjud boʻlmagan taqdirda, toʻgʻridan-toʻgʻri Jamgʻarma bilan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzadi.
43. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi tuzilayotganda qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari oʻziga maʼlum boʻlgan, sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimolini va uning yuz berishi tufayli kutiladigan zarar miqdori (sugʻurta xavfi)ni aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni Jamgʻarmaga xabar qiladi.
44. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta xavfi darajasi yuqori boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarining sugʻurta qilinayotgan obyekti Jamgʻarma tomonidan mustaqil ekspertni jalb qilgan holda monitoring qilinadi.
Bunda sugʻurta xavfi darajasini aniqlash va belgilash mezonlari Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
45. Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqarishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan bir yoki bir necha tavakkalchiliklar boʻyicha qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomalarini tuzadi.
46. Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari Jamgʻarmaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi shartlari toʻgʻrisidagi ofertani (qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzish haqidagi taklifni) qabul qilgan va sugʻurta mukofotining belgilangan qismini toʻlash orqali oʻz roziligini bergan boʻlsa, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi.
47. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi tuzilgandan soʻng Jamgʻarma (mustaqil ekspertni jalb qilgan holda), zaruratga koʻra sugʻurta obyektida agrotexnik tadbirlar oʻtkazilishini joyiga chiqqan holda monitoring qiladi.
48. Koʻzdan kechirish (monitoring) davomida sugʻurta shartnomasida qayd etilgan sugʻurta obyekti mavjud boʻlmaganda, sugʻurta shartnomasi bekor qilinadi hamda toʻlangan sugʻurta mukofoti qaytarilmaydi.
49. Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta mukofotining 50 foizini Jamgʻarmaga toʻlaydi.
50. Sugʻurta mukofotining qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan qismi qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida belgilangan muddatda toʻlanganda, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha Jamgʻarma sugʻurta javobgarligini zimmasiga oladi.
51. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, sugʻurta mukofotlarining bir qismini qoplash uchun budjet subsidiyalari ajratiladi. Sugʻurta mukofotining qolgan 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan Jamgʻarmaga toʻlab beriladi.
52. “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimi orqali tuzilgan sugʻurta shartnomasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sugʻurta mukofotlarining bir qismini qoplash boʻyicha subsidiyalar miqdorini aniqlash hamda ajratish uchun asos boʻladi.
53. Sugʻurta mukofotining 50 foizi uchun quyidagi shartlarga rioya etilganda subsidiya ajratiladi:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalariga muvofiq tuzilganda;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida nazarda tutilgan, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanishi kerak boʻlgan sugʻurta mukofotining 50 foizi toʻliq toʻlanganda.
54. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi Yagona tizimda roʻyxatdan oʻtkaziladi va sugʻurta mukofoti toʻlangani Jamgʻarma tomonidan elektron tarzda tasdiqlanganidan soʻng sugʻurta polisi vakolatli davlat organi tomonidan Yagona tizim orqali avtomatik rasmiylashtiriladi.
55. Yagona tizim tomonidan sugʻurta polisi rasmiylashtirilgani toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta polisiga elektron havola qilingan holda xabarnoma yuboriladi hamda sugʻurta qildiruvchi xabarnomadagi havola orqali sugʻurta polisining elektron shaklini yuklab oladi.
56. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, budjet subsidiyasi hisobidan toʻlangan sugʻurta mukofotining bir qismi Jamgʻarmaning hisob-kitob varagʻida qoladi va qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha yangi sugʻurta shartnomalarini tuzish uchun sarflanadi.
57. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimi bu haqda sugʻurta polisini bekor qilish uchun Yagona tizimga maʼlumot yuboradi.
58. Yagona tizim sugʻurta polisi bekor qilingani toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchiga xabarnoma yuboradi.
10-bob. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi tavakkalchiliklarini qayta sugʻurta qilish
59. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta qilingan tavakkalchiliklar Jamgʻarma tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Kengash qarori asosida qayta sugʻurta qilinadi.
Bunda qayta sugʻurta shartnomalari faqatgina kvota ulushli qayta sugʻurta qilish orqali franshiza qoʻllamagan holda tuzilishi lozim.
60. Jamgʻarma sugʻurtalovchi sifatida qayta sugʻurtalashni sugʻurtalovchilarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib-qoidalar hamda oʻzi qabul qilgan sugʻurta tavakkalchiliklarini qayta sugʻurtaga oʻtkazishda prudensial normativlarni hisoblash tartibiga doir talablarni hisobga olgan holda amalga oshiradi.
61. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta summasi va qayta sugʻurta qilish mukofoti absolyut miqdor koʻrinishida yoki tomonlar kelishuviga koʻra belgilangan sugʻurta summasi va qayta sugʻurta qilish mukofotini hisoblash mexanizmi koʻrinishida aniqlanadi.
62. Jamgʻarma sugʻurta vositachilari ishtirokisiz sugʻurta majburiyatlarini qayta sugʻurtalash uchun xorijiy sugʻurta tashkilotlariga berishdan avval beriladigan sugʻurta majburiyatlari boʻyicha qayta sugʻurtalash boʻyicha ofertani (qayta sugʻurtalash shartnomalarini tuzish takliflarini) vakolatli davlat organi taʼsischiligida tashkil etilgan qayta sugʻurta tashkilotlariga yuboradi, keyinchalik (rad etilgan holatda yoki qolgan qismini) Oʻzbekiston Respublikasi hududida qayta sugʻurtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan sugʻurta tashkilotlariga yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qayta sugʻurtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan sugʻurta tashkilotlari majburiyatlarni qabul qilishni rad etgan taqdirda, Jamgʻarma sugʻurta majburiyatlarini xorijiy sugʻurta tashkilotlarida qayta sugʻurtalaydi.
63. Tuzilgan, oʻzgartirish va/yoki qoʻshimcha kiritilgan yoxud bekor qilingan qayta sugʻurta shartnomasi (jumladan, qayta sugʻurta qilish slipi va boshqalar) Yagona tizim orqali roʻyxatdan oʻtkaziladi.
11-bob. Sugʻurta hodisasini koʻrib chiqish hamda sugʻurta tovonini toʻlash
64. Sugʻurta hodisasini koʻrib chiqish hamda sugʻurta tovonini toʻlash ilovaga muvofiq sxemaga asosan amalga oshiriladi.
65. Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari sugʻurta hodisasi yuz bergani toʻgʻrisida uch kun ichida “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimi orqali koʻrib chiqish uchun Jamgʻarmaga elektron shaklda xabarnoma yuboradi.
66. Jamgʻarmaga sugʻurta hodisasini yuz bergani toʻgʻrisida elektron xabarnoma kelib tushgandan soʻng, Jamgʻarma tomonidan bir ish kuni ichida yuz bergan hodisani oʻrganish uchun mustaqil ekspert tayinlanadi va sugʻurta hodisasining oʻrganilishini taʼminlaydi.
Bunda sugʻurta hodisasini oʻrganishda qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilaridan sugʻurta hodisasi yuz berganining sabablari va holatlarini aniqlash boʻyicha hujjatlar axborot tizimi orqali soʻrab olinadi.
67. Mustaqil ekspertlar tomonidan sugʻurta hodisasi natijasida zarar koʻrgan sugʻurta obyektida qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalarida va qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida belgilangan tartibda, biroq besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda ekspertiza oʻtkaziladi.
68. Mustaqil ekspertlar sugʻurta hodisasining roʻy berish sabablari hamda holatlarini, shuningdek, sugʻurta tovoni miqdorlarini aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda yoki taqdim etilgan axborotni tekshirishni, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari tomonidan sugʻurta shartnomasi talablari va shartlarining bajarilishi ustidan nazorat olib borish uchun ularni xabardor qilgan holda ekspertizani oʻn ish kunigacha uzaytirishi mumkin.
69. Jamgʻarma va mustaqil ekspertlar sugʻurta hodisasining roʻy berishi sabablari hamda holatlarini, shuningdek, sugʻurta tovoni miqdorlarini aniqlash uchun zarur boʻlgan axborotni Gidrometeorologiya, favqulodda vaziyatlar, qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, oʻsimliklarni himoya qilish, seysmologiya, veterinariya boʻyicha tashkilotlar hamda boshqa tegishli tashkilotlardan axborot tizimi orqali oladi.
70. Ekspertiza yakuni boʻyicha sugʻurta obyektida yuz bergan hodisa yuzasidan mustaqil ekspertlarning xulosasi bir ish kunida qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchisi ishtirokida tuziladi.
71. Mustaqil ekspertlar qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining obyekti bilan sodir boʻlgan hodisa tafsilotlari, fotosurati va (yoki) videoyozuvi hamda yetkazilgan zarar toʻgʻrisidagi xulosa tuzilgan kunda unga tegishli hujjatlar bilan axborot tizimiga kiritadi.
72. Ushbu Nizom, qonunchilik hujjatlari va qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalariga muvofiq mustaqil ekspertlarning xulosasi va sugʻurta tovoni uchun zarur boʻlgan hujjatlar taqdim etilganidan keyin Jamgʻarma sugʻurta hodisasini tan olish yoki tan olishni rad etish toʻgʻrisida oʻn ish kuni ichida qaror qabul qiladi hamda qabul qilingan qaror haqida qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchisini axborot tizimi orqali xabardor qiladi.
Sugʻurta hodisasini tan olishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda rad etish asoslarini Jamgʻarma qonunchilik hujjatlariga havola qilgan holda, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalaridan va qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasidan kelib chiqqan holda aniq koʻrsatishi shart.
73. Sugʻurta obyektiga yetkazilgan zarar bazaviy hisoblash miqdorining 4000 barobariga teng yoki undan oshadigan summa miqdorida yoxud ushbu miqdorga teng yoki undan oshadigan ekvivalentdagi xorijiy valyutadagi summada sugʻurta hodisasini tan olish yoki tan olishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorlar Kengash bilan kelishish uchun kiritiladi.
Kengash sugʻurta hodisasining roʻy berish sabablari hamda holatlarini, shuningdek, sugʻurta tovoni miqdorlarini aniqlash boʻyicha qayta ekspertiza oʻtkazishni tayinlashi mumkin.
74. Jamgʻarma tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta hodisasi yuz bergani tegishli dalillar asosida tasdiqlanganda, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida belgilangan muddatda sugʻurta tovonini toʻlashni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
75. Sugʻurta hodisasi yuz bergan taqdirda, sugʻurta qildiruvchi (qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchisi) mustaqil ekspertning sugʻurta tovonini toʻlash uchun tuzgan xulosasi bilan kelishganda imzolaydi. Mazkur xulosa bilan kelishilmagan hollarda Jamgʻarma ikki kun davomida sugʻurta hodisasi yuz bergani toʻgʻrisida xabarnomani oʻrganish uchun boshqa mustaqil ekspertni tayinlashi shart.
76. Mustaqil ekspertning xulosasi va sugʻurta hodisasi yuz bergani toʻgʻrisidagi dalillarni qayta oʻrganib chiqish zarur deb topilsa, Jamgʻarma tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasining taraflari ishtirokida qoʻshimcha oʻrganish oʻtkaziladi va zarar qasddan qilingan harakatlar natijasida yetkazilgan deb hisoblansa, sugʻurta tovonini toʻlash rad etiladi.
Bunda ushbu Nizomning 71-bandida koʻrsatilgan muddat ichida Jamgʻarma tomonidan qoʻshimcha oʻrganish oʻtkaziladi.
77. Sugʻurta hodisasini tan olish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin Jamgʻarma sugʻurta tovonini qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchisiga uch ish kuni ichida:
ushbu qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan tartibda va imtiyozli shartlar asosida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti yoki tegishli jamgʻarmalar tomonidan tijorat banklariga joylashtirilgan resurslar hisobidan tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilgan holatda qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchining 23210 hisobvaragʻiga;
boshqa holatlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchining tijorat banklaridagi asosiy hisobraqamiga toʻlab beriladi.
78. Jamgʻarma qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta tavakkalchiligini toʻliq yoki qisman qayta sugʻurtalagan boʻlsa, qayta sugʻurtalovchini sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatini bajarishi yuzasidan xabardor qiladi.
79. Qayta sugʻurtalovchi Jamgʻarmadan sugʻurta tovonini toʻlash haqidagi talabi boʻyicha arizani barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida bunday ariza boʻyicha qaror qabul qilishi va qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlash haqida qaror qabul qilgan taqdirda, sugʻurta tovonini toʻlash haqida qaror qabul qilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida sugʻurta tovonini Jamgʻarmaga oʻtkazadi.
80. Jamgʻarma sugʻurta hodisasi yuz bergani toʻgʻrisida qabul qilingan elektron xabarnomani keyingi ish kunidan kechiktirmay Yagona tizimda roʻyxatdan oʻtkazadi.
81. Jamgʻarma sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish natijasi yuzasidan keyingi ish kunidan kechiktirmay Yagona tizimga ijro holatini belgilab, ijro hujjatlarini yuklaydi.
82. Jamgʻarmaning oʻz mablagʻlari va qayta sugʻurta qilishdan olingan mablagʻlar zimmasiga olingan majburiyatlarni qoplash uchun yetarli boʻlmasa, majburiyatlarning qoplanmagan qismi Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
12-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish uchun hisobdorlik, nazorat va javobgarlik
83. Direksiya:
Jamgʻarma mablagʻlaridan Kengash tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida maqsadli foydalanish;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobining haqqoniy va shaffof yuritilishi uchun javobgar hisoblanadi.
84. Jamgʻarmaga ajratilayotgan budjet subsidiyalari boʻyicha hisoblar va hisobotlarning yuritilishini nazorat qilish muvofiqlashtiruvchi davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat har yil yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladi.
13-bob. Yakunlovchi qoidalar
85. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
86. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Sugʻurta hodisasini koʻrib chiqish hamda sugʻurta tovonini toʻlash
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilari

Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomalari boʻyicha sugʻurta hodisasi yuz bergani toʻgʻrisida “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimi orqali koʻrib chiqish uchun Jamgʻarmaga elektron shaklda xabarnoma yuboradi.

Hodisa sodir boʻlgandan keyin 3 ish kun ichida

2-bosqich

Jamgʻarma

Jamgʻarmaga sugʻurta hodisasi yuz bergani toʻgʻrisida elektron xabarnoma kelib tushgandan soʻng yuz bergan sugʻurta hodisasini oʻrganish uchun mustaqil ekspert tayinlaydi va sugʻurta hodisasining oʻrganilishini taʼminlaydi.

1 ish kuni ichida

3-bosqich

Mustaqil ekspert

Sugʻurta hodisasi natijasida zarar koʻrgan sugʻurta obyektida qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalarida va qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida belgilangan tartibda ekspertiza oʻtkazadi.

5 ish kundan koʻp boʻlmagan muddatda

Ekspertiza yakuni boʻyicha sugʻurta obyektida yuz bergan hodisa yuzasidan xulosani qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchisi ishtirokida tuzadi.

Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining obyekti bilan sodir boʻlgan hodisa tafsilotlari hamda yetkazilgan zarar toʻgʻrisidagi xulosa tuzilgan kunda unga tegishli hujjatlar bilan axborot tizimiga kiritadi.

1 ish kuni ichida

4-bosqich

Jamgʻarma

Sugʻurta hodisasini tan olish yoki tan olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda qabul qilingan qaror haqida qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchisini axborot tizimi orqali xabardor qiladi.

10 ish kuni ichida

Sugʻurta hodisasini tan olish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin sugʻurta tovonini qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchisiga toʻlab beradi

3 ish kuni ichida

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-dekabrdagi 772-son qaroriga
2-ILOVA
Mustaqil ekspertlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mustaqil ekspertlar faoliyatini tashkil etish va guvohnoma berish tartibini, ularning huquqlari va majburiyatlari hamda javobgarligini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
mustaqil ekspert — sugʻurta hodisasi yuz berish ehtimolini, sugʻurta hodisasi yuz bergandan keyin qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi obyektini oʻrganadigan, sugʻurta hodisasi mavjudligini, shuningdek, sugʻurta hodisasi sababli yetkazilgan zarar miqdorini aniqlaydigan, tegishli vakolatlarga va mustaqil ekspert guvohnomasiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
talabgor — mustaqil ekspertlik guvohnomasiga ega boʻlish uchun ariza topshirgan jismoniy shaxs;
reyestr — mustaqil ekspertlik guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslarning axborot tizimida yuritiladigan roʻyxati;
xizmat haqi — qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha mustaqil ekspertga toʻlanadigan toʻlov.
3. Mustaqil ekspertlar faoliyati tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi.
2-bob. Mustaqil ekspertlar faoliyatini tashkil etish boʻyicha arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish
4. Talabgor mustaqil ekspert guvohnomasini olish uchun tegishli arizani Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining axborot tizimiga yuboradi.
Arizaga quyidagi maʼlumotlar ilova qilinadi:
familiyasi, ismi va otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
tugʻilgan sanasi;
yashash manzili;
telefon raqami.
Agar talabgorning ilmiy darajaga va (yoki) ilmiy unvonga egaligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlsa, ular davlat axborot tizimlari va (yoki) maʼlumotlar bazalaridan avtomatik tarzda olinadi.
Ilova qilinadigan hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatda boʻlishi lozim.
Talabgor oʻzi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligi, haqqoniyligi va qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi uchun javobgar hisoblanadi.
5. Mustaqil ekspertlikka nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
dehqonchilik va bogʻdorchilik boʻyicha mustaqil ekspertlikka nomzodlar — qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot yoki yuridik oliy taʼlim yoʻnalishlari, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik, akvakultura (baliqchilik) va asalarichilik boʻyicha mustaqil ekspertlikka nomzodlar — veterinariya boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarida olingan oliy maʼlumot yoki xorijiy davlatlarning oliy taʼlim tashkilotlarida olingan hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatga ega boʻlishi;
soʻnggi oʻn yil ichida agrar, baholash, yuridik yoki sugʻurta sohalarida kamida ikki yillik ish stajiga (shu jumladan, oʻrindoshlik asosida) ega boʻlishi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi talabgorning oliy maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlari hamda ish stajini tasdiqlovchi maʼlumotlarni masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab oladi (olish imkoni mavjud boʻlmagan holatlar bundan mustasno).
7. Muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgani toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlgan shaxslar, shuningdek, shaxsga qarshi jinoyatlarni, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatish va moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq iqtisodiy jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangani olib tashlanmagan yoki sudlanganlik muddati oʻtalmagan shaxslar mustaqil ekspert boʻlishi mumkin emas.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining masʼul xodimi ariza kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlarga asosan talabgorning ushbu Nizom talablariga muvofiqligini oʻrganib chiqadi.
Talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmaganda hamda talabgor koʻrsatib oʻtilgan talablarga muvofiq boʻlganda, toʻplangan hujjatlar Toshkent davlat agrar universitetiga yuboriladi va bu haqida talabgor bir ish kuni ichida xabardor qilinadi.
9. Talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan holda taqdim etilganda yoki hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda, arizani qabul qilish rad etiladi va uch ish kuni ichida talabgorga rad etish asoslarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboriladi.
10. Talabgor xabarnomani olgan kundan boshlab rad etishga asos boʻlgan holatlarni oʻn besh ish kuni ichida bartaraf etgan holda ariza bilan takroran murojaat qilishi mumkin.
Bunda xabarnomada koʻrsatilmagan rad etish asoslariga koʻra arizani takroran rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Mustaqil ekspertlarni oʻqitish
11. Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan mustaqil ekspertlikka talabgorlar har chorakda oʻqitiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Toshkent davlat agrar universiteti oʻqish boshlanishidan kamida oʻn besh kun oldin oʻzlarining rasmiy veb-sayti va elektron aloqa vositalari orqali talabgorlarni xabardor qiladi.
12. Oʻquv dasturi va toʻlov miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan belgilanadi. Oʻqish uchun toʻlov talabgorlar tomonidan amalga oshiriladi.
13. Oʻquv dasturlariga koʻra quyidagi yoʻnalishlarda mustaqil ekspertlar tayyorlanadi:
dehqonchilik va bogʻdorchilik;
chorvachilik;
parrandachilik;
baliqchilik;
asalarichilik.
14. Oʻqishga ajratilgan umumiy soatlarning 10 foizidan koʻprogʻiga uzrli sabablarsiz kela olmagan talabgorlarga imtihonda qatnashishga ruxsat berilmaydi.
15. Oʻquv kurslari yakuni bilan ikki bosqichda imtihon topshiriladi.
Birinchi bosqichda test sinovi (uch akademik soat davomida kompyuter orqali) topshiriladi. Test sinovi yakunlangach, uning natijasi shu vaqtning oʻzida maʼlum qilinadi. Uning natijasiga koʻra talabgorga yozma va ogʻzaki imtihonni topshirish uchun ruxsat beriladi.
Ikkinchi bosqichda imtihon biletlari boʻyicha yozma va ogʻzaki imtihon (masalalarni yechish va ogʻzaki javobga tayyorlanish uchun uch akademik soat beriladi) topshiriladi.
16. Imtihonning ikkala bosqichini bir kun davomida oʻtkazishga ruxsat berilmaydi.
17. Test topshiriqlari ushbu Nizomning 13-bandida belgilangan yoʻnalishlardan kelib chiqib, 40 ta nazariy savoldan iborat boʻladi. Har bitta toʻgʻri javob uchun bir ball beriladi.
Test sinovlari natijalarini ijobiy deb eʼtirof etish uchun asos boʻladigan toʻplangan ballar yigʻindisi 30 balldan kam boʻlmasligi kerak.
Test sinovlari natijalari salbiy deb eʼtirof etilganda (30 balldan kam toʻplangan ball), talabgor imtihonning ikkinchi bosqichini topshirishga qoʻyilmaydi.
18. Imtihonni tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan imtihon komissiyasi tashkil qilinadi. Imtihon komissiyasi tarkibi rais, rais oʻrinbosari, kotib va kamida toʻrt nafar aʼzodan iborat boʻladi.
19. Imtihon komissiyasi tarkibiga Qishloq xoʻjaligi vazirligining tegishli yoʻnalishlar boʻyicha malakali xodimlari hamda sugʻurta va baholash sohalaridagi mutaxassislar kiritiladi. Imtihon komissiyasining tarkibi har bir malaka imtihoni uchun alohida tuziladi.
20. Imtihon komissiyasi aʼzolarining uchdan ikki qismi hamda raisi yoki uning oʻrinbosari ishtirok etganda, imtihon komissiyasi vakolatli hisoblanadi.
21. Imtihon natijalari imtihon oʻtkazilgan kundan soʻng uch ish kunida imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma imtihon komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlanadi va ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi hamda qishloq xoʻjaligi vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Imtihon natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
22. Imtihondan oʻta olmagan talabgorlar qayta imtihon topshirish huquqiga ega.
Qayta imtihondan oʻta olmagan talabgorlarga oʻquv kurslarida takroriy oʻqigandan keyin imtihon topshirishga ruxsat etiladi.
Bunda talabgorlar oʻquv kurslarida oʻqishga qabul qilish tartibida qayta oʻqitiladi.
23. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar boʻyicha maʼlumotlar imtihon natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) yuboriladi.
4-bob. Mustaqil ekspert guvohnomasi
24. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan besh ish kuni ichida mustaqil ekspert guvohnomasi beriladi va mustaqil ekspert axborot tizimida yuritiladigan reyestrga kiritiladi.
Mustaqil ekspert guvohnomasi uch yil muddatga beriladi.
25. Quyidagilar mustaqil ekspert guvohnomasining bekor qilinishiga asos boʻladi:
xizmatlar koʻrsatish davomida mustaqil ekspert tomonidan jamlangan maʼlumotlarni buyurtmachining ruxsatisiz uchinchi shaxsga taqdim etish (qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);
mustaqil ekspert guvohnomasini boshqa shaxsga oʻz nomidan xizmatlar koʻrsatishda foydalanish uchun berish (mustaqil ekspert guvohnomasini yoʻqotib qoʻyish holatlari bundan mustasno).
Mustaqil ekspert guvohnomani yoʻqotib qoʻygan hollarda real vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Jamgʻarmani xabardor qilishi kerak.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida keltirilgan holatlar aniqlanganda, mustaqil ekspert guvohnomasi sud qarori bilan bekor qilinadi.
Mustaqil ekspert guvohnomasi bekor qilingan shaxsning sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab uch yil mobaynida mustaqil ekspert guvohnomasini qayta olish uchun malaka imtihonini topshirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
26. Mustaqil ekspert guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar reyestrda roʻyxatdan oʻtgan kundan boshlab oʻz faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.
5-bob. Mustaqil ekspertning vazifalari, huquqlari va majburiyatlari
27. Mustaqil ekspert quyidagi vazifalarni bajaradi:
sugʻurta hodisasi yuz berish ehtimolini oʻrganish;
ekinlarni ekish va vegetatsiya davrida sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
chorvachilik, parrandachilik, akvakultura (baliqchilik) va asalarichilik yoʻnalishlarida sugʻurta shartnomasi tuzilguniga qadar sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi obyektini koʻzdan kechirish;
sugʻurta hodisasi mavjudligini, shuningdek, sugʻurta hodisasi sababli yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash.
Mustaqil ekspert qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarga ham ega boʻlishi mumkin.
28. Mustaqil ekspert quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurta hodisasini oʻz vakolati doirasida oʻrganish;
sugʻurta hodisasi yuz bergan hududni oʻrganishda toʻsiqlarsiz harakat qilish hamda oʻrganish uchun zarur boʻladigan maʼlumotlarni tegishli tashkilotlardan soʻrash va olish;
tuzilgan shartnomalar doirasida koʻrsatgan xizmatlari uchun haq olish.
Mustaqil ekspert qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
29. Mustaqil ekspert quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
sugʻurta hodisasi yuz bergani toʻgʻrisida xabar berilgandan soʻng 72 soat ichida qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi obyektining koʻzdan kechirilishini taʼminlaydi;
sugʻurta obyektini u joylashgan manzil (lokatsiya) boʻyicha joyiga chiqqan holda oʻrganadi va obyekt fotosuratini “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimiga joylashtiradi;
sugʻurta hodisasi yuz berish ehtimolini va yuz bergan sugʻurta hodisasini oʻrganishga jalb etilganda, kechiktirmasdan oʻrganish ishlarini tashkil etadi;
oʻz faoliyatini vijdonan va xolislik tamoyillariga tayangan holda amalga oshiradi, qonunchilik hujjatlariga hamda ushbu Nizom talablariga qatʼiy rioya qiladi;
manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlaydi hamda ushbu holatlar yuzaga kelgan taqdirda, oʻzini-oʻzi rad etadi;
uchinchi shaxs faoliyatiga oid boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilmaydi (qonunchilik hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno);
oʻz malakasini doimiy ravishda oshirib boradi.
Mustaqil ekspertda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Mustaqil ekspertga xizmat haqi Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladi va uning miqdori Jamgʻarma boshqaruv kengashi qarori bilan belgilanadi.
31. Mustaqil ekspert faoliyatini tashkil etish jarayonida yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
32. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-dekabrdagi 772-son qaroriga
3-ILOVA
Sugʻurta qilish bosqichma-bosqich joriy etiladigan qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlari va mahsulotlari
ROʻYXATI

Bosqichlar

Yoʻnalishlar va mahsulot turi

Muddati*

1-bosqich

1) paxta**;

2) don*** va dukkakli ekinlar;

3) olma, gilos, oʻrik va uzum;

4) issiqxona xoʻjaliklari ekinlari.

2026-yil hosilidan boshlab

2-bosqich

1) kartoshka, piyoz va poliz ekinlari;

2) chorvachilik.

2027-yil hosilidan boshlab

3-bosqich

1) parrandachilik, akvakultura (baliqchilik), asalarichilik;

2) boshqa dehqonchilik mahsulotlari.

2028-yil hosilidan boshlab

Izoh:
* qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun ularni yetishtirish tadbirlari boshlangan davrdan; chorvachilik, parrandachilik, akvakultura (baliqchilik), asalarichilik yoʻnalishlarida — koʻrsatilgan yildan; olma, gilos, oʻrik va uzum va boshqa mevalarda — koʻrsatilgan yilda hosil yigʻib olinadigan davrdan boshlab sugʻurta qilish amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
** 2026-yil hosili uchun tijorat banklari orqali imtiyozli kredit belgilangan tartibda ajratiladi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga 2026-yil 1-iyulga qadar sugʻurta qilishga ruxsat beriladi;
(3-ilova izoh qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-iyundagi 295-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 09/26/295/0578-son)
*** 2026-yil hosilidagi don ekinlari uchun, istisno tariqasida, sugʻurta qilish ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-dekabrdagi 772-son qaroriga
4-ILOVA
Yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yoʻqotilishi (nobud boʻlishi) xavflari boʻyicha sugʻurta qilish
BOSQICHLARI

Bosqichlar

Tavakkalchiliklar turlari

Muddati

1-bosqich

1) tabiiy va texnogen ofatlar (sel, doʻl, suv toshqini, kuchli qor yogʻishi, sovuq urishi, boʻron, bahor oyidagi kuchli sovuq yoki qor yogʻishi);

2) yongʻin holatlari (yashin urishi, yongʻin, portlash, yongʻindan koʻrilgan zarar).

2026-yil

2-bosqich

1) oʻsimliklarning kasallik va zararkunandalar bilan zararlanishi;

2) qishloq xoʻjaligi hayvonlarida yuqumli kasalliklarning tarqalishi va zaharlanishi;

3) uchinchi shaxslarning xatti-harakatlari.

2027-yil

3-bosqich

1) ekinlarning qishloq xoʻjaligi hayvonlari va yovvoyi hayvonlar tomonidan payhon qilinishi;

2) qishloq xoʻjaligi hayvonlariga zarar yetkazilishi.

2028-yil

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-dekabrdagi 772-son qaroriga
5-ILOVA
“Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimiga integratsiya qilinadigan axborot tizimlari
ROʻYXATI

T/r

Axborot tizimi nomi

Bepul taqdim etiladigan maʼlumotlar nomi

Vakolatli organ

1.

Gidrometeorologiya xizmati agentligining tegishli axborot tizimlari

Ob-havo va iqlim maʼlumotlari, shu jumladan, yomgʻir va qor anomaliyalari, qurgʻoqchilik prognozlari, harorat tendensiyalari, noqulay ob-havo hodisalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

Gidrometeorologiya xizmati agentligi

2.

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi axborot tizimlari

Qishloq xoʻjaligi yerlari holati, ekin ekilgan yer maydonlari hajmi, ekinlar va oʻsimliklar holati hamda sugʻurtalash jarayonlarida zarur boʻladigan boshqa maʼlumotlar

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi

3.

Suv xoʻjaligi vazirligining axborot tizimlari

Suv tanqisligi va sugʻorishga taʼsir qiluvchi suv resurslarining kamayishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

Suv xoʻjaligi vazirligi

4.

Kadastr agentligining tegishli axborot tizimlari

Qishloq xoʻjaligi yerlarining konturlar kesimida maʼlumotlari va ularning holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

Kadastr agentligi

5.

Soliq qoʻmitasining tegishli axborot tizimlari

Yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

Soliq qoʻmitasi

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining tasnif kodlari va tasnif kodlariga asosan sotilgan tovarlarning oʻrtacha narxi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

6.

“Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJning tegishli axborot tizimlari

Birja savdolariga asosan kunlik sotilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining haftalik kotirovka narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

“Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ

7.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining axborot tizimlari

Oʻsimlik kasalliklari va zararkunandalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi

8.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining tegishli axborot tizimlari

Hayvonlarda kuzatilishi mumkin boʻlgan kasalliklar va zararli organizmlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi

9.

Milliy statistika qoʻmitasining tegishli axborot tizimlari

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish prognoz koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

Milliy statistika qoʻmitasi

10.

Qishloq xoʻjaligi vazirligining tegishli axborot tizimlari

Savdo cheklovlari tufayli global oziq-ovqat taʼminotidagi uzilishlar boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

11.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli axborot tizimlari

Tabiiy va texnogen ofatlar boʻyicha oldindan xabardor qilish va bunday ofatlar ehtimoli koʻp boʻlgan joylar xaritasi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

12.

Energetika vazirligining tegishli axborot tizimlari

Yoqilgʻi taʼminoti zanjiri uzilishlari

Energetika vazirligi

13.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi

Litsenziya talablari va shartlariga muvofiq maʼlumot almashish

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-dekabrdagi 772-son qaroriga
6-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasining boshqaruv kengashi
TARKIBI

1.

A.M. Qosimov

qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari — Kengash raisi

2.

a.Ya. Xaydarov

iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari — Kengash raisi oʻrinbosari

3.

Lavozimi boʻyicha

Qishloq xoʻjaligi vazirligining Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi

4.

T.E. Mirzayev

Iqtisodiyot va moliya vazirligining Qishloq xoʻjaligidagi islohotlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash departamenti direktori oʻrinbosari

5.

Z.X. Mustafaqulov

zbekiston fermerlari kengashi raisining yuridik masalalar boʻyicha oʻrinbosari

6.

K.A. Abduraximov

Oʻzbekiston sugʻurta bozori professional ishtirokchilari uyushmasining bosh direktori

7.

Lavozimi boʻyicha

Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi direktori

Izoh. Kyengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning oʻrniga tayinlangan xodim Kengash aʼzosi hisoblanadi va yangi tarkib keyingi muddatga tayinlangunga qadar faoliyatni amalga oshiradi.
Kengash aʼzolarining vakolatlari muddati tugagandan keyin ular yangi muddatga qayta tayinlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-dekabrdagi 772-son qaroriga
7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi direksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma direksiyasi) xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari 2026-yil 1-yanvardan boshlab amaliyotga joriy qilinadi hamda Jamgʻarma direksiyasining rahbar, mutaxassis, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga nisbatan tatbiq etiladi.
2-bob. Jamgʻarma direksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish
3. Jamgʻarma direksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Jamgʻarma direksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish va ularning koʻp yillik mehnati uchun har oylik ustamalar, moddiy yordam koʻrsatish, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlar, shuningdek, qoʻshimcha haq, ustamalar, mukofotlar, ijtimoiy muhofaza qilish va boshqa toʻlovlardan iborat.
5. Jamgʻarma direksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash razryadlari Yagona tarif setkasi boʻyicha ushbu Nizomga ilovaga muvofiq belgilanadi.
6. Jamgʻarma hisobidan Jamgʻarma direksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish quyidagicha amalga oshiriladi:
Yagona tarif setkasi boʻyicha tasdiqlangan mehnatga haq toʻlash razryadlariga muvofiq lavozim maoshi;
tasdiqlangan mehnatga haq toʻlash razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentlarini 1,6 baravarga oshirish miqdori (texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bundan mustasno);
lavozim maoshining 40 foizi miqdorida ustama (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti);
oʻz vazifalarini vijdonan, shuningdek, alohida muhim va masʼuliyatli ishlarni bajarayotgan xodimlarni lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) ikki baravari miqdorida mukofotlash;
koʻp yillik xizmati uchun lavozim maoshiga 30 foizdan 100 foizgacha miqdorda ustama (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) toʻlanadi. Ish staji ragʻbatlantiriladigan koʻp yillik xizmati uchun ustamalar belgilash huquqini beradi. Bunda:
1 yildan 5 yilgacha — 30 foiz;
5 yildan 10 yilgacha — 40 foiz;
10 yildan 15 yilgacha — 60 foiz;
15 yildan 20 yilgacha — 80 foiz;
20 yildan ortiq — 100 foiz.
Jamgʻarma direksiyasi xodimlariga oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajarganliklari uchun Jamgʻarma direktori tomonidan lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) 300 foizgacha miqdorda har oylik ustamalar;
alohida oʻrnak koʻrsatgan Jamgʻarma direksiyasi xodimlariga lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) qoʻshimcha 100 foizgacha miqdorda oylik ustamalar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 19-fevraldagi PF-5349-son Farmoniga asosan zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish hamda rivojlantirishga masʼul boʻlgan Jamgʻarma direksiyasi xodimlariga lavozim maoshining 100 foizi miqdorida ustama toʻlanishi mumkin;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2017-yil 1-maydagi 250-son qaroriga asosan Jamgʻarma direksiyasi yuridik xizmati xodimlarining lavozim maoshlariga martaba darajalari uchun qoʻshiladigan har oylik ustamalar toʻlanishi mumkin;
rasman bayram deb eʼlon qilingan kunlar (1-yanvar — Yangi yil, 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni, 21-mart — Navroʻz bayrami, 9-may — Xotira va qadrlash kuni, 1-sentabr — Mustaqillik kuni, 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni, diniy bayramlar — Roʻza hayiti (Iyd-al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd-al-Adha)) hamda qishloq xoʻjaligi xodimlarining kasb bayramlari munosabati bilan lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) bir baravari miqdorida mukofotlar;
yil yakunlari boʻyicha Jamgʻarma faoliyati koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda xodimlarni lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) 200 foizigacha mukofotlash;
xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularning mehnati samaradorligini oshirish maqsadida har oyda (jamoa shartnomasiga muvofiq) transport xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari hamda ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdordagi toʻlovlar;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun xodimlarga bir yilda bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravarigacha miqdoridagi toʻlovlar;
yilda bir marotaba lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) bir baravari miqdorda moddiy yordam.
Zaruratga koʻra xodimlar va (yoki) ularning oila aʼzolariga quyidagi hollarda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdordagi moddiy yordam toʻlab beriladi:
xodim vafot etganda — bunda moddiy yordam xotiniga (eriga) toʻlab beriladi, agar xodimning xotini (eri) boʻlmasa, moddiy yordam farzandlariga yoki qonuniy vakillariga (vasiylari va homiylariga) yoxud ularning voyaga yetmagan farzandlarini asrab olgan shaxslarga toʻlab beriladi, shuningdek, xodim turmush qurmagan boʻlsa, moddiy yordam ota-onasi yoki boqimandalar oʻrtasida teng ulushlarda taqsimlanadi;
yaqin qarindoshi (ota, ona, turmush oʻrtogʻi, farzandi) vafot etganda (vafoti toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi taqdim etilganda);
turmush qurganda, 50, 55, 60 yubiley yoshi munosabati bilan, shuningdek, pensiyaga chiqqanda;
alohida zaruratga koʻra (baxtsiz hodisa, falokat, uzoq muddatli kasallik sababli davolanish va sogʻligʻini tiklash, oilaning kam taʼminlangani va moliyaviy holatining ogʻirligi uchun).
7. Jamgʻarma direksiyasi xodimlarining yillik mehnatiga haq toʻlash fondining 5 foizi miqdorida moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi tashkil etiladi.
Ushbu fond mablagʻlari hisobidan xizmat vazifalarini tashabbuskorlik bilan hamda vijdonan bajargan yuqori malakali xodimlarni ragʻbatlantirish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda ishda erishgan yutuqlari uchun lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) 50 foizidan oshmagan miqdorlarda shaxsiy ustamalar belgilanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari boʻlgan Jamgʻarmaning jalb etilgan xodimlari, ekspertlari va maslahatchilari xizmatlariga tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda haq toʻlanadi.
3-bob. Yakunlovchi qoida
9. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi direksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi direksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash razryadlari

T/r

Lavozimi

Mehnatga haq toʻlash razryadi

1.

Direktor

18

2.

Direktorning birinchi oʻrinbosari

18-5%

3.

Direktor oʻrinbosari

17

4.

Boshqarma boshligʻi

14

5.

Bosh hisobchi

14-3%

6.

Bosh yuriskonsult

14

7.

Bosh auditor

13

8.

Boʻlim boshligʻi

13

9.

Bosh mutaxassis (mustaqil boʻlinma)

13-3%

10.

Bosh mutaxassis

12

11.

Yetakchi mutaxassis

11

Izoh. Jamgʻarma direksiyasida 2 nafar rahbar kotibi, 1 nafar farrosh hamda balansda mavjud avtotransport vositalariga mutanosib ravishda haydovchi lavozimlari saqlashga yoʻl qoʻyiladi.
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 09/26/206/0425-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 09/25/772/1141-son; 29.04.2026-y., 09/26/206/0425-son; 10.06.2026-y., 09/26/295/0578-son)