O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Inson hayoti, sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lash, muhtojlarga mehr bilan yondashish, ezgulik va adolat tamoyillariga sodiq qolish dinimiz, madaniyatimiz va an’analarimizning ajralmas qismi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda yurtimizda davlat va jamiyat o‘rtasida insonparvarlikka asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlash, ehtiyojmandlarga yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu ezgu yo‘nalishda yurtimiz har qanday davrlarda o‘z bag‘rikengligi, mehr-shafqati va insonparvarlik an’analarini namoyon etib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolarga (keyingi o‘rinlarda — mehmonlarga) boshpana berilishi hamda ko‘mak ko‘rsatilishi xalqimizning asrlar davomida shakllangan qadriyatlarga sodiqligi va davlatimizning haqiqiy insonparvarlik siyosati amalda ifoda bo‘layotganidan dalolat bermoqda.
Mehmonlarga adolat tamoyili asosida doimiy g‘amxo‘rlik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishni ta’minlaydigan mexanizmlarni joriy etish maqsadida qaror qilaman:
I. Mehmonlar ijtimoiylashuvini ta’minlash
1. Mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagi ishlar bajarilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin:
(a) mehmonlarni vaqtincha yashash obyektlariga joylashtirish, ularning birlamchi ehtiyojlari yuzasidan masalalar hal etildi;
(b) mehmonlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va zarur dori-darmonlar bilan ta’minlash choralari ko‘rildi;
(v) mehmonlarning jamiyatga integratsiya qilinishi va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash maqsadida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar va do‘stlik kechalari kabi tadbirlarni (shu jumladan, bolalar uchun) o‘z ichiga oluvchi maxsus dasturlar tashkil etildi.
II. Mehmonlarni jamiyatga integratsiya qilish ishlarini jadallashtirish
2. Falastinlik bemorlar va ularga hamrohlik qiluvchilarni O‘zbekiston Respublikasida yashashga moslashtirish jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
(a) mehmonlarga yaratilgan imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
(b) mehmonlarni hududlar kesimida joylashtirish hamda mazkur chora-tadbirlar bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish;
(v) mehmonlarni jamiyatga integratsiya qilish bilan bog‘liq masalalarni muntazam ravishda muhokama qilish hamda bu boradagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va muammolarni hal qilishga qaratilgan choralar ko‘rib borish;
(g) mehmonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qisqa va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan takliflarni ishlab chiqish, joylarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini monitoring qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
(d) mehmonlar uchun belgilangan uy-joy ijara to‘lovlari miqdoriga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qarorlar qabul qilish. Bunda uy-joy ijara to‘lovlarining belgilangan miqdordan oshgan qismi Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-sonli Farmoniga asosan “d” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2025-y., 06/25/157/0811-son)
III. Mehmonlar ehtiyojlarini aniqlash ishlarini tashkil qilish
4. Respublika komissiyasi (S. Umurzakov) bir oy muddatda mehmonlar ehtiyojlari va imkoniyatlarini baholash orqali ularning jamiyatga integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha har bir oila uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
5. Belgilansinki:
(a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Ijtimoiy himoya milliy agentligi) Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi;
(b) mehmonlar bilan mahalla darajasida bevosita ishlar “mahalla yettiligi” va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tashkil etiladi;
(v) mehmonlar uchun ishlab chiqilgan ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ularning bo‘linmalari uchun majburiy hisoblanadi.
IV. Mehmonlarni ijtimoiy xizmat va yordam bilan qamrab olish
6. Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M. Olloyorov):
(a) Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) bilan birgalikda ikki oy muddatda nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan mehmonlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan davolanish muddatidan qat’i nazar nogironlikni belgilash choralarini ko‘rsin;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
(b) ikki hafta muddatda mehmonlarga zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanishini ta’minlasin.
7. Belgilansinki:
(a) har bir mehnat yoshidagi mehmon (I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar bundan mustasno) uchun har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etiladi;
(b) mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili bo‘yicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab beriladi;
(v) mehmonlarga farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa hamda dafn etish uchun nafaqa to‘lovi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan miqdorda to‘lanadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-maydagi 327-son qarori bilan tasdiqlangan Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqani tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-son qarori bilan tasdiqlangan O‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti.
(g) mehmonlarning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari to‘plami) xaridi uchun bir martalik ko‘tarma pul qo‘shimcha ravishda to‘lab beriladi;
(d) mehmonlarning oila a’zolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, ularning ehtiyojlari va individual talablarini ro‘yobga chiqarish maqsadida bittadan mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi.
V. Mehmonlarning farzandlarini ta’limga jalb qilish
8. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (E. Karimova):
(a) mehmonlar yashash manzillari bo‘yicha ularning farzandlarini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga joylashtirish;
(b) mehmonlarning har bir farzandi o‘quv va tarbiya jarayoniga moslashishi uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarning direktorlari o‘rinbosarlarini biriktirish;
(v) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ta’lim tashkilotlarida mehmonlar farzandlarining moslashuvi va har tomonlama kamol topishi yuzasidan doimiy monitoring amalga oshirish choralarini ko‘rsin.
9. Belgilansinki:
(a) mehmonlar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovidan 2028-yil 1-yanvariga qadar ozod etiladi;
(b) mehmonlarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida joylashtiriladi;
(v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-12-son qarori doirasida mehmonlarning farzandlarini davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha ta’limga (kasb-hunar, axborot texnologiyalari, oliy ta’lim tashkilotlariga tayyorlash yo‘nalishida) jalb qilish hamda ularni o‘qitish xarajatlarining 100 foizi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
10. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov) ikki oy muddatda mehmonlarning xorijiy davlatda umumiy o‘rta maxsus, kasb-hunar (professional), oliy ta’lim, qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olishni test sinovlarisiz va yig‘im undirmagan holda amalga oshirsin.
VI. Mehmonlarning sog‘lig‘ini qo‘llab-quvvatlash
11. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov):
(a) mehmonlarning yashash manzillari bo‘yicha oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida hisobga qo‘yilishini ta’minlasin;
(b) mehmonlarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatishda kambag‘al oilalarga mansub shaxslar toifasi qatorida yo‘llanma ajratib borsin.
VII. Mehmonlar bandligini ta’minlash
12. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Zaxidov) Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M. Olloyorov) bilan birgalikda bir oy muddatda mehmonlarning xohishiga ko‘ra ularning bandligini ta’minlash, zamonaviy kasb-hunarni egallashiga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasiga takliflar kiritsin.
13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Markaziy bank, AT “Xalq banki” va boshqa tijorat banklari tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan mehmonlarni oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash”, “Biznesga birinchi qadam” va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturlari doirasida tadbirkorlikka jalb qilish choralarini ko‘rsin. Bunda dasturlar doirasida mehmonlar moliyaviy ko‘maklardan foydalanishi uchun buyurtmalar qabul qilish va ajratilgan mablag‘lardan foydalanishni monitoring qilish hokim yordamchilari va mahalla bankirlari tomonidan amalga oshiriladi.
VIII. “Mahalla yettiligi”ning mehmonlar bilan ishlashini tashkil etish
14. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Yoshlar ishlari agentligi va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining 2-ilovaga muvofiq mehmonlarni hamjihatlikda mahallaning ma’naviy muhitiga qo‘shish bo‘yicha “mahalla yettiligi” va boshqa vakillarga qo‘shimcha vazifalarni yuklash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
15. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi (K. Kuranbayev), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov), Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev) va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (Z. Maxkamova) bir oy muddatda “mahalla yettiligi” va boshqa vakillarga qo‘shimcha yuklatilgan vazifalarga asosan ichki dasturlarni qabul qilsin va reja-jadvalga muvofiq zarur choralar ko‘rib borsin.
IX. Mehmonlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish va Farmon ijrosini tashkil etish
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligining mehmonlarning masalalarini hal etish chora-tadbirlarini moliyalashtirish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz maxsus jamg‘armani tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
17. Belgilansinki:
(a) maxsus jamg‘arma quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
(i) yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
(ii) xalqaro tashkilotlarning grantlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
(iii) maxsus jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklariga depozitga qo‘yishdan olingan foiz tarzidagi daromad;
(b) maxsus jamg‘arma mablag‘lari mehmonlarning quyidagi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi:
(i) zarur shart-sharoitlar yaratish va tegishli xizmatlarni tashkil etish;
(ii) turli xarajatlarni qoplash va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish;
(iii) moddiy yordam ko‘rsatish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini amalga oshirish.
18. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
(a) maxsus jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etish Respublika komissiyasi qarori asosida amalga oshiriladi;
(b) maxsus jamg‘arma xarajatlar yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritish Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
(v) mehmonlarga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan beg‘araz beriladigan mol-mulklar (uy-joy va avtomototransport) mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazilib, Respublika komissiyasi tomonidan tasarruf etiladi.
19. Bosh prokuratura (I. Adxamov) Ijtimoiy inspeksiya (X. Kutpiddinov) bilan birgalikda ushbu Farmonning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini muntazam ravishda nazorat qilib borsin.
20. Ichki ishlar vazirligi (A. Tashpulatov) Davlat xavfsizlik xizmati (B. Kurbanov), Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M. Olloyorov), Tashqi ishlar vazirligi (B. Saidov) va Adliya vazirligi (A. Tashkulov) bilan birgalikda bir oy muddatda mehmonlarga yashash guvohnomasi (ID-karta) rasmiylashtirilishini hamda ularning ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin.
21. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov belgilansin.
22. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-avgust,
PF-133-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi PF-133-son Farmoniga
1-ILOVA
Falastinlik bemorlar va ularga hamrohlik qiluvchilarni O‘zbekiston Respublikasida yashashga moslashtirish jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi
TARKIBI

S. Umurzakov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi, Respublika komissiyasi raisi

M. Olloyorov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi, Respublika komissiyasi raisi o‘rinbosari

M. Kamilov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari

K. Rafikov

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi

I. Adxamov

Bosh prokuror o‘rinbosari

B. Rashidov

Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari

B. Zaxidov

kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri

A. Xudayarov

sog‘liqni saqlash vaziri

E. Karimova

maktabgacha va maktab ta’limi vaziri

K. Sharipov

oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri

A. Tashpulatov

ichki ishlar vaziri

A. Tashkulov

adliya vaziri

B. Saidov

tashqi ishlar vaziri

I. Norqulov

iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari

K. Kuranbayev

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi

N. Saydullayev

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari

S. Annaklichev

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB boshqaruvi raisi

Sh. Atabayev

AT “Xalq banki” boshqaruvi raisi

O. Bo‘tayev

“Mikrokreditbank” ATB boshqaruvi raisi

S. Abdullayev

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari, Respublika komissiyasi mas’ul kotibi

Izohlar:
1) Respublika komissiyasi a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi;
2) Respublika komissiyasi zarur hollarda boshqa mas’ul vazirlik, idora va mahalliy hokimliklarning vakillarini jalb etish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi PF-133-son Farmoniga
2-ILOVA
Mehmonlarni hamjihatlikda mahallaning ma’naviy muhitiga qo‘shish bo‘yicha “mahalla yettiligi”ga yuklatiladigan
QO‘SHIMCHA VAZIFALAR
(a) mahalla raisi:
(i) milliy qadriyatlar va ibratli an’analarni hisobga olgan holda xalqaro va milliy bayramlarga, to‘ylar hamda boshqa marosimlarga keng jalb qilish;
(ii) mehmonlar orasida sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlash, O‘zbekistonning madaniy merosiga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish;
(iii) o‘zbek xalqining ma’naviy hayoti, milliy ong va qadriyatlari, e’tiqod va tafakkuri, shuningdek, ko‘p asrlik urf-odat va an’analari bilan yaqindan tanishtirish;
(b) yoshlar yetakchisi:
(i) yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish yuzasidan o‘tkaziladigan maqsadli tanlov, festival, forum va musobaqalarga jalb qilish;
(ii) yoshlarning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish borasida o‘tkaziladigan tanlovlarga jalb qilish;
(iii) yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, zamonaviy kasb-hunarlar, raqamli iqtisodiyot ko‘nikmalarini puxta egallashlari uchun qo‘shimcha dasturlar taqdim etish;
(v) xotin-qizlar faoli:
(i) oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlar bilan yaqindan tanishtirish;
(ii) qizlar tarbiyasi, oilada o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashish;
(g) ijtimoiy xodim:
(i) davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam to‘g‘risida, shuningdek, ularning mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirish berish;
(ii) muhtoj mehmonlarga kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, zarur hollarda mahallada hamrohlik qiluvchilar (volontyorlar)ni biriktirish;
(iii) mehmonlarning oila a’zolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual ko‘mak ko‘rsatish;
(d) hokim yordamchisi:
(i) mehmonlarning iqtisodiy holatini baholash, ularning ehtiyojlarini aniqlash va ularni xohishiga ko‘ra bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy ko‘mak dasturlariga jalb qilish;
(ii) mehmonlarga mahalladagi mavjud resurslar va imkoniyatlardan samarali foydalanish to‘g‘risida axborot berish, ularning iqtisodiy barqarorlashuviga ko‘mak beruvchi “tayanch shaxs” vazifasini bajarish;
(iii) mehmonlarni ijtimoiy faol iqtisodiy hayotga jalb etish;
(j) profilaktika inspektori:
(i) mehmonlar bilan yaqindan muloqot o‘rnatish, ularning yashash joyidagi xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, ular orasida qonun talablariga itoatkorlik hissini shakllantirish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish;
(ii) mahallada mehmonlarga nisbatan tushunmovchilik yoki chetlatish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, mahallada do‘stlik va hamkorlik muhitini yaratishga ko‘maklashish;
(iii) mehmonlarning huquqiy himoyasiga doir ehtiyojlarini aniqlash, zarur hollarda ularning huquqiy muammolarini “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamkorligida hal etishni ta’minlash;
(z) soliq inspektori:
(i) mehnatga layoqatli mehmonlarning xohishiga ko‘ra ish bilan ta’minlanishi yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun ularning mavjud soliq imtiyozlari va subsidiyalar to‘g‘risida xabardorligini oshirib borish;
(ii) mehmonlar orasida rasmiy faoliyatni boshlashga qiziqish bildirgan shaxslarga soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish, hisob yuritish va hisobot topshirish tartiblari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish;
(i) patronaj hamshirasi:
(i) mehmonlarning oilalarida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sog‘lom ovqatlanish hamda reproduktiv salomatlik qoidalarini ommalashtirish;
(ii) onalar va voyaga yetmagan bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek, emlash va boshqa turdagi ko‘riklar reja-jadvali bilan tanishtirish hamda ularga hamrohlik qilish;
(iii) tibbiy kuzatuv natijalari bo‘yicha xavf omillari yuqori bo‘lgan bemorlarni shifokor oldi ko‘rigi xonalari hamshiralari hamda oilaviy shifokorlarga yo‘naltirishga ko‘maklashish;
(k) mahalla bankiri:
(i) mehmonlarning tadbirkorlik g‘oyalarini loyihalarga aylantirish masalasida ko‘maklashish;
(ii) mehmonlarning xohishiga ko‘ra kredit olish va qaytarish, biznes ochish, mahsulotini bozorda sotish ko‘nikmalariga o‘qitilishi hamda ularning tadbirkorlik yo‘nalishida rivojlantirilishiga qaratilgan maslahatlar berish;
(iii) mehmonlarning biznes loyihalarini amalga oshirish jarayonida ularga hamrohlik qilish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarini tushuntirish va ularning iqtisodiy faolligi oshishiga ko‘maklashish.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/133/0736-son; 09.09.2025-y., 06/25/157/0811-son)