|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.06.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
BUYRUGʻI
Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallari bilan mukofotlangan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlarni ajratish tartibi toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 5-avgustda 1505-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 28-maydagi 30-sonli ““Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallari bilan mukofotlangan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlarni ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1505-2, 05.06.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasining Qonun hujjatlar toʻplami” 2003-yil, 20-son) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Ilova qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallari bilan mukofotlangan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (yangi tahrirda) tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur buyruq kuchga kirgan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1997-yil 24-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallari bilan mukofotlangan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlarni ajratish toʻgʻrisida”gi tartibi (1997-yil, 30-dekabr, roʻyxat raqami 386) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Moliya vaziri S. RAHIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 23-iyul,
67-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2005-yil 23-iyuldagi 67-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallari bilan mukofotlangan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlarni ajratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
(yangi tahrirda)
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallari bilan mukofotlangan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlarni ajratish tartibini belgilaydi.
2. “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlgan shaxslar ish haqi yoki pensiyaga qoʻshimcha ravishda har oyda eng kam ish haqi miqdoriga teng boʻlgan qoʻshimcha haq oladilar.
3. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari quyidagi miqdorlarda:
“Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining yetmish besh baravari miqdorida;
“Amir Temur” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining yetmish baravari miqdorida;
“Jaloliddin Manguberdi” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining oltmish besh baravari miqdorida;
“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining oltmish baravari miqdorida;
“El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining ellik baravari miqdorida;
“Fidokorona xizmatlari” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining qirq besh baravari miqdorida;
“Mehnat Shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining qirq baravari miqdorida;
1-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining qirq baravari miqdorida;
2-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida;
1-darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining qirq baravari miqdorida;
2-darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida;
“Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining oʻttiz baravari miqdorida;
“Mardlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining oʻn besh baravari miqdorida;
“Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida toʻlanadi.
“Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida toʻlanadi.
“Jasorat” medali bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida;
“Shuhrat” medali bilan mukofotlangan shaxslarga eng kam ish haqining besh baravari miqdorida toʻlanadi.
4. Mukofot miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni imzolangan paytda belgilangan eng kam ish haqidan kelib chiqib hisoblab yoziladi.
5. Insonni uning vafotidan keyin mukofotlash paytida mukofotlash haqidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlangan shaxsning oilasiga topshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi ordenlari va medallari bilan mukofotlangan shaxslarga pul mukofotlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan budjetni tasdiqlash paytida rejalashtiriladi, mukofotlash haqidagi farmonlarning chiqishiga qarab yil davomida aniqlashtiriladi va aniq maqsadli hisoblanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasi ordenlari va medallari bilan mukofotlangan shaxslar toʻgʻrisidagi Farmon nusxasini olgandan soʻng Toshkent shahar hokimiyatining Moliya bosh boshqarmasi 5 bank kuni davomida zarur mablagʻlarni oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini yozib berish yuklangan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq bankining tuman boʻlimiga hisoblab oʻtkazadi.
8. Xalq bankining tuman boʻlimi mukofotlash haqidagi Prezident Farmoni nusxasini olgandan soʻng oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini yozib berishni amalga oshiradi.
Oluvchining nomiga yozib berilgan hisob-kitob cheklari ularni ordenlar va medallar bilan mukofotlangan shaxslarga topshirishni tashkillashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Apparatining mukofotlar shuʼbasiga qaytariladi.
9. Mukofotlarni toʻlash oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq bankining barcha muassasalari tomonidan qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10. Hisob-kitob cheklari tovarlar va xizmatlarga haq toʻlash uchun taqdim etilishi mumkin.
11. Toʻlangan hisob-kitob cheklariga doir xarajatlarni qoplash toʻlangan hisob-kitob cheklari talablari va reyestrlari asosida hisob-kitob cheklarini yozib bergan Xalq banki boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladi.
12. Koʻrsatib oʻtilgan xarajatlar moliya organlari tomonidan budjetlar daromadlari va xarajatlari tasnifi 7016-bob 201-boʻlim 48 21 190-moddasiga kiritiladi.
13. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining aksionerlik-tijorat Xalq banki bilan kelishilgan.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 32-33-son, 257-modda)