O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-52-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
(a) O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
(b) Mamlakatimizda umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xarita” 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi Millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik kengashlari Umummilliy birdamlik va hamjihatlikni ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik kengashlari (keyingi o‘rinlarda — hududiy jamoatchilik kengashlari) deb qayta nomlansin.
3. Vazirlar Mahkamasi Qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibi va hududiy jamoatchilik kengashlarining yangilangan (namunaviy) tarkibini davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar a’zolari, fan va madaniyat namoyandalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan iborat tarkibda tasdiqlasin.
4. Belgilansinki:
(a) Qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi maslahat-kengash organi hisoblanib, Qo‘mitaga yuklangan vazifa va majburiyatlarning bajarilishiga ko‘maklashadi;
(b) hududiy jamoatchilik kengashlarning tashkiliy-texnik ta’minoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) O‘zbekiston xalqining birdamligini ta’minlash, xorijdagi vatandoshlarni tarixiy Vatani bilan birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini kompleks tahlil qilishda ishtirok etish, ularning amalga oshirilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
(b) mamlakatimizda umummilliy totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirishda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar tayyorlash va Qo‘mitaga kiritish;
(v) aholida O‘zbekiston xalqining umummilliy qadriyatlari ustuvorligini anglash tuyg‘usini kuchaytirishda davlat va jamoat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
(g) jamiyatda umummilliy birdamlik, xorijiy davlatlar hududlari bilan do‘stlik va birodarlik aloqalarini rivojlantirishga oid targ‘ibot ishlarini tizimli olib borish.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(a) Qo‘mita boshqaruv xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari 3 baravar (Qo‘mita rahbariyatiga 4 baravar) oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi;
(6-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
(b) Qo‘mita xodimlari oylik maoshining 50 foizi miqdorida Qo‘mita xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi shakllantiriladi;
(v) Qo‘mita boshqaruv xodimlari uchun avvalgi ish joyida harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun berilgan ustama va qo‘shimcha to‘lovlar saqlab qolinadi;
(g) Qo‘mitada ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni (martaba darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalarni) olish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi;
(d) Qo‘mita boshqaruv xodimlarining lavozim maoshiga rag‘batlantirish koeffitsiyenti hisobga olingan holda davlat organlaridagi ko‘p yillik mehnati uchun 2 yildan 5 yilgacha — 0,1; 5 yildan 10 yilgacha — 0,2; 10 yildan 15 yilgacha — 0,3; 15 yildan 20 yilgacha — 0,4; 20 yildan ortiq — 0,5 koeffitsiyentlarda har oylik ustamalar to‘lanadi.
7. Qo‘mita boshqaruv xodimlari tarkibi yuklatilgan vazifalarga mos, ularni professional darajada amalga oshirishga qodir bo‘lgan malakali, zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega (ustuvorlik asosida sotsiolog, siyosatshunos, xalqaro munosabatlar sohasidagi mutaxassislar, tarixchi, yurist, filolog) bo‘lgan mas’uliyatli kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.
8. Qo‘mita:
(a) o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;
(b) sohada faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat tashkilotlarga doimiy ravishda axborot, maslahat, tashkiliy va uslubiy jihatdan ko‘maklashib boradi.
9. Tashqi ishlar vazirligi xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan turdosh tashkilotlar, o‘zbek madaniy markazlari va jamiyatlari haqida ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritishda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan tegishli tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda va rivojlantirishda Qo‘mitaga amaliy yordam ko‘rsatsin.
10. Qo‘mita xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, shuningdek, Qo‘mitaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan bog‘liq xarajatlar 2025-yilda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondidan “Vatandoshlar” jamoat fondiga ajratilgan davlat subsidiyasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin hamda 2026-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutilsin.
11. Qo‘mita:
(a) “Vatandoshlar” jamoat fondi, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlariga doimiy ravishda axborot, maslahat, tashkiliy va uslubiy jihatdan ko‘maklashib borsin;
(b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-yanvarga qadar Umummilliy birdamlikni ta’minlash sohasida davlat siyosati konsepsiyasi va Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar sohasida davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Qo‘mita Toshkent shahri Bobur ko‘chasi 45-uyda joylashtirilsin.
Belgilansinki, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi va o‘z binolariga ega bo‘lmagan milliy madaniy markazlar, “Vatandoshlar” jamoat fondi va “O‘zbekiston” jurnali tahririyati” davlat muassasasi ushbu manzilda joylashgan binoning Qo‘mita tomonidan belgilanadigan joylariga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi belgilangan tartibda Qo‘mitani zarur aloqa vositalari, shu jumladan, Hukumat aloqa vositalari bilan ta’minlasin.
14. Qo‘mita boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-mart,
PQ-115-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PQ-115-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitaning (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Qo‘mita umummilliy totuvlik hamda xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha vakolatli respublika ijro etuvchi organi hisoblanadi hamda ushbu masalalar bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.
3. Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Qo‘mita o‘z faoliyatini davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Qo‘mitaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
6. Qo‘mita yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘zining nomi davlat tilida yozilgan muhr va blanklarga, mustaqil balansga, milliy va chet el valyutasidagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
7. Qo‘mitaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, qisqartirilgan nomi — Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Komitet po voprosam mejnatsionalnix otnosheniy i sootechestvennikov za rubejom Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — KMOS;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — The Committee on Interethnic relations and Compatriots abroad of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — the CIRCA.
8. Qo‘mitaning joylashgan joyi (pochta manzili): 100100, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 45-uy.
2-bob. Qo‘mitaning tashkiliy tuzilmasi
9. Qo‘mita tizimiga quyidagilar kiradi:
Qo‘mita tarkibiy bo‘linmalari;
“O‘zbekiston” jurnali tahririyati” davlat muassasasi.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha Qo‘mitaga hisobot beradi.
“O‘zbekiston” jurnali tahririyati” davlat muassasasi Qo‘mitaga hisobot beradi.
3-bob. Qo‘mitaning asosiy vazifalari va funksiyalari
11. Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatda do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlash orqali yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirish;
O‘zbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash orqali ularning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish;
xalq diplomatiyasi mexanizmlari orqali xorijiy mamlakatlar bilan ijtimoiy-madaniy va do‘stlik aloqalari hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash;
xorijdagi vatandoshlar jamoalari va o‘zbek diasporalarining milliy o‘zligini saqlashga ko‘maklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etishni qo‘llab-quvvatlash;
jamiyatda va axborot makonida millatlararo totuvlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xavfli omillarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga ko‘maklashish;
O‘zbekiston xalqi hamda xorijdagi vatandoshlarning jamiyatning mushtarak maqsadlari yo‘lida birdamligi, umummilliy hamjihatlik masalalarini tizimli yondashuv asosida tahlil qilish, strategik istiqbollarni belgilash.
12. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatda do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlash orqali yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirish borasida:
umummilliy totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshiradi;
jamiyatda do‘stlik, o‘zaro ishonch va tushunish muhitini asrab-avaylash hamda mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
davlat va nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda “Birgalikda kuchmiz” g‘oyasi ostida yoshlarni umummilliy qadriyatlar atrofida birlashtiruvchi targ‘ibot tadbirlarini olib boradi;
umummilliy hamjihatlikni aks ettiruvchi sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlarni respublika — tuman — mahalla (ovul) miqyosida o‘tkazishga ko‘maklashadi;
millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlikni qaror toptirishga yo‘naltirilgan ijtimoiy tashabbuslarni rag‘batlantiradi va qo‘llab-quvvatlaydi;
yoshlarni umummilliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, milliy an’ana va urf-odatlarni asrash va rivojlantirishga qaratilgan g‘oya va loyihalarni keng targ‘ib qilishda ishtirok etadi;
aholi orasida umummilliy totuvlik, do‘stlik va birdamlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadi, uni davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
yoshlarni Vatanga muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning Vatan oldidagi burch va mas’uliyatini teran anglashiga xizmat qiladigan zamonaviy mediakontentlar ishlab chiqadi;
davlat dasturlari, konseptual va strategik hujjatlarda bag‘rikenglik, birdamlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda yoshlarni keng jalb qiladi va ularning salohiyatidan to‘laqonli foydalanadi;
b) O‘zbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash orqali ularning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish borasida:
mamlakatdagi barcha millat va elatlarning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular o‘rtasida o‘zaro tushunish hamda yordam hissini kuchaytirishga zarur shart-sharoit yaratishda ko‘maklashadi;
barcha fuqarolarni “Yangi O‘zbekiston — mening taqdirim” shiori atrofida birlashtirish, bu orqali ularning o‘z taqdiri O‘zbekiston bilan bog‘langanini anglab yetishiga qaratilgan tadbirlar tashkil etishda qatnashadi;
yurtimizda yashovchi turli millat va elatlar vakillarining o‘ziga xos an’analari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini asrab-avaylashga ko‘maklashadi;
O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlikni oshirishga qaratilgan “O‘zbekiston — yagona Vatan” g‘oyasi atrofida madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishda faol ishtirok etadi;
mamlakatimizga ishlash, ta’lim olish maqsadida uzoq muddatga kelgan xorijiy fuqarolarning mahalliy shart-sharoitlarga va ijtimoiy-madaniy moslashuvini ta’minlash va umumiy manfaatlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqadi hamda uni idoralararo hamkorlik asosida amalga oshiradi;
milliy madaniy markazlar va sohaga ixtisoslashgan boshqa jamoat birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatadi, ular faoliyatining qonuniyligini ta’minlashda adliya organlari bilan hamkorlik qiladi;
milliy madaniy markazlarga umummilliy manfaatlarga xizmat qiluvchi madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishga ko‘maklashadi;
mamlakatda yashovchi turli millat va elat vakillarini umummilliy qadriyatlar atrofida birlashtiruvchi ijtimoiy buyurtmalar amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaydi va bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
v) xalq diplomatiyasi mexanizmlari orqali xorijiy mamlakatlar bilan ijtimoiy-madaniy va do‘stlik aloqalari hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash borasida:
xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshirishda bevosita ishtirok etadi;
mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar, xorijiy davlatlardagi turdosh tashkilotlar bilan xalq diplomatiyasi asosida do‘stona munosabatlar o‘rnatadi va uni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar olib boradi;
jahon hamjamiyatida mamlakatimizning boy tarixi hamda Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot bosqichidagi yutuqlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, ilmiy-amaliy seminarlar, anjumanlar, madaniy tadbirlarni tashkil qiladi va nufuzli OAVda yoritilishini ta’minlaydi;
o‘zbek xalqining boy tarixiy an’analari to‘g‘risida turkum materiallar tayyorlaydi va keng jamoatchilikka yetkazilishini ta’minlaydi;
o‘zbek zaminida tug‘ilgan buyuk olim va mutafakkirlarning barhayot merosini, ularning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini keng namoyon etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
o‘zbek xalqining xorijiy davlatlar hududlarida joylashgan va saqlanayotgan moddiy-madaniy merosi obyektlarini asrab-avaylashda davlat va nodavlat tashkilotlar bilan faol hamkorlik qiladi;
yurtimiz va xorijiy mamlakatlar hududlari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro ishonch va birodarlik aloqalarini o‘rnatish hamda rivojlantirishda manfaatdor tashkilotlar bilan chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi va ko‘maklashadi;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro shartnomalar va boshqa xalqaro hujjatlar tuzadi, O‘zbekistonning davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan xorijiy mamlakatlarning turdosh tashkilotlari va fuqarolik jamiyatlari institutlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama aloqalar va almashinuvlar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi;
do‘stlik jamiyatlari va birodarlashgan hududlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda investitsiya loyihalari, ijtimoiy buyurtmalarni shakllantiradi va ularni amalga oshirishga ko‘maklashadi;
g) xorijdagi vatandoshlar jamoalari va o‘zbek diasporalarining milliy o‘zligini saqlashga ko‘maklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etishni qo‘llab-quvvatlash borasida:
xorijdagi vatandoshlarni “O‘zbekiston — yagona Vatan”, “Yangi O‘zbekiston — mening taqdirim” g‘oyalari atrofida birlashtirish, ularning tarixiy Vataniga daxldorligi, o‘z taqdiri u bilan uzviy bog‘langanini ifodalovchi madaniy-ma’rifiy tadbirlar g‘oyasini yaratadi va amalga oshiradi;
xorijiy davlatlardagi vatandoshlarimiz va ular tomonidan tuzilgan tashkilotlar, shuningdek, chet eldagi turdosh tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashadi;
xorijdagi vatandoshlar jamoalari bilan hamkorlikning yangi “o‘sish nuqta”larini belgilashga qaratilgan maqsadli loyiha va dasturlar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik startap loyihalarda faol ishtirok etishga jalb qilish orqali ularda tarixiy Vatani rivojiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqadi;
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash borasida davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik qiladi;
xorijdagi vatandoshlarimiz bilan doimiy axborot almashinuvini ta’minlaydi hamda o‘zaro hamkorlikning zamonaviy mexanizmlarini joriy qiladi;
xorijdagi vatandoshlar, birinchi, ikkinchi va uchinchi avlod o‘zbek diaspora vakillarini O‘zbekistonning umummilliy taraqqiyotiga daxldorligini kuchaytirishga qaratilgan maqsadli, manzilli dastur va loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi va amalga oshiradi;
xorijda vatandoshlar ishtirokidagi tadbirlarda mamlakatimizning taniqli yozuvchi va shoirlari, fan arboblari, madaniyat va san’at vakillari, sportchilari ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashadi;
d) jamiyatda va axborot makonida millatlararo totuvlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xavfli omillarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga ko‘maklashish borasida:
axborot makonida millatlararo totuvlikka, umummilliy hamjihatlikka raxna soluvchi holatlarni (millatchilik, ayirmachilik va boshqalar) monitoring va tahlil qiladi, bunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanadi;
turli millat va elat vakillarining turmush tarzi, urf-odatlari va an’analari bilan bog‘liq masalalarni tizimli o‘rganadi va bu borada davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
jamiyatda milliy, etnik omillar sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bahsli holatlarni baholaydi, ularni profilaktika qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshirishda ishtirok etadi;
millatlararo munosabatlar yo‘nalishidagi jarayonlar monitoringini olib boradi, axborot-tahliliy sharhlar tayyorlaydi, e’lon qiladi;
axborot makonida umummilliy totuvlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi turli da’vatlar, chaqiriqlarni tezkor o‘rganadi hamda O‘zbekistonning bu boradagi qat’iy pozitsiyasi bo‘yicha asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
jamiyatda va axborot makonidagi turli tahdidlarga qarshi asoslantirilgan fikrlarni shakllantirishda olimlar, ekspertlar va fikr yetakchilari bilan faol hamkorlik qiladi;
e) O‘zbekiston xalqi hamda xorijdagi vatandoshlarning jamiyatning mushtarak maqsadlari yo‘lida birdamligi, umummilliy hamjihatlik masalalarini tizimli yondashuv tahlil qilish va strategik istiqbollarni belgilash borasida:
qonunlar, Prezident hujjatlari, Prezident Administratsiyasi topshiriqlari, Hukumat qaror va farmoyishlari, bayonlari, idoralararo va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarda Qo‘mitaga yuklatilgan vazifalar ijrosi o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlaydi;
umummilliy birdamlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashga oid asosiy ko‘rsatkichlarni ishlab chiqadi va sohaga oid ma’lumotlar bazasini yaratadi;
sohaga oid vaziyatni tezkor va avtomatik ravishda sun’iy intellekt yordamida tahlil qiluvchi va baholovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganadi va kompleks tahlil asosida strategik istiqbollarni belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
yaqin, o‘rta va uzoq istiqbolda umummilliy birdamlikni ta’minlashga xizmat qiladigan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda uni davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalariga doir qonun va qonunosti hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi va ulardagi dolzarb masalalar yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning professional ko‘nikmalarini oshirishda ishtirok etadi;
uslubiy qo‘llanmalar, o‘quv darsliklari, ilmiy adabiyotlarni ishlab chiqish va takomillashtirishda umummilliy birdamlik va hamjihatlikni ta’minlovchi taklif va tavsiyalarni ilgari suradi;
oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan amalga oshiriladigan sohaga oid masalalar bo‘yicha ilmiy-amaliy loyihalar va ijtimoiy buyurtmalarni qo‘llab-quvvatlaydi;
sohaga oid tadqiqot ishlarini olib borayotgan ilmiy izlanuvchilarga ko‘maklashadi, ularni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar beradi;
yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etadi va o‘tkazadi.
4-bob. Qo‘mitaning huquq va majburiyatlari
1-§. Qo‘mitaning huquqlari va majburiyatlari
13. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Qo‘mitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda kiritish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlarni qabul qilish;
Qo‘mitaning vakolatiga kiruvchi masalalarda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
Qo‘mitaga tegishli vazifalarni amalga oshirish uchun, zarur hollarda, davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;
o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan statistika, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va bepul olish;
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga mamlakatimizdagi umummilliy totuvlik va hamjihatlik, vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash masalalariga oid qonunchilik hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
Qo‘mitaning vakolatiga kiruvchi masalalarda sudlarga ariza (shikoyat) va da’volarni kiritish;
umummilliy birdamlik hamda vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish;
o‘z vakolati doirasida milliy madaniy markazlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga ushbu faoliyatni amalga oshirishda tashkiliy, huquqiy, uslubiy yordam ko‘rsatish;
milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari va boshqa tegishli tashkilotlarning ro‘yxatdan o‘tishda taqdim etadigan hujjatlari bo‘yicha adliya organlari so‘rovlariga muvofiq xulosalar kiritish;
Qo‘mita faoliyatini samarali tashkil etish, unga yuklangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlarining mutaxassis va ekspertlarini shartnoma asosida jalb qilish;
sohaga doir ilmiy va amaliy tadqiqotlar hamda ishlanmalarni amalga oshirish bo‘yicha loyihalarni saralab olish uchun tanlovlar e’lon qilish va tanlov komissiyalarini tuzish;
Qo‘mita xodimlari tomonidan faoliyat samaradorligining maqsadli ko‘rsatkichlari (KPI) bajarilishini hisobga olgan holda moddiy rag‘batlantirish tartibini, miqdorini va shartlarini belgilash;
Qo‘mita vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Vazirlar Mahkamasiga, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalariga ko‘rib chiqish uchun kiritish;
Qo‘mita vakolati doirasida xalqaro shartnomalar va idoralararo bitimlar tuzish, xalqaro, hukumatlararo bitim loyihalarini taqdim etish;
Qo‘mita vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini xalqaro miqyosda himoya qilish;
o‘ziga yuklangan vazifalar doirasida xorijiy davlatlardagi turdosh tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish;
boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Qo‘mitaning tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;
tarkibiy bo‘linmalarning funksional vazifalari hamda boshqa hujjatlari, smeta va shtat jadvallarini tasdiqlash;
Qo‘mita tizimida kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlarini samarali tashkil etish;
Qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha joriy va strategik vazifalarni yoritish uchun belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochish, konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar, yarmarkalar o‘tkazish, shuningdek, uslubiy materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni.
binolarga xizmat ko‘rsatish, jihoz va uskunalar, avtotransport, aloqa hamda hisoblash vositalari, kompyuter va tashkiliy texnika vositalarini saqlash va ishlatish bo‘yicha ishlarni bajarish, dasturiy ta’minotni sotib olish to‘g‘risida belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 27-bobi.
Qo‘mita hamda idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash choralarini ko‘rish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq Qo‘mitaning ijtimoiy infratuzilmasini yaratish va takomillashtirish hamda Qo‘mita, uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va mukofotlashning yagona tizimini shakllantirish;
Qo‘mita qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
14. Qo‘mita:
o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish, shuningdek, umummilliy totuvlikni va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha davlat siyosatini samarali amalga oshirish;
o‘z faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishilishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa hujjatlar, shuningdek, Qo‘mita tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;
o‘z faoliyati sohasini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali bajarish;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash uchun javob beradi.
2-§. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlarining Qo‘mita faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha huquqlari va majburiyatlari
15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari quyidagi huquqlarga ega:
Qo‘mita zimmasiga yuklangan vazifalarni o‘z hududlarida samarali tashkil etish maqsadida davlat organlari va tashkilotlaridan statistika, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va bepul olish;
zarur hollarda, zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;
o‘z vakolati doirasida milliy madaniy markazlarga tashkiliy, huquqiy, uslubiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil qilish;
milliy madaniy markazlarning jamiyatda umummilliy totuvlikni ta’minlashga qaratilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy davlatlar hududlari bilan do‘stlik va birodarlik aloqalarini rivojlantirishga oid takliflarni ishlab chiqish;
sohaga oid qonunchilik hujjatlarining ijro etilishini, shu jumladan, hududlarda turli millat vakillarining huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini o‘rganish va tahlil qilish;
soha faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat boshqaruvi organlari va jamoat birlashmalarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazish;
davlat organlari va tashkilotlari hududiy bo‘linmalarining millatlararo munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashga oid masalalarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq majlislari va yig‘ilishlarida ishtirok etish;
axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalarining hududiy bo‘limlari, shuningdek, ilmiy tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilish;
umummilliy hamjihatlikning mavjud holati, uni yanada mustahkamlash istiqbollari to‘g‘risida tegishli axborot, axborot-tahliliy hujjatlar, hisobotlar tayyorlash;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z vakolatlari doirasida o‘zlariga yuklangan vazifalardan kelib chiqqan holda boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari:
Qo‘mitaga yuklangan vazifalarni hududlarda sifatli bajarilishini tashkil etish, ta’sirchan nazoratni amalga oshirish;
hududlarda umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarning mavjud holati, uni yanada mustahkamlash istiqbollari to‘g‘risida tegishli axborot, axborot-tahliliy hujjatlar, hisobotlarni Qo‘mitaga kiritish;
sohani rivojlantirish va hududlarning muammoli masalalarini hal qilish bo‘yicha dastur, chora-tadbirlar rejasi, “yo‘l xaritalari” va boshqa hujjatlar ijrosini ta’minlash;
hududlarda milliy madaniy markazlar umummilliy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan faoliyatini amalga oshirishiga ko‘maklashish;
xorijiy davlatlar hududlari bilan do‘stlik va birodarlik aloqalarini rivojlantirish choralarini ko‘rish;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash uchun javob beradi.
5-bob. Qo‘mita rahbariyatining asosiy funksional vazifalari
17. Qo‘mita raisining asosiy funksional vazifalari:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
Qo‘mita faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa qonunchilik hujjatlari bilan yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Qo‘mita faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlar rejalarini amalga oshirish bo‘yicha tanqidiy va chuqur tahlillar o‘tkazish;
Qo‘mitaning hududiy vakillari faoliyati bilan bog‘liq istiqboldagi ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan Qo‘mita faoliyatiga taalluqli bo‘lgan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishlarida va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalar yuzasidan qatnashish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri ko‘rsatmalarini bajarish;
o‘z o‘rinbosarlarining vakolatlarini belgilash, majburiyatlarni taqsimlash, Qo‘mita tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining vakolatlarini belgilash, Qo‘mita faoliyatining ma’lum bir sohalarini boshqarishda o‘z o‘rinbosarlari va bo‘linma rahbarlarining shaxsiy javobgarlik darajasini belgilash;
Qo‘mita faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, davriy ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;
Qo‘mita tizimida raqamlashtirishni joriy etish;
millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar sohasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlangan kompleks dastur va chora-tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
Qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyati bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar, maqsadli indikatorlar va rivojlantirish dasturlarining samarali amalga oshirilishiga erishishni so‘zsiz ta’minlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tarkibiy bo‘linmalari va Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan Qo‘mita faoliyat sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, masalalarning Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqilishida ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vaziri va Bosh vazir o‘rinbosarlari topshiriqlarining o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoring olib borishning amaliy tizimini yaratish, Qo‘mita faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, hududiy bo‘limlar va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
Qo‘mita tizimida xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiradigan bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Qo‘mitaga ishga qabul qilinadigan boshqa kadrlarning kasb mahorati, o‘z ishini bilishi, yuksak darajadagi ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi topshiriqlariga va o‘z tashabbusiga ko‘ra normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini, ular O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Vazirlar Mahkamasi hamda Prezident Administratsiyasi Reglamentlari talablariga muvofiq ravishda o‘z vaqtida Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini tashkil etish, ularning Vazirlar Mahkamasi apparatida puxta ishlanishida, Vazirlar Mahkamasida himoya qilinishi va Prezidenti Administratsiyasida ko‘rib chiqilishida ishtirok etish;
Qo‘mitaga kiritilgan takliflar va taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqilishini ta’minlash, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi va Prezident Administratsiyasi Reglamentlarida belgilangan muddatlarda kelishish (viza qo‘yish);
Qo‘mita vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, zarur hollarda, davlat boshqaruvining boshqa organlari bilan birgalikda qarorlar va boshqa hujjatlarni qabul qilish;
Qo‘mita xodimlarining xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga to‘la muvofiq ravishda tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, ularga ajratiladigan mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta’minlash;
o‘z o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, Qo‘mita hay’at majlislarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, muhokama yakunlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;
Qo‘mita tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
Qo‘mita xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, o‘z o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini, shu jumladan, kelgusida ularning egallab turgan lavozimlariga loyiqligi masalalarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida takliflar kiritish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha tizimli choralarni amalga oshirish;
Qo‘mita xodimlarining Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishi bo‘yicha nazoratni tashkil etish;
huquqni qo‘llash amaliyotini va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Qo‘mita tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligi va ochiqligini ta’minlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib sayyor qabul qilish;
Prezidentning Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, Qo‘mita rahbarlari va xodimlarining ular faoliyatida faol ishtirok etishini tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
Qo‘mita xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi.
Qo‘mita tizimida kadrlar zaxirasini shakllantirish, shuningdek, tizim xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish (xorijiy mamlakatlarda) ishlarini tizimli asosda tashkil qilish;
Qo‘mita faoliyati sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzish va belgilangan tartibda o‘ziga yuklangan vazifalar doirasida xorijiy davlatlarning organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, O‘zbekiston Respublikasi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan rasmiy tadbirlarda Qo‘mita nomidan ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini muhokama qilish bo‘yicha majlislarida ishtirok etish va ularga doir fikr bildirish;
zarur hollarda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Qo‘mitaning tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;
Qo‘mita xodimlari bajarishi shart bo‘lgan buyruqlar va farmoyishlar qabul qilish hamda ko‘rsatmalar berish;
Qo‘mita tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etish, shuningdek, soha tarmoqlarini rivojlantirishda alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni faxriy yorliqlar hamda boshqa rag‘batlantirishlar bilan taqdirlash;
Qo‘mita mol-mulkini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etish;
Qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini qonunchilikda belgilangan tartibda tuzish;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonuni.
Qo‘mita hay’at majlislarida raislik qilish.
Qo‘mita raisi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksional vazifalarga ham ega bo‘lishi mumkin.
18. Qo‘mita raisi o‘rinbosarlarining umumiy funksional vazifalari:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
Qo‘mita raisi vaqtincha bo‘lmaganda, tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
Qo‘mita faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va bevosita boshqarish, xodimlar o‘rtasida vazifalarni taqsimlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan Qo‘mita faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan dastur va chora-tadbirlar ijrosi holatini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
Qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini, jumladan, uning yig‘ilishlarini samarali tashkil etishda ko‘maklashish;
O‘zbekistonda yashovchi millat va elatlarning tili va madaniyatini saqlashga sharoit yaratish orqali milliy madaniy xilmaxillikni ta’minlab borish yo‘nalishidagi ishlarni muvofiqlashtirish;
etnik kelib chiqishi va madaniy mansubligidan qat’iy nazar barchaga bir xil imkoniyatlar yaratish, bag‘rikenglik va birdamlik qadriyatlarini mustahkamlash orqali yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
jamiyatda millatlararo munosabatlarning mavjud holatini o‘rganish, tahlil qilish hamda jamiyatda umummilliy totuvlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ilmiy asoslangan takliflar tayyorlashda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
xalqaro va respublika darajasidagi ilmiy konferensiya, seminarlar tashkil etish, sohaga ixtisoslashgan xorijiy institutlar va markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
O‘zbekistondagi milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatining qonuniyligini ta’minlashda adliya organlari bilan hamkorlik qilish;
O‘zbekistondagi milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlariga tashkiliy, huquqiy va uslubiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish;
millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va ekspertiza qilishda ishtirok etish;
chet ellardagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va boshqa manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish yuzasidan tashabbuslar ishlab chiqish, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish;
xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va ekspertiza qilishda ishtirok etish;
do‘stlik jamiyatlariga tashkiliy, huquqiy va uslubiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish;
xorijiy mamlakatlar, ularning shaharlari va fuqarolik hamjamiyatlari bilan do‘stlik hamda birodarlashgan aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi hamda ularning ijro etilishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, Qo‘mitada ijro intizomi bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, topshiriqlar o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi uchun xodimlar shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
Qo‘mita hay’ati qarorlari, Qo‘mita raisi buyruqlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
Qo‘mita raisiga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha takliflar taqdim etish, ularning kasb mahorati, o‘z ishini bilishi, amaliy ish tajribasi, yuqori ishchanlik darajasi va ma’naviy-axloqiy sifatlari kafolatlanganini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish choralarini ko‘rish, tarkibiy bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
xodimlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Qo‘mitada tayyorlangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama etish, imzolash (viza qo‘yish) uchun ko‘rib chiqish va viza qo‘yish, ularning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi Reglamentlari talablariga qat’iy rioya qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlash, Qo‘mita raisi topshirig‘iga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
Qo‘mitaga taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish;
xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son, 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga to‘la muvofiq ravishda tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlariga ajratiladigan mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta’minlash;
xodimlar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini doimiy tanqidiy tahlil qilib borish, Qo‘mitaning hay’at yig‘ilishlarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, muhokama yakunlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;
Qo‘mita faoliyatini takomillashtirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar qabul qilish, millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish to‘g‘risida takliflar ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun Qo‘mita raisiga kiritish;
xodimlarni rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimda qolish-qolmasligi maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida Qo‘mita raisiga takliflar kiritish, ularning funksional majburiyatini va yuklangan vazifalar bajarilishida shaxsiy mas’uliyatini oshirish yuzasidan tizimli choralar ko‘rish;
Qo‘mita xodimlari tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishi ta’minlanishini nazorat qilish;
huquqni qo‘llash amaliyotini va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Qo‘mita tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
Qo‘mita raisiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligi, sifati va ulardan erkin foydalanish darajasini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib sayyor qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ular faoliyatida faol ishtirok etish, Prezidentning Virtual qabulxonasidan tushadigan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
Qo‘mita xodimlarini tizimli ravishda qayta tayyorlash va xorijiy mamlakatlarda ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish.
19. Qo‘mita tarkibiy tuzilmasi bo‘linmalari rahbarlarining funksional vazifalari:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar ijrosini ta’minlash;
faoliyatni muntazam tahlil qilib borish va qayd etilgan ko‘rsatkichlarga tarkibiy bo‘linmalar tomonidan so‘zsiz erishishni ta’minlashga yo‘naltirilgan qo‘shimcha choralar ko‘rish yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqish uchun Qo‘mita raisining mutasaddilik qiladigan o‘rinbosariga kiritish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, Qo‘mita tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
hay’at qarorlari, Qo‘mita raisi va uning o‘rinbosarlari buyruqlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarning ish rejalarini ishlab chiqish, tasdiqlash uchun kiritish, ularda qayd etilgan vazifalar va tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalarning ijrosini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga amaliy va metodik yordam ko‘rsatish;
tarkibiy bo‘linmalar faoliyati sohalariga oid qonunchilik hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun Qo‘mita rahbariyatiga kiritish;
Qo‘mita rahbariyatiga tarkibiy bo‘linmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda takliflar taqdim etish, ularning professionalligi, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash, kasbiy malakasini oshirish choralarini ko‘rish, tarkibiy bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
tarkibiy bo‘linmalarga taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish;
xizmat safarlarini belgilangan talablarga muvofiq ravishda amalga oshirish, ularning asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, ajratiladigan mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalar xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini doimiy tanqidiy tahlil qilib borish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
xodimlarining Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlash;
huquqni qo‘llash amaliyotini va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tarkibiy bo‘linmalarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
Qo‘mita rahbariyatiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligi, sifati va ulardan foydalanish darajasini oshirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun kiritish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib sayyor qabul qilish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
6-bob. Qo‘mita rahbarlarining javobgarligi
20. Qo‘mita raisi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PF-6166-son Farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi “ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5132-son qarori o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishi;
mazkur Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Qo‘mitaga yuklangan vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi, shuningdek, Qo‘mita ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilishi;
amalga oshirilayotgan dasturlar, strategiya va konsepsiyalarda ko‘zlangan natijalarga erishilishi, ularning mamlakatda umummilliy totuvlikni ta’minlash va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga ta’siri;
tegishli sohalar va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan parametrlar va ko‘rsatkichlarga erishishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi;
Qo‘mita tizimida ijro intizomiga qat’iy rioya etilishi uchun javob beradi.
21. Qo‘mita raisining o‘rinbosarlari:
qonunchilik hujjatlari bilan yuklangan yo‘nalishlar va sohalar bo‘yicha vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida bajarilishi hamda natijadorligi;
mutasaddilik qilinayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha sohalarning barqaror rivojlanishini ta’minlashga oid chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligi uchun javob beradi.
22. Qo‘mita tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari:
tegishli tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida bajarilishi hamda natijadorligi;
faoliyat yo‘nalishlariga oid qonunchilik hujjatlari, Qo‘mita rahbarlarining topshiriqlari bajarilishining holati to‘g‘risida haqqoniy tahliliy va boshqa axborotlarni sifatli tayyorlash va o‘z vaqtida taqdim etish yuzasidan javob beradi.
7-bob. Qo‘mita faoliyatini tashkil etish
1-§. Qo‘mita rahbariyati hamda xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish tartibi
23. Qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi.
24. Qo‘mita raisi maqomi, maishiy ta’minoti, tibbiy va transport xizmatidan foydalanish borasidagi shart-sharoitlariga ko‘ra ― vazirga, uning o‘rinbosarlari ― vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
25. Qo‘mita raisining Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar o‘rinbosari bo‘ladi.
26. Qo‘mita raisi bo‘lmagan vaqtda, uning vakolatlari rais o‘rinbosari tomonidan raisning tegishli buyrug‘iga asosan amalga oshiriladi.
27. Qo‘mita xodimlari Qo‘mita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
2-§. Qo‘mitaning davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi
28. Qo‘mita o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
29. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha kotibiyatlari millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash masalalarida o‘z vakolatlari doirasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
3-§. Qo‘mita hay’ati va jamoatchilik kengashi
30. Qo‘mitada rais (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari, shuningdek, uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy bo‘linmalar rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tuziladi.
Hay’at tarkibining soni va shaxsiy tarkibi Qo‘mita raisining taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
31. Hay’atga quyidagi vazifalar yuklanadi:
Qo‘mita faoliyatining ushbu Nizomda belgilangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
qonunchilik hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun Qo‘mita tizimidagi xodimlar va rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rgan holda tarkibiy bo‘linmalar hamda idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari muntazam ravishda eshitilishini tashkil etish;
Qo‘mita faoliyati sohasidagi hududiy va tarmoq dasturlari amalga oshirilishining natijadorligini tizimli ravishda har chorakda va muntazam ko‘rib chiqish;
Qo‘mita faoliyati doirasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishni ta’minlagan holda hay’atning kengaytirilgan, shu jumladan, joylarda sayyor majlislarini o‘tkazishni tashkil etish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qarorlarni tayyorlash va qabul qilish;
Qo‘mita va uning tizimiga kiradigan lavozimlar nomenklaturasini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
Qo‘mita nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarni yuklatilgan vazifalarga mos, ularni professional darajada bajarishga qodir, malakali, zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan (ustuvorlik asosida sotsiolog, siyosatshunos, xalqaro munosabatlar, filolog, tarixchi, yurist) mas’uliyatli kadrlar bilan jamlash masalalarini ko‘rib chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari bilan belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun Qo‘mita rahbarlari hamda xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash, shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hay’at Qo‘mita vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishi mumkin.
32. Hay’at majlisiga respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar rahbarlari ularning vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan taklif etilishi mumkin.
33. Hay’at, agar uning majlisida hay’at tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
34. Hay’at qarorlari Qo‘mita raisining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
35. Qo‘mita raisi va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Qo‘mita raisi yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham Vazirlar Mahkamasiga o‘z fikrini ma’lum qilishi mumkin.
36. Hay’at faoliyatining tartibi uning hay’at tomonidan tasdiqlanadigan reglamenti bilan belgilanadi.
37. Qo‘mita faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida uning huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar a’zolari, fan va madaniyat namoyandalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan iborat tarkibda jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.
38. Jamoatchilik kengashi maslahat-kengash organi hisoblanib, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, sohaga oid davlat va tarmoq dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va fikri hisobga olinishi, Qo‘mita zimmasiga yuklangan ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha Qo‘mita va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
39. Qo‘mita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi umummilliy birdamlik va hamjihatlikni ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik kengashlari bilan hamkorlik qiladi.
40. Qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
O‘zbekiston xalqining birdamligini ta’minlash, xorijdagi vatandoshlarni tarixiy Vatani bilan birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini kompleks tahlil qilishda ishtirok etish, ularning amalga oshirilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
mamlakatimizda umummilliy totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirishda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar tayyorlash va Qo‘mitaga kiritish;
aholida yagona O‘zbekiston xalqining umummilliy qadriyatlar ustuvorligini anglash tuyg‘usini kuchaytirishda davlat va jamoat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
jamiyatda umummilliy birdamlik, xorijiy davlatlar hududlari bilan do‘stlik va birodarlik aloqalari rivojlantirishga oid targ‘ibot ishlarini tizimli olib borish.
41. Qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizom va uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
8-bob. Qo‘mita faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari
42. Qo‘mita faoliyatining samaradorligi muntazam baholanadi.
43. Qo‘mita faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tegishli mezonlar va ishchi indikatorlarga asoslanadi.
44. Qo‘mita faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha:
Qo‘mita rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki ularga nisbatan intizomiy jazo choralari;
Qo‘mita faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralari ko‘riladi.
45. Qo‘mita faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
9-bob. Qo‘mita faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish
46. Quyidagilar Qo‘mita faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
47. Qo‘mita xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haq, ustamalar va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlardan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
48. Qo‘mita boshqaruv xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari 3 baravar (Qo‘mita rahbariyatiga 4 baravar) oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
(48-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
49. Qo‘mita, uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshi Yagona tarif setkasining tasdiqlangan razryadlari bo‘yicha belgilanadi.
Qo‘mita xodimlarining lavozim maoshi yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlari asosida belgilanadi.
Qo‘mita xodimlari oylik maoshining 50 foizi miqdorida Qo‘mita xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi shakllantiriladi.
50. Qo‘mita boshqaruv xodimlari uchun avvalgi ish joyida harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun berilgan ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlar saqlab qolinadi.
Qo‘mitada ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni (martaba darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalarni) olish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi;
nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassis xodimlarga — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 13-iyuldagi PF-6260-son Farmonida belgilangan tartib va miqdorlarda to‘lab beriladigan qo‘shimcha ustamalar;
Ilmiy darajaga (PhD, DSc) ega xodimlarga — lavozim maoshining 10 foizigacha (PhD — 5 foiz, DSc — 10 foiz) miqdorida qo‘shimcha ustama.
51. Qo‘mita boshqaruv xodimlarining umumiy ish stajidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorda ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):
2 yildan 5 yilgacha — 0,1;
5 yildan 10 yilgacha — 0,2;
10 yildan 15 yilgacha — 0,3;
15 yildan 20 yilgacha — 0,4;
20 yildan ortiq — 0,5.
52. Qo‘mita xodimlari oylik maoshining 50 foizi miqdorida Qo‘mita xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hisobidan qonunchilikda belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlarida va boshqa muhim sanalarda mukofotlash, shuningdek, ustama, rag‘batlantirish va qo‘shimcha haq, mukofotlar va ish haqiga boshqa to‘lovlar miqdori Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadi.
Qo‘mita huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xodimlarga qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa to‘lovlar ham to‘lanishi mumkin.
53. Qo‘mita xodimlariga oylik ustamalar, moddiy va ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirishlar tarzidagi lavozim maoshlariga qo‘shimcha to‘lovlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
10-bob. Qo‘mitaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi
54. Qo‘mita rahbarlari o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy bo‘linmalariga, Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan o‘zaro hamkorlik qilish doirasida:
o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar hamda boshqa hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish uchun respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda o‘z faoliyati sohasidagi muammolarni hal etish, davlat boshqaruvi tizimini maqbullashtirishga qaratilgan taklif, tavsiya va tahliliy ma’lumotlar tayyorlanishini ta’minlaydi;
umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashning eng muhim yo‘nalishlari hamda vazifalarni amalga oshirishda mavjud tizimli muammo va kamchiliklarning muntazam ravishda ko‘rib chiqilishi va bartaraf etilishini tashkil qiladi;
belgilangan tartibda boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
55. Vazirlar Mahkamasi Qo‘mita rahbarlarining faoliyatini yuklangan vazifalarning ular tomonidan samarali bajarilishi bo‘yicha doimiy monitoring qilib boradi, Qo‘mita faoliyati samaradorligini xolisona baholaydi.
56. Monitoring va baholash natijalariga ko‘ra Qo‘mitaning alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirish choralari ko‘riladi, jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan esa tegishli javobgarlik choralari qo‘llanadi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
57. Qo‘mita qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49, 55-moddalari.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 07/25/115/0263-son; 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)