|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.02.2006
|
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh VA TADBIRKORLIKNI QO‘LLAB-QUVVATLASh DAVLAT QO‘MITASINING
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh VA TADBIRKORLIKNI QO‘LLAB-QUVVATLASh DAVLAT QO‘MITASINING
Qarori
AKSIYADORLIK-TIJORAT TADBIRKORBANKNING KREDIT LINIYALARI HISOBIDAN TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN KIChIK BIZNES SUBYEKTLARIGA DASTLABKI (BOShLANG‘ICh) SARMOYANI ShAKLLANTIRIShGA KREDIT BERISh HAMDA LIZING KOMPANIYALARI TOMONIDAN LIZINGNI AMALGA OShIRISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 20-mayda 1362-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish Davlat Qo‘mitasining 2005-yil 31-dekabrdagi “Aksiyadorlik-tijorat Tadbirkorbankning kredit liniyalari hisobidan tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kredit berish hamda lizing kompaniyalari tomonidan lizingni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizomni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash haqida”gi qarori asosida o‘z kuchini yo‘qotgan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2006-yil 21-fevraldagi 30-mh-sonli buyrug‘i bilan davlat reyestridan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida” 2003-yil 23-dekabrdagi PF-3367-sonli Farmoni, Vazirlar Mahkamasining “Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2003-yil 24-dekabrdagi 563-sonli qaroriga muvofiq qaror qilamiz:
1. Aksiyadorlik-tijorat Tadbirkorbankning kredit liniyalari hisobidan tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kredit berish hamda lizing kompaniyalari tomonidan lizingni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 10 kundan so‘ng amalga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2004-yil 13-mart,
247-V-son
Moliya vaziri M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2004-yil 13-mart,
45-son
Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi raisi M. ASQAROV
Toshkent sh.,
2004-yil 13-mart,
01/06-03-son
Markaziy bank Boshqaruvi, Moliya vazirligi va Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan 2004-yil 13-martda 247-V, 45, 01/06-03-son bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Aksiyadorlik-tijorat Tadbirkorbankning kredit liniyalari hisobidan tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kredit berish hamda lizing kompaniyalari tomonidan lizingni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 23-dekabrdagi “Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-kuvvatlash mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-3367-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-dekabrdagi 563-sonli “Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom sobiq “Biznes-fond”ga tegishli bo‘lgan mablag‘larning aksiyadorlik-tijorat Tadbirkorbankka o‘tkazib berilgan qismi hisobidan Tadbirkorbank tomonidan tijorat banklari va lizing kompaniyalarida kredit liniyalari ochish hamda ushbu kredit liniyalari hisobidan tijorat banklari tomonidan fermer xo‘jaliklari va yuridik shaxs maqomiga ega dehqon xo‘jaliklari, mikrofirmalar, kichik korxonalarga dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirish uchun kreditlar berish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
mikrofirma — band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ishlab chiqarish tarmoqlarida yigirma kishidan; xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi va boshqa noishlab chiqarish tarmoqlarida o‘n kishidan; ulgurji va chakana hamda savdo umumiy ovqatlanish tarmoqlarida besh kishidan oshmaydigan korxona;
kichik korxona — band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni yengil va oziq-ovqat sanoatida, metallga qayta ishlov berish va asbobsozlik, yog‘ochsozlik, mebel sanoati hamda qurilish materiallari sanoatida yuz kishidan; mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, qurilish hamda boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalarida ellik kishidan; fan, ilmiy xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa, xizmat ko‘rsatish sohalari (sug‘urtadan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda boshqa noishlab chiqarish sohalarida yigirma besh kishidan oshmaydigan korxona;
dehqon xo‘jaligi — oila a’zolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun oila boshlig‘iga berilgan tomorqa yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiradigan va realizatsiya qiladigan, yuridik shaxsni tashkil etgan holda faoliyat yuritadigan oilaviy mayda tovar xo‘jaligi;
fermer xo‘jaligi — yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘lgan, o‘ziga uzoq muddatli ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda tovar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaligi a’zolarining birgalikdagi faoliyatiga asoslangan mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt;
dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kreditlar — mikrofirmalar va yuridik shaxs maqomiga ega dehqon xo‘jaliklari uchun eng kam ish haqining 150 baravarigacha hamda kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari uchun eng kam ish haqining 300 baravarigacha miqdorda bo‘ladigan kredit shakllaridan biri;
kredit liniyasi — Tadbirkorbank tomonidan faqat maqsadli ishlatish asosida, uning summasini banklarning va lizing kompaniyalarining balansida aks ettirgan holda kichik biznes subyektlarini kreditlash uchun tijorat banklariga va lizing kompaniyalariga ajratiladigan mablag‘lar.
3. Tijorat banklari tomonidan sobiq “Biznes-Fond”ga tegishli kredit liniyalari mablag‘larini Tadbirkorbankka qaytarilishi natijasida shakllanadigan imtiyozli kredit resurslari mikrofirmalar, kichik korxonalar, fermer xo‘jaliklari va yuridik shaxs maqomiga ega dehqon xo‘jaliklarining (keyingi o‘rinlarda — kichik biznes subyektlari) dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyasini shakllantirishga kreditlar berish uchun tijorat banklarida hamda lizing kompaniyalariga kichik biznes subyektlariga lizing xizmatlari ko‘rsatish uchun kredit liniyalarini (keyingi o‘rinlarda — Tadbirkorbank kredit liniyalari) ochishga yo‘naltiriladi.
4. Tadbirkorbank kredit liniyalari hisobidan O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan kichik biznes subyektlari kreditlanadi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi qo‘shma korxonalar ustav kapitali shakllangandan keyin tashkil etilishlari munosabati bilan ularga ushbu kreditlar berilmaydi.
Dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kreditlar yangi barpo etilayotgan, o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin olti oydan kechiktirmagan davrda kredit olish uchun tegishli ariza topshirgan kichik biznes subyektlariga 3 yilgacha muddatga, kreditlarni qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz beriladi.
5. Tadbirkorbank kredit liniyalari hisobidan kichik biznes subyektlariga dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kreditlar Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 1/6 qismi miqdoridagi imtiyozli foiz stavkasi bilan amalga oshiriladi.
Lizing kompaniyalari tomonidan ushbu kredit liniyalari hisobidan amalga oshiriladigan lizing operatsiyalari uchun hisoblanadigan foiz darajasi lizing kompaniyasi marjasini qo‘shgan holda Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 40 foizi darajasida belgilanadi.
Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi o‘zgargan taqdirda Tadbirkorbankning kredit liniyasi uchun hisoblanadigan foiz miqdori hamda tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga ushbu kredit liniyasi hisobidan berilgan kreditlar va lizing kompaniyalari tomonidan ko‘rsatilgan lizing xizmatlari uchun hisoblanadigan foiz stavkalari ham mos ravishda o‘zgaradi.
Mazkur talab Tadbirkorbank bilan tijorat banklari hamda lizing kompaniyalari o‘rtasida tuziladigan kredit liniyasi ochish to‘g‘risidagi kredit shartnomasida, shuningdek, tijorat banki hamda lizing komaniyalari va kichik biznes subyektlari o‘rtasida ushbu kredit liniyasi hisobidan kredit berish yoki lizing xizmati ko‘rsatish shartnomasida belgilab qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
6. Tadbirkorbank kredit liniyalari hisobidan berilayotgan kreditlar va lizing xizmatlari uchun hisoblanadigan imtiyozli foiz miqdorining teng yarmini (50 foizini) bank yoki lizing kompaniyasining marjasi tashkil etadi. Bunda bank yoki lizing kompaniyasi marjasi o‘rnatilgan imtiyozli foiz stavkasi miqdorining oshishiga olib kelmaydi.
7. Sobiq “Biznes-Fond” kredit liniyalarining Tadbirkorbankka qaytarilgan qismi hisobidan bevosita Tadbirkorbank tomonidan kichik biznes subyektlariga dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga berilgan kreditlar uchun undiriladigan foiz stavkalari Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 1/6 qismi miqdorida belgilanadi.
Ushbu kredit mablag‘lari hisobidan Tadbirkorbank tomonidan o‘z mijozlariga dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga berilgan kreditlar uchun hisoblangan foizlar Tadbirkorbankning ixtiyorida qoldiriladi va uning balansida o‘rnatilgan tartibda aks ettiriladi.
8. Dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga berilgan kreditlar bo‘yicha foizlar ushbu kreditlar berilgan kundan boshlab hisoblanadi va 12 oy o‘tgandan keyin undirish boshlanadi. Mazkur kreditlar uchun hisoblangan foizlar dastlabki 12 oy davomida Tadbirkorbank, tijorat banklari va lizing kompaniyalari daromad (foyda) solig‘i hisoblash bazasiga kiritilmaydi.
II. Tijorat banklarida va lizing kompaniyalarida tadbirkorbank tomonidan kredit liniyalarini ochish tartibi
9. Tadbirkorbank kredit liniyalarini ochish uchun Tadbirkorbank bilan tijorat bankining Bosh idorasi hamda lizing kompaniyasi o‘rtasida bosh bitim tuziladi. Bosh bitimda ochiladigan kredit liniyasiga xizmat ko‘rsatishning asosiy shartlari, imtiyozli foiz stavkasi miqdori, bank yoki lizing kompaniyasi marjasi, Tadbirkorbank bilan bosh tijorat banki hamda lizing kompaniyasi o‘rtasidagi o‘zaro majburiyatlar belgilanadi.
10. Tadbirkorbank bitta yoki bir nechta tijorat banki yoki lizing kompaniyasi bilan kredit liniyasini ochish to‘g‘risida bosh bitim tuzish huquqiga ega.
11. Tadbirkorbank mablag‘lari hisobiga kredit liniyalari muddatlilik, to‘lovlilik, maqsadli ishlatish va qaytarishlik tamoyillari asosida kichik biznes subyektlarini kreditlash uchun ochiladi.
12. Tadbirkorbank bilan bosh tijorat banki yoki lizing kompaniyasi o‘rtasida bosh bitim tuzilganidan keyin, ular o‘rtasida kredit liniyasi ochish uchun kredit shartnomasi tuziladi. Kredit liniyasini ochish uchun bosh tijorat banki bilan kredit shartnomasida quyidagi shartlar belgilanishi lozim:
kredit liniyasi summasi, bunda dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kreditlar choraklar va viloyatlar bo‘yicha bo‘lib chiqiladi;
bank marjasi chegirilgan holda imtiyozli foiz stavkasi;
berilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishi ustidan monitoringni amalga oshirish tartibi.
13. Tadbirkorbank bilan lizing kompaniyasi o‘rtasida tuziladigan kredit shartnomasida quyidagi shartlar belgilanishi lozim:
kredit liniyasi summasi;
ajratilayotgan kredit liniyasi hisobiga lizing operatsiyalarini amalga oshirishga mablag‘lar ajratishning choraklar va viloyatlar bo‘yicha taqsimoti;
lizing kompaniyasi marjasi chegirib tashlangan holdagi imtiyozli foiz stavkasi;
kredit liniyasi mablag‘larini lizing kompaniyasi tomonidan maqsadli ishlatilishi ustidan monitoringni amalga oshirish tartibi.
14. Tadbirkorbank tomonidan tijorat banklariga kredit liniyasi ochish uchun taqdim etilgan mablag‘larning hisobi Tadbirkorbankda 13301 — “Boshqa banklarga berilgan o‘rta muddatli ssudalar” hisobvarag‘ida, lizing kompaniyalariga kredit liniyasi ochish uchun taqdim etilgan mablag‘larining hisobi esa kredit liniyasi muddatiga mos ravishda ochiladigan 14401 — “Bank bo‘lmagan moliyaviy muassasalarga beriladigan o‘rta muddatli ssudalar” hisobvaraqlarida yuritiladi .
Tijorat banklari esa Tadbirkorbank kredit liniyalaridagi mablag‘larni, kichik biznes subyektlarini kreditlash muddatlariga bog‘liq holda 21806 — “Boshqa banklardan olingan o‘rta muddatli ssudalar” balans hisobvarag‘ida yuritiladi.
15. Tadbirkorbank tomonidan lizing kompaniyalariga kichik biznes subyektlariga lizing xizmati ko‘rsatish maqsadida ochilgan kredit liniyalaridagi mablag‘lar hisobi lizing kompaniyalarining balansida qonunchilikda belgilangan tartibda yuritiladi.
16. Tadbirkorbank kredit liniyalaridagi mablag‘larga tijorat banklari va lizing kompaniyalari tomonidan marjasi chegirib tashlangan holda hisoblangan foizlar to‘lovi kichik biznes subyektlaridan berilgan kreditlar va ko‘rsatilgan lizing xizmatlari uchun foizlarni haqiqatda undirib olinganligidan qat’i nazar, kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
17. Tijorat banklari tomonidan dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kreditlarni berish uchun ochilgan kredit liniyalari bo‘yicha hisoblangan foizlar to‘lovini ushbu kreditlar kichik biznes subyektlariga berilgan kundan 12 oy o‘tganidan keyin amalga oshiradilar.
Lizing xizmati ko‘rsatish uchun ochilgan kredit liniyalari mablag‘lari uchun foizlar to‘lovi kichik biznes subyektlariga lizing xizmati ko‘rsatilgan kundan boshlab hisoblanadi va uning to‘lovi har oyda amalga oshiriladi.
18. Tijorat banklari va lizing kompaniyalari Tadbirkorbank kredit liniyasi mablag‘larining kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda ishlatilmagan qismiga kredit shartnomasi shartlariga muvofiq Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasi mikdorida foiz to‘laydilar.
19. Tadbirkorbank bilan tijorat banki yoki lizing kompaniyalari o‘rtasida keyingi kredit liniyalari ochilganda yangi kredit liniyalarining summalari ko‘rsatilgan holda qo‘shimcha kredit shartnomasi rasmiylashtiriladi.
20. Kredit liniyasining amal qilish muddati tugaganidan keyin bosh tijorat banki yoki lizing kompaniyasi Tadbirkorbankka kredit liniyasi mablag‘larini, to‘lanmagan foizlar qoldig‘ini qo‘shib hisoblagan holda, qarzdor tomonidan olingan kreditlarni yoki lizing oluvchi tomonidan lizing to‘lovlarini haqiqatda qaytarilishidan qat’i nazar, kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarib berishi shart.
21. Tadbirkorbank tijorat banki yoki lizing kompaniyasida ochilgan kredit liniyasi mablag‘larini maqsadli ishlatilishini kredit yig‘majildini yoki lizing bo‘yicha yig‘majildni o‘rganish yo‘li bilan, shuningdek, tijorat bankining yoki lizing kompaniyasining vakili bilan joyiga chiqib, kichik biznes subyektlariga Tadbirkorbankning kredit liniyalari hisobiga berilgan kreditlardan yoki lizing obyektidan maqsadli foydalanishi yuzasidan monitoringni amalga oshirishga haqlidir.
Ushbu kreditlardan maqsadga nomuvofiq foydalanish hollari aniqlanganda Tadbirkorbank tijorat bankidan yoki lizing kompaniyasidan kredit liniyasining tegishli qismini muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli bo‘ladi. Tadbirkorbankning shu haqdagi to‘lov talabnomasini tijorat banklari va lizing kompaniyalari o‘rtasida kredit liniyasi ochish borasida tuziladigan kredit shartnomasida belgilangan tartibda ijro etishlari shart.
22. Tijorat banklari va lizing kompaniyalari Tadbirkorbank kredit liniyalarini o‘zlashtirishning ahvoli to‘g‘risida har chorakda Tadbirkorbankka ushbu kreditlarni olgan yoki lizing xizmati ko‘rsatilgan kichik biznes subyektlari ro‘yxatini ilova qilgan holda axborot taqdim etadilar. Ushbu axborotlar ma’lumotlari bo‘yicha har chorakda tijorat banki yoki lizing kompaniyasi bilan Tadbirkorbank o‘rtasida mablag‘larni ishlatishni solishtirish dalolatnomalari tuziladi.
III. Tijorat banklari tomonidan tadbirkorbank kredit liniyalari bo‘yicha kreditlar berish tartibi
23. Kichik biznes subyektlari Tadbirkorbank kredit liniyalari hisobidan dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kredit olish uchun ularning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga murojaat qilishlari lozim.
24. Tadbirkorbank kredit liniyasi hisobidan kredit olish uchun kichik biznes subyektlari tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:
kredit berish to‘g‘risida ariza;
biznes reja;
kreditning qaytarilish ta’minoti.
25. Olingan kreditning qaytarilmaslik xavfini oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi ta’minot turlarini bankka taqdim etishi mumkin:
mulk yoki qimmatli qog‘ozlar garovi;
uchinchi shaxsning kafilligi;
sug‘urta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmaslik xavfi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi.
26. Lizing kompaniyalari Tadbirkorbank kredit liniyalari hisobiga lizing operatsiyalarini amalga oshirishni qonunchilikda va qonun osti hujjatlarida o‘rnatilgan tartib asosida amalga oshiradilar.
27. Tijorat banklarining filiallari ularga bosh bank tomonidan berilgan vakolat doirasida kreditlar berish to‘g‘risidagi arizaga mazkur Nizomning 24 va 25-bandlarida ko‘zda tutilgan hujjatlar ilova qilingandan keyin 10 ish kunidan kechiktirmay ularni ko‘rib chiqishlari va kreditni berish yoki berilmasligi to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilishlari lozim.
Kredit berilishi to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilingandan keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda bank va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi imzolanadi.
Kredit berilishi rad etilgan taqdirda, bank tomonidan kreditning rad etilishi sabablari ko‘rsatilgan holda yozma javob beriladi.
28. Tijorat banki (filiali) kredit qo‘mitasining qarori yakuniy hisoblanadi va Tadbirkorbankning kredit liniyasi hisobiga kreditlar berish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
29. Agar tijorat banki filialining kredit qo‘mitasi tomonidan kichik biznes subyektlarining investitsiya loyihasi ma’qullanganidan keyin Tadbirkorbank kredit liniyasida mablag‘lar mavjud bo‘lmasa, tijorat banki bo‘limi shu kunning o‘zida viloyat (bosh) bankiga mazkur kredit liniyasi bo‘yicha qo‘shimcha resurslar ajratish to‘g‘risida ariza yo‘llaydi.
Bank filialining arizasiga asosan viloyat (bosh) banki ariza olingan kundan keyingi kundan kechiktirmay Tadbirkorbank kredit liniyasi hisobidan so‘ralayotgan summani ajratadi.
Agar Tadbirkorbankning bosh tijorat bankida ochilgan kredit liniyasida mablag‘lar mavjud bo‘lmasa, bosh bank o‘sha kunning o‘zida bu haqda bank filialiga ma’lum qiladi va ayni vaqtda Tadbirkorbankka tegishli mablag‘lar ajratilishi haqida buyurtma yo‘llaydi.
30. Tijorat banki (filiali) Tadbirkorbankning kredit liniyasida mablag‘lar vaqtincha yo‘qligi to‘g‘risida xabar olinganidan keyin bu haqda qarz oluvchiga ushbu xabar olinganidan keyingi kundan kechiktirmay ma’lum qiladi. Ayni vaqtda bank (filial) kredit qo‘mitasi tomonidan investitsiya loyihalari ma’qullangan qarz oluvchilarining kalendar navbat tartibidagi ro‘yxati tuziladi.
Kredit olishga navbatda turganlar ro‘yxatining bank (filiali) rahbari imzolagan va yumaloq muhri qo‘yilgan nusxasi bank (filiali) tomonidan Markaziy bankning viloyat Bosh boshqarmasi hamda tijorat bankining viloyat boshqarmasiga nazorat uchun taqdim etiladi va bir nusxasi operatsiyalar zaliga ko‘rinarli joyga ilib qo‘yiladi.
Tadbirkorbankdan mablag‘ kelib tushganidan keyin ushbu kredit liniyasi hisobiga kredit berilishi qat’iy ravishda navbat ro‘yxatiga muvofiq holda amalga oshiriladi.
31. Qarz oluvchilar investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslantirilganligi, bankka taqdim qilingan biznes-reja, boshqa axborot va hisobotlardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi, loyihalarning biznes-reja asosida amalga oshirilishi bo‘yicha qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladilar.
IV. Kreditlarni berish, hisobga olish va ulardan foydalanish monitoringi tartibi
32. Kreditlar alohida ssuda hisobvarag‘ini ochish orqali tovar-moddiy boyliklar uchun qarz oluvchining to‘lov topshiriqnomalari asosida to‘lovni amalga oshirish yo‘li bilan beriladi.
Kredit umumiy summasining 50 foizini naqd pul bilan fermer xo‘jaliklari va yuridik shaxs maqomiga ega dehqon xo‘jaliklariga 1,5 yil (18 oy) muddatgacha faqat aholidan chorva, parranda, ko‘chat va urug‘lik sotib olish uchun berishga yo‘l qo‘yiladi.
Kichik biznes boshqa subyektlariga kreditlar faqat naqd pulsiz shaklda beriladi.
Naqd pul bilan berilgan kreditlarni qaytarish va ular bo‘yicha foizlar to‘lash majburiy tartibda naqd pul bilan amalga oshiriladi.
33. Kredit bo‘limi boshlig‘i (xodimi)ning farmoyishiga ko‘ra alohida ssuda hisobvaraqlari bo‘yicha berilgan ssudalar muddatli majburiyatnoma bilan rasmiylashtiriladi, u kreditlash muddatlariga bog‘liq holda 91903 — “Qarz oluvchilarning o‘rta muddatli ssudalar bo‘yicha majburiyatlari” va 91905 — “Qarz oluvchilarning uzoq muddatli ssudalar bo‘yicha majburiyatlari” ko‘zda tutilmagan holatlar hisobvaraqlarida to‘liq qaytarilgungacha hisobga olinadi.
34. Qaytarish muddati kelganda va qarz oluvchida pul mablag‘lari bo‘lmaganda kredit muddati kechiktirilgan ssudalar hisobvarag‘i orqali undirishga taqdim etiladi, unga doir muddatli majburiyatlar 2-son kartotekaga joylashtiriladi va kalendar navbati tartibida ijro etiladi.
35. Tijorat banklari kreditdan foydalanishning butun muddati davomida doimiy monitoringni amalga oshiradilar. Monitoring qarz oluvchi loyihasini va kredit shartnomasi shartlarini amalga oshirishga har tomonlama yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilishi kerak.
36. Monitoring jarayonida mijozning xo‘jalik-moliyaviy faoliyati, uning tuzilgan shartnomalarga muvofiq mahsulot yetkazib berish majburiyatlarini bajarishi, ishlab chiqarish, noishlab chiqarish xarajatlari va yo‘qotishlar, muomala chiqimlari, foyda hajmlari, o‘z aylanma mablag‘lari mavjud bo‘lishi dinamikasi, tovar-moddiy boyliklar zaxiralari ahvoli, aylanma mablag‘larning muomalada bo‘lishi tahlil qilinadi. Bank qarz oluvchining kreditga qodirlik bo‘yicha doimiy monitoringini amalga oshiradi va uni qarz oluvchining maxsus ma’lumotlar yig‘majildida tizimga soladi.
Bankka taqdim etilgan garov holati hamda kreditdan samarali va maqsadli foydalanilishi joyida o‘rganiladi.
37. Kreditdan foydalanish muddati tugagach, qarz oluvchi olingan kreditni bankka o‘z muddatida va shartnomada nazarda tutilgan tartibda qaytarishi shart.
38. Qarz oluvchi berilgan kreditdan maqsadga ko‘ra foydalanmaganligi aniqlangan taqdirda bank qarz oluvchiga bundan keyin kredit berishdan bosh tortishga, qarz oluvchidan kredit summasini kredit shartnomasida belgilangan tartibda muddatidan oldin qaytarishni va hisoblangan foizlarni to‘lashni talab qilishga haqlidir.
39. Qarz oluvchi tomonidan kredit bo‘yicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlar kredit shartnomasida kelishilgan muddatda qaytarilmagan taqdirda, bank garov predmetini mustaqil ravishda, sudga murojaat etmasdan, Fuqarolik kodeksining 280-moddasi ikkinchi qismiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-dekabrdagi 422-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarning kreditlari bo‘yicha qarzdorlik o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda, undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish Tartibi”da belgilangan tartibga muvofiq undirishga haqlidir.
40. Qarzdor kredit shartnomasi shartlariga binoan kreditni qaytarishdan va unga hisoblangan foizlarni to‘lashdan yoki shartnoma shartlariga muvofiq garov predmetini bank tasarrufiga topshirishdan bosh tortgan taqdirda, bank xo‘jalik sudiga tegishli da’vo bilan murojaat etishi lozim.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 20-son, 244-modda)