O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda sohaning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida bolalarning sog‘lig‘i, xavfsizligi, to‘liq jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojlanishini, iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarishni ta’minlovchi kafolatlar sezilarli darajada kuchaytirildi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti ta’sis etildi, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning ustuvor ravishda oila muhitida o‘sib-ulg‘ayishi uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan yangi tizim joriy etildi.
Bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda manzilli va samarali chora-tadbirlarni belgilash, bolalar sog‘lig‘ini saqlash, salomatligini tiklash, ta’limga jalb etish, kasbga yo‘naltirish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, ijtimoiy-huquqiy himoya qilish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini amalga oshirishda idoralararo hamkorlik va hisobdorlik tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning yangilangan tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining namunaviy tarkiblari 2- va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining (keyingi o‘rinlarda — bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar) asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalda ro‘yobga chiqarish, ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy hamda axloqiy jihatdan kamol topishiga, qobiliyati va iste’dodini to‘liq namoyon etishiga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;
bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida bajarilayotgan ishlarni tizimli tahlil qilish, baholash va samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ijtimoiy yetimlikning oldini olish va bolalarning ustuvor ravishda oila muhitida o‘sib-ulg‘ayishini ta’minlash maqsadida bolalarni oilaga tarbiyaga berish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va tarbiyaga berish tizimining samaradorligini tahlil qilish hamda ushbu tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritib borish;
sifatli ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, bolalarga chuqur bilim berish, ularning bilim, malaka va ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam tahlil qilib borish hamda ta’lim olishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan ta’sirchan choralarni belgilash;
“Xavfsiz maktab” tizimi keng joriy etilishiga qaratilgan va maktablarda axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash bo‘yicha dasturlar amalga oshirilishi holatini tahlil qilib borish;
bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda bolalar sportini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasini muhokama qilib borish;
alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga jalb qilish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va jamiyatga integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligini baholash;
bolalarni vatanparvarlikka undaydigan ta’lim-tarbiya samaradorligini, vatanparvarlik va Vatanga sadoqat hissini yuksaltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ta’sirchanligini oshirish;
bolalar salomatligini asrash, ularga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini va to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish, ta’lim tashkilotlarida bolalarning oziq-ovqat ta’minoti, ularning sifati va sanitariya holatini o‘rganib borish va yaxshilash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
bolalarda huquqbuzarliklarga qarshi immunitetni shakllantirish, ular orasida huquqbuzarlik, nazoratsizlik va g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning, shuningdek, bolalar ekspluatatsiyasi, ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va ularning reabilitatsiyasini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini tahlil qilish va ular samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish;
bolalar o‘rtasida spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste’mol qilish yoki boshqa salbiy illatlarni erta bosqichlarda aniqlash, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash;
ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholab borish va ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish;
bolalar bilan ishlash tizimidagi kamchiliklar, ularning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
davlat organlari va tashkilotlarining, bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalarning bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish.
3. Belgilansinki:
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari hamda tuman (shahar) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tegishlicha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va hududiy komissiyalarning ishchi organi vazifasini bajaradi. Bunda Milliy gvardiyaga komissiyalar ishchi organlariga komissiyalar yig‘ilishlarini o‘tkazish, komissiyalar faoliyati uchun zarur axborotlarni to‘plash va tahlil qilishda ko‘maklashish vazifasi yuklatiladi;
bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan har chorakda kamida bir marta yig‘ilish o‘tkazadi;
bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan takliflari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi;
bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar o‘z yig‘ilishlarida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining komissiya faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha axborotlarini eshitib boradi, shuningdek, vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jalb qiladi;
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublika Milliy markazi tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablari bo‘yicha BMTga taqdim etish uchun tayyorlangan hisobot hamda BMT ustav va shartnomaviy organlarining ushbu hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha berilgan taklif va tavsiyalari Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya majlislarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqiladi va yakuni bo‘yicha tegishli tavsiyalar beriladi;
bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning ishchi organlari o‘rtasidagi vazifalar taqsimoti tegishli komissiya raisi tomonidan belgilanadi.
4. Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) kotibiyatiga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi shtat birliklari hisobidan qo‘shimcha 2 ta shtat birligi ajratilsin.
5. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘ygan pedagog va tarbiyachilarning kelgusida bolalar bilan ishlash bo‘yicha mehnat faoliyatini davom ettirishi uchun muayyan cheklovlarni, qo‘shimcha talablarni nazarda tutish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Adliya vazirligi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda pedagoglarning tarbiyalanuvchilar, o‘quvchi va talaba yoshlar bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi barcha hujjatlarni zamonaviy talablar asosida, shu jumladan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni nazarda tutgan holda to‘liq qayta ko‘rib chiqsin.
6. Ijtimoiy himoya milliy agentligi uch oy muddatda Milliy gvardiya hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-iyuldagi “Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya to‘g‘risidagi nizomni va Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi 363-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu Farmonning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6275-son Farmoniga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
9. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Milliy gvardiya qo‘mondoni R.M. Djurayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-dekabr,
PF-201-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-dekabrdagi PF-201-son Farmoniga
1-ILOVA
Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya
TARKIBI

1.

A.N. Aripov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Milliy komissiya raisi

2.

M.P. Olloyorov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori, Milliy komissiya raisi o‘rinbosari

3.

Sh.Sh. Mirziyoyeva

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Milliy komissiya raisi o‘rinbosari

4.

R.M. Djurayev

Milliy gvardiya qo‘mondoni, Milliy komissiya raisi o‘rinbosari

5.

Z.B. Mahkamova

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi

6.

O.M. Qozixonova

Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi (kelishuv asosida)

7.

N.X. Jumayev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi (kelishuv asosida)

8.

I.M. Adhamov

Bosh prokuror o‘rinbosari

9.

X.U. Umarova

maktabgacha va maktab ta’limi vaziri

10.

K.A. Sharipov

oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri

11.

P.R. Bobojonov

ichki ishlar vaziri

12.

A.A. Xudayarov

sog‘liqni saqlash vaziri

13.

O.A. Nazarbekov

madaniyat vaziri

14.

A.I. Ikramov

sport vaziri

15.

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri

16.

B.E. Zaxidov

kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri

17.

Sh.G‘. Xalmuxamedov

mudofaa vaziri

18.

I.I. Norqulov

iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari

19.

K.K. Kuranbayev

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi

20.

S.D. Toshboyev

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi

21.

A.Z. Sa’dullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori

22.

M.A. Nurmatova

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

23.

N.M. Xoliqnazarov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

24.

O.A. Xasanov

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari

25.

N.X. Raximova

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori

26.

Lavozimi bo‘yicha

Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul xodimi, Milliy komissiya kotibi

Izoh: Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-dekabrdagi PF-201-son Farmoniga
2-ILOVA
Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri komissiyalarining
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, Komissiya raisi

2.

Lavozimi bo‘yicha

Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari, Komissiya raisi o‘rinbosari

3.

Lavozimi bo‘yicha

Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarma boshliqlari, Komissiya raisi o‘rinbosari

4.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari rahbarlarining o‘rinbosarlari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari, Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, Komissiya raisi o‘rinbosari

5.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari boshliqlari

6.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalari boshliqlari

7.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari

8.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari o‘rinbosarlari — viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari

9.

Lavozimi bo‘yicha

O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari boshliqlari

10.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri, Toshkent shahri madaniyat bosh boshqarmasi hamda viloyatlar madaniyat boshqarmalari boshliqlari

11.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri sport boshqarmalari boshliqlari

12.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yoshlar ishlari boshqarmalari boshliqlari

13.

Lavozimi bo‘yicha

Raqamli texnologiyalar vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari boshliqlari

14.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari boshliqlari

15.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari boshliqlari

16.

Lavozimi bo‘yicha

hududlar bosh imom-xatiblari

17.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokurorlari o‘rinbosarlari

18.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari

19.

Lavozimi bo‘yicha

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri bo‘limlari rahbarlari

20.

Lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha kotibiyati mas’ul xodimi, Komissiya kotibi

Izoh: ushbu komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-dekabrdagi PF-201-son Farmoniga
3-ILOVA
Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalarining
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) hokimi, Komissiya raisi

2.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlari, Komissiya raisi o‘rinbosari

3.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, Komissiya raisi o‘rinbosari

4.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari

5.

Lavozimi bo‘yicha

Milliy gvardiya hududiy boshqarmasining tuman (shahar) umumiy o‘rta ta’lim maktablari bo‘yicha katta inspektor-psixologlari

6.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari boshliqlari

7.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari boshliqlari

8.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari — tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari

9.

Lavozimi bo‘yicha

O‘zbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari

10.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari boshliqlari

11.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) yoshlar ishlari bo‘limlari boshliqlari

12.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya bo‘limlari boshliqlari

13.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) bosh imom-xatiblari

14.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) prokurorlari

15.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari boshliqlari

16.

Lavozimi bo‘yicha

tuman (shahar) hokimligi apparati mas’ul xodimi, Komissiya kotibi

Izoh: ushbu komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-dekabrdagi PF-201-son Farmoniga
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6275-son Farmoniga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 3-bandning ikkinchi — o‘n birinchi xatboshilari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
2. 4, 6, 7, 8, 9, 10-bandlar va Farmonga 1 — 6-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
ikkinchi xatboshidan “, turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ular toifasiga kiradigan 18 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan shaxslarni o‘z vaqtida turar joylar bilan ta’minlash” so‘zlari chiqarib tashlansin;
to‘rtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi — o‘n birinchi xatboshilar tegishlicha to‘rtinchi — o‘ninchi xatboshilar deb hisoblansin;
beshinchi xatboshidagi “A. Xadjibayevga” so‘zlari “A. Xudayarovga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “xalq ta’limi vaziri Sh. Shermatovga” so‘zlari “maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X. Umarovaga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshidagi “maktabgacha ta’lim vaziri A. Shinga” so‘zlari “maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X. Umarovaga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
to‘qqizinchi xatboshidagi “turizm va sport vaziri o‘rinbosari A. Karimovga” so‘zlari “sport vaziri A. Ikramovga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
o‘ninchi xatboshidagi “bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Xusanovga” so‘zlari “kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidovga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.12.2024-y., 06/24/201/0994-son)