O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Yurtimizda yoshlarning suv sporti turlariga bo‘lgan qiziqishi hamda suv sporti turlari ommaviyligini oshirish, bu orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash, saralash (seleksiya) va maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish, ushbu sohada malakali mutaxassislar va hakamlar tayyorlash orqali milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar suv polosi, suzish, sinxron suzish, suvga sakrash sport turlarini (keyingi o‘rinlarda — suv sporti turlari) rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
suv sporti turlarini aholi o‘rtasida ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish;
suv sporti turlari bo‘yicha yuqori mahoratli sportchilar qamrovini kengaytirish, suv sporti turlari bo‘yicha professional trenerlar, sport tibbiyoti xodimlari hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;
suv sporti turlari bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiq zamonaviy suv sporti inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
sportchilarni vitaminlar, asbob-uskunalar, ekipirovka va boshqa zarur vositalar bilan muntazam ta’minlab borish;
suv sporti turlarini sog‘lom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi va yoshlarni barkamol inson etib tarbiyalashga xizmat qiladigan sport turi sifatida targ‘ib qilib borish.
2. Belgilansinki:
zarur sport infratuzilmasi mavjud bo‘lgan olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida suv polosi va sinxron suzish guruhlari tashkil etiladi;
Andijon hamda Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida suvga sakrash sport turini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti “Suv sporti, eshkak eshish turlari nazariyasi va uslubiyoti” kafedrasi negizida suv sporti turlari yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan “Suv sporti turlari nazariyasi va uslubiyoti” hamda “Eshkak eshish sport turlari nazariyasi va uslubiyoti” kafedralari tashkil etiladi.
3. Belgilab qo‘yilsinki, 2025-yildan boshlab har yili suv sporti turlari bo‘yicha quyidagi sport musobaqalari o‘tkazib boriladi:
sinxron suzish sport turi bo‘yicha Toshkent shahrida “Suv parisi” xalqaro turniri;
suzish sport turi bo‘yicha Samarqand viloyatida “Silk Water” xalqaro turniri;
respublikaning barcha hududlarida yoz mavsumida o‘tkaziladigan “World Aquatics Day” ommaviy sport festivali;
suv sporti turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlari.
Sport vazirligi O‘zbekiston suzish federatsiyasi bilan birgalikda ushbu bandda ko‘rsatilgan musobaqalarni 2025-yil 1-yanvardan boshlab Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritsin.
4. Sport sohasiga ajratilayotgan Davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish va o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish maqsadida Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining suv havzalarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab pullik xizmatlarni ko‘rsatish uchun yetarli imkoniyatlarga ega suzish havzalari:
o‘zini o‘zi moliyalashtirish tartibiga o‘tkaziladi;
sport maktabi va ixtisoslashtirilgan sport maktabiga suv havzalarida joriy etiladigan pullik xizmatlar uchun to‘lovlar miqdorini mustaqil belgilash huquqi beriladi;
pullik xizmatlardan tushumlar, birinchi navbatda, foydalanilgan kommunal to‘lovlar xarajatlariga yo‘naltiriladi hamda sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablariga mablag‘larning qolgan qismidan mustaqil foydalanish huquqi beriladi;
sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazilgan suzish havzalarida sport turlari bo‘yicha mavjud guruhlar bilan shug‘ullanayotgan trenerlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, suzish havzasining boshqa xodimlariga to‘lovlar pullik tushumlar hisobidan amalga oshiriladi;
b) daromadlari xarajatlarini qoplamaydigan va rekonstruksiyaga muhtoj suv havzalari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorlarga beriladi.
Bunda, sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy investorlarga berilgan suv havzalarida sport turlari bo‘yicha mavjud guruhlarning mashg‘ulotlarini mazkur suzish havzalarida beg‘araz asosda o‘tkazib borilishi ta’minlanadi hamda ushbu talab tegishli davlat-xususiy sheriklik bitimlarida ko‘zda tutiladi;
v) daromadlari xarajatlarini qoplamagan yoki davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorlar tomonidan qiziqish bildirilmagan suv havzalari elektron onlayn-auksion savdolariga qo‘yiladi hamda ularni sotishdan tushadigan mablag‘lar elektron savdo maydonchasi operatori to‘lovini chegirib tashlagan holda, to‘liq hajmda Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga tushiriladi;
g) suv havzalarini o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish natijasida tejab qolinadigan budjet mablag‘lari suv sporti turlari bo‘yicha sportchilarni vitaminlar, asbob-uskunalar, ekipirovka va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlashga, shuningdek, suv sporti turlari bo‘yicha kadrlar malakasini oshirib borishga maqsadli yo‘naltiriladi;
d) ixtisoslashtirilgan sport maktablariga tegishli bo‘lgan suv havzalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan hollarda ularning o‘quvchi-sportchilari tegishli hududdagi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarining suzish havzalarida beg‘araz asosda shug‘ullantiriladi.
5. Sport vazirligi:
uch oy muddatda vazirlik tizimidagi sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining suv havzalarini xatlovdan o‘tkazish choralarini ko‘rsin;
2025-yil 1-iyunga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorga beriladigan suv havzalari ro‘yxatini shakllantirsin hamda o‘zining rasmiy veb-saytida tegishli e’lonlar joylashtirilishini ta’minlasin;
2026-yil 1-yanvardan boshlab o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkaziladigan suv havzalari faoliyati mazkur qaror asosida tashkil etilishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
daromadlari xarajatlarini qoplamaydigan yoki davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorlar tomonidan qiziqish bildirilmagan suv havzalari ro‘yxatini shakllantirib, Davlat mulkini xususiylashtirish dasturiga kiritish masalasini ko‘rib chiqish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etilishini ta’minlasin.
6. Suv sporti turlarini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, aholining ushbu sport turlariga qiziqishini oshirish maqsadida tajriba tariqasida 2026-yildan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi mahallalarda 6x15 metr o‘lchamli suzish havzalari barpo etiladi.
Bunda, mazkur suzish havzalari tegishli hududdagi sport maktablari balansiga o‘tkazib beriladi hamda ularni saqlash xarajatlari sport maktabining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Sport vazirligi:
6x15 metr o‘lchamli suzish havzalarini barpo etishni moliyalashtirishning qo‘shimcha imkoniyatlarini yaratish maqsadida xalqaro va xorijiy tashkilotlarning texnik ko‘mak (grant) mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘rsin;
tajriba natijalari asosida 2028-yildan boshlab ushbu namuna asosida respublikaning boshqa hududlarida ham bunday suzish havzalarini barpo etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Suv sporti turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Sport vazirligi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston suzish federatsiyasi bilan birgalikda 2025-yil 1-iyunga qadar davlat ta’lim muassasalarida suv sporti bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni olib borish uchun ko‘chma basseynlardan foydalanish amaliyotini yo‘lga qo‘yishning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. 2025 — 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida suv sporti turlari infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dastur ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Sport vazirligi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va O‘zbekiston suzish federatsiyasining suv sporti turlari bo‘yicha milliy terma jamoalar sportchilari yil davomida uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazib borishi uchun Toshkent viloyati, Chirchiq shahar, Sportchilar ko‘chasida joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining 50x25 m o‘lchamli ochiq suzish havzasini “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning homiylik mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya qilish (yopiq havzaga aylantirish) hamda yopiq suzish havzasini mukammal ta’mirlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
10. Zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda soha mutaxassislarining kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish maqsadida, suv havzalarini o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish natijasida tejab qolinadigan budjet mablag‘lari hamda homiylik xayriyalari hisobidan:
mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirib borish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, sportchilarni tayyorlash jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi;
2025 — 2027-yillarda milliy terma jamoalar trenerlari, shuningdek, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida suv sporti turlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan trenerlar xorijiy davlatlarga qisqa muddatli stajirovkaga yuboriladi.
Sport vazirligi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston suzish federatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda suv sporti turlari bo‘yicha trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirib borish, shuningdek, trenerlarni xorijiy davlatlarga qisqa muddatli stajirovkaga yuborish rejasini tasdiqlasin.
11. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sport vazirligi O‘zbekiston suzish federatsiyasi bilan birgalikda suzish havzalarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari bajarilishi bo‘yicha doimiy ravishda tushuntirish ishlarini olib borsin.
12. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar e’lon qilinishi, brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tayyorlanishini tashkil etsin.
13. Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi O.O. Kasimov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 4-noyabr,
PQ-382-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-noyabrdagi PQ-382-son qaroriga
ILOVA
2025 — 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida suv sporti turlari infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha
MANZILLI DASTUR

T/r

Suv sporti inshooti

Chora-tadbir nomi

Muddat

1.

Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qarashli 50x25 m o‘lchamli yopiq suzish havzasi

Mukammal ta’mirlash

2026-2027 yy.

2.

Nukus olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qarashli 25x11 m o‘lchamli yopiq suzish havzasi

Rekonstruksiya qilish

2025-2026 yy.

3.

Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qarashli 50x25 m o‘lchamli yopiq suzish havzasi

Mukammal ta’mirlash

2026-2027 yy.

4.

Buxoro olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qarashli 25x11 m o‘lchamli ochiq suzish havzasi

Mukammal ta’mirlash

2026-2027 yy.

5.

Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qarashli 50x25 m o‘lchamli yopiq suzish havzasi

Mukammal ta’mirlash

2026-2027 yy.

6.

Namangan olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi uchun yangi 50x25 m o‘lchamli yopiq suzish havzasi

Yangidan barpo etish

2025-2026 yy.

7.

Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qarashli 25x13 m o‘lchamli yopiq suzish havzasi

Mukammal ta’mirlash

2025-2026 yy.

8.

Termiz olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qarashli 25x11 m o‘lchamli yopiq suzish havzasi

Mukammal ta’mirlash

2025-2026 yy.

9.

Farg‘ona olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qarashli 50x21 m o‘lchamli yopiq suzish havzasi

Mukammal ta’mirlash

2026-2027 yy.

10.

Urganch olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qarashli 50x25 m o‘lchamli ochiq suzish havzasi

Rekonstruksiya qilish

(yopiq suv havzasi sifatida)

2026-2027 yy.

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.11.2024-y., 07/24/382/0897-son)