Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-son Farmoni hamda “Maʼmuriy islohotlar doirasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi davlat oliy taʼlim tashkilotlarining roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-avgust,
489-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-avgustdagi 489-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va uning hisobdorligi, shuningdek, uning rahbarlari funksional majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Vazirlik oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida hamda taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilishda test, suhbat va ijodiy sinov orqali tanlab olishga oid yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi), faoliyatining ayrim masalalari boʻyicha esa bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi.
3. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
4. Vazirlik oʻz faoliyatini respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Vazirlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
6. Vazirlik, uning hududiy boshqarmalari va tizimidagi tashkilotlar hamda taʼlim tashkilotlari yuridik shaxslar hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining tegishli boʻlinmalarida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, shu jumladan, chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
7. Vazirlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi — OTFIV;
b) rus tilida: Ministerstvo visshego obrazovaniya, nauki i innovatsiy Respubliki Uzbekistan — MVONI;
v) ingliz tilida: Ministry of higher education, science and innovations of the Republic of Uzbekistan — MNESI.
8. Vazirlikning joylashgan yeri (pochta manzili): 100174, Toshkent shahri, Olmazor tumani, Universitet koʻchasi, 7-uy.
2-bob. Vazirlikning tuzilmasi
Oldingi tahrirga qarang.
9. Vazirlikning tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Vazirlikning markaziy apparati;
Innovatsion rivojlanish agentligi;
Bilim va malakalarni baholash agentligi;
Kasbiy taʼlim agentligi;
Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ofisi;
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
Oliy taʼlimni rivojlantirish va global hamkorlik markazi;
Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi;
Oliy taʼlim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti;
Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi;
Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi;
Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi;
davlat oliy taʼlim muassasalari.
Tizim tashkilotlari va tizimdagi oliy taʼlim tashkilotlari bevosita Vazirlikka boʻysunadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
3-bob. Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarning vazifalari va funksiyalari
1-§. Vazirlikning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni chuqur oʻzlashtirgan malakali kadrlar tayyorlashning yuqori darajadagi sifatini taʼminlash;
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, barcha oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, oʻquv-pedagogik va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifati, taʼlim mazmuni va darajasini davlat taʼlim standartlari va malaka talablariga mosligini taʼminlash;
taʼlimning yangi pedagogik texnologiyalari va oʻqitish uslublari hamda xalqaro ilgʻor amaliyotga asoslangan taʼlim jarayonini tashkil etish, taʼlim dasturlarini (oʻquv rejalari va fan dasturlarini) takomillashtirish, oʻqitishning zamonaviy shakllari va axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalarini joriy etgan holda taʼlim sifatini taʼminlash;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar mazmunini takomillashtirish, yoshlarda vatanga sadoqat, mehr-oqibat, yuksak masʼuliyat, bagʻrikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash kabi fazilatlarni shakllantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash hamda ularda vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini uygʻotish;
oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy faoliyatni mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda tashkil etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarishning oʻzaro mustahkam integratsiyasini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
taʼlim tashkilotlarining zimmasiga yuklangan vazifalarni yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlar bilan taʼminlash, ularni tizimli ragʻbatlantirish hamda uzluksiz kasbiy rivojlanishi boʻyicha choralarni koʻrish;
Vazirlik, uning tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini tashkil etish va takomillashtirish, ularning kasbiy mahorati sifati va darajasini muntazam oshirib borish uchun sharoitlar yaratish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimini hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasini raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash orqali ularning oʻquv, ilmiy, maʼmuriy va moliyaviy jarayonlarini avtomatlashtirish;
uzoq muddatli ssenariylar asosida ustuvor soha va tarmoqlarga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etish va mamlakatning innovatsion rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqish;
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohadagi mavjud muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi siyosatini yuritish;
respublikada ilmiy va innovatsion faoliyatni muvofiqlashtirish;
yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, startap loyihalarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish;
ilmiy darajali kadrlar tayyorlashda yaxlit davlat siyosatini yuritish;
ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, sohada erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng yoritish;
taʼlim tizimida oʻquv-tarbiya jarayonlari, professor-oʻqituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi 498-sonli qaroriga asosan 10-bandning oʻn toʻqqizinchi xatboshsining chiqarilish sanasi 2025-yil 7-noyabr — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2025-y., 09/25/498/0698-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi 498-sonli qaroriga asosan 10-bandning yigirmanchi xatboshsining chiqarilish sanasi 2025-yil 7-noyabr — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2025-y., 09/25/498/0698-son)
bilim va malakalarni baholash boʻyicha umumiy siyosatni belgilash;
Vazirlik tizimidagi oliy, oʻrta maxsus tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlarni moliyalashtirish, moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, shuningdek, ularning moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu faoliyatni tashkil etish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
aholi orasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish va ularni mukammal oʻzlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish, xorijiy tillarni oʻqitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari taʼlimning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda professor-oʻqituvchilarda zamonaviy oʻqitish koʻnikmalarini rivojlantirish;
nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziyalar berish faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiradigan shaxslardan xabarnomalar qabul qilish va ularning reyestrini yuritish.
11. Vazirlik oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida zamonaviy bilim, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari va Vazirlik tizimidagi tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda boshqa qonunchilik hujjatlarining bajarilishini taʼminlaydi;
oʻrta maxsus taʼlim yoʻnalishlari, professional taʼlimning kasblar va mutaxassisliklar, oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura mutaxassisliklari, shuningdek, bilim sohalari va taʼlim sohalari roʻyxatini belgilaydi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayonini boshqarish, tashkil etish, uslubiy taʼminlash, meʼyorlashtirish, taʼlim sifatini oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, pedagog kadrlarning samarali faoliyati va oʻquv jarayonini tashkil etish hamda ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi, ularni koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi, vakolat doirasida tasdiqlaydi va oʻquv jarayoniga joriy etilishini taʼminlaydi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari va tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etadi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimining ijobiy imijini shakllantirishga qaratilgan axborot va PR-siyosati yoʻnalishlarini belgilaydi hamda amalga oshiradi;
markaziy apparatning boʻlinmalari, Vazirlik huzuridagi tashkilotlar, barcha oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlikning hududiy boshqarmalarida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini koʻradi;
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, davlat va davlat ishtirokidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlar faoliyatida sohaga oid qonunchilikka rioya etilishi monitoringini olib boradi, qonun hujjatlari va taʼsis hujjatlarida aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi;
2) zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni chuqur oʻzlashtirgan malakali kadrlarni tayyorlashning yuqori darajasi va sifatini taʼminlash sohasida:
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida oʻqitiladigan taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar va kasblar roʻyxatini tasdiqlaydi;
qonunchilikka muvofiq bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻqish davomiyligi muddatlarini belgilashda oliy taʼlim tashkilotlariga uslubiy koʻmak beradi;
taʼlim oluvchilarning akademik mobilligini tashkil etish jarayonlarini muvofiqlashtiradi;
oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tizimida ushbu taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralarning taklifi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;
3) idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, barcha oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, oʻquv-pedagogik va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifati, taʼlim mazmuni va darajasini davlat taʼlim standartlari va malaka talablariga mosligini taʼminlash sohasida:
tarmoq davlat dasturlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotining namunaviy ustavini ishlab chiqilishini taʼminlaydi, Vazirlik tizimidagi taʼlim tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning ustav (nizom)larini tasdiqlaydi;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq davlat oliy taʼlim tashkilotlarida istiqbolli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini belgilash yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayonini boshqarish, uslubiy taʼminlash, meʼyorlash, taʼlim sifatini oshirish, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, pedagog kadrlarning samarali faoliyati va oʻquv jarayonini tashkil etish hamda ragʻbatlantirishga oid ishlarni muvofiqlashtiradi;
taʼlim oluvchilarning bilim, malaka va koʻnikmalarini baholash tartibini belgilaydi;
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, barcha oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlariga vazirlikning statistik, arxiv va boshqa maʼlumotlardan (axborotdan foydalanish qonun bilan cheklangan holatlar bundan mustasno) foydalanish imkoniyatini yaratadi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida tizimdagi taʼlim tashkilotlari hamda tashkilotlari faoliyatining monitoringini olib boradi;
4) taʼlimning yangi pedagogik texnologiyalari va oʻqitish uslublarini joriy etishning xalqaro amaliyotga muvofiq taʼlim jarayonini tashkil etish, taʼlim dasturlarini (oʻquv rejalari va fan dasturlarini) takomillashtirish, oʻqitishning zamonaviy shakllari va axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalarini joriy etgan holda taʼlim sifatini taʼminlash sohasida:
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sifatini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oʻquv jarayoniga oʻqitishning zamonaviy shakllari, texnik vositalari, ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilishini taʼminlaydi;
oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining malaka talablarini, oʻrta maxsus va professional taʼlimning hamda professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi uchun malaka talablari, oʻquv reja va oʻquv dasturlarni ishlab chiqilishini taʼminlaydi, ularni tasdiqlaydi, shuningdek, taʼlim tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va taʼlim dasturlarida kadrlarning malaka darajasiga va kasbiy tayyorgarligi sifatiga qoʻyilgan talablarning taʼlim tashkilotlari tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablari ishlab chiqilishini taʼminlaydi va ularni tasdiqlaydi;
oʻquv jarayonini zamonaviy oʻquv va oʻquv-uslubiy adabiyotlar bilan taʼminlash hamda elektron kutubxonalarni tashkil etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
oʻquv adabiyotlarini tayyorlash va nashr qilishni tashkil etadi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari uchun darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlash hamda nashr etish tartibini, shuningdek, ularni yetkazib berishga va foydalanishga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi;
mehnat bozori va ish beruvchilarning ehtiyojlari asosida professional taʼlim tashkilotlarida ishchi kasblar va malakalar boʻyicha qisqa muddatli kurslarni tashkil etadi;
manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan birgalikda oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari bandligini tahlil qiladi hamda uning natijalari asosida taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
5) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar mazmunini takomillashtirish, yoshlarda vatanga sadoqat, mehr-oqibat, yuksak masʼuliyat, bagʻrikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash kabi fazilatlarni shakllantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash hamda ularda vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini uygʻotish sohasida:
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan holda oʻsib kelayotgan yosh avlodni yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash va uning ijtimoiy faolligini baholash ishlarini tashkil etadi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida, oʻquvchilar va talabalar turar joylarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni takomillashtirish yuzasidan tadbirlarni muvofiqlashtiradi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida sogʻlom maʼnaviy muhitni (jamoa aʼzolari oʻrtasida oʻzaro hurmat, kiyinish madaniyati, muomala madaniyati va boshqalar) shakllantirish va qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning oʻqishdan boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
taʼlim oluvchilar uchun belgilangan tartibda sport musobaqalarini oʻtkazadi, ularning gʻoliblarini ragʻbatlantiradi, xalqaro tanlovlar va musobaqalarga yuboradi;
6) oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy faoliyatini mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda tashkil etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarishning oʻzaro mustahkam integratsiyasini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash sohasida:
davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ilmiy loyihalarni bajarishda oliy taʼlim tizimining ilmiy-texnik salohiyatidan samarali foydalanilishini taʼminlaydi;
tizimdagi taʼlim tashkilotlari va tashkilotlarda davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi va ularning ijrosini muvofiqlashtiradi;
talabalar, doktorantlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari uchun kvotalar ajratish boʻyicha takliflarni shakllantiradi va tanlovlarning oʻtkazilishini taʼminlaydi;
oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda, shu jumladan, maqsadli doktorantura orqali belgilangan tartibda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlanishini tashkil etadi;
tizimdagi tashkilotlarda ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanishlari uchun moddiy shart-sharoitlar yaratish va mehnat faoliyatini yanada ragʻbatlantirish boʻyicha choralar koʻradi;
taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiradi;
davlat oliy taʼlim tashkilotlari ilmiy faoliyatini rivojlantirish maqsadli koʻrsatkichlari ijrosini muvofiqlashtiradi;
oliy taʼlimning dolzarb masalalari boʻyicha belgilangan tartibda respublika va xalqaro kengashlar, konferensiyalar, simpoziumlar oʻtkazadi;
7) taʼlim tashkilotlarining zimmasiga yuklangan vazifalarni yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlar bilan taʼminlash, ularni tizimli ragʻbatlantirish hamda uzluksiz kasbiy rivojlanishi boʻyicha choralarini koʻrish sohasida:
davlat oliy taʼlim tashkilotlarining rektorlarini tayinlash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi (moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim tashkilotlari bundan mustasno);
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining rahbarlari, pedagoglari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga qoʻyiladigan malaka talablarini va (yoki) kasbiy standartlarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlarini tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi hamda ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
8) Vazirlik, uning tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini tashkil etish va takomillashtirish, ularning kasbiy mahorati sifati va darajasini muntazam oshirib borishi uchun sharoitlar yaratish sohasida:
rahbar va pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etishning samarali shakllarini, shu jumladan, masofadan turib oʻqitish shaklini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida kadrlarning kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi, oʻquv-meʼyoriy hujjatlarni takomillashtiradi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlarini nazorat qiladi;
9) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimini hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasini raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash orqali ularning oʻquv, ilmiy, maʼmuriy va moliyaviy jarayonlarini avtomatlashtirish sohasida:
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimi, innovatsion rivojlanish sohasida raqamli texnologiyalar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimiga oid maʼlumotlarni boshqarishning yagona tizimini shakllantirish orqali maʼlumotlarni (axborotlarni) toʻplash va raqamlashtirish uchun kerak boʻlgan barcha resurslar yaratilishini tashkil etadi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimga oid hujjatlarni raqamlashtirish orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyadi va tizimga oid ochiq maʼlumotlarni shakllantirib boradi;
taʼlim tashkilotlarida hisobotlarni tayyorlashning qogʻoz shaklidan voz kechish hamda taʼlim tashkiloti faoliyatini avtomatlashtirish boʻyicha oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishni yanada takomillashtirish orqali oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyatidagi funksional jarayonlar va tartib-taomillarni maqbullashtirish choralarini koʻradi;
axborot tizimlari va resurslarini keng joriy etishni nazarda tutuvchi idoraviy raqamli transformatsiya dasturlarini ishlab chiqadi va ularni amalga oshiradi;
oliy taʼlim sohasida elektron davlat xizmatlarini mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali koʻrsatishni yanada kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻradi;
ilm-fan va innovatsiyalar sohasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha ilmiy va startap loyihalar natijalarini hudud iqtisodiyotiga samarali joriy etilishi yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
ilm-fan va innovatsiyalar sohasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha ilmiy va startap loyihalar natijalarini sohalarga samarali joriy etilishini muvofiqlashtiradi;
ilm-fan va innovatsiya sohasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va joriy etish yuzasidan moslashuvchan dasturlar ishlab chiqadi;
10) uzoq muddatli ssenariylar asosida ustuvor soha va tarmoqlarga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etish va mamlakatning innovatsion rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqish sohasida:
xalqaro moliya institutlari ekspertlari, mahalliy ilmiy tashkilotlar xodimlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralarning salohiyatli mutaxassislarini jalb qilgan holda innovatsion rivojlanishning oʻrta va uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqadi;
innovatsion rivojlanish strategiyasi uchun samaradorlikni baholovchi maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar)ga erishish vazifalari boʻyicha takliflarni umumlashtiradi;
mamlakatni innovatsion rivojlantirish, global indekslar va xalqaro reytinglar, davlat va jamiyat qurilishiga ilmiy ishlanmalarni joriy etishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini hamda tematik loyihalar mavzulari boʻyicha takliflarni koʻrib chiqib, asoslangan xulosalar tayyorlanishini nazorat qiladi;
11) iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohadagi mavjud muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi siyosatini yuritish sohasida:
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning mavjud muammolarining ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini shakllantiradi, ilmiy loyihalar tanlovlarini tashkil etadi, uning talablari, shartlari va amaliy mexanizmlarini joriy qiladi (tasdiqlaydi);
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan taqdim qilingan tematik mavzular roʻyxatini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
fan yoʻnalishlari boʻyicha tegishli ilmiy-texnik kengashlar faoliyatini tashkil qiladi;
davlat ilmiy dasturlariga kiritiladigan loyihalarning yakuniy roʻyxatini tasdiqlaydi;
xalqaro hamkorlikdagi qoʻshma ilmiy loyihalar yuzasidan qoʻshma qoʻmitalar faoliyatini tashkil qiladi;
xorijiy mamlakatlar bilan xalqaro qoʻshma ilmiy loyihalar boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovlarning yoʻnalishlari, muddatlari, moliyalashtiriladigan loyihalar soni va hajmini kelishilgan holda tashkil qiladi;
xalqaro qoʻshma loyihalarni xalqaro ekspertizasini tashkil qiladi;
ilmiy-innovatsion sohadagi hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma qoʻmitalar qarorlari asosida moliyalashtiriladigan xalqaro qoʻshma ilmiy loyihalarning yakuniy roʻyxatini shakllantiradi;
xorijiy hamkorlar bilan birgalikda xalqaro qoʻshma loyihalarning monitoringini tashkil qiladi;
12) respublikada ilmiy va innovatsion faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari hamda direktor oʻrinbosarlarini faoliyatini muvofiqlashtiradi;
oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish, ilm-fan va taʼlim integratsiyasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi 498-sonli qaroriga asosan 11-band 12-kichik bandining toʻrtinchi xatboshsining chiqarilish sanasi 2025-yil 7-noyabr — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2025-y., 09/25/498/0698-son)
respublikada fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
ilm-fan va innovatsion faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi hamda ushbu yoʻnalishdagi loyihalarini koʻrib chiqib, asoslangan xulosalar tayyorlaydi;
13) yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, startap loyihalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish sohasida:
ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalar va intellektual faoliyat natijalarini tijoratlashtirish hamda startap loyihalar tanlovlarini tashkil etish, uning talablari, shartlari va amaliy mexanizmlarini joriy qiladi (tasdiqlaydi);
tijoratlashtirishga tayyorlash, tijoratlashtirish va startap (shu jumladan, yoshlar startaplari) loyihalarni amalga oshirish natijadorligini tahlil qiladi;
14) ilmiy darajali kadrlar tayyorlashda yaxlit davlat siyosatini yuritish sohasida:
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash masalalarida tizimida ilmiy tashkilot va oliy taʼlim tashkilotlariga ega vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
15) ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish sohasida:
ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni keng jalb etishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini hamda loyihalarga davlat buyurtmasi boʻyicha takliflarni koʻrib chiqib, asoslangan xulosalar tayyorlaydi;
ilmiy va innovatsion faoliyatga mablagʻlar, jumladan banklar va moliya institutlarining investitsiyalari va texnik koʻmak (grantlar) mablagʻlarini jalb qilish ishlarini muvofiqlashtiradi;
ilmiy-innovatsion ishlanmalar va loyihalarni venchur moliyalashtirishni amalga oshirish boʻyicha kompleks ishlarni belgilaydi;
16) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, sohada erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng yoritish sohasida:
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni, xorijiy hamkorlar dasturlari, qoʻshma dasturlarni amalga oshiradi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlari asosida xorijiy davlatlarning tegishli vakolatli organlari, taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatadi;
idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, respublikaning oliy va professional taʼlim tashkilotlarida xorijiy mamlakatlar uchun mutaxassislar tayyorlanishini, xorijiy talabalar oʻqitilishini muvofiqlashtiradi;
tizimdagi davlat taʼlim tashkilotlari talabalari va oʻquvchilarini xorijiy davlatlarning taʼlim tashkilotlariga oʻqish uchun yuborilishini muvofiqlashtiradi;
pedagog xodimlar va taʼlim oluvchilar almashinuvini amalga oshiradi;
rahbar hamda pedagog xodimlarning xorijiy davlatlarda qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi;
oʻz xodimlari hamda mutaxassislarini xalqaro konferensiyalarga va stajirovkalarga yuboradi, ularning xalqaro loyihalar hamda ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlaydi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarning Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini taʼminlaydi;
respublikadagi oliy taʼlim tashkilotlarini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʻrindagi oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatiga kiritish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshiradi, bunda mazkur oliy taʼlim tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etadi;
17) taʼlim tizimida oʻquv-tarbiya jarayonlari, professor-oʻqituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
oʻquvchilar va talabalar bilimlarining Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va malaka talablariga muvofiqligini tizimli ravishda tahlil qiladi;
davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va malaka talablarini, shuningdek ular asosida taʼlimning barcha turlari boʻyicha ishlab chiqilgan oʻquv reja va dasturlarini ekspertizadan oʻtkazadi;
taʼlim tashkilotlarida oʻquv-tarbiya hamda kadrlar tayyorlash sifati monitoringini tashkil etadi va amalga oshiradi;
davlat namunasidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tayyorlash va hisobini yuritish tartibini ishlab chiqadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi 498-sonli qaroriga asosan 11-bandning 18-kichik bandining chiqarilish sanasi 2025-yil 7-noyabr — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2025-y., 09/25/498/0698-son)
19) nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziyalar berish faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiradigan shaxslardan xabarnomalar qabul qilish va ularning reyestrini yuritish sohasida:
nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziyalar berish yuzasidan talabgor tashkilotlarning arizalarini koʻrib chiqadi va ularning arizalariga javob beradi;
faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiradigan shaxslardan xabarnomalar qabul qiladi;
nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziyalar beradi;
litsenziyalarni va xabarnomalarning reyestrini yuritadi;
20) bilim va malakalarni baholash boʻyicha umummilliy siyosatni belgilash sohasida:
test texnologiyalarini rivojlantirish, pedagogik oʻlchov vositalarini takomillashtirish sohasida strategik yoʻnalishlarni belgilaydi;
umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini muntazam ravishda tahlil qiladi va konseptual jihatdan rivojlanish vektorlarini belgilaydi;
rahbar kadrlar hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatini berish jarayoniga rahbarlik qiladi;
xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish ishlarini muvofiqlashtiradi;
taʼlim va fan sohasi tashkilotlari tomonidan beriladigan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish jarayonini nazorat qiladi;
21) Vazirlik tizimidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlarni moliyalashtirish, moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, shuningdek, ularning moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish sohasida:
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, barcha davlat oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarini moliyalashtirishning normativlarini belgilash toʻgʻrisidagi takliflarni, ushbu masala yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
Vazirlik orqali moliyalashtiriladigan oliy, oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari va tizim tashkilotlarining budjet mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetasi, budjetdan tashqari (toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushgan mablagʻlar, bolalarning taʼminoti uchun ota-onalardan tushumlar) mablagʻlar boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasi, vaqtinchalik budjet xarajatlar smetalari hamda shtat jadvallarini roʻyxatdan oʻtkazadi;
Vazirlik orqali moliyalashtiriladigan oliy, oʻrta maxsus tashkilotlari va tashkilotlarning tasdiqlangan jamlanma budjet mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetalarini, budjetdan tashqari (toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushgan mablagʻlar, bolalarning taʼminoti uchun ota-onalardan tushumlar) mablagʻlar boʻyicha jamlanma daromadlar va xarajatlar smetasi hamda jamlanma shtat jadvallarini tasdiqlaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etadi;
tizimdagi moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim tashkilotlarida davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalar uchun budjet mablagʻlarini vazirlik hamda oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida imzolangan bitim asosida ajratilishini taʼminlaydi;
Respublika oliy taʼlim kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatiga qoʻshimcha ravishda davlat oliy taʼlim tashkilotlarini kiritib boradi;
Vazirlik orqali moliyalashtiriladigan oliy, oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari va tizim tashkilotlarining budjet hisobi yuritilishini tashkil etish va nazorat qilishni taʼminlaydi;
Vazirlik orqali moliyalashtiriladigan oliy, oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari va tizim tashkilotlaridan moliyaviy hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining maxsus dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda qabul qiladi hamda tegishli davr uchun jamlanma moliyaviy hisobotlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi;
Vazirlik tizimidagi oliy, oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlarining shakllanishi va sarflanishi, xoʻjalik, ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyati ustidan nazorat qiladi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlariga nisbatan moddiy-texnik baza, infratuzilma va parametrik talablarni ishlab chiqadi va belgilaydi;
taʼlim tashkilotlarida moddiy-texnika resurslaridan foydalanishga doir talablarni ishlab chiqadi;
tizimdagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari va tashkilotlarda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirilishini tashkillashtiradi hamda rivojlantiradi;
22) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu faoliyatni tashkil etish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish sohasida:
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash masalalarida tizimida ilmiy tashkilot va oliy taʼlim tashkilotlariga ega vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tizimida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim tashkilotlariga ega vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda izlanuvchilar faoliyatining samaradorligi boʻyicha monitoring olib boradi;
vazirliklar, idoralar, ilmiy tashkilot va taʼlim tashkilotlarining oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtiruvchi yagona elektron tizimdan samarali foydalanishlarini taʼminlaydi, shuningdek undan foydalanish boʻyicha uslubiy jihatdan rahbarlik qiladi;
23) aholi orasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish va ularni mukammal oʻzlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish, xorijiy tillarni oʻqitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari taʼlimning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda professor-oʻqituvchilarda zamonaviy oʻqitish koʻnikmalarini rivojlantirish sohasida:
davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat taʼlim tashkilotlarining xorijiy tillarni oʻqitishni ommalashtirish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
xorijiy va mahalliy hamkorlar bilan aloqalar oʻrnatib, ularning moliyaviy, tashkiliy va uslubiy koʻmagini mamlakatda xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishga jalb qilishni tashkil etadi;
vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyatini xorijiy tillarda amalga oshirish imkoniyatini beruvchi uslubiyotlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etadi;
talab yuqori boʻlgan kamida oʻnta xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilaydi;
xorijiy tillar oʻqituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda ularga malaka toifasini berish jarayonini ochiqlik tamoyili asosida tashkil etadi;
xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlarning roʻyxatini hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarning darajalari oʻrtasidagi muvofiqlikni tasdiqlaydi;
vazirliklar va idoralar xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlarning roʻyxati hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar darajalari oʻrtasidagi muvofiqlik jadvali asosida tizimlaridagi xodimlarga ustamalar belgilash uchun har yili oʻzlariga taalluqli boʻlgan sertifikatlar roʻyxatlarini tasdiqlaydi.
Vazirlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
2-§. Vazirlik markaziy apparatining vazifalari va funksiyalari
12. Quyidagilar Vazirlik markaziy apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha qarorlari va farmoyishlari, shuningdek, Vazirlik hayʼati qarorlari, Vazirlikning buyruqlari bajarilishining muntazam nazoratini taʼminlash;
2) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
3) idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlik qilish;
4) oliy taʼlim tashkilotlarida va ilmiy tashkilotlarida yuqori malakali zamonaviy bilimlarga ega kadrlarni tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni tashkil etish;
5) davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini takomillashtirishga qaratilgan maqsadli faoliyatni amalga oshirish, oʻquv jarayonini sifat jihatidan yangilash va oʻqitishning ilgʻor shakllari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
6) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimining hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasining ijobiy imijini shakllantirishga qaratilgan yagona axborot siyosatini olib borish;
7) yoshlar oʻrtasida mustaqillik gʻoyalariga sodiqlik, milliy qadriyatlarga sadoqat, insonparvarlik va yuksak maʼnaviy gʻoyalarni chuqur singdirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tashkil etishni taʼminlash;
8) oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlarda ilmiy-tadqiqot ishlari, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni tashkil etish;
9) pedagog va rahbar kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, yuqori malakali xorijiy olimlar, oʻqituvchilar va mutaxassislarni keng jalb qilish ishlarini muvofiqlashtirish;
10) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlashni tashkillashtirish;
11) xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, xalqaro hamkorlikdagi qoʻshma oliy va professional taʼlim dasturlarini amalga oshirishni tashkil etish;
12) Vazirlik tizimidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida hamda tashkilotlarda moliyaviy mablagʻlarning samarali ishlatilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
13) Vazirlik tizimidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari, hududiy boshqarmalar va tashkilotlarni rahbar kadrlar bilan taʼminlash ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish.
13. Vazirlik markaziy apparati oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Vazirlik va uning rahbariyati faoliyatini tashkiliy va axborot-tahlil jihatidan taʼminlaydi;
Vazirlik tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishini hamda ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy hamda lingvistik ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etadi;
idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyatini nazorat qiladi hamda monitoringi olib borilishini tashkil etadi;
Vazirlik tomonidan Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishini hamda ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etadi;
Vazirlik faoliyati, shu jumladan, qonun ijodkorligi sohasidagi faoliyati huquqiy taʼminlanishini tashkil etadi;
boshqaruv qarorlarini qabul qilish maqsadida oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimni takomillashtirish yuzasidan Vazirlik rahbariyati uchun axborotni toʻplaydi, umumlashtiradi va tahlil qiladi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda tizimning ijobiy imijini shakllantirishga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
Vazirlik vakolatiga tegishli tezkor, tashkiliy, kadrlar, moliya, ishlab chiqarish-xoʻjalik va boshqa masalalar bilan shugʻullanadi hamda ichki audit va moliyaviy nazoratni amalga oshiradi;
idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimini, innovatsion rivojlanish hamda bilim va malakalarni baholash sohalarini rivojlantirish boʻyicha oʻrta va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqilishini tashkil etadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni amalga oshiradi;
xorijiy investitsiyalar jalb etilishini va xalqaro hamkorlikni tashkil etadi.
3-§. Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalarning vazifalari va funksiyalari
14. Quyidagilar Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va qonunchilik hujjatlari, shuningdek, Vazirlik hayʼati qarorlari, Vazirlikning buyruqlari bajarilishining muntazam nazoratini taʼminlash;
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlashda ishtirok etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlik qilish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan monitoring olib borish va nazorat qilish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida oʻquv-metodik faoliyatni muvofiqlashtirish;
Vazirlik tizimidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari va boshqa tashkilotlarda ichki audit xizmatlari tomonidan nazorat tartibidagi profilaktika tadbirlarini tashkil etish hamda amalga oshirish.
Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
15. Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar oʻzlariga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar va ularning rahbariyati faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi;
Vazirlik tomonidan oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimining ijobiy imijini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar tomonidan kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida qayta ishlanishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etadi;
akademik litseylar, professional taʼlim tashkilotlari, tarkibidagi kafedralar, fakultetlar va boshqa boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda nazorat qiladi;
binolar va inshootlarni joriy taʼmirlash ishlari monitoringini olib boradi va muvofiqlashtiradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etadi va amalga oshiradi;
vakolati doirasida tegishli tashkiliy, kadrlar, moliya, ishlab chiqarish, xoʻjalik va boshqa masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
4-bob. Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarning huquqlari va javobgarligi
1-§. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
16. Vazirlik oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish;
Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun respublika oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tuzilmasini takomillashtirish va boshqarish masalalari boʻyicha takliflar kiritish;
hayʼat majlislarida tizimida oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar rahbar xodimlarining taʼlim faoliyatiga oid axborotini (maʼruzalarini) koʻrib chiqish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan kadrlarga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisidagi axborotni, shu jumladan, shartnoma asosida tayyorlangan mutaxassislarning ishga joylashtirilishi monitoringini yuritish uchun zarur boʻlgan tahliliy materiallarni va boshqa materiallarni soʻrash hamda belgilangan tartibda olish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyatiga asossiz aralashuvi, professor-oʻqituvchilar va pedagog kadrlar shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, mehnatga majburlash, oʻquv-tarbiyaviy jarayonga toʻsqinlik qilishning har qanday shakllari, taʼlim beruvchi va taʼlim oluvchilarning huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qonunchilikda belgilangan choralar koʻrish;
idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi, Vazirlik normativ-huquqiy hujjatlarining ijrosini nazorat qilish;
barcha manbalar, ayniqsa, oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli boʻyicha oliy va professional taʼlim tashkilotlari daromadlari shakllantirilishi va ulardan samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari uchun pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari va tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish;
oʻz vakolatlari doirasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, qoʻshma dasturlarni amalga oshirishni tashkil etish va muvofiqlashtirish;
Vazirlik, idoralardan va bevosita oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlaridan, ilmiy tashkilotlardan Vazirlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan materiallarni hamda oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim boʻyicha belgilangan statistika hisobotini olish va taʼlim tashkilotlarida hisob va hisobotning holati ustidan nazorat qilish;
Vazirlikning Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari faoliyatini belgilangan tartibda tashkil etish;
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan xalqaro va xorijiy tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassis va ekspertlarini maslahatchi (konsultant ) sifatida Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq jalb qilish;
Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan, shuningdek, davlat oliy taʼlim tashkilotlariga ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xalqaro eʼtirof etilgan reyting tashkilotlari bilan oliy taʼlim tashkilotini xalqaro reytingga kiritish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq shartnomalar tuzish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimini moliyalashtirishga zarur sarf-xarajatlar boʻyicha takliflarni shakllantirish, shuningdek, zarurat boʻlganda, xorijiy kreditlar, grantlar va boshqa mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish;
taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilishda test sinovlarini oʻtkazish jarayonida taʼlim tashkilotlari rahbarlari tomonidan taʼlim toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan holda qabul qilingan buyruqlar, farmoyishlar va boshqa qarorlarning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish;
Vazirlikda oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun yetakchi olimlar, yuqori malakali professor-oʻqituvchilar va mutaxassislar, turli idoralar vakillaridan iborat ilmiy-metodik va jamoatchilik kengashlarini tashkil etish;
oʻz vakolatlari doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, koʻrgazmalar, yarmarkalar oʻtkazish, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqishda ishtirok etish, Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
Vazirlik vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha xalqaro darajada Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda ifodalash;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalarda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;
Vazirlik tizimidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining amaldagi qonunchilik, Vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlariga zid boʻlgan holda ishlab chiqilgan buyruqlarni bekor qilish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
belgilangan tartibda Vazirlikning mukofotlari va faxriy yorliqlarini, koʻkrak nishonlarini taʼsis etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish hamda ular bilan ilgʻor xodimlarni va professor-oʻqituvchilar tarkibini, shuningdek, eng yaxshi ilmiy va innovatsion ishlari uchun oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining talabalari va oʻquvchilarini mukofotlash;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari va talabalarini belgilangan tartibda vakolat doirasida bir taʼlim tashkilotidan boshqasiga oʻtkazish, oʻqishini qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish, yakuniy davlat attestatsiyasini qayta topshirishga ruxsat berish ishlarini tashkil etish;
Vazirlik va tizimidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari va boshqa tashkilotlarining davlat mulkini bir boʻlinmadan boshqasiga oʻz tashkiliy tuzilmasi doirasida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishgan holda operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish;
idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarini belgilangan tartibda vakolat doirasida faoliyatini oʻrganish;
oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
Vazirlik va unga idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarini ular tomonidan tegishli sohada ular faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari parametrlari bajarilishini hisobga olgan holda, moddiy ragʻbatlantirish tartibi, miqdorlari va shartlarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq belgilash;
oʻz vakolatlari doirasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
Vazirlik faoliyatini keng yoritish maqsadida rasmiy veb-saytlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar yaratish;
qonunchilik hujjatlarining davlat taʼlim tashkilotlari hamda oliy va professional taʼlim sohasida nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslar tomonidan ijro etilishining nazoratini amalga oshirish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimini rivojlantirish bilan bogʻliq dolzarb va istiqbolli muammolarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhlar tashkil etish;
noshirlik faoliyati bilan shugʻullanish.
Vazirlik qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
17. Vazirlik oʻz vakolatlari doirasida oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari hamda tizimida oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar, shuningdek, boshqa davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan, oʻquv jarayonini tashkil etishga, taʼlim sifatini oshirishga, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga, pedagog xodimlarning samarali ishini ragʻbatlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq tasdiqlashga haqlidir.
18. Vazirlik, zarur hollarda, boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar qabul qilishga haqlidir.
19. Vazirlik:
Vazirlikka yuklatilgan topshiriq va vazifalarni samarali bajarish, shuningdek, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim ilm-fan va innovatsiya sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishga;
Vazirlik faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishning soʻzsiz taʼminlanishiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa hujjatlari, shuningdek, Vazirlik tomonidan qabul qilingan qarorlari amalga oshirilishining sifati va yakuniy natijalarga erishilishiga;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimni takomillashtirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tegishli sohada hududlar muammolarini hal qilish boʻyicha dasturlarni, harakat rejalarini, yoʻl xaritalarini va boshqa dasturiy hujjatlarini samarali amalga oshirishga;
fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etish va himoya qilishni taʼminlashga masʼuldir.
20. Vazirlik oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan hamda innovatsion faoliyat sohasida davlat siyosati samarali amalga oshirilishi, Vazirlik mablagʻlaridan oqilona foydalanilishi, shuningdek, oʻziga yuklangan vazifalarning sifatli bajarilishi uchun javob beradi.
2-§. Vazirlik markaziy apparatining huquqlari va javobgarligi
21. Vazirlik markaziy apparati oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun:
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim masalalari boʻyicha tahlil qilish va qayta ishlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalardan soʻrash va olish;
Vazirlikda koʻrib chiqiladigan oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimga doir masalalarni, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlari hamda vakillarini zarur boʻlganda belgilangan tartibda jalb qilish;
oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalardan oʻzlari tomonidan kiritilgan oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqilishini talab qilish, zarurat boʻlganda ularni qayta ishlash uchun qaytarish;
oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlari hamda vakillari, shuningdek, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlariga hal qilishni talab etadigan Vazirlikka yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan topshiriqlar berish;
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, shuningdek, Vazirlikning buyruqlari, Hayʼat qarorlarini oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar tomonidan bajarilishi yuzasidan ularning faoliyatini belgilangan tartibda oʻrganish va tekshirish huquqiga ega.
Vazirlik markaziy apparati qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
22. Vazirlik markaziy apparati:
oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar bilan birgalikda apparatga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
Vazirlik faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash uchun markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalari ishini tashkil etish;
Vazirlik tomonidan koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari, shuningdek, Vazirlik tomonidan qabul qilinadigan buyruqlarning tayyorlanish sifati va ekspertizadan oʻtkazilishi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimni rivojlantirish, shuningdek, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va ulardagi muammoli masalalarni hal qilish boʻyicha dasturlar, tadbirlar rejalari, yoʻl xaritalari va boshqa dasturiy hujjatlarning oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshirilishini tashkil etish uchun javob beradi.
3-§. Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalarning huquqlari va javobgarligi
23. Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy boshqarmalaridan oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun zarur boʻlgan axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar oʻz tizimidagi taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining koʻrib chiqishi uchun takliflar kiritish huquqiga ega.
Oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
24. Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar:
yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
oʻzlarining faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan prognoz koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash;
Vazirlikka kiritilayotgan hujjatlar loyihalari va takliflar, shuningdek, qabul qilinadigan qarorlarning sifatli amalga oshirilishi, istiqboldagi natijalari va oqibatlari;
hududlarda aniqlangan muammolarni har tomonlama chuqur tahlil qilish hamda umumlashtirish asosida oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida rivojlantirishga doir takliflarni tayyorlash;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasini rivojlantirish boʻyicha dasturlar, tadbirlar rejalari, yoʻl xaritalari va boshqa dasturiy hujjatlarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida samarali amalga oshirilishi, muammoli masalalar hal etilishi uchun javob beradi.
5-bob. Vazirlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
25. Quyidagilar vazirning asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
2) Vazirlikning faoliyatini umumiy boshqarishni amalga oshirish va rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Vazirlikka yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Vazirlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tanqidiy va chuqur tahlillarni oʻtkazish;
4) Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlariga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilarining tarkibiy boʻlinmalari va Vazirlar Mahkamasi kotibiyatlari, shuningdek, Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi yigʻilishlarida hamda Rayosat majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etish;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari (maslahatchisi) topshiriqlarini bajarish;
7) oʻz oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, Vazirlikning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, Vazirlik faoliyatining maʼlum bir sohalarini boshqarishda oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyati darajasini belgilash;
8) Vazirlikning faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, davriy ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Vazirlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha qarorlariga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy va hududiy boʻlinmalar, idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
10) Vazirlik xodimlari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari, oliy taʼlim tashkilotlari xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirishni tashkil etish;
11) Vazirlik tizimida xodimlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, Vazirlik tizimining kadrlar zaxirasini shakllantirish;
12) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiradigan boʻsh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Vazirlikka ishga qabul qilinadigan boshqa kadrlarning professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy ish tajribasi, yuqori ishchanlik darajasi va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
13) faoliyat sohasidagi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini sifatli ishlab chiqish, ularning qonunchilik talablariga qatʼiy muvofiq ravishda oʻz vaqtida kiritilishini tashkil etish, shuningdek, ularning Vazirlar Mahkamasida puxta ishlanishida, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati huzurida himoya qilinishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida koʻrib chiqilishida ishtirok etish;
14) “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamentiga muvofiq Vazirlikning qonun loyihalarini tayyorlash faoliyatini tashkil etish;
15) Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqilishini taʼminlash, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti va Vazirlar Mahkamasi Reglamentida belgilangan muddatlarda kelishish (viza qoʻyish);
16) Vazirlikning qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish faoliyatini “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq tashkil etish;
17) Vazirlik vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda, boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tegishli qarorlar qabul qilish;
18) Vazirlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini qonunchilik talablariga toʻla muvofiq ravishda tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlariga ajratiladigan mablagʻlardan oqilona foydalanishni taʼminlash;
19) oʻrinbosarlari, oliy taʼlim tashkilotlari, tarkibiy va hududiy boʻlinmalar rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini doimiy tanqidiy tahlil qilish, Vazirlikning hayʼat yigʻilishlarida ularning shaxsiy hisobotlarini tinglash, muhokama yakunlari boʻyicha zarur choralar koʻrish;
20) Vazirlik xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni, oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimida qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritish, Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etish, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish yuzasidan tizimli choralarni amalga oshirish;
21) Vazirlik xodimlari tomonidan Vazirlik odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
22) Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq Vazirlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻli bilan ularni sodir etishga imkon yaratuvchi omillarni aniqlash, tahlil qilish, sabab va sharoitlarini bartaraf etish;
23) Vazirlik xodimlari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash, jumladan ular tomonidan lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
24) Vazirlik hamda uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, oliy taʼlim tashkilotlari ishini tashkil etishning ilgʻor shakllarini joriy etishni taʼminlash;
25) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish ishlarini qonunchilikka muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot oʻrnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda oʻtkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;
26) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, Vazirlik rahbarlari va xodimlarining ular faoliyatida faol ishtirok etishini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan kelib tushadigan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
Oldingi tahrirga qarang.
27) davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya etish;
(25-bandning 27-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 504-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 09/25/504/0707-son)
28) Vazirlik markaziy apparati shtat jadvali va xarajatlar smetasini, shuningdek, Vazirlikning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari nizomlarini hamda oliy taʼlim tashkilotlari, idoraviy mansub tashkilotlar ustavlarini tasdiqlash;
29) Vazirlik markaziy apparati xodimlari, tarkibiy boʻlinmalar hamda idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish;
30) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini taʼminlash, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
31) Vazirlik, oliy va professional taʼlim tashkilotlari, hududiy boʻlinmalar, idoraviy mansub tashkilotlar mansabdor shaxslari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar ishlab chiqish va topshiriqlar berish, shuningdek, ularning ijrosini oʻrnatilgan tartibda nazorat qilish;
32) Vazirlik markaziy apparati, hududiy boʻlinmalar, idoraviy mansub tashkilotlarning tasdiqlangan tuzilmalari va shtatlar jadvaliga xodimlarning cheklangan soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
33) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha xalqaro va hukumatlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish boʻyicha xalqaro tadbirlarda ishtirok etish.
Vazir qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
26. Quyidagilar vazir oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Vazirlikka yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish, tegishli tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Vazirlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlash;
3) vazir vaqtincha boʻlmaganda, tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
4) Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va ularga bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash hamda shaxsiy javobgarligini belgilash;
5) Vazirlik va uning tuzilmaviy va boʻysunuvchi boʻlinmalari, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va rahbariyatga taqdim etish;
6) Vazirlar Mahkamasida, vazirlik va idoralarda boʻlib oʻtadigan majlislarda vakolat doirasida ishtirok etish;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari koʻrsatmalarini soʻzsiz bajarish;
8) Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tarkibiy va boʻysunuvchi boʻlinmalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar bajarilishini nazorat qilish, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Oldingi tahrirga qarang.
9) davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
(26-band 9-kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 504-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 09/25/504/0707-son)
Vazir oʻrinbosarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
27. Quyidagilar Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) tarkibiy boʻlinmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
2) tegishli tarkibiy boʻlinmalar va Vazirlik tizimidagi tashkilotlar faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtirish;
3) prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda tarkibiy boʻlinmalar ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazir yoki uning mutasaddilik qiladigan oʻrinbosarlariga takliflar kiritish;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash, Vazirlik tarkibiy boʻlinmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
5) Vazirlik hayʼati qarorlari, vazir buyruqlari hamda topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
6) tarkibiy boʻlinmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini taʼminlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, koʻrsatilgan vazifalar va tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
7) tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyatiga amaliy va metodik yordam koʻrsatish;
8) tarkibiy boʻlinmalar faoliyatiga oid masalalar yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va ularni koʻrib chiqish uchun Vazirlik rahbariyatiga kiritish;
9) tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarning professional darajasini, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligining kafolatini taʼminlash, kasb malakasini oshirish choralarini koʻrish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
10) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tarkibiy boʻlinmalar tomonidan sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini keyinchalik Vazirlik rahbariyati tomonidan koʻrib chiqish, imzolash (viza qoʻyish), ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining reglamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi reglamenti talablariga qatʼiy muvofiq ravishda Vazirlar Mahkamasiga oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlash, Vazirlik rahbariyatining topshirigʻi boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasida ishlab chiqishda ishtirok etish;
11) Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqish, moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy ekspertiza va boshqa ekspertizadan puxta oʻtkazish;
12) tarkibiy boʻlinmalar xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
13) tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etishini taʼminlash;
Oldingi tahrirga qarang.
14) davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
(27-band 14-kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 504-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 09/25/504/0707-son)
Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
28. Quyidagilar Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar, ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek Vazirlik buyruqlari bilan ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
2) oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash, ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan qarorlariga muvofiq topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
4) Vazirlik hayʼati qarorlari, vazirning buyruqlari va topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
5) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar, davlat tashkilotlariga qabul masalalari yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari bilan hamkorlik qilish;
6) oʻz oʻrinbosarlari (prorektorlari) vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, boshqa mansabdor shaxslar vakolatlarini, faoliyatning alohida uchastkalariga rahbarlik qilish uchun oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarlik darajasini belgilash;
7) oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, oʻz oʻrinbosarlarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
8) oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
9) vazir nomenklaturasiga kiradigan boʻsh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professional darajasini amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligining kafolatini taʼminlash;
10) xodimlarni, oʻz oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni koʻrib chiqish, shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha muntazam chora-tadbirlar koʻrish;
11) xodimlar tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
12) huquqni qoʻllash amaliyotini va qonunchilikni takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali hududiy boshqarmalar tizimida qonunchilik talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
13) prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishni taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazirning mutasaddilik qiladigan oʻrinbosarlariga takliflar kiritish;
14) xodimlar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
15) faoliyatiga oid masalalar boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligi, sifatini va ulardan erkin foydalanishni oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni Vazirlik rahbariyatiga kiritish;
16) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, qonunchilik bilan belgilangan muddatlarda va tartibda aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini muntazam ravishda shaxsan, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
17) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga tushgan murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqish;
18) xodimlarning lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar toʻlash, ularga moddiy yordam berish, mukofotlash, ragʻbatlantirish va ularga nisbatan intizomiy chora qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilish, davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash toʻgʻrisida Vazirlikka takliflar kiritish;
19) davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning himoya qilinishini taʼminlash.
Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
6-bob. Vazirlik rahbarlarining javobgarligi
29. Vazir:
Vazirlikka yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan Vazirlikning javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 25-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
30. Vazir oʻrinbosarlari:
Vazirlikning mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalarida Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan Vazirlikning mutasaddilik qilinadigan masalalarga doir javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 26-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
31. Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari:
tegishli tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning amalga oshirilishi;
ushbu Nizomning 22-bandida nazarda tutilgan markaziy apparatning javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 27-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
32. Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlari:
Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Nizomning 24-bandida nazarda tutilgan Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlari, tashkilotlar va hududiy boshqarmalarning javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 28-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
7-bob. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
1-§. Vazirlik rahbariyati
33. Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan vazir rahbarlik qiladi.
34. Vazir maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzosi hisoblanadi.
35. Vazir oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
36. Vazir boʻlmaganda uning vakolatlari bajarilishi taqsimlangan vazifalarga muvofiq uning oʻrinbosarlaridan biri tomonidan amalga oshiriladi.
37. Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, Vazirlik tizimidagi idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari, oliy taʼlim tashkilotlari prorektorlari (moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim tashkilotlaridan tashqari), filial direktorlari va ularning oʻrinbosarlari, professional taʼlim tashkilotlari, hududiy boshqarmalar rahbarlari vazir tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
2-§. Yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish, shuningdek Vazirlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalarining uning hududiy tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorligi tartibi
38. Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalarining oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, shu jumladan ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalar bilan oʻzaro hamkorligi markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari tomonidan taʼminlanadi.
Vazirlik markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, shu jumladan ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalar bilan oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik qilish doirasida:
topshiriqlarni oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalarga yetkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalarga tarkibiy boʻlinmalarning bevosita faoliyati masalalari boʻyicha soʻrovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;
oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalarning faoliyat yuritish amaliyotini tekshiradi, oʻrganadi va umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda qabul qiladi;
oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyatini, shuningdek faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot va axborot materiallari, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlar oʻrganilishini tashkil etadi;
oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalarning ish rejalarini tahlil qiladi, faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar koʻradi;
oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalardan tushgan takliflarni koʻrib chiqadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalarning ishtirokini tashkil etadi, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha ulardan tushgan takliflarni koʻrib chiqadi.
39. Oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, ilmiy tashkilotlar va hududiy boshqarmalar markaziy apparatning tarkibiy boʻlinmalari bilan hamkorlik qiladi, shu jumladan:
Vazirlik rahbariyati topshiriqlarining ijrosi haqida axborot beradi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida qonunchilikni amalga oshirish boʻyicha faoliyat natijalari toʻgʻrisida markaziy apparatga axborot taqdim etadi;
ularning faoliyatini tekshirish va oʻrganish natijasida aniqlangan kamchiliklarni va qoidabuzarliklarni bartaraf etish natijalari toʻgʻrisida maʼlumot beradi;
oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni belgilangan tartibda va muddatlarda markaziy apparatga taqdim etadi;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar, bilim va malakalarni baholash boʻyicha muammolarni hal qilishga qaratilgan takliflarni markaziy apparatga yuboradi;
kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari bilan oʻzaro hamkorlik natijalari toʻgʻrisida axborot beradi;
vakolatli organlar tomonidan oʻtkazilgan oʻz faoliyatini tekshirish natijalari toʻgʻrisida xabar beradi.
40. Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari, oliy taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalarning oʻzaro hamkorligi jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar vazirning topshirigʻiga binoan tegishli oʻrinbosari tomonidan koʻrib chiqiladi.
Agar koʻrib chiqishdan keyin kelishmovchiliklar hal etilmasa, bevosita vazir ularni bartaraf etish boʻyicha qaror qabul qiladi.
3-§. Vazirlikning boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
41. Vazirlik oʻz vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
42. Vazirlik tizimidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, hududiy boshqarmalar oʻz vakolatlari doirasida tegishli hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirishda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
43. Vazirlikning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmasi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tahlil va nazorat qilinadi.
4-§. Vazirlikning hayʼati, boshqa kengash, maslahat, ekspert organlari
44. Vazirlikda rahbar (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimi boʻyicha), shuningdek, faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalar, tizim tashkilotlari va tizimdagi oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tuziladi.
Hayʼat tarkibining soni va shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
45. Hayʼatga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
Vazirlik faoliyatining ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
qonunchilik hujjatlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida belgilangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun Vazirlik tizimi xodimlari va rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha choralarni koʻrgan holda tarkibiy va hududiy tuzilmalar hamda idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari, idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, oliy taʼlim tashkilotlari rektor (direktor)larining hisobotlarini muntazam ravishda eshitilishini tashkil etish;
Vazirlik faoliyati sohasidagi hududiy va tarmoq dasturlari amalga oshirilishining natijadorligini har chorakda va muntazam koʻrib chiqish;
joylarda Vazirlik faoliyati sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinishini taʼminlagan holda hayʼatning kengaytirilgan sayyor majlislari oʻtkazilishini tashkil etish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Vazirlik markaziy apparati va uning tizimiga kiradigan lavozimlar nomenklaturasini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Vazirlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish masalalarini koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari bilan belgilangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun Vazirlik rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash va shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat Vazirlik vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishga haqlidir.
46. Hayʼat majlisiga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar rahbarlari oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan taklif etilishi mumkin.
47. Hayʼat, agar uning majlisida hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
48. Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, vazir yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Shuningdek, hayʼat aʼzolari ham Vazirlar Mahkamasiga oʻz fikrini maʼlum qilishi mumkin.
49. Hayʼat faoliyati tartibi hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan uning reglamenti bilan belgilanadi.
50. Vazirlikda tegishli sohalar, kadrlar buyurtmachilari, olimlar va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat Jamoatchilik kengashi tashkil etiladi. Jamoatchilik kengashi oʻz faoliyatini Kengash tomonidan tasdiqlanadigan reglamentga muvofiq amalga oshiradi.
51. Vazirlik tizimida oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim yoʻnalishlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi.
Kengashning faoliyatini amalga oshirish tartibi Kengash toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi.
Kengashning asosiy vazifalari davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalar va fan dasturlari, oʻquv adabiyotlari, malaka talablarini taʼlim jarayoniga tavsiya etish boʻyicha xulosalar berishdan iborat.
8-bob. Vazirlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari
52. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam ravishda baholab boriladi.
53. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligiga berilgan baholar Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asosan amalga oshiriladi.
54. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha:
Vazirlik rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
Vazirlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralarini koʻrish;
Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va metodikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
9-bob. Vazirlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish
55. Quyidagilar Vazirlik va uning tizimidagi oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq pullik xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
56. Vazirlik markaziy apparati xodimlarining ish haqlari qonunchilikda koʻzda tutilgan lavozim maoshi, mukofot pullari, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va ragʻbatlantirish toʻlovlaridan tashkil topadi.
Vazirlik markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga har oylik ustamalar, mukofotlar, ularga moddiy yordam berish va ijtimoiy muhofaza qilish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq toʻlanadi.
57. Vazirlik markaziy apparati xodimlariga oylik ish haqi toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish manbalari mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi, Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan iborat.
10-bob. Vazirlikning hisobdorligi
58. Vazir Vazirlikning faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hamda jamoatchilik oldida bevosita hisobdor boʻladi.
59. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan oʻzaro hamkorlik qilish doirasida:
oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar hamda boshqa hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda oʻz faoliyat sohasidagi muammolarni hal etish, davlat boshqaruvi tizimini maqbullashtirishga qaratilgan taklif, tavsiya va tahliliy maʼlumotlar tayyorlanishini taʼminlaydi;
oliy taʼlim, fan va innovatsion rivojlanishning eng muhim yoʻnalishlari hamda vazifalarini amalga oshirishda mavjud tizimli muammo va kamchiliklarning muntazam ravishda koʻrib chiqilishini tashkil qiladi.
60. Monitoring va baholash natijalariga koʻra, Vazirlikning alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirish choralari koʻriladi, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan esa intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.
61. Vazirlik har chorak yakuni boʻyicha tegishli hisobot davri uchun respublika oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlimini rivojlantirish natijalari toʻgʻrisidagi press-relizni oʻz rasmiy veb-saytida yoritilib borilishini taʼminlaydi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
62. Vazirlikni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 –– 57-moddalari.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-avgustdagi 489-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ning maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, vakolatlari hamda tashkiliy asoslarini, shuningdek, rahbarlarining funksional majburiyati va masʼuliyatini belgilaydi.
2. Agentlik:
Oʻzbekiston Respublikasida ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini hamda innovatsion faoliyatni boshqarish va tashkillashtirish, uni amalga oshirishni muvofiqlashtirish, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalari vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik)ning buyruqlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi;
ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanadi.
3. Agentlikning rasmiy nomlanishi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, qisqartmasi — Innovatsiya agentligi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Agentstvo innovatsionnogo razvitiya pri Ministerstve visshego obrazovaniya, nauki i innovatsiy Respubliki Uzbekistan, qisqartmasi — Agentstvo innovatsiy;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Agency for innovative development under the Ministry of higher education, science and innovations of the Republic of Uzbekistan, qisqartmasi — Innovations agency.
4. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
5. Agentlikning joylashgan yeri (pochta manzili): Toshkent shahri, Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi, Universitet koʻchasi, 7-uy, 100174.
2-bob. Agentlikning tuzilmasi
6. Agentlikning tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Agentlikning markaziy apparati;
Ilmiy-texnik axborot markazi;
Xalqaro molekulyar allergologiya markazi;
Yoshlar innovatsiya markazi;
Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi;
Yoshlar texnoparklari.
3-bob. Agentlik va uning markaziy apparatining vazifalari va funksiyalari
1-§. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari va ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, ularning ijrosini nazorat qilish hamda ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish;
ilm-fan va taʼlim integratsiyasini mustahkamlash, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlarining samaradorligini oshirish, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil etish, yosh olimlarning xalqaro tajribani oʻrganishlariga koʻmaklashish, ilmiy faoliyatni amalga oshiruvchilarni zamonaviy ilmiy laboratoriya uskunalari bilan jihozlashda yaqindan hamkorlikni amalga oshirish;
ilm-fan va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash, ilmiy faoliyatga xizmat qiladigan boshqa axborot tizimlari bilan oʻzaro hamkorlikni oʻrnatish;
ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish loyihalarini tanlash va moliyalashtirish asosida bozorga yangi va raqobatbardosh mahsulotlarning chiqarilishini taʼminlash;
ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiya va grantlarni jalb etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni moliyalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
yoshlarning innovatsion faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ular tomonidan amalga oshiriladigan startap loyihalariga koʻmaklashuvchi tizimni muvofiqlashtirish;
hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalarni shakllantirish;
iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlash hamda tarmoq ilmiy-tadqiqotlar ishlarini rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;
innovatsion rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqish hamda mamlakatning Global innovatsiya indeksidagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.
8. Agentlik oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari va ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, ularning ijrosini nazorat qilish hamda ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish sohasida:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat buyurtmasiga kiritish uchun iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning mavjud muammolari va real ehtiyojlari hamda hududiy muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlar boʻyicha belgilangan tartibda va shaklda taqdim etilgan asoslangan takliflarini umumlashtiradi;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini tanlovlar asosida shakllantiradi;
tanlovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, davlat dasturlari va konsepsiyalarda bayon etilgan vazifa va topshiriqlar asosida davlat ilmiy dasturlarini shakllantiradi va buyurtmachi sifatida shartnomalar rasmiylashtirilishini amalga oshiradi;
ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi boʻyicha bajariladigan ilmiy loyihalarning davlat roʻyxatini yuritadi va ular yuzasidan hisobotlarni qabul qiladi;
davlat buyurtmasi asosida bajariladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarning tasdiqlangan rejasiga koʻra bajarilishi yuzasidan monitoring oʻtkazadi;
respublikada faoliyat yuritadigan ilmiy tashkilotlarning ilmiy innovatsion faoliyatini tahlil qiladi va uning natijalariga koʻra ilmiy tashkilotlarning milliy reytingini ishlab chiqadi;
xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda xalqaro qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovlarini tashkil etadi, tanlovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan loyihalarni moliyalashtiradi;
davlat ilmiy dasturlarini shakllantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, asoslangan takliflar va xulosalar tayyorlab Vazirlikka taqdim qiladi;
b) ilm-fan va taʼlim integratsiyasini mustahkamlash, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlarining samaradorligini oshirish, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish sohasida:
ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini muvofiqlashtiradi, ilmiy darajaga ega xodimlarni qoʻllab-quvvatlash tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi va zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
oliy taʼlimdan keyingi taʼlim instituti mavjud oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarga doktorantura va stajyor-tadqiqotchilikka qabul boʻyicha kvotalar ajratadi;
oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlarida tahsil olayotgan tayanch doktorantlar va doktorantlar faoliyati samaradorligi monitoringini olib boradi;
oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish, ilm-fan va taʼlim integratsiyasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
oliy taʼlim tashkilotlarining yosh olim, mutaxassis va professor-oʻqituvchilarini respublika ilm-fanini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etishga oid tashkiliy ishlarni amalga oshiradi;
respublikada va xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlar, simpoziumlar, seminarlar va boshqa ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlarning yillik rejalarini shakllantiradi va tasdiqlangan rejalarni amalga oshirilishini taʼminlaydi;
v) xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil etish, yosh olimlarning xalqaro tajribani oʻrganishlariga koʻmaklashish, ilmiy faoliyatni amalga oshiruvchilarni zamonaviy ilmiy laboratoriya uskunalari bilan jihozlashda yaqindan hamkorlikni amalga oshirish sohasida:
ilmiy laboratoriyalarning zamonaviy ilmiy uskunalar bilan jihozlanganligini oʻrganadi, ularni yangilash va zarur sarflash materiallari hamda butlovchi qismlar bilan taʼminlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy ilmiy uskunalar bilan jihozlash, shuningdek zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash choralarini koʻradi;
mavjud ilmiy laboratoriyalarga oid maʼlumotlar bazasini yuritadi, ilmiy xodimlarning ilmiy uskunalarga boʻlgan ehtiyojlari uchun ilmiy uskunalardan birgalikda foydalanish dasturlarini tayyorlaydi va ularni amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy ilmiy uskunalar bilan jihozlash boʻyicha loyihalar portfellarini qabul qiladi, ularni oʻrganadi va moliyalashtirish boʻyicha zarur choralarni koʻradi;
yosh olimlarni xorijiy ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha takliflarni qabul qiladi va oʻrganadi, ushbu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish choralarini koʻradi;
yosh olimlarni xorijiy ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha tanlovlarni eʼlon qiladi, oʻtkazadi va gʻoliblarni stajirovkalarga yuborish bilan bogʻliq chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
g) ilm-fan va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash, ilmiy faoliyatga xizmat qiladigan boshqa axborot tizimlari bilan oʻzaro hamkorlikni oʻrnatish sohasida:
Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasidagi loyihalarni keng joriy etadi, oʻzining barcha faoliyat yoʻnalishlarida raqamli texnologiyalarni joriy etadi, ulardan samarali foydalanishni normativ, texnologik, axborot va tahliliy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarda axborot tizimlarini joriy etish uchun zarur telekommunikatsiya infratuzilmani taʼminlash bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarda joriy etiladigan axborot tizimlarining axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash, shaxsga doir maʼlumotlardan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish choralarini koʻradi;
Agentlik tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini amalga oshirish jarayonlarni maqbullashtirish va raqamlashtirishni hisobga olgan holda elektron shaklga oʻtkazish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
ilm-fan va innovatsiyalar sohasida raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqadi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Agentlik faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash boʻyicha dasturiy mahsulotlar va axborot resurslarini yaratish va ularni uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlarni tashkil qiladi;
ilm-fan va innovatsiyalar sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlarni Agentlik va axborot almashishini taʼminlaydigan axborot tizimlarini ishlab chiqadi va rivojlantiradi;
d) innovatsion rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqish hamda mamlakatning Global innovatsiya indeksidagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish sohasida:
xalqaro moliya institutlari ekspertlari, mahalliy ilmiy tashkilotlar xodimlari, mutasaddi vazirlik va idoralarni jalb qilgan holda innovatsion rivojlanishning oʻrta va uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqadi va uni amalga oshirish uchun ishlarni tashkil etadi;
Innovatsion rivojlanish strategiyasida belgilangan bosh maqsad va maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha zarur choralar koʻradi;
Oʻzbekistonning xalqaro reytinglarda, xususan Global innovatsiya indeksida baholanishini doimiy kuzatish, tizimli tahlilini yuritish, natijalarni yaxshilash boʻyicha tegishli tartibda takliflar ishlab chiqadi;
Agentlikning boshqa tarkibiy boʻlimlari bilan hamkorlikda Global innovatsiya indeksida Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash borasida innovatsiyalarga kiritiladigan investitsiyalar (innovation input) va ularning natijadorligini (innovation output) oshirish yuzasidan zaruriy ishlarni amalga oshiradi;
Global innovatsiya indeksi doirasida tarkibiy indikatorlar maʼlumotlarini shakllantirish va oʻrnini yaxshilash boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlaydi;
Global innovatsiya indeksida muntazam past baholangan, maʼlumoti mavjud boʻlmagan va eskirgan indikatorlar pozitsiyasini yaxshilash choralarini koʻradi;
e) ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish loyihalarini tanlab va moliyalashtirish asosida bozorga yangi va raqobatbardosh mahsulotlarning chiqarilishini taʼminlash sohasida:
ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, tijoratlashtirishga tayyorlash hamda texnologiyalar transferi yuzasidan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va muvofiqlashtirishda ishtirok etadi;
oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalarni saralab oladi, tijoratlashtiriladigan ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantiradi;
ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish yoki ularni moliyalashtirish istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlari bazasini shakllantirishda ishtirok etadi;
yangi, ilmiy hajmdor va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etadi;
ilmiy muassasalar tomonidan yaratilgan ishlanmalarni saralab olish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etishni (transferini) tashkil etish va tijoratlashtirishga koʻmaklashadi;
xorijiy davlatlarda mavjud ilgʻor, istiqbolli texnologiyalarni respublikadagi soha va tarmoqlarga transfer qilishda ishtirok etadi;
respublikada yaratilgan intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilishga, jumladan ilmiy-tadqiqot natijasida yaratilgan ishlanmalarni xorijda patentlashga koʻmaklashadi;
oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan tijoratlashtirilayotgan ilmiy ishlanmalar natijalarini umumlashtiradi va muvofiqlashtiradi;
j) ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiya va grantlarni jalb etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni moliyalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish sohasida:
investitsiya dasturlari doirasida Agentlik tizimida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ijrosi va mablagʻlarning oʻzlashtirilishini taʼminlaydi;
kelgusi yil uchun investitsiya dasturlariga kiritish uchun loyihalarni tayyorlaydi, belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini taʼminlaydi;
xorijiy investitsiyalar, kreditlar va xorijiy grantlar ishtirokida istiqbolli innovatsion va investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan doimiy monitoring olib boradi;
istiqbolli innovatsion va investitsion loyihalar portfelini shakllantirishda hamda investitsiyalar, xalqaro texnik koʻmak va xorijiy grantlarni jalb qilish choralarini koʻradi;
investitsion loyihani amalga oshirish jarayonining tegishli bosqichida investorlarni taalluqli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashadi va yuzaga keladigan tashkiliy masalalarni hal etish boʻyicha muzokaralar olib boradi;
investitsiyalar va tashqi begʻaraz koʻmak (grant) jalb qilish boʻyicha xalqaro moliya institutlari, xorijiy davlatlar moliya institutlari, bank tuzilmalari va boshqa iqtisodiy tashkilotlar bilan oʻtkaziladigan muzokaralarda ishtirok etadi;
xalqaro texnik koʻmak va xorijiy grantlarni jalb qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan muzokaralar oʻtkazish hamda hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek ekspertlarni maslahatchi (konsultant) sifatida jalb qiladi;
xalqaro hamkorlik sohasida manfaatdor xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar tuzilishini muvofiqlashtiradi va taʼminlaydi;
xalqaro innovatsion-investitsion forumlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni oʻtkazishda ishtirok etadi;
ilmiy va innovatsion faoliyatni moliyalashtirish usullarini kengaytirish boʻyicha ilgʻor xorij tajribasiga asosan takliflar hamda innovatsion faoliyat xavflarini baholash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
z) yoshlarning innovatsion faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ular tomonidan amalga oshiriladigan startap loyihalariga koʻmaklashuvchi tizimni muvofiqlashtirish sohasida:
innovatsion faoliyat sohasidagi “startap” loyihalarini rivojlantirish va ularni akseleratsiya/inkubatsiya jarayonlaridan oʻtkazish uchun yagona maydon tashkil etish va bu orqali startaplarning salohiyatini oshirishga sharoit yaratadi;
innovatsion faoliyatda tashabbusga ega aholining startap loyihalarida ishtirokini taʼminlash choralarini koʻradi;
startap ekotizimini rivojlantirish va startaplarni qoʻllab-quvvatlashda xalqaro hamkorlikni jalb etishda koʻmaklashadi;
startaplarni qoʻllab-quvvatlashda malakali mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida mahorat darslari, seminar-trening va oʻquv kurslarini tashkil etadi;
startap ekotizimining ishtirokchilari, shu jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining, muassasa va jamiyatlarning startaplar boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashadi;
startap loyihalari tanlovini eʼlon qilish va akseleratsiya markazlari tomonidan taqdim etilgan takliflarni koʻrib chiqish hamda akseleratorlik markazlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
i) hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalarni shakllantirish sohasida:
innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda innovatsion rivojlantirish boʻyicha kompleks rivojlantirish strategiyalari, dasturlar, konsepsiyalari, uzoq, oʻrta va qisqa muddatli innovatsion rivojlantirish prognozlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishni muvofiqlashtiradi;
innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarni intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilma subyektlarini shakllantirish va yangi texnologiyalarga asoslangan mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda innovatsion faoliyati koʻlamini kengaytirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, shuningdek sohadagi maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradi;
hududlarda yangi innovatsion infratuzilma subyektlari (yoshlar texnoparklari, innovatsiya markazlari, biznes akselerator, biznes-inkubatorlar va boshqalar)ni tashkil etish hamda mavjud infratuzilma subyektlari samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va innovatsion salohiyatini oshirishga koʻmaklashadi;
innovatsion hududlarning iqtisodiy va innovatsion raqobatbardoshligini oshirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga ilgʻor zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga koʻmaklashadi;
sohadagi yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda innovatsion hududga aylantirilayotgan tuman hokim oʻrinbosarlari hamda innovatsion infratuzilma xodimlarini innovatsion ekotizimni rivojlantirish boʻyicha seminar-trening oʻtkazish orqali bilim va malakalarini oshiradi;
innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlardagi tadbirkorlik subyektlari va tegishli sohadagi tashkilotlarni har yili oʻtkaziladigan xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligida ishtirokini taʼminlaydi;
innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda innovatsion rivojlanishi bilan bogʻliq uslubiy-meʼyoriy qoʻllanmalar, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
k) iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlash hamda tarmoq ilmiy-tadqiqotlar ishlarini rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash sohasida:
iqtisodiyotning real sektorining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga boʻlgan ehtiyojlarini oʻrganish asosida aniq muammolar yechimiga qaratilgan maqsadli ilmiy dasturlarni ishlab chiqadi;
ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ishlab chiqarish korxonalarini ilmiy tashkilotlar bilan hamkorligini kuchaytirish va ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha loyiha takliflarini tayyorlaydi;
ilgʻor xorijiy tajriba asosida iqtisodiyot tarmoqlarining “yashil” va kam uglerodli rivojlanishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samarador texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha innovatsion yechimlarni ishlab chiqadi;
iqtisodiyotning real sektori ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar tuzilmalarini tashkil etishga koʻmaklashish hamda tadqiqot va tajriba-sinov tuzilmalarini rivojlantirish choralarini koʻrish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish asosida takliflar tayyorlaydi;
iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etishda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
iqtisodiyot tarmoqlarini innovatsion rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi, koʻrib chiqadi va takliflar tayyorlaydi;
iqtisodiyot tarmoqlarini innovatsion rivojlantirish va yangi mahsulotlarni yaratish boʻyicha tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyishda xalqaro tashkilotlar, kompaniyalar va institutlar bilan hamkorlikni kengaytiradi.
Agentlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
2-§. Agentlik markaziy apparatining vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Agentlik markaziy apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) ilmiy va innovatsion faoliyat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga koʻmaklashish;
2) Agentlik hamda uning tarkibiy boʻlinmalari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlar, maqsadli indikatorlar, sifatga erishish va rivojlantirish dasturlarini samarali amalga oshirishni taʼminlash;
3) Agentlik faoliyati sohasiga tegishli masalalarda vazirliklar va idoralar bilan hamkorlik qilish, Vazirlik yigʻilishlarida masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshiriqlarini oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish;
5) Agentlik xodimlarini tizimli qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;
6) Agentlikning markaziy apparati faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tanqidiy tahlil qilish, tahlil natijalariga koʻra zarur chora-tadbirlarni koʻrish;
7) Agentlik hamda uning tarkibiy boʻlinmalari faoliyatiga zamonaviy ish uslublarini joriy etish;
8) ilmiy va innovatsion faoliyat sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish samaradorligi, sifati va erkinligini taʼminlash;
i) jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni samarali taʼminlash, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish;
9) ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha maqsadli dasturlar, ilmiy va innovatsion faoliyat sohasidagi dasturiy-uslubiy va boshqa tartibga soluvchi hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlash;
10) ilmiy va innovatsion faoliyat sohasida xalqaro va davlatlararo hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish boʻyicha xalqaro xorijiy tadbirlarda Agentlik vakillarining ishtirokini taʼminlash;
11) Agentlik Hayʼati qarorlari, Vazir hamda Agentlik direktori buyruqlari va topshiriqlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
12) tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning kasb mahorati, chuqur bilimga egaligi, tajribasi, ishchanlik va odob-axloq hamda maʼnaviyatining yuqori darajasi kafolatlanganligini taʼminlash, ularning kasbiy malakasini oshirish choralarini koʻrish, nazoratdagi tarkibiy boʻlinmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
13) ilmiy va innovatsion faoliyat sohasidagi ilgʻor xorijiy tajriba va ilmiy-texnik taraqqiyotda erishilgan natijalarni oʻrganishni tashkil etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirishda mazkur tajribani joriy etish;
14) ilmiy va innovatsion faoliyat sohasida xalqaro seminarlar, anjumanlar, koʻrgazmalar oʻtkazilishini tashkil etish hamda boshqa tashkilotlar oʻtkazadigan shu kabi tadbirlarda ishtirok etishni taʼminlash.
10. Agentlikning markaziy apparati oʻziga yuklatilgan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Agentlik rahbari faoliyatini tashkiliy-nazorat va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi;
Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida tarkibiy boʻlinmalarning kelishilgan holda ishlashini hamda quyi tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi;
topshiriqlar va qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash, yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish hamda oʻz tashabbusi bilan Agentlik vakolatlariga taalluqli boʻlgan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish uchun ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda innovatsion rivojlanish sohasidagi muammolarni hal etish, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif, tavsiya va tahliliy maʼlumotlar tayyorlanishini taʼminlaydi;
mamlakatning innovatsion taraqqiyoti uchun birlamchi zarur boʻlgan loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish va samaradorligini baholash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi va amalga oshiradi, Innovatsion rivojlanish strategiyasining yaqin, oʻrta va uzoq istiqbollaridagi ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, takliflarni Vazirlikka, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
innovatsion rivojlanishning eng muhim yoʻnalishlari va vazifalarini amalga oshirishda mavjud tizimli muammo va kamchiliklarni muntazam ravishda koʻrib chiqilishini tashkil qiladi;
tarkibiy boʻlinmalar va quyi tashkilotlarning faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishni hamda nazoratini, shu jumladan ularning qonunchilik hujjatlari, idoraviy va idoralararo hujjatlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Agentlik vakolatiga taalluqli tezkor, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish-xoʻjalik va boshqa masalalarni hal qiladi.
11. Agentlikning markaziy apparati qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
4-bob. Agentlikning huquq va majburiyatlari
12. Agentlik oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
Agentlikka yuklatilgan vazifa va topshiriqlarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa hujjatlarni Vazirlikka kiritish;
Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalarni hal qilish maqsadida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, respublikaning chet eldagi diplomatik va savdo vakolatxonalari, Markaziy bank va tijorat banklaridan tegishli maʼlumotlarni oʻrnatilgan tartibda soʻrash va olish;
innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari boʻyicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan metodik materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi asosida loyihalarni tanlab olish uchun tanlovlar eʼlon qilish;
ilmiy tadqiqotlarga va loyihalarga yoʻnaltirish uchun budjet mablagʻlarini taqsimlashda ishtirok etish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari rahbarlari va mutaxassislarini jalb qilgan holda Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan oʻrnatilgan tartibda yigʻilishlar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining topshiriqlariga muvofiq xalqaro tashkilotlarda davlat manfaatlarini ifoda etish hamda oʻrnatilgan tartibda va xalqaro huquq meʼyorlari asosida boshqa mamlakatlarning innovatsion rivojlanish masalalari boʻyicha masʼul idoralari hamda ilmiy institutlari bilan bevosita yoki ularning quyi boʻgʻin tuzilmalari bilan hamkorlik shartnomalarini tuzish;
Agentlikka yuklatilgan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish uchun zarur hollarda mustaqil ekspertlarni, xorijiy mutaxassislarni va tashkilotlarni shartnoma asosida jalb qilish;
binolarga xizmat koʻrsatish, inventarlar va xoʻjalik ashyolari, avtotransport, aloqa vositalari, hisoblash, kompyuter va orgtexnikalarni saqlash va foydalanish boʻyicha ishlarni bajarish, dasturiy taʼminot sotib olish boʻyicha oʻrnatilgan tartibda shartnomalar tuzish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlardagi ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlanish holatini oʻrganish, innovatsion faoliyatni takomillashtirish boʻyicha takliflarni toʻplash hamda umumlashtirish;
innovatsion faoliyatni uning samaradorlik indikatorlari asosida baholash, ilgʻor texnologiyalarni birinchi navbatda joriy etishni talab qiluvchi tegishli tarmoq va sohalar rivojlanishining asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
ijtimoiy-iqtisodiy soha uchun fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish borasida ilmiy-texnik xizmatlar koʻrsatishga davlat topshiriqlarini shakllantirish;
ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalar va texnologiyalar natijalarini tijoratlashtirish, shuningdek, texnologiyalarni transfer qilishga koʻmaklashish;
Agentlik, uning tarkibiy boʻlinma va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlari tomonidan ularning tegishli sohadagi faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha parametrlar bajarilishi va belgilangan indikatorlarga erishishni hisobga olgan holda ularni moddiy-texnika bazasini yaxshilash, moddiy ragʻbatlantirish tartibi, miqdorlari va shartlarini belgilash;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
Agentlik vakolatlariga kiruvchi masalalarni hal etish uchun ilmiy tashkilotlar, olim va mutaxassislarni, shu jumladan chet ellik mutaxassislarni shartnoma asosida hamda ekspert sifatida jalb qilish;
ilmiy kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish boʻyicha idoraviy ilmiy hamda oʻquv markazlari, maslahat va axborot markazlari, ilmiy laboratoriyalarni belgilangan tartibda tashkil etish;
respublikaning ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy dasturlari hamda loyihalari buyurtmalarini ishlab chiqish;
innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni hisobga olgan holda tarmoq hamda hududlarni rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari va dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, ularni belgilangan tartibda tasdiqlashga kiritish;
Agentlik, uning tarkibiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlarning moddiy-texnika bazasi, xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash choralarini koʻrish;
Agentlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-taʼlim muassasalarining yuqori malakali mutaxassislari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalari va mutaxassislarini maslahatchi (konsultant) sifatida jalb qilish.
Agentlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Agentlik:
zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarning lozim darajada hamda samarali bajarilishi;
tegishli sohada faoliyatning asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha parametrlar va belgilangan indikatorlarga erishishning soʻzsiz taʼminlanishi;
tegishli sohani rivojlantirish hamda hududlarning muammoli masalalarini hal etish boʻyicha dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa hujjatlarning samarali amalga oshirilishi;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi hamda himoya qilinishi uchun javobgardir.
5-bob. Agentlik direktorining funksional vazifalari
14. Quyidagilar Agentlik direktorining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
2) Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifa hamda funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
3) Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishda davlat manfaatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash, tayyorlangan hujjatlar loyihalarini tasdiqlash, tegishli hujjatlar qabul qilingandan soʻng ularning bajarilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etishni taʼminlash;
4) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va yuqori turuvchi tashkilotlar topshiriqlarini ijro etish;
6) Agentlik faoliyatining ayrim yoʻnalishlari va boʻlimlarini, shuningdek, Agentlik tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlari va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;
7) oʻz vakolati doirasida Agentlik tizimi xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqarish va koʻrsatmalar berish;
8) Agentlik markaziy apparatining xarajatlar smetasi va xodimlar shtat jadvalini belgilangan shtatlar doirasida tasdiqlash;
9) Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va tizimidagi tashkilotlar tuzilmasiga belgilangan shtatlar va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
10) Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va tizimidagi tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash;
11) Agentlik xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;
12) Agentlik tizimida kadrlarni tanlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Agentlikning kadrlar zaxirasini shakllantirish;
13) davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek ekspertlarni konsultant sifatida jalb qilish;
14) malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish hamda ularga tegishli ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilash;
15) innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi dasturlar hamda chora-tadbirlarning sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish;
16) faoliyat sohasi masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish;
17) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
18) Agentlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining toʻliq hamda har tomonlama koʻrib chiqilishini taʼminlash, ularni puxta huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy va boshqa ekspertizadan oʻtkazish, shuningdek, belgilangan muddatlarda ularni kelishish (viza qoʻyish);
19) Agentlik rahbarlari va xodimlari xizmat safarlarini qonunchilik hujjatlari talablariga toʻliq muvofiq ravishda tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanilishini taʼminlash;
20) Agentlik xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirishga doir tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
21) korrupsiyaga oid qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda amalga oshirish yoʻli bilan ular sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
22) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish muddatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash;
23) Agentlik va uning idoraviy mansubligidagi tashkilotlar ishini tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini taʼminlash;
24) Agentlik rahbari hamda xodimlarining faol ishtirok etishini tashkil qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari oʻz vaqtida hamda toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
25) davlat siri hisoblangan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
26) qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
15. Quyidagilar Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari boshliqlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
2) tarkibiy boʻlinma toʻgʻrisidagi tasdiqlangan nizom doirasida aniq yoʻnalishlardagi vazifalarning yuqori sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
3) tarkibiy boʻlinmalarning faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, mazkur boʻlinmaga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
4) oʻz vakolatlari doirasida Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyruqlari bajarilishini taʼminlash, tarkibiy boʻlinmalar xodimlari tomonidan ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarish, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlarini koʻrish;
6) Agentlik Hayʼati qarorlari, Agentlik rahbari buyruq hamda topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
7) Agentlik vakolati doirasiga kiruvchi tarmoqlar, sohalar va hududlarni rivojlantirish holatini sifatli baholashni olib borish, ularni yanada rivojlantirish boʻyicha aniq takliflar va amalga oshirish mexanizmlarini Agentlik direktoriga taqdim etish;
8) innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi dastur va chora-tadbirlarni sifatli ishlab chiqishni tashkil etish;
9) tarkibiy boʻlinmalarning yillik ish rejalarini ishlab chiqishni taʼminlash, unda koʻrsatilgan vazifa va tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
10) tarkibiy boʻlinmaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatiga amaliy va metodik yordam koʻrsatish;
11) tarkibiy boʻlinmalar faoliyati masalalari boʻyicha qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularni Agentlik direktoriga koʻrib chiqish uchun kiritish;
12) tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishda Agentlik direktoriga takliflar taqdim etish, ularning kasb malakasini oshirish choralarini koʻrish, boʻlinmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
13) Agentlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqish, ularni puxta huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy va boshqa ekspertizadan oʻtkazish;
14) xizmat safarlarini qonunchilik hujjatlari talablariga toʻliq muvofiq ravishda amalga oshirish, xizmat safarlari asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanilishini taʼminlash;
15) tarkibiy boʻlinmalar xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
16) tarkibiy boʻlinma xodimlari tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
17) korrupsiyaga oid qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq boʻlinmalarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish boʻyicha Agentlik direktoriga taklif kiritish;
18) davlat xizmatlarining samaradorligi, sifatini oshirish va ulardan erkin foydalanishni taʼminlashga doir takliflarni Agentlik direktoriga kiritish;
19) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan joylarga borib qabul qilish;
20) jismoniy va yuridik shaxslarning, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan kelib tushgan murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
21) davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish.
(15-bandning 21-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 504-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 09/25/504/0707-son)
6-bob. Agentlik direktorining javobgarligi
16. Agentlik direktori:
ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalarni sifatli va oʻz muddatida bajarish, shuningdek, Agentlik faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrishga;
amalga oshirilayotgan dasturlar, strategiyalar va konsepsiyalarning natijalariga, ularning mamlakat va hududlarning innovatsion rivojlanishiga erishishga;
Agentlikda, uning tarkibiy boʻlinmalarida ijro intizomiga qatʼiy rioya qilishini nazorat qilishga masʼuldir.
17. Agentlik markaziy apparati boʻlinmalarining rahbarlari va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning, shuningdek, oʻz funksional vazifalarining soʻzsiz bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
7-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
1-§. Agentlik direktori
18. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Agentlik direktori rahbarlik qiladi.
19. Agentlikning markaziy apparati xodimlari, idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari Agentlik direktori tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
20. Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, Vazirlar Mahkamasiga Agentlik faoliyati toʻgʻrisida hisobot beradi.
2-§. Agentlikning markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalarining Agentlikka idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibi
21. Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari Agentlikka idoraviy mansub tashkilotlar bilan quyidagi masalalar boʻyicha uzviy hamkorlikni amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Vazirlikning rahbariyati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputatlari soʻrovlarining oʻz vaqtida bajarilishini, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning oʻz muddatida koʻrib chiqilishini taʼminlash;
Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlarining respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari boʻlinmalari bilan ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlanish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqishda oʻzaro aloqalarini taʼminlash;
hududlarda ilm-fanni va innovatsiyalarni rivojlanish dinamikasining tizimli monitoringini olib borish, hududlarni kompleks innovatsion rivojlanish dasturlari doirasida loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish, ularni amalga oshirishda tizimli muammolarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha takliflarni oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqish;
davlat organlari tomonidan koʻrib chiqish va kelishish uchun taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish va ular boʻyicha xulosalar tayyorlash;
Agentlik markaziy apparati boʻlinmalarining unga idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlash markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
22. Agentlikning markaziy apparat boʻlinmalari idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzining faoliyat yoʻnalishi boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilib:
idoraviy mansub tashkilotlarga topshiriqlarni yetkazadi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
boʻlinmalarning bevosita faoliyatiga oid masalalar boʻyicha Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlariga soʻrovnomalar yuboradi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
monitoring, oʻrganishlar, zaruriyat tugʻilganda, oʻz vakolati doirasida tekshirishlar oʻtkazadi, Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va natijalari haqidagi hisobot va axborot materiallari, statistik va boshqa maʼlumotlarni oʻrganishni tashkil etadi;
Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlari ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradi;
Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlaridan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi;
innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi dastur va tadbirlarni sifatli ishlab chiqishda Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlari ishtirokini tashkil etadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlari ishtirokini tashkil etadi, Agentlik faoliyatiga oid qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha ulardan kelib tushgan takliflarni koʻrib chiqadi.
23. Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlari Agentlikning markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, shu jumladan:
Agentlik topshiriqlarining ijrosi toʻgʻrisida axborot beradi;
biriktirilgan sohadagi qonunchilik ijrosi yuzasidan faoliyat natijalari toʻgʻrisida markaziy apparatga axborot taqdim qiladi;
ularning faoliyatini monitoring, oʻrganish va tekshirish natijasida aniqlangan ishdagi kamchiliklar va qonun buzilishlarni bartaraf etish natijalari toʻgʻrisida axborot beradi;
innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi dasturlar va tadbirlarni ishlab chiqish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
oʻzining ish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni, shuningdek, mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan takliflarni belgilangan tartibda va muddatlarda Agentlikning markaziy apparatiga taqdim etadi;
vakolatli organlar tomonidan oʻzining faoliyatida oʻtkazilgan tekshirish natijalari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
24. Agentlikning markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va uning idoraviy mansub tashkilotlarining oʻzaro hamkorlik jarayonida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar direktor tomonidan koʻrib chiqiladi. Agar mazkur muhokamadan keyin kelishmovchiliklar tartibga solinmagan taqdirda, ular boʻyicha yakuniy qaror direktor tomonidan qabul qilinadi.
3-§. Agentlikning Hayʼati, ekspert va boshqa maslahat organlari
25. Agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish, tarkibiy va hududiy boʻlinmalar, idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari hisobotlarining tizimli asosda eshitib borilishini tashkil etish, qonunchilik, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan Agentlik tizimi rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini koʻrish maqsadida kollegial organ — Agentlik Hayʼati (keyingi oʻrinlarda — Hayʼat) tashkil etiladi.
Agentlik direktori (Hayʼat raisi), shuningdek, Agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalar va tizimidagi tashkilotlar rahbarlaridan iborat Hayʼat tarkibi shakllantiriladi.
Hayʼat tarkibining soni va shaxsiy tarkibi Agentlik direktori taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
26. Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
mazkur Nizom bilan belgilangan Agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining vazifa va topshiriqlarini sifatli bajarish;
Agentlikning boshqa respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
Agentlik tizim tashkilotlar xodimlari va rahbarlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini koʻrgan holda idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari muntazam ravishda eshitilishini tashkil qilish;
Agentlik faoliyatining sohalari boʻyicha dasturlarning bajarilishi natijadorligini muntazam ravishda, lekin har chorakda kamida bir marta koʻrib chiqish;
Agentlik faoliyatiga oid masalalarni joyida muhokama qilishni taʼminlagan holda Hayʼatning kengaytirilgan sayyor majlislarini oʻtkazishni tashkil etish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari hamda Vazirning qarorlari, buyruqlari va topshiriqlari bilan belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun Agentlik rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash hamda shaxsiy javobgarligini oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga kiritiladigan va respublika ijro etuvchi organi sifatida masʼul ijro etuvchi organ hisoblangan qonun loyihalari bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish.
27. Hayʼat majlisiga Agentlik vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari taklif etilishi mumkin.
28. Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
29. Hayʼat qarorlari Agentlik direktorining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
30. Hayʼat faoliyatining tartibi Hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.
8-bob. Agentlik faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari
31. Agentlikning samaradorligi muntazam baholanishi lozim.
32. Vazirlik Agentlik rahbarlari faoliyatini ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring qiladi.
33. Agentlikning samaradorligi va natijadorligiga berilgan baholar Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.
34. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini monitoring va baholash yakunlari boʻyicha:
Agentlik hamda tizim tashkilotlarining alohida oʻrnak koʻrsatgan rahbar va xodimlari ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchilik uchun intizomiy javobgarlikka tortish va egallab turgan lavozimidan ozod etilishigacha boʻlgan choralari koʻriladi;
Agentlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari koʻriladi.
35. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va uslubiyoti qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
9-bob. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish
36. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablagʻlari, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
37. Ilmiy-texnik axborot markazi, Xalqaro molekulyar allergologiya markazi, “Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi” DUK, “Yashnobod” innovatsiya texnoparki direksiyasi” DUK hamda Yoshlar texnoparklarini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash hamda saqlash xarajatlari ularning xoʻjalik faoliyatidan tushgan daromadlarini inobatga olgan holda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
38. Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofot pullari, qoʻshimcha haqlar, ustamalar va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
Agentlik va tegishli tizim tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik ustamalar, mukofotlar, ragʻbatlantirishlar, ularga moddiy yordam berish va ijtimoiy muhofaza qilish xarajatlari davlat budjeti xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlar va budjetdan tashqari mablagʻlar hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
39. Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshiga oylik ustamalar, mukofotlar, ragʻbatlantirishlar va moddiy yordam berish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish bilan bogʻliq toʻlovlar quyidagi maqsadlar va shakllarda amalga oshiriladi:
a) Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish uchun quyidagi ustamalar toʻlanadi:
xodimlarning funksional vazifalarini bajarishi, bilim darajasi, kasbiy qobiliyatlarini inobatga olgan holda lavozim maoshining 400 foiz (tizim tashkilot xodimlari lavozim maoshining 250 foiz) miqdorlarida xodimlarning oylik lavozim maoshlariga (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) belgilanadigan ustama;
xodimning ilmiy darajaga ega boʻlganligi uchun oylik ustamalari fan nomzodi yoki tegishli fan yoʻnalishlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) — lavozim maoshiga nisbatan 30 foiz, fan doktori (DSc) — lavozim maoshiga nisbatan 60 foiz (ragʻbatlantirish koeffitsiyentlarni hisobga olgan holda) miqdorida ustama;
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik uchun muhim boʻlgan yoʻnalishlarda ijobiy natijalar yoki yuqori yutuqlarga erishishda munosib hissa qoʻshganligi, alohida oʻrnak koʻrsatganligi yuzasidan yuqori turuvchi organlar topshirigʻi yoki tarkibiy boʻlinma rahbarlarining bildirgisi (koʻrsatmasi)ga koʻra mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn baravarigacha (tizim tashkilot xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining yetti baravarigacha) bir oylik davrda bir martalik ustama;
(39-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan Agentlikka ajratiladigan mablagʻlar hisobidan koʻp yillik mehnati uchun har oylik ustama. Bunda ustama lavozim maoshiga nisbatan, ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda, mehnat staji 2 yildan 5 yilgacha boʻlsa 0,1 koeffitsiyentda, 5 yildan 10 yilgacha — 0,2 koeffitsiyentda, 10 yildan 15 yilgacha — 0,3 koeffitsiyentda, 15 yildan 20 yilgacha — 0,4 koeffitsiyentda, 20 yildan 25 yilgacha — 0,5 koeffitsiyentda, 25 yildan yuqori — 0,6 koeffitsiyentda qoʻllaniladi;
b) har chorak yakunlari boʻyicha quyidagi miqdorlarda moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari toʻlanadi:
Agentlikning budjet mablagʻlari hisobidan shakllangan shtatlardagi xodimlarga budjet mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) 50 foizigacha va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) 150 foizigacha;
Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan shakllangan shtatlardagi xodimlarga budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) 200 foizigacha;
tizim tashkilotlari xodimlariga budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) 100 foizigacha;
v) Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayram kunlari hamda muhim sanalar uchun ragʻbatlantirish Agentlik xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn baravarigacha (tizim tashkiloti xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining yetti baravarigacha);
g) Agentlik va uning tizim tashkilotlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish uchun:
alohida holatlar (oila aʼzosining vafoti, oʻzining yoki farzandining nikoh toʻyi, xodimning farzandli boʻlishi, yubiley sanalari (50, 60, 70 yoshlar) munosabati bilan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn baravarigacha (tizim tashkilotlari xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining yetti baravarigacha) boʻlgan miqdorida moddiy yordam berishga;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xarid qilish uchun bir yoʻla mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn baravarigacha (tizim tashkilotlari xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining yetti baravarigacha) boʻlgan miqdorida moddiy yordam berishga;
xodim ogʻir betob boʻlganida (baxtsiz hodisa sababli, kasallik) va xodim vafot etgan hollarda xodim oʻrtacha oylik ish haqining besh baravarigacha (tizim tashkilotlari xodimlariga oʻrtacha oylik ish haqining uch baravarigacha) moddiy yordam berishga;
xizmat avtomobiliga ega boʻlmagan Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlari uchun yoʻlkira haqiga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida kompensatsiya toʻlashga;
Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish va ularning mehnati samaradorligini oshirish maqsadida har oyda ovqatlanish xarajatlarini qisman qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida kompensatsiya toʻlashga ruxsat etiladi.
40. Agentlik va tizim tashkilotlari rahbar va xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustamalar va choraklik ragʻbatlantirishlar miqdorini belgilash quyidagicha amalga oshiriladi:
Agentlik direktoriga — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan;
Agentlik xodimlari va Agentlikning tizim tashkilotlari rahbarlariga — Agentlik direktori tomonidan;
Agentlik tizim tashkilotlari xodimlariga — tegishli tizim tashkiloti rahbarining buyrugʻiga muvofiq belgilanadi.
41. Budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moddiy ragʻbatlantirish xarajatlari:
Agentlik xodimlari uchun — Agentlik direktorining buyrugʻiga muvofiq;
Agentlikning tizim tashkilotlari xodimlari uchun — tegishli tizim tashkiloti rahbarining buyrugʻiga muvofiq amalga oshiriladi.
42. Agentlik, uning tizim tashkilotlari xodimlarining ish haqlarini toʻlash va moddiy ragʻbatlantirishni amalga oshirishning manbasi boʻlib mehnatga haq toʻlash fondi, budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari (Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi), hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.
10-bob. Yakunlovchi qoida
43. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 –– 57-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-avgustdagi 489-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi davlat oliy taʼlim tashkilotlarining
ROʻYXATI

T/r

Davlat oliy taʼlim tashkiloti nomi

1.

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti

2.

Andijon davlat chet tillari instituti

3.

Andijon davlat texnika instituti

4.

Buxoro davlat universiteti

5.

Buxoro davlat texnika universiteti

6.

Guliston davlat universiteti

7.

Jizzax politexnika instituti

8.

Qarshi davlat universiteti

9.

Qarshi davlat texnika universiteti

10.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti

11.

Qoʻqon davlat universiteti

12.

Navoiy davlat universiteti

13.

Namangan davlat universiteti

14.

Namangan davlat texnika universiteti

15.

Nukus davlat texnika universiteti

16.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti

17.

Samarqand davlat texnika universiteti

18.

Samarqand davlat chet tillar instituti

19.

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti

20.

Termiz davlat universiteti

21.

Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti

22.

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti

23.

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti

24.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

25.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti

26.

Olmaliq davlat texnika instituti

27.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti

28.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

29.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti

30.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti

31.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali

32.

Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti

33.

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti

34.

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

35.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti

36.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali

37.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti

38.

Fargʻona davlat universiteti

39.

Fargʻona davlat texnika universiteti

40.

“Toshtech” texnika universiteti

(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-avgustdagi 489-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlarining
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 20-iyuldagi 341-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 7-avgustdagi PQ-436-son qarori)” 2006-yil 2-oktabrdagi 207-son qaroriga 1-ilovaning 18-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash boʻyicha ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga ilovaning 47-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 20-iyuldagi 341-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2011-yil 26-yanvardagi 18-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida” 2014-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-378-son Qonuni)” 2015-yil 31-martdagi 74-son qaroriga ilovaning 3-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 14-fevraldagi PF-4954-son Farmoni)” 2017-yil 7-iyuldagi 472-son qaroriga 1-ilovaning 3-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 21-avgustdagi PQ-3231-son qarori)” 2017-yil 30-dekabrdagi 1039-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 26-fevraldagi 172-son qarorining 2-bandi va 2-ilovasi.
9. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 2-fevraldagi PF-5653-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 2-fevraldagi PQ-4151-son qarori)” 2019-yil 3-iyundagi 457-son qaroriga 1-ilovaning 10-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida” 2019-yil 10-dekabrdagi OʻRQ-591-son Qonuni)” 2020-yil 16-apreldagi 234-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari reytingini aniqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 3-iyundagi 345-son qaroriga 3-ilovaning 7-bandi.
12. Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 27-avgustdagi 545-son qarorining 1-bandi va 1-ilovasi.
13. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 122-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2024-y., 09/24/489/0599-son; 06.08.2025-y., 09/25/498/0698-son; 08.08.2025-y., 09/25/504/0707-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)