|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 24.02.2006
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA XORIJIY DAVLATLAR OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI MUXBIRLARINING KASB FAOLIYATINI TARTIBGA SOLUVChI ASOSIY QOIDALARNI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 24-fevraldagi 33-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro hujjatlarga, shuningdek “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini amalga oshirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida” 1992-yil 12-iyundagi 277-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Diplomatik, konsullik va ularga tenglashtirilgan chet el vakolatxonalarini, ommaviy axborot vositalarining vakolatxonalarini va muxbirlik punktlarini hamda ularning xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya qilish tortibini tasdiqlash to‘g‘risida” 1995-yil 15-noyabrdagi 436-son qarorining ommaviy axborot vositalari muxbirlik punktlarini hamda ular xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilishga oid qismi;
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatning ayrim qarorlariga kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarning 2-bandi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 11-sentabr,
391-son
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi
ASOSIY QOIDALAR
Umumiy qoidalar
1. Axborotning barcha shakllari erkin va keng tarqatilishini, bu sohada hamkorlikni rag‘batlantirishni ko‘zlab, xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlari (jurnalistlari)ning faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida doimiy hamda vaqtincha akkreditatsiya asosida ruxsat beriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan muxbirlarning huquqiy maqomi va kasb faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari hamda mazkur Asosiy qoidalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnomalar qoidalari bilan tartibga solinadi.
Muxbirlik punkti (byurosi, ofisi)ni ochish
3. Xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalarining muxbirlik punktlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida yuridik shaxs sifatida akkreditatsiya qilinadi.
Tashqi ishlar vazirligining quyidagi hujjatlar asosida chiqargan qarori xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlik punktlarini ochish uchun asos bo‘ladi:
O‘zbekiston Respublikasida muxbirlik punkti ochishdan manfaatdor ommaviy axborot vositasi rahbariyatining murojaatnomasi;
manfaatdor ommaviy axborot vositasi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining O‘zbekiston Respublikasida muxbirlik punkti ochilishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi.
Ko‘rsatib o‘tilgan barcha hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi yoki O‘zbekistonning tegishli mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalariga yoki konsullik muassasalariga topshiriladi.
4. Tegishli murojaatnoma olingandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kechi bilan ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositasi muxbirlik punktini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan muxbirlik punktlari reyestri yuritiladi.
Xorijiy muxbirlarni akkreditatsiya qilish
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining quyidagi hujjatlar asosida qabul qilingan qarori xorijiy davlat ommaviy axborot vositalarining vakillarini jismoniy shaxslar sifatida akkreditatsiya qilish uchun asos bo‘ladi:
manfaatdor xorijiy ommaviy axborot vositasi rahbariyatining O‘zbekiston Respublikasida o‘z muxbirini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri nomiga murojaatnomasi. Bu xatga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
muxbiri akkreditatsiya qilinayotgan ommaviy axborot vositasi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
akkreditatsiya qilinayotgan xorijiy muxbirning tarjimai holi va to‘rtta fotosurati.
Murojaatnoma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi yoki O‘zbekistonning tegishli davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga yoki konsullik muassasalariga topshiriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kechi bilan ikki oy muddatda doimiy muxbirni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Akkreditatsiya qilingan jurnalist O‘zbekiston Respublikasiga kelgach, unga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida 2 yilgacha muddatga doimiy akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.
7. Vaqtinchalik xorijiy muxbirni akkreditatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositasi rahbariyatining murojaatnomalari asosida amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasiga kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida unga olti oygacha muddatga vaqtincha akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi. Xorijiy muxbirni vaqtinchalik akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror kechi bilan ikki hafta muddatda qabul qilinadi.
8. Tashqi ishlar vazirligi doimiy yoki vaqtinchalik akkreditatsiya qilingan xorijiy jurnalistlarning oila a’zolariga xorijiy muxbirning oila a’zosi kartochkasini beradi.
9. Xorijiy jurnalist akkreditatsiya guvohnomasining muddati tugashidan kamida 10 kun ilgari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga guvohnomasi muddatini uzaytirish to‘g‘risida murojaat qilishga majburdir.
10. Akkreditatsiya guvohnomasi yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda, jurnalist bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar qilishga majburdir. Dublikat berish masalasi ikki hafta muddatda ko‘rib chiqiladi.
11. Doimiy yoki vaqtinchalik akkreditatsiya qilingan xorijiy jurnalistlar O‘zbekiston Respublikasida o‘z faoliyatini yakunlangach, akkreditatsiya guvohnomasini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga topshirishga majburdir.
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunlarida ko‘zda tutilgan asoslarda xorijiy jurnalistni akkreditatsiya qilishni rad etishi yoki akkreditatsiyani to‘xtatishi mumkin.
13. O‘zbekiston Respublikasida yoritish uchun xorijiy jurnalistlar taklif etilgan holda turli xalqaro va ichki tadbirlar (kongresslar, anjumanlar, forumlar, seminarlar va boshqalar) o‘tkazilgan taqdirda xorijiy jurnalistlar vaqtinchalik muxbirlar sifatida rasmiylashtiriladi.
14. MDH a’zosi bo‘lgan davlatlarning poytaxtlarida akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar O‘zbekiston Respublikasiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda keladilar. Borish to‘g‘risidagi murojaatnoma safar boshlanishidan kamida 10 kun avval O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi yoki O‘zbekiston Respublikasining MDH a’zosi bo‘lgan tegishli davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga yoki konsullik muassasasiga beriladi.
Viza masalalari va xorijiy muxbirlarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishini qonuniylashtirish*
*MDH a’zosi bo‘lgan davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlari bo‘yicha ushbu bo‘lim masalalari MDH a’zosi bo‘lgan davlatlarning hamkorlik tamoyillari va me’yorlari asosida hal qilinadi.
15. Xorijiy muxbirlarga kelish vizalari O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ularni doimiy yoki vaqtinchalik akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi roziligiga ko‘ra beriladi.
16. Doimiy yoki vaqtinchalik akkreditatsiya qilingan xorijiy jurnalist vaqtincha almashtirilsa (ta’tilga chiqishi, kasalligi, boshqa mamlakatlarga xizmat safariga jo‘natilishi va shu kabi sabablarga ko‘ra), uning o‘rniga kelayotgan jurnalist uchun viza murojaat O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga kelib tushgan kundan boshlab kechi bilan ikki hafta ichida beriladi.
17. Agar boshqacha yo‘sinda ikki tomonlama ahdlashuv bo‘lmasa, doimiy yoki vaqtinchalik akkreditatsiya qilingan jurnalistlarga akkreditadiya muddatiga ko‘p martalik vizalar beriladi. Ko‘p martalik vizalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ko‘rsatmasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan, O‘zbekiston Respublikasida esa — akkreditatsiya qiluvchi tashkilotning iltimosnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan beriladi.
Xorijiy muxbirlarning asosiy huquq va majburiyatlari
18. Xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan xorijiy muxbirlar va ularning oila a’zolari O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida hamda ushbu Asosiy qoidalarda nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar. Xorijiy jurnalistlarda O‘zbekiston Respublikasi qatnashgan tegishli xalqaro hujjatlarda belgilangan, shuningdek manfaatdor davlatlar bilan o‘zaro asosda ikki tomonlama shartlashilgan va kelishilgan huquqlar saqlab qolinadi.
19. Akkreditatsiya qilingan xorijiy jurnalistlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik servis xizmati xizmatlaridan tegishli davlatlarning diplomatlari bilan teng shartlarda foydalanadilar.
Diplomatik servis xizmati akkreditatsiya qilingan xorijiy jurnalistlarning iltimosiga muvofiq normal ish faoliyatini ta’minlashga bog‘liq amaliy masalalar bo‘yicha ma’lumotlar beradi.
20. Akkreditatsiya qilingan muxbirlar shaxsan foydalaniladigan, shuningdek kasb faoliyatini amalga oshirishda zarur bo‘ladigan buyumlarni, akkreditatsiya muddati tugagandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish sharti bilan, boj to‘lovlari to‘lamasdan olib kelishlari mumkin, bojxona organi ta’sis etgan bojxona rasmiylashtirishi, bojxona omborida saqlaganlik uchun yig‘imlar bundan mustasno.
21. Akkreditatsiya qilingan xorijiy jurnalistlar O‘zbekiston Respublikasida mavjud bo‘lgan aloqa kanallari orqali o‘zlarini vakil qilgan ommaviy axborot vositalariga og‘zaki, yozma va audioviziual axborotlarni uzatish huquqiga egadirlar.
22. Jurnalistning huquqi, or-nomusi va qadr-qimmati qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jurnalistning erkin axborot olishi va tarqatishini kafolatlaydi, kasb faoliyatini amalga oshirayotganda himoya qilinishini ta’minlaydi. Jurnalistning kasb faoliyatiga aralashish, undan kasb vazifasini bajarish orqali qo‘lga kiritgan biron-bir ma’lumotni berishni talab qilish taqiqlanadi.
23. Akkreditatsiya qilingan xorijiy jurnalistlar va ularning oila a’zolari O‘zbekiston Respublikasining qonunlari talablariga va xalqaro shartnomalari qoidalariga rioya qilishga majburdirlar. Respublika Tashqi ishlar vazirligi xorijiy jurnalist tomonidan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Jurnalistning kasb faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Vazirlar Mahkamasining “Chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishi, ketishi, bo‘lishi va tranzit o‘tishlari tartibi to‘g‘risida”gi qarori hamda mazkur Asosiy qoidalar buzilgan taqdirda uni ogohlantirishi yoki akkreditatsiyadan mahrum qilishi yoki safarga chiqishi uchun berilgan ruxsatnomani bekor qilishi, shuningdek respublikadan chiqarib yuborishgacha bo‘lgan ta’sir choralarini qo‘llashi mumkin.
Akkreditatsiya qilingan xorijiy jurnalistlarning urushni har qanday tarzda targ‘ib qilishi, o‘z kanallari orqali ekstremistik, jinoyatkor, qonun bilan taqiqlangan boshqa kuchlarning, ayrim shaxslarning pozitsiyasini, manfaatlarini ifodalashi, diskriminatsiyaga, dushmanlikka va zo‘ravonlikka gijgijlovchi milliy, irqiy yoki diniy nafrat ruhini yoqlab chiqishi taqiqlanadi. Qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan xorijiy jurnalistlar va ularning oila a’zolari O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
24. Xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlik punktlarining muxbirlari va texnik xodimlari sifatida akkreditatsiya qilingan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari soliq qonunlariga muvofiq Tashqi ishlar vazirligi bildirishnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi soliq organlarida ro‘yxatga olinadilar.
25. Xorijiy jurnalist akkreditatsiyadan mahrum qilingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi uni bunday qaror sabablaridan xabardor qiladi.
Axborotni manbalardan olish to‘g‘risida
26. O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlari va boshqa me’yoriy hujjatlarga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro hujjatlar qoidalariga muvofiq, akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlarning olishi uchun axborot manbalari ochiqdir.
Xorijiy muxbirlarning O‘zbekiston Respublikasi hududida yurishi to‘g‘risida
27. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar O‘zbekiston Respublikasi hududida tegishli mamlakatlar diplomatik vakolatxonalarining xodimlari uchun belgilangan tartibda yurish huquqiga ega.
Texnik xodimlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar
28. Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar texnik xodim hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodim sifatida chet el fuqarolarini va Diplomatik servis xizmati orqali O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga yollashlari mumkin.
29. Texnik xodimlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega emas.