Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli “Agrar va oziq-ovqat sohalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 9-fevraldagi PQ-66-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini qoʻllash koʻlamini kengaytirish, sugʻoriladigan yerlarning unumdorligini oshirish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2024 — 2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish boʻyicha talab etiladigan hujjatlar, ularni koʻrib chiqish hamda subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish;
paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish.
Bunda ushbu subsidiyalar:
birinchi bosqichda — 2024-yilda Amudaryo, Toʻrtkoʻl va Beruniy tumanlaridagi loyihalarni, agar ushbu tumanlardagi loyihalarga ajratilgan mablagʻlar iqtisod qilinsa, boshqa tumanlardagi loyihalarni;
keyingi bosqichda — 2025 — 2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladi.
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
2. Belgilansinki:
Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga 2024-yil may oyidan boshlab lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini, biroq 1 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratiladi;
2024-yilda ushbu subsidiyalar 2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi korxonalarini lazerli qurilmaga ega tekislagich agregatlar bilan taʼminlash uchun subsidiyalarda nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining hisob-kitoblariga asosan 2025 — 2027-yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiyalarga talab etiladigan mablagʻlarning nazarda tutilishini taʼminlasin.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-iyun,
348-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-iyundagi 348-son qaroriga
ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Vaqtinchalik nizom 2024 — 2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga (keyingi oʻrinlarda — talabgor) lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan maydonlarga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
Ushbu Vaqtinchalik nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan sugʻoriladigan ekin maydonlariga tatbiq etiladi.
2. Mazkur Vaqtinchalik nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
subsidiya — lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab beriladigan qismi;
talabgor — Qoraqalpogʻiston Respublikasida paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi subyektlari, jumladan fermer xoʻjaliklari, dehqon xoʻjaliklari, agroklasterlar hamda kooperatsiyalar;
“Agrosubsidiya” AT — Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiya platformasi tarkibiga kiruvchi hamda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun imtiyozli kredit va subsidiyalarni ajratish, mahsulot yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmatlar koʻrsatish imkoniyatlarini taʼminlab beradigan axborot tizimi.
3. Talabgorga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini qoplash maqsadida, biroq 1 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiya beriladi.
Bunda 2024-yilda ushbu subsidiyalar 2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi korxonalarini lazerli qurilmaga ega tekislagich agregatlar bilan taʼminlash uchun subsidiyalarda nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida ajratiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Qishloq xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomasiga asosan 2025 — 2027-yillar uchun talab etiladigan subsidiya mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida Qishloq xoʻjaligi vazirligi uchun ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida yuritiladi.
4. Talabgorga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarini qoplash maqsadida har bir kontur uchun bir marta subsidiya ajratiladi.
5. 2024 — 2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiyalar ushbu Vaqtinchalik nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha ajratiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
2-bob. Subsidiya ajratish boʻyicha ariza bilan murojaat qilish
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlari uchun subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi tuman ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda — tuman ishchi guruhi) mazkur Vaqtinchalik nizomga 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda har bir tumanda tashkil etiladi.
7. Talabgor yerlarni lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislab boʻlgandan soʻng 5 ish kuni ichida tuman ishchi guruhiga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish boʻyicha “Agrosubsidiya” AT orqali ariza bilan murojaat qiladi hamda quyidagilarni ilova qiladi:
a) ekin maydonlarini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislash boʻyicha tuzilgan pudrat shartnomasining nusxasi (agar lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat talabgorning oʻziga tegishli boʻlsa, shartnoma talab etilmaydi);
b) lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallarini xarid qilish boʻyicha hisob-faktura nusxasi.
Talabgor arizadagi maʼlumotlar va ilova qilingan hujjatlarning toʻgʻriligiga javobgar hisoblanadi.
Talabgordan ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Talabgorning murojaatlarini koʻrib chiqish va subsidiya ajratish
8. Talabgorga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish boʻyicha tegishli maʼlumotlarni toʻplash, tuman ishchi guruhi xulosasini tayyorlash hamda zarur maʼlumotlarni “Agrosubsidiya” AT ga kiritish bilan bogʻliq barcha tadbirlar tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
9. Tuman ishchi guruhi ariza tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida:
ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni ushbu Vaqtinchalik nizomning7-bandida nazarda tutilgan talablarga muvofiq talabgor tomonidan taqdim etilganligini oʻrganib chiqadi;
joyiga chiqqan holda talabgor tomonidan yerlarni lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan belgilangan talablar darajasida tekislanganligini va sifatini konturlar kesimida oʻrganadi;
talabgor tomonidan lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan yerlar talab darajasida tekislanganligi aniqlanganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi tuman ishchi guruhi mazkur Vaqtinchalik nizomga 3-ilovaga muvofiq tayyorlangan xulosani “Agrosubsidiya” AT orqali elektron imzo bilan tasdiqlaydi.
10. Talabgorga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarini qoplashni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
talabgorning oʻz arizasiga asosan;
ushbu Vaqtinchalik nizomning 7-bandida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;
talabgor tomonidan soxta hujjatlar, notoʻgʻri yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etilganda;
talabgor boʻlgan qishloq xoʻjaligi subyekti tugatilganda.
Ushbu bandda koʻrsatilmagan boshqa asoslar bilan talabgorga subsidiya ajratishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tuman ishchi guruhi subsidiya ajratishni rad etgan taqdirda, talabgorga bir kun muddatda “Agrosubsidiya” AT orqali rad etishning aniq sabablarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi.
Subsidiya ajratish rad etilgan talabgor tuman ishchi guruhining qarorida koʻrsatilgan rad etish sabablarini xabarnomani olgan kundan boshlab besh ish kuni ichida bartaraf etgan holda qayta murojaat qilishi mumkin.
Talabgor tuman ishchi guruhining subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
11. Tuman ishchi guruhi talabgorga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosani rasmiylashtirishda quyidagilarga shaxsan masʼul hisoblanadi:
tuman hokimi — ishchi guruh faoliyatini tashkil qilishga va ishchi guruh tomonidan talabgorning subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi arizasini joyiga chiqqan holda muddatida va toʻliq oʻrganilishiga hamda rasmiylashtirilgan hujjatlarning haqqoniyligiga;
tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari — subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi hujjatlar oʻz vaqtida rasmiylashtirilishi va muvofiqlashtirilishiga;
tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi — tekislangan maydonning oʻlchami, kontur raqamini aniqlash, ekin maydonlarini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislash ishlarining konturlar kesimida toʻliq va sifatli bajarilganligiga;
tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi — talabgorga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki va hisobvaraqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning haqqoniyligiga;
“Oʻzagroinspeksiya”ning tuman boʻlimi rahbari — yerlarni lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislashda yonilgʻi-moylash mahsulotlarining sarflangan miqdoriga;
tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi — pudrat tashkilotlari bilan ekin maydonlarini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislash boʻyicha tuzilgan pudrat shartnomasida talabgorning huquqi himoya qilinishiga;
tuman prokurori va tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi umumiy nazorat amalga oshirilishiga.
12. Tuman ishchi guruhi talabgorga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosani rasmiylashtirgandan soʻng bir ish kuni ichida xulosani koʻrib chiqish uchun “Agrosubsidiya” AT orqali Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yuboradi.
13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ekin maydonlarini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislagan talabgorlarga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosani va unga ilova qilingan hujjatlarni ular kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqadi;
ekin maydonlarini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislagan talabgorlarga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosani va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra talabgorlarga subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish haqidagi xulosani “Agrosubsidiya” AT orqali elektron imzo bilan tasdiqlaydi;
tasdiqlangan xulosaga muvofiq uch ish kuni ichida talabgorning tijorat bankidagi hisobvaragʻiga subsidiya mablagʻlarini oʻtkazib beradi.
Agar tuman ishchi guruhi tomonidan taqdim etilgan xulosa va unga ilova qilingan hujjatlarda maʼlumotlarning notoʻgʻriligi aniqlansa, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuman ishchi guruhi rahbari nomiga aniqlangan kamchiliklarni besh ish kuni ichida bartaraf etgan holda xulosani qayta taqdim etishi toʻgʻrisidagi xabarnomani yuboradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasida paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlarini qoplab berish maqsadida ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanish Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
15. Ushbu Vaqtinchalik nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining X bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XV bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312 –– 315-moddalari.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga
1-ILOVA
(ilova belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish
SXEMASI
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyekt

(keyingi oʻrinlarda — talabgor)

Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlari uchun subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi tuman ishchi guruhiga (keyingi oʻrinlarda — tuman ishchi guruhi) “Agrosubsidiya” AT orqali ariza bilan murojaat qiladi.

Ixtiyoriy ravishda, ekin maydonini tekislab boʻlgandan soʻng 5 ish kuni ichida

2-bosqich

Tuman ishchi guruhi

1. Joyiga chiqqan holda talabgor tomonidan yerlarni lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan talab darajasida tekislanganligini va sifatini konturlar kesimida oʻrganadi.

3 ish kuni ichida

2. Oʻrganish natijalariga koʻra “Agrosubsidiya” AT orqali subsidiya ajratish yuzasidan xulosani tayyorlaydi va tasdiqlaydi.

3. Talabgorga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosani rasmiylashtirgandan soʻng koʻrib chiqish uchun “Agrosubsidiya” AT orqali Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yuboradi.

1 ish kuni ichida

3-bosqich

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

1. Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ekin maydoni lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislagan talabgorga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosani va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi.

3 ish kuni ichida

2. Xulosa va hujjatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra talabgorlarga subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish haqidagi xulosani tasdiqlaydi.

3. Tasdiqlangan xulosa va roʻyxatga muvofiq talabgorning tijorat bankidagi hisobvaragʻiga subsidiya mablagʻlarini oʻtkazib beradi.

 

3 ish kuni ichida

Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga
2-ILOVA
(ilova belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)
Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlari uchun subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi tuman ishchi guruhining
NAMUNAVIY TARKIBI
1. Tuman hokimi, ishchi guruh rahbari
2. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari, ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari
3. Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi
4. Tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi
5. “Oʻzagroinspeksiya”ning tuman boʻlimi rahbari
6. Tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi
7. Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi boshligʻi
8. Tuman prokurori
9. Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi
Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga
3-ILOVA
(ilova belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-334-sonli qarori tahririda)

“TASDIQLAYMAN”

______________ tumani hokimi,

tuman ishchi guruhi rahbari

________ ___________________

__(imzo)______________(F.I.O.)________

20___ yil “____” _____________

Qoraqalpogʻiston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi tuman ishchi guruhining

XULOSASI

__________ tumanida paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yoqilgʻi-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi tuman ishchi guruhi “_____________” MCHJ/fermer xoʻjaligi/dehqon xoʻjaligining 20___ yil “___”_________ dagi ____-son murojaati oʻrganib chiqildi va quyidagilar aniqlandi:

1. Qishloq xoʻjaligi subyektining nomi: ____________________________.

2. Ekin maydoni toʻgʻrisida maʼlumotlar:

jami ekin maydoni: ______ gektar; konturlar soni: ______;

shundan lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan:

ekin maydoni: ______ gektar; kontur raqami: ______.

3. Qishloq xoʻjaligi texnikasi toʻgʻrisida maʼlumotlar:

texnika rusumi: ____________; yonilgʻi-moylash materiallari sarfi _________ ga/l.

4. Lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan ekin maydonini tekislash boʻyicha shartnoma tuzgan pudrat tashkiloti nomi: ____________, u bilan tuzilgan shartnoma raqami va sanasi: _____-sonli shartnoma, 202__ yil “____” ________ (agar agregat talabgorga tegishli boʻlmasa)

5. Xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki nomi: “___________” ATB ________ filiali.

XULOSA:

“______________” MCHJ/fermer xoʻjaligi/dehqon xoʻjaligi tomonidan ____-konturdagi _____ gektar ekin maydonini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislash uchun sarflangan jami _____ litr yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarini qoplash maqsadida ______ mln soʻm subsidiya ajratish maqsadga muvofiq deb topildi.

Tuman ishchi guruhi aʼzolari:

T/r

F.I.O.

Imzo

Lavozimi

1.

tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari

2.

tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi

3.

tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi

4.

“Oʻzagroinspeksiya”ning tuman boʻlimi rahbari

5.

tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi

6.

tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi boshligʻi

7.

tuman prokurori

8.

tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 09/24/348/0440-son)