Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda allergik kasalliklarni profilaktika qilish, tashxislash va davolashning ilgʻor usullarini tatbiq qilish borasida manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, iqlim oʻzgarishi, global isish oqibatida gulchangi mavsumining uzayishi, ekologik vaziyatning yomonlashishi va boshqa omillar taʼsirida allergik kasalliklarga chalinish xavfi ortib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholiga koʻrsatilayotgan allergologik va immunologik tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, bolalar va kattalar orasida allergik va immunologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash hamda zamonaviy davolash usullarini amaliyotga tatbiq qilish, ushbu kasalliklarga chalingan bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni zarur dori vositalari bilan taʼminlash, joylarda molekulyar allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishidagi tekshiruvlarni yoʻlga qoʻyish, kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida:
1. Sogʻliqni saqlash vazirligining allergik kasalliklarning oldini olish, aholiga allergologik va immunologik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
tibbiyotning birlamchi boʻgʻinidan boshlab allergik kasalliklarning epidemiologik koʻrsatkichlari ustidan nazoratni kuchaytirish va manzilli skrining tekshiruvlarini joriy etish;
ehtiyojmand aholi qatlamlarini zarur dori vositalari bilan bepul taʼminlash tizimini yoʻlga qoʻyish;
bolalar va oʻsmirlar, homiladorlar orasida allergik va immunologik kasalliklarning rivojlanish sabablarini erta aniqlash va ularni profilaktika qilish;
joylarda allergik kasalliklarni yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlarini kengaytirish hamda molekulyar tashxislash usullarini joriy etish;
soha mutaxassislarining allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishida bilimlarini oshirish va koʻnikmalarini rivojlantirish.
2. Allergik va immunologik kasalliklarni erta aniqlash hamda ularning oldini olish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
a) allergik va immunologik kasalliklarga chalingan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning bemor vakillarini ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul taʼminlash tizimi joriy etilsin;
(2-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
b) Sogʻliqni saqlash vazirligi 2024-yildan boshlab:
allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) koʻrsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlarini oʻtkazish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-maydagi PQ-3715-son qarori bilan tasdiqlangan Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar.
aniqlangan allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklari mavjud bemorlarni allergologlar tomonidan tizimli kuzatuvi va individual sogʻlomlashtirish ishlarini tashkillashtirish;
hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlarini bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ehtiyojga koʻra Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining hududiy boʻlinmalari laboratoriyalarini mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan allergen reagentlar bilan toʻliq taʼminlash choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning bemor vakillarini ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari va ularning maxsus sarflov vositalari bilan taʼminlash uchun zarur budjet mablagʻlarini nazarda tutsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
4. 2024-yil 1-yanvardan Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi 140 oʻrin fondidan iborat boʻlgan Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) etib qayta tashkil qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar boʻyicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam Markaz tomonidan koʻrsatiladi.
5. Quyidagilar Markazning qoʻshimcha vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
molekulyar allergologiya va klinik immunologiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish asosida allergik hamda immunologik kasalliklarning oldini olish, ularga molekulyar tashxis qoʻyish va davolash;
allergik kasalliklarni erta aniqlash, kelib chiqish sabablarini bartaraf qilish maqsadida skrining dasturlarini yoʻlga qoʻyish;
tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklarining profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va boshqarish milliy dasturlarini amaliyotga joriy etish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-maydagi “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3715-son qarori asosida Xalqaro molekulyar allergologiya markazi (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro markaz) tashkil etilganligi hamda allergen oʻsimliklar gulchangining aerobiologik monitoring tizimi respublikaning 9 ta hududida amaliyotga joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Xalqaro markaz va Markazning allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish maqsadida allergen oʻsimliklar gulchangining aerobiologik monitoring tizimini respublikaning barcha hududlarida amaliyotga joriy etish haqidagi taklifi maʼqullansin.
8. 2024-yildan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinsin:
allergik kasalliklar keltirib chiqaruvchi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish koʻlami hududlar kesimida oʻrganilib, uning natijalari Xalqaro markaz tomonidan Gidrometeorologiya xizmati agentligiga muntazam taqdim etib boriladi;
Gidrometeorologiya xizmati agentligi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish koʻlami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid maʼlumotlar bilan birgalikda tegishli veb-sayt va boshqa manbalar orqali eʼlon qilib borilishini taʼminlaydi.
9. 2023 — 2025-yillarda respublika aholisiga allergologik yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) 2024-yil 1-aprelga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda allergik kasallikka chalingan bemorlarning elektron reyestrini yaratib, amaliyotga tatbiq etsin;
b) 2024-yil 1-yanvarga qadar Markaz ustavi, tashkiliy tuzilmasi hamda xarajatlar smetasini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
Bunda, Markazda bolalar allergologiyasi va klinik immunologiyasi, jonlantirish, bolalar va kattalar teri allergik kasalliklari, klinik immunologiya boʻlimlari hamda yordamchi boʻlimlar, konsultativ-tashxislash poliklinikasi, maxsus molekulyar allergologik va klinik immunologik laboratoriyalar va ilmiy-oʻquv simulyatsion boʻlinmalar tashkil qilinishi inobatga olinsin;
v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qaror talablariga muvofiq tegishli hududlarda 2024-2025-yillarda allergologik va immunologik yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqsin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga koʻrib chiqish uchun kiritsin.
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi 2024-yildan boshlab Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili kamida 10 nafar allergolog va immunolog mutaxassisni nufuzli xorijiy allergologiya va immunologiya markazlarida malaka oshirishga yuborish choralarini koʻrsin.
12. Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.
14. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A. Inoyatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 23-noyabr,
PQ-371-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PQ-371-son qaroriga
1-ILOVA
2023 — 2025-yillarda respublika aholisiga allergologik yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Bajarish muddati

Moliyalashtirish manbalari

Masʼul ijrochilar

I. Allergologiya yoʻnalishida huquqiy bazani takomillashtirish va sohani raqamlashtirish

1.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida (keyingi oʻrinlarda — Markaz) allergik kasalliklar bilan kasallangan bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish.

1. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatiladigan allergik kasalliklar roʻyxatini tasdiqlash.

2. Allergik kasalliklarga chalingan bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.

3. Allergik kasalliklarga chalingan bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tartibini amaliyotga tatbiq qilish.

2024-yil 1-yanvar

-

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (Ermatov),

Markaz (Razikova)

2.

Allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolash klinik standartlari va bayonnomalarini takomillashtirish.

1. Allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolash klinik standartlari va bayonnomalarini Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida qayta koʻrib chiqish.

2. Kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda allergik kasalliklar bilan xastalangan bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishning klinik bayonnomalarini, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida faoliyat koʻrsatayotgan shifokorlar uchun soddalashtirilgan klinik algoritmlarni ishlab chiqish.

3. Mazkur klinik standartlar va bayonnomalarni tasdiqlash.

4. Tasdiqlangan klinik standartlar va bayonnomalarni Markaz, uning hududiy boʻlinmalari va boshqa tegishli yoʻnalishdagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yurituvchi shifokorlarga yetkazish.

2024-yil yakuniga qadar

-

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov)

3.

Respublika hududlari boʻylab allergik kasalliklarni keltirib chiqaruvchi aeroallergenlar tarkibi, ularning mavsumiy tarqalish koʻlami va oʻzgaruvchanligini oʻrganish.

1. Respublikaning barcha hududlariga havodagi aeroallergenlarni aniqlash moslamalarini oʻrnatish.

2. Havodagi aeroallergenlarni aniqlash moslamalaridan olinadigan maʼlumotlarni atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid maʼlumotlar bilan integratsiyalashni taʼminlash.

3. Aeroallergenlar tarkibi va ularning mavsumiy tarqalish koʻlami toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid maʼlumotlar bilan birgalikda eʼlon qilib borish tartibini joriy qilish.

2023-2024-yillar

Xalqaro grant mablagʻlari, ijrochilar mablagʻlari

Xalqaro molekulyar allergologiya markazi (Roʻziyev),

Markaz (Razikova),

Gidrometeorologiya xizmati agentligi (Xabibullayev)

4.

Markaz faoliyatini samarali tashkil qilish.

1. Markazning yangi bino va inshootlarida jihozlash ishlarini yakunlash.

2. Markazda bolalar allergologiyasi va klinik immunologiyasi, jonlantirish, bolalar va kattalar teri allergik kasalliklari, klinik immunologiya boʻlimlari hamda yordamchi boʻlimlar, konsultativ-tashxislash poliklinikasi, maxsus molekulyar allergologik va klinik immunologik laboratoriyalar va ilmiy-oʻquv simulyatsion boʻlinmalar tashkil qilinishini inobatga olgan holda uning tuzilmasi, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash.

2024-yil yakuniga qadar

Mazkur maqsadlar uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Markaz (Razikova)

II. Aholi orasida allergik va immunologik kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olish, tashxislash va davolash sifatini oshirish

5.

Allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) koʻrsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlarini oʻtkazish.

1. Sanoati rivojlangan va kasallik koʻrsatkichlari yuqori hududlarda viloyat allergologlari va oilaviy shifokorlar bilan birgalikda skrining tekshiruvlarini oʻtkazish.

2023 — 2025-yillar

Mazkur maqsadlar uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar, Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Markaz (Razikova),

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (Xodjayev),

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (Koʻchimov),

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (Xadjayev),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari

2. Ommaviy axborot vositalari orqali aholi orasida mavsumiy allergik kasalliklar va immunologik kasalliklar toʻgʻrisida axborot-targʻibot ishlarini olib borish (teledasturlar, videoroliklar, tarqatma materiallar va boshqalar).

2023 — 2025-yillarda media-reja asosida

(har yili 1-yanvargacha tasdiqlanadi)

6.

Skrining tekshiruvlari natijasida aniqlangan allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklari mavjud bemorlarni allergologlar tomonidan tizimli kuzatuvi va individual sogʻlomlashtirish ishlarini tashkillashtirish.

1. Allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligini aniqlash maqsadida ikki bosqichli soʻrovnomalar ishlab chiqish.

2. Oilaviy shifokorlar tomonidan aholi orasida soʻrovnomalar oʻtkazish.

3. Soʻrovnoma natijalariga koʻra aniqlangan bemorlarni sogʻlomlashtirish reja-jadvalini tasdiqlash va sogʻlomlashtirish ishlarini olib borish.

2023 — 2025-yillar

Mazkur maqsadlar uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar, Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Markaz (Razikova),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari

7.

Allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklariga chalingan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga yoki Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning bemor vakillariga ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalarini bepul tarqatish.

1. Allergik va immunologik kasalliklar aniqlangan bemorlarga ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalarini bepul tarqatish mexanizmini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2024-yil 1-yanvar

Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Fazilkarimov)

2. Allergik va immunologik kasalliklar aniqlangan bemorlarni ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul taʼminlash.

2024-yildan boshlab

Hisob-kitoblar asosida

8.

Markaz va uning hududiy boʻlinmalari laboratoriyalari hamda shifokor-allergolog kabinetlarida diagnostika sifatini oshirish.

1. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan allergen reagentlar va davolovchi-tashxislovchi allergenlar roʻyxatini tasdiqlash.

2024-yil 1-yanvar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov)

2. Reagentlar va davolovchi-tashxislovchi allergenlarni xarid qilish.

3. Markazning va uning hududiy boʻlinmalari laboratoriyalarini allergen reagentlar hamda shifokor-allergolog kabinetlarini davolovchi-tashxislovchi allergenlar bilan taʼminlash.

2023 — 2025-yillar

Mahalliy budjet mablagʻlari,

Sogʻliqni saqlash vazirligiga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari,

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov)

9.

Hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishlarida kasalliklarning oldini olish, diagnostika qilish va davolash sifatini oshirish.

1. Markazning yetakchi xodimlaridan iborat ishchi guruhlarni shakllantirish.

2. Ishchi guruhlarni Markazning hududiy boʻlinmalari hamda chekka va olis hududlarga xizmat safariga yuborish.

Tashriflar doirasida bemorlarni koʻrikdan oʻtkazish.

3. Markazning hududiy boʻlinmalari moddiy-texnika bazasini oʻrganib, uni yaxshilash boʻyicha takliflar tayyorlash.

4. Markazning hududiy boʻlinmalarida allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishida yuqori texnologik tashxislash amaliyotlari turini bosqichma-bosqich oshirish.

2023 — 2025-yillar

(reja-jadval asosida)

Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Markaz (Razikova)

10.

Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar boʻyicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishni takomillashtirish.

1. Markaz tomonidan Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar boʻyicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish.

2. Toshkent shahri aholisiga allergik kasalliklar boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida Markazda 20 ta oʻringa moʻljallangan boʻlim tashkil etish va ularni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali Toshkent shahri budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish.

2024-yildan boshlab

Mazkur maqsadlar uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (Ermatov)

III. Allergologiya xizmati kadrlarining kasbiy va ilmiy salohiyatini oshirish va sohada ilm-fanni rivojlantirish

11.

Allergolog va immunolog mutaxassislarni nufuzli xorijiy allergologiya va immunologiya markazlariga malaka oshirishga yuborish.

Markaz hamda hududiy tibbiyot muassasalaridan kamida 10 nafar allergolog va immunolog mutaxassislarni tanlab olish hamda ularning nufuzli xorijiy allergologiya va immunologiya markazlarida malaka oshirishlarini tashkil etish.

2024-2025-yillar

Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Markaz (Razikova)

12.

Allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishida ilmiy tadqiqotlar koʻlamini oshirish, ularning natijalarini amaliyotga keng joriy etish.

1. Allergik va immunologik kasalliklarni aniqlash, tashxislash va zamonaviy davolash borasidagi dolzarb muammolarni tadqiq qilish boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar, dasturlar va loyihalarni amalga oshirish.

Sanoati rivojlangan hududlarda nafas aʼzolari va teriga taʼsir etuvchi allergologik omillarni oʻrganish boʻyicha ilmiy asoslangan tadqiqotlarni oʻtkazish va ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.

2. Ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga keng joriy etish.

3. 2024-2025-yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturini tasdiqlash.

2024-2025-yillar

Davlat budjetidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlar,

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (Karimov),

Markaz (Razikova),

Xalqaro molekulyar allergologiya markazi (Roʻziyev)

13.

Allergologiya yoʻnalishida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash sifatini oshirish.

Allergologiya yoʻnalishida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha qoʻshma oʻquv dasturlari va adabiyotlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish.

2023 — 2025-yillar

Ijrochilar mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Markaz (Razikova),

Xalqaro molekulyar allergologiya markazi (Roʻziyev)

Allergik kasalliklarni erta aniqlash boʻyicha keng doiradagi mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha maxsus kurslarni joriy etish.

Reja-jadval asosida

14.

Markaz qoshida ustoz-shogird anʼanalari boʻyicha allergologiya maktabini yaratish.

1. Markaz qoshida allergologiya maktabini tashkil qilish va uning samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish.

2023 — 2025-yillar

Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Markaz (Razikova)

2. Butunjahon allergiya tashkiloti tavsiyalariga koʻra barcha yoʻnalishlar shifokorlari uchun qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish.

Reja-jadval asosida

15.

Pediatr mutaxassislarni bolalar allergologi mutaxassisi sifatida qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini amalga oshirish.

Respublika hududlarida bolalar allergologi mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojni oʻrganish, hududiy pediatr mutaxassislar bilan uch tomonlama shartnoma tuzish va ularni shakllantirilgan roʻyxat asosida bolalar allergologi mutaxassislari sifatida tayyorlash, bolalar allergologlari vakant oʻrinlarini mutaxassislar bilan toʻldirish.

2023 — 2025-yillar

Mahalliy budjet mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Markaz (Razikova),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari

16.

Molekulyar allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishlarida xalqaro aloqalarni rivojlantirish.

1. Nufuzli xorijiy ilmiy, tibbiyot tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash.

2. Doimiy asosda oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish.

Bunda, yuqori texnologik tashxislash usullari, molekulyar allergologiya va klinik immunologiya sohasida hamkorlik oʻrnatish, xorijiy markazlardan mutaxassislarni taklif qilish va mahorat darslari, vebinarlar oʻtkazish, telemeditsina amaliyotini yoʻlga qoʻyish.

2023 — 2025-yillar

Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Tashqi ishlar vazirligi (Saidov)

17.

Aholi orasida allergologik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklarini erta aniqlash, davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish uchun xorijiy grantlar, texnik va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish.

1. Aholi orasida allergik va immunologik kasalliklarni erta aniqlash, davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish boʻyicha grant loyihalarini ishlab chiqish.

2. Grant loyihalarini Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga taqdim etish.

3. Xorijiy grantlar, texnik va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrish.

2023 — 2025-yillar

-

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (Qudratov)

18.

Allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklariga chalingan bemorlarni reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish.

1. Geografik iqlim sharoitidan kelib chiqib, allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklari bilan xastalangan bemorlarni reabilitatsiya qilish dasturini ishlab chiqish.

2024-yil 1-mart

-

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Inoyatov),

Markaz (Razikova),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari

2. Markaz va uning hududiy boʻlinmalari, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida allergolog mutaxassislar tomonidan dasturda belgilangan mashgʻulotlarni oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish hamda zarur materiallarni tayyorlash va aholiga yetkazish.

3. Mashgʻulotlarni oʻtkazuvchi mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish.

2023 — 2025-yillar

4. Markazda allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklari bilan xastalangan bemorlarni reabilitatsiya qilish uchun fizioterapevtik boʻlim tashkil etish.

2024-yil yakuniga qadar

Xalqaro grant mablagʻlari

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PQ-371-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirish
1. 1-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi “imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni” soʻzlaridan keyin “(Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etilgan chet davlatlarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. 2-ilovaning izoh qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Izoh:
amaldagi order berish tartibiga asosan rasmiylashtirilgan orderlardan 2023-yilning 1-yanvariga qadar foydalanish mumkin;
Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari yakunlangunga qadar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali bajarilgan ish hajmiga bogʻlanmagan holda vaqtinchalik bir satrda moliyalashtiriladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.11.2023-y., 07/23/371/0880-son; 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son; 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)