1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.01.00 Umumiy qoidalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.16.00.00 Aloqa / 09.16.03.00 Pochta aloqasi]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TRANSPORT VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VAZIRLIGINING
Qarori
Temir yoʻllarda pochtani tashish va pochta vagonlaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 3-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3462]
Pochtani temir yoʻllarda tashish va pochta vagonlaridan foydalanish xavfsizligini taʼminlash maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Transport toʻgʻrisida”gi va “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi qaror qiladi:
1. Temir yoʻllarda pochtani tashish va pochta vagonlaridan foydalanish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Transport vaziri I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-sentabr,
23-son
Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. ShERMATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 5-sentabr,
255-mh-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2023-yil 16-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2023-yil 6-sentabrdagi 23-son va Raqamli texnologiyalar vazirligining 2023-yil 5-sentabrdagi 255-mh-son qaroriga ILOVA
Temir yoʻllarda pochtani tashish va pochta vagonlaridan foydalanish
QOIDALARI
Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida pochtani temir yoʻllarda tashish hamda pochta vagonlaridan foydalanish, shuningdek ularga texnik xizmat koʻrsatishning yagona tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
xalqaro pochtamt — xalqaro pochta almashinuvi joyi boʻlib hisoblangan, xalqaro pochtani joʻnatish, topshirish, pochtani biriktirilgan magistral yoʻnalishlar boʻyicha tashish, tranzit, chiquvchi va keluvchi pochta almashinuviga ishlov berish, shuningdek foydalanuvchilarga pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etishni amalga oshiruvchi pochta aloqasi milliy operatorining tarkibiy boʻlinmasi;
pochta aloqasining milliy operatori (bundan buyon matnda milliy operator deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi doirasida pochta aloqasi xizmatlari bozoridagi talabni qanoatlantirish, majburiy ravishda universal pochta xizmatlari koʻrsatish boʻyicha vazifalarni va Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻz zimmasiga yuklatilgan pochta aloqasi operatori;
pochta aloqasi obyektlari — pochta aloqasi operatorlarining alohida boʻlinmalari (pochtamtlar, pochta aloqasi bogʻlamalari, boʻlimlari, punktlari, shuningdek boshqa boʻlinmalar);
pochta — pochta joʻnatmalari va pochta buyumlarining majmui;
pochta-bagaj poyezdi — pochta va bagajni tashish uchun oʻz tarkibida asosan pochta hamda bagaj vagonlariga ega boʻlgan maxsus tuzilgan poyezd;
pochta vagoni — poyezd harakatlanayotgan yoʻlda pochtani tashish, ishlov berish va pochta almashinuvi uchun moʻljallangan maxsus konstruksiyadagi temir yoʻl vagoni;
pochta yoʻnalishi — transport vositalarining pochta va kuryerlik joʻnatmalari almashinuvini amalga oshirish uchun pochta aloqasi obyektlari oʻrtasida, shuningdek pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qabul qilish va (yoki) yetkazib berish uchun pochta aloqasi obyektlari va foydalanuvchilar oʻrtasida belgilangan tartibda tasdiqlangan harakatlanish yoʻli;
pochta almashinuvi punkti — pochta aloqasi obyekti va transport oʻrtasida pochtani vaqtinchalik saqlash, ishlov berish va pochta almashinuvi maqsadida tashkil etilgan pochta aloqasi obyekti;
pochta aloqasi filiali — pochta aloqasi obyektlariga biriktirilgan hududda ishlab chiqarish faoliyatini tashkil qiluvchi milliy operatorning hududiy tarkibiy boʻlinmasi;
tashuvchi — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda transport vositasiga ega boʻlgan, yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish boʻyicha tijorat asosida xizmatlar koʻrsatadigan, shuningdek tashish uchun tegishli litsenziyaga, sertifikatga yoxud ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
2. Temir yoʻllarda pochta tashish, pochta vagonlaridan foydalanish milliy operator bilan tashuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Xalqaro pochta almashinuvi punktlari tomonidan pochtani tashish va pochta almashinuvi tartibi Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
3. Pochta milliy operatorning pochta vagonlarida, shuningdek tashuvchining yoʻlovchi, tezyurar va pochta-bagaj poyezdlariga qoʻshiladigan vagonlarida tashiladi.
4. Pochtani pochta vagonlarida tashish Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻllarining barcha liniyalari boʻylab amalga oshiriladi.
5. Pochta vagonlarida va boshqa vagonlarning maxsus moslashtirilgan joylarida tashilayotgan pochta aloqa xodimlari tomonidan kuzatib boriladi. Pochta oddiy bagaj vagonlarida pochta aloqasi xodimlarining kuzatuvida ham, ularning kuzatuvisiz ham tashiladi.
6. Tarkibiga pochta vagonlari ulanadigan poyezdlarning roʻyxati milliy operator tomonidan tashuvchi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
7. Tarkibiga pochta vagonlari ulangan poyezdlarning qatnov jadvali oʻzgargani toʻgʻrisida tashuvchi yangi jadvalni amalga kiritish muddatidan kamida besh kun oldin milliy operatorni xabardor qiladi.
8. Pochta almashinuvi koʻzda tutilgan temir yoʻl stansiyalarida tarkibida pochta vagonlari boʻlgan poyezdlar pochtani yuklash va tushirish imkoniyati mavjud boʻlgan maxsus yoʻlga qabul qilinadi.
9. Poyezdlar boshqa yoʻlga qabul qilingan holatlarda, shuningdek tarkib stansiya oʻqiga nisbatan belgilanmagan joyda toʻxtatilganida stansiya boʻyicha navbatchi bu toʻgʻrisida pochta vagonlari bilan pochta almashinuvini amalga oshirayotgan pochta aloqasi xodimlarini oldindan xabardor qiladi va pochta vagonining toʻxtash joyini koʻrsatadi.
Pochta almashinuvi jadvalda belgilangan toʻxtash vaqtida amalga oshirilishi kerak. Pochtaning tayyor emaslik sabablariga koʻra poyezdlarning ushlanib qolishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Kechikib kelgan pochta tashiladigan poyezdlarning toʻxtab turish vaqti qisqartirilganida bu toʻgʻrisida poyezd boshligʻi pochta vagoni boshligʻini, stansiya navbatchisi esa — stansiyada pochta almashinuvini amalga oshiruvchi shaxsni xabardor qilishi shart. Bunda kechikishni (ushlanib qolishni) bartaraf qilish maqsadida stansiya navbatchisi ushbu poyezdning qisqargan toʻxtab turish vaqtini koʻrsatishi kerak. Poyezdlarning toʻxtab turish vaqtining davomiyligini besh daqiqadan kam vaqtga, shuningdek, grafik boʻyicha belgilangan toʻxtab turish vaqti besh daqiqadan kam vaqtni tashkil etuvchi har qanday toʻxtab turishlarni qisqartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Milliy operator va tashuvchi oʻrtasidagi shartnomaga muvofiq, stansiya navbatchilari pochta aloqasi obyektlari xodimlarini ularning soʻrovlariga koʻra pochta tashuvchi poyezdlarning qatnov vaqtlari toʻgʻrisidagi maʼlumot bilan taʼminlaydi.
11. Tashuvchiga tegishli boʻlgan bino va inshootlarni ijaraga olish, pochta vagonlarini taʼmirlash, ularni yuk ortish va tushirish uchun berish muddatlari hamda temir yoʻllarda pochta vagonlariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha boshqa masalalar qoʻshimcha shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Pochta vagonlarida pochta tashish
12. Pochta vagonlarida tarqatish uchun qabul qilingan pochta Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlariga va pochta aloqasi sohasi amaldagi normativ hujjatlariga muvofiq tashiladi.
Pochta vagonlarida pochta aloqasining obyektlari faoliyatiga taalluqli boʻlmagan yukni faqat milliy operator ruxsati bilan tashishga yoʻl qoʻyiladi.
13. Pochta, poyezd bekatga kelguniga qadar kamida oʻn daqiqa oldin, pochta aloqasi xodimlari tomonidan pochta vagonining toʻxtash joyiga yetkazib berilishi kerak.
14. Pochta vagonida joʻnatish uchun tayyorlab qoʻyilgan pochta, hujjatlar va uchta nusxadan iborat boʻlgan 16-shakldagi yukxati (mazkur Qoidalarning 1-ilovasi) bilan birga kuzatuvchi pochta aloqasi xodimiga, yukxatining uchinchi nusxasiga pochtani qabul qilganligi toʻgʻrisida imzo qoʻydirilgan holda topshiriladi.
15. Pochta vagonida ishlov berilishi lozim boʻlgan yopiq pochta buyumlari va postpaketlar saralash zalida ochiladi hamda ularning ichidagi pochta joʻnatmalari hujjatlar boʻyicha nomma-nom tekshiriladi. Birinchi navbatda yoʻnalishning eng yaqin uchastkalariga tegishli boʻlgan yopiq pochta buyumlari va postpaketlar, keyin esa qolganlari ochiladi. Ochish tugallangach, pochta vagoni boshligʻi manzil yorliqlarini yukxatidagi yozuvlar bilan solishtiradi.
16. Pochtani saralash, unga ishlov berish va berkitish tartibi tegishli normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
17. Posilkalar pochta aloqasi xodimlari tomonidan yoʻnalish rejasiga muvofiq pochta vagoniga:
guruhlar bilan — yoʻnalish boʻyicha omborxonalarga;
alohida — tranzit omborxonalarga topshiriladi.
18. Pochta vagonida ishlov berilishi lozim boʻlgan posilkalar vagonning omborxonasida saralanadi. Ilova qilingan manzil blankalari 16-shakldagi yukxatidagi yozuvlar bilan nomma-nom solishtiriladi.
Poyezd navbatdagi almashish punktiga yetib kelish vaqtiga qadar pochta vagoni brigadasi pochtani topshirish uchun toʻliq tayyorlab qoʻyishi va unga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishi kerak.
19. Poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash uchun pochta va xizmat yukining umumiy massasi vagonning belgilangan yuk koʻtarish qobiliyatidan oshmasligi kerak. Shubha tugʻilgan hollarda, temir yoʻl xodimlari pochtaning massasini vagon tarozlarida tekshirish va belgilangan meʼyordan ortiqcha pochtani vagondan tushirish majburiyatini yuklash huquqiga ega.
20. Pochta vagonlarini joʻnatish temir yoʻl xodimlari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
3-bob. Pochtani bagaj vagonlarida tashish
21. Pochtani poyezdlarning bagaj vagonlarida tashish milliy operator hamda tashuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq tashuvchining poyezdlarida amalga oshirilishi mumkin.
22. Yuk-bagajda joʻnatilayotgan pochtaga har bir topshirish punkti uchun 16-shakldagi yukxati ikki nusxada tuziladi. Bundan tashqari, 35-shakldagi tarqatish qaydnomasi (mazkur Qoidalarning 2-ilovasi) uchta nusxada tuziladi. Tarqatish qaydnomasiga 16-shakldagi yukxatiga qayd qilingan qoplar (bogʻlamalar) pochtani topshirish punktlarining ketma-ketlikda kelish tartibida yoziladi. Tarqatish qaydnomalarini raqamlash oyma-oy olib boriladi.
Yuk-bagajda joʻnatilayotgan pochtali qoplar tarqatish qaydnomasining ikkinchi nusxasiga imzo qoʻyilgan holda, dastlabki punktda poyezdning joʻnash vaqtidan 30 daqiqa oldin va poyezdning oraliq bekatlarga yetib kelishidan kamida 50 daqiqa oldin bagaj omborxonalariga topshiriladi.
23. Pochta aloqasi xodimlarining kuzatuvisiz pochta tashilayotgan bagaj vagonining nosozligi yoki yoʻlda poyezddan ajratilishi holatlarida, pochta nosoz vagon oʻrniga ulangan boshqa vagonga yoʻlovchilar bagaji kabi yuklanishi kerak. Bagaj qisman nosoz bagaj vagonidan boshqa vagonga yuklanganda, pochta birinchi navbatda yuklanadi.
Bunday hollarda pochtani yuklash va tushirish ishlari temir yoʻl xodimlarining kuchi bilan bajariladi.
4-bob. Pochtani yoʻlovchi vagonlarida tashish
24. Ish hajmi katta boʻlmagan pochta yoʻnalishlarida pochta yoʻlovchi vagonlarida pochta aloqasining ikkita xodimi kuzatuvida tashilishi mumkin. Kupeda tegishli uskunalar mavjud boʻlganda, yoʻlovchilardan ajralganda hamda pochta va qimmatliklarning butligini taʼminlaganda, pochta joʻnatmalariga yoʻlda pochta vagonlari uchun koʻzda tutilgan tartibda ishlov beriladi. Bunday sharoitlar boʻlmaganda, faqat bosma nashrlar va yozma xat-xabarlar yopiq buyumlarda, yoʻlda ishlov berilmasdan tashiladi.
25. Pochtaning yoʻlovchi vagonlarida tashilishi milliy operator bilan tashuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
Pochta yoʻlovchi vagonlarida tashilganda, pochta joʻnatmalari poyezdning joʻnashidan va yetib kelishidan kamida 30 daqiqa oldin yuklash-tushirish ishlariga taqdim etiladi (topshiriladi).
26. Ichida yozma xat-xabarlar mavjud qoplarning, shuningdek, bosma nashrlar mavjud qop va bogʻlamalarning manzil yorliqlarida quyidagilar koʻrsatiladi: qop (bogʻlama) qaysi bekatda topshirilishi kerak, manzillangan joyi, qop (bogʻlama)ning qayerdan kelayotganligi, ularning massasi va raqami, joylanmasining nomi, poyezd raqami. Ushbu maʼlumotlar 16-shakldagi yukxatida ham koʻrsatiladi.
27. Pochtani joʻnatayotgan pochta aloqasi filiallari 35-shakldagi tarqatish qaydnomasining raqami va pochta joʻnatmalarining massasini koʻrsatgan holda, tashish hujjatlarini tuzadi.
5-bob. Pochta aloqasi xodimlarining pochta vagonlarida yurishi va bekatlar hududida boʻlishi
28. Yoʻlda pochtani kuzatib borish, qoʻriqlash, unga ishlov berish va pochta almashinuvi uchun pochta vagonlarida va yoʻlovchi vagonlarining maxsus moslashtirilgan joylarida sayyor brigada xodimlarining yurishiga milliy operator tomonidan berilgan guvohnomalar boʻyicha ruxsat etiladi.
29. Sayyor brigada xodimlarining tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) pochta vagoni boshligʻi;
b) pochta vagoni boshligʻining yordamchilari;
d) kuzatuvchi-elektromontyor;
e) saralovchilar.
Brigadadagi xodimlarning soni ish hajmiga, almashishlarning muntazamligiga va boshqa sharoitlarga bogʻliq holda belgilanadi, lekin kuzatuvchi-elektromontyorni qoʻshib hisoblaganda, ikkitadan kam boʻlmasligi kerak. Brigada aʼzolari oʻrtasida majburiyatlar pochta vagoni boshligʻi tomonidan taqsimlanadi.
30. Yoʻl davomida pochta vagonining sayyor brigadasi xodimlari oʻz vakolatlari doirasida, tarkibiga pochta vagoni qoʻshilgan poyezd boshligʻiga (brigadiriga) boʻysunadi.
31. Pochta vagonlarida guvohnomalar bilan yurish huquqidan guvohnomada koʻrsatilgan liniyalarda qatnaydigan pochta vagonlarini kuzatish boʻyicha xizmat safaridan qaytayotgan pochta aloqasi xodimlari ham foydalanadi.
Pochta vagonining boshligʻi reysga chiqishdan oldin xalqaro pochtamtdan brigadaning barcha aʼzolari uchun guvohnomalarni va toʻgʻridan toʻgʻri yoʻnalishda yurish hamda alohida orqaga qaytish uchun sayyor brigada xodimlari nomma-nom qayd qilingan 14-shakldagi yoʻl varaqlarini (mazkur Qoidalarning 3-ilovasi) tilxat bilan oladi. 14-shakldagi yoʻl varaqlari xalqaro pochtamtning direktori (oʻrinbosari), sayyor xizmatning sex boshligʻi tomonidan imzolanadi va “Yoʻl varaqalari uchun” maxsus yumaloq muhr bilan tasdiqlanadi.
32. Pochtani kuzatib boruvchi sayyor xodimlardan tashqari pochta vagonlarida yurish huquqi quyidagilarga taqdim etiladi:
a) zaxirada ketayotgan sayyor xodimlarga, guvohnoma va 14-shakldagi yoʻl varaqasida yozuv mavjud boʻlsa;
b) milliy operator tomonidan berilgan maxsus guvohnomalar boʻyicha pochta vagonlarining sayyor brigadalari ishini nazorat qilish va boshqa xizmatga oid maqsadlar uchun xizmat safariga yuborilgan mansabdor shaxslarga;
d) sayyor xodimlar, kuzatuvchi — elektromontyorlar boʻyicha kadrlarni tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslarga, tanishtirish safari paytida safarning boshidan oxirigacha boʻlgan davrga;
e) sayyor xodimlar, kuzatuvchi — elektromontyorlar boʻyicha kadrlarni tayyorlash kurslarini tugatgan shaxslarga, shuningdek, “brigada usuli”da oʻqiyotganlarga, malaka oʻzlashtirilguniga qadar boʻlgan davrga.
33. Pochta vagonida yurish huquqiga ega boʻlgan shaxslar oʻzlari bilan qoʻlda olib yuriladigan yukni yoʻlovchilar uchun belgilangan meʼyor chegarasida bepul olib oʻtishi mumkin.
34. Pochta vagonida, brigada ishini nazorat qiluvchi xodimlardan tashqari, bir vaqtning oʻzida guvohnoma boʻyicha koʻpi bilan ikkita kishining yurishiga ruxsat etiladi.
Pochta vagonlarida guvohnomalar boʻyicha ketayotgan shaxslar 14-shakldagi yoʻl varaqasiga yozilgan boʻlishi kerak.
35. Belgilanmagan shakldagi guvohnomani koʻrsatgan, shuningdek zaruriy hujjatlarga ega boʻlmagan shaxslarning pochta vagonida yurishi taqiqlanadi. Ular tomonidan koʻrsatilgan guvohnoma olib qoʻyiladi va pochta almashinuvi (dastlabki yoki oxirgi) punktining boshligʻiga bildirgi bilan birga taqdim etiladi, pochta almashinuvi punktining boshligʻi chora koʻrish uchun xalqaro pochtamtga yoʻllaydi.
6-bob.Pochta vagonlaridan foydalanish va taʼmirlash tartibi
36. Milliy operator pochta vagonlarini Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻllaridan texnik foydalanish qoidalarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga muvofiq soz holatda saqlashi shart.
Poyezd vagonlari poyezdlarning belgilangan sxemalariga mos ravishda poyezdlarga ulanadi. Pochta-bagaj poyezdlarini shakllantirish sxemalarini oʻzgartirish milliy operatorning roziligi bilan amalga oshiriladi.
7-bob. Pochtani yoʻlda ushlanib qolishini bartaraf qilish boʻyicha chora-tadbirlar
37. Poyezdda pochta vagonining oʻrni oʻzgartirilgan hollarda, joʻnab ketish bekati boshligʻi poyezd yoʻnalishi boʻyicha navbatdagi bekatlarga, pochta almashuvchi xodimlarni ogohlantirish uchun xabar berishi shart.
38. Pochta vagonlarini taʼmirlash ishlari, milliy operator bilan taʼmirlash ishlarini olib borish huquqiga ega tashkilot oʻrtasidagi shartnomaga muvofiq, temir yoʻllarining yoʻlovchi vagonlar parki uchun belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
39. Pochtani yuklashdan oldin, pochta vagoni boshligʻi bilan kuzatuvchi-elektromontyor, texnik nazoratchi (masʼul navbatchi yoki smena boshligʻi) ishtirokida pochta vagonini qabul qiladilar. Bunda quyidagilar tekshiriladi:
isitish va yoritish tizimlarining, ichki qulflar va tirgaklarning sozligi;
uskunalarning ishonchli mahkamlanganligi;
yongʻinga qarshi vositalarning hamda vagon inventarining (soat, choyshab, yostiq jildlari, idish-tovoq, aptechkadagi dori-darmonlar va hokazolar) mavjudligi;
tizimlarda suvning mavjudligi;
maxsus idishlarning koʻmir bilan (qishda toʻliq qilib) toʻldirilganligi va orqa qismdagi signallarning mavjudligi.
Pochta vagonining kuzatuvchi-elektromontyori yoʻl davomida orqa qismdagi signallarning yonib turishini taʼminlashi lozim. Poyezdning harakatlanishiga xavf soladigan hollarda, u poyezdni zudlik bilan toʻxtatish choralarini koʻrishi kerak.
40. Pochta vagonining sayyor brigada xodimlari xalqaro pochtamt mablagʻi hisobidan taʼminlanadi va ishlab chiqarish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazilganidan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻllardan texnikaviy foydalanish qoidalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablari bilan tanishganidan soʻng ishlashga ruxsat beriladi. Sayyor brigada xodimlarining temir yoʻl xodimlari tomonidan, xalqaro pochtamtning vakili ishtirokida, temir yoʻllardagi sayyor xodimlar uchun belgilangan muddatlarda bilimlar tekshiruvi oʻtkaziladi.
41. Avtonom elektrostansiyaga ega boʻlmagan pochta vagonini yoritish taʼminoti, temir yoʻl tomonidan poyezdga qoʻshilgan vaqtdan boshlab va belgilangan bekatgacha yetib kelganidan keyin poyezddan ajratishgacha boʻlgan vaqtga qadar boshqa vagonlar bilan umumiy asosda taʼminlanadi.
Toʻxtash joylarida poyezddan ajratilgan va zaxirada boʻlgan pochta vagonlarining yoritish taʼminoti milliy operator hisobidan taʼminlanadi.
Poyezdda pochta vagoni yoʻlovchi vagon bilan yonma-yon joylashmagan hollarda, uning elektr bilan yoritilishi yonidagi pochta vagonining elektr stansiyasidan taʼminlanadi (bir vaqtning oʻzida ikkita pochta vagonidan oshmasligi kerak).
42. Kelishilgan yoʻnalishlar davomida yoqilgʻi quyish joyi va tartibi tashuvchi bilan milliy operator oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida belgilanadi.
43. Bekatda va yoʻlda pochta vagonlarining isitilishi milliy operator hisobidan taʼminlanadi.
Poyezdlar harakati bilan bogʻliq sabablarga koʻra yoʻlda ushlanib qolgan pochta vagonlari, ushlanib qolgan vaqt davomida temir yoʻl hisobidan isitiladi.
44. Pochta vagonlarining isitish qurilmalari va baklari uchun suv bilan taʼminlanishi temir yoʻl vositalari va mablagʻi hisobidan quyidagicha amalga oshiriladi:
harakatlanish yoʻli davomida — ehtiyojga qarab belgilangan punktlarda;
reysga chiqishdan oldin bir marta — dastlabki va oxirgi bekatlarda.
45. Pochta vagonlarining tashqi qismini yuvish poyezdlarni shakllantirish va qaytarib berish punktlarida milliy operator bilan tashuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
46. Pochta vagonlarini dezinfeksiya qilish temir yoʻl vositalari bilan milliy operator mablagʻlari hisobidan yoʻlovchi vagonlari parki uchun belgilangan qoidalar boʻyicha amalga oshiriladi.
47. Poyezdni tuzish sxemasida nazarda tutilgan pochta vagonini tarkibga qoʻshmaslik yoki yoʻlda ajratish taqiqlanadi.
48. Pochta tashilayotgan pochta vagonlarida yoʻlda texnik nosozliklar aniqlanganida, pochta vagoni boshligʻi yoki avariya sodir boʻlgan joydagi bekat boshligʻi, yoxud avariya toʻgʻrisida xabarnoma olgan bekat boshligʻi bu toʻgʻrida mavjud boʻlgan aloqa vositalaridan foydalanib zudlik bilan yaqinroq boʻlgan pochta almashinuvi punktining yoki xalqaro pochtamtning boshligʻini xabardor qilishi shart.
49. Poyezdning harakatlanish yoʻlida pochta vagonini ajratishdan boshqa iloj qolmasa temir yoʻl xodimlari darhol bu toʻgʻrida pochta vagoni boshligʻini, pochtani boshqa — zaxira, pochta yoki bagaj vagonga qayta yuklashga tayyorlash uchun xabardor qiladilar. Bunda birinchi navbatda hukumatga oid va xalqaro pochta hamda imkoni bor miqdorda bosma nashr mahsulotlari yuklanishi kerak. Zaxira yoki bagaj vagon yoʻq boʻlgan taqdirda, ajratilgan vagondagi pochta quyidagilarga yuklanishi kerak:
a) hukumatga oid va xalqaro pochta yozma xat-xabarlar hamda gazetalar — ushbu poyezdning bagaj yoki yoʻlovchi vagoniga;
b) pochtaning qolgan qismi — izma-iz kelayotgan poyezdlarning pochta yoki bagaj vagonlariga.
50. Pochta yoʻlovchi vagonga qayta yuklanganida belgilangan manzilga pochta vagoni sayyor brigadasining bir yoki ikki aʼzosi kuzatuvida joʻnatiladi.
Pochtani vagonlarda joʻnatishda yozma xat-xabarlar solingan qoplar surgʻuchli muhr bilan muhrlanadi va plombalanadi.
51. Ajratilgan nosoz vagondagi pochtani boshqasiga qayta yuklash imkoniyati boʻlmasa, temir yoʻl xodimlari pochta bor boʻlgan bunday vagonni zudlik bilan taʼmirlash uchun eng yaqin joylashgan taʼmirlash punktiga yuborish choralarini koʻradilar. Taʼmirlashdan soʻng vagon birinchi joʻnab ketayotgan yoʻlovchi poyezdga ulanadi.
52. Texnik nosoz boʻlgan pochta vagonidan pochtani tushirib boshqasiga yuklash uchun bekat boshliqlari pochta vagoni ajratilishiga sababchi boʻlgan temir yoʻlning hisobidan pochtani qoʻriqlash va tushirib boshqasiga yuklash uchun ishchi kuchini hamda boshqa vositalarni taqdim etishi shart.
53. Pochta almashinuvi punktining yoki xalqaro pochtamtning masʼul xodimi avariya joyiga taʼmirlash poyezdi tarkibida borish huquqiga ega.
54. Bekat boshligʻi pochta vagoni poyezddan ajratilgani toʻgʻrisida ajratish sababini koʻrsatgan holda dalolatnoma tuzadi, pochta vagoni boshligʻi bilan birga uni imzolaydi va dalolatnomaning nusxasini pochta vagoni boshligʻiga beradi. Bekat boshligʻi pochta vagoni ajratilgani toʻgʻrisida mavjud boʻlgan har qanday aloqa vositalari orqali pochta yoʻnalishi boʻyicha yaqinroqda joylashgan pochta almashinuvi punktining boshligʻiga va ushbu punktgacha boʻlgan yoʻldagi barcha bekat boshliqlariga pochta almashuvchi pochta aloqasi xodimlarini xabardor qilish uchun zudlik bilan xabar berishi shart.
55. Pochtaga shikast yetkazilishi yoki pochta yoʻq qilish holatlari toʻgʻrisida toʻrt nusxada dalolatnoma tuziladi, yoʻq qilingan yoki shikast yetkazilgan pochtaning roʻyxati va yoʻq qilish sabablari koʻrsatilib temir yoʻl va pochta aloqasi filiallari xodimlari tomonidan imzolanadi. Dalolatnoma nusxasi zudlik bilan xalqaro pochtamtga joʻnatiladi.
Temir yoʻllarda pochta tashish va pochta vagonlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq milliy operator bilan tashuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomada koʻrsatiladi.
8-bob. Temir yoʻl bekatlarida pochta operatsiyalari uchun xonalar, platformalar, temir yoʻl tupiklari
56. Tashuvchi temir yoʻlning yirik tarmoqlarida pochta almashinuvi punktlarini tashkillashtirish uchun moʻljallangan bino (xona)larni zaruriy moslamalar bilan ijara shartnomasi asosida ajratib beradi (temir yoʻl tupiklari, tunellar, platformalar va hokazo).
Bekatlarda va omborlarda milliy operatorga taqdim etilgan xonalarga va platformalarga har qanday mexanik moslamalarni oʻrnatish, tashuvchi bilan milliy operator oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq milliy operator hisobidan amalga oshiriladi.
Yuqorida koʻrsatilgan bino va inshootlarni oʻrnatish va saqlash tashuvchi bilan milliy operator oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
57. Tashuvchi maxsus xonalarni quyidagi maqsadlar uchun ijaraga beradi:
a) pochta almashinuvi punktini joylashtirish;
b) pochtaga ishlov berish va uni saqlash;
d) pochta aloqasi va telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish.
58. Xonalarning ijarasi uchun toʻlov milliy operator va tashuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda belgilangan miqdorda amalga oshiriladi. Ijaraga berilgan xonalarning oʻlchami, ularni taʼmirlash va kommunal xizmatlardan foydalanish tartibi shartnomada belgilanadi.
59. Pochtani pochta vagonlariga yuklash uchun tashishda va vagonlardan tushirgandan soʻng tashishda pochta almashinuvi punktlari oʻziga tegishli boʻlgan qoʻlda boshqariladigan va mexanik aravalardan foydalanadi. Platformalarda aravalardan foydalanish tartibi bekat boshligʻi bilan kelishilgan boʻlishi lozim. Aravalar pochta almashinuvi punktlarining binolarida yoki bekat boshligʻining koʻrsatmasi boʻyicha ular uchun maxsus ajratilgan joylarda saqlanishi lozim.
9-bob. Pochta vagonlarining sayyor brigadalari ishini nazorat qilish
60. Pochta vagonlarining sayyor brigadalari ishini nazorat qilish maqsadi yoʻnalishlarga sifatli xizmat koʻrsatish, pochta oʻz vaqtida va but holda yetkazilishini taʼminlashdan iborat.
Har bir sayyor brigada ishini yoʻnalishda tekshirish chorakda bir marta amalga oshiriladi. Xalqaro pochtamt rahbari (oʻrinbosari) tomonidan pochta vagonlarining sayyor brigadalari ishini nazorat qilish rejasi milliy operator tomonidan tasdiqlanadi.
61. Pochta vagonlarining sayyor brigadalari ishini tekshirish huquqi quyidagilarga berilgan:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining xodimlariga — qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xalqaro pochtamt tekshirilganda;
b) milliy operator rahbariga (oʻrinbosarlariga), boʻlimlari boshliqlariga;
d) xalqaro pochtamt rahbariga (oʻrinbosarlariga), sifat xizmati boshligʻi va xodimlariga, sayyor xizmat sexi boshligʻiga;
e) milliy operator tomonidan vakolat berilgan boshqa shaxslariga.
62. Yuqorida koʻrsatilgan shaxslar milliy operator tomonidan taqdim etilgan, pochta vagonida yurish huquqini beradigan guvohnoma, shuningdek, lavozim guvohnomalari yoki tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomalar mavjudligida pochta vagonlarining sayyor brigadalari ishini tekshirishi mumkin.
63. Pochta vagonlarining sayyor brigadalari ishini tekshiruvchi shaxslar quyidagilarni tekshirishi shart:
a) brigada ishining tashkil etilishi;
b) pochta almashinuvini amalga oshirish, pochtaga ishlov berish va uni tashish masalalariga oid buyruqlar, yoʻriqnomalar va boshqa hujjatlarning bajarilishi;
d) pochta buyumlarining saralanishi, yoʻllanishi, berkitilishi hamda yozma xat-xabarlar, sugʻurta va posilkaga oid pochta hamda bosma nashrlar boʻyicha hujjatlar yuritilishi toʻgʻriligi;
e) yozma xat-xabarlarni saralash uchun yorliqlarning mavjudligi va pochtani vagonlarning omborlariga taqsimlash tartibi, ushbu tartibga amal qilinishi;
f) 14-shakldagi yoʻl varaqasining toʻgʻri yuritilishi;
g) vagondagi shaxslarda pochta vagonida yurish huquqini beruvchi zaruriy hujjatlarning mavjudligi;
h) pochta vagonida pochtani tashishga tegishli boʻlgan normativ hujjatlarning mavjudligi;
i) omborlar va seyflardagi pochta, qimmatliklar but saqlanishi taʼminlanganligi, shuningdek, pochta almashinuvida, xususan tungi vaqtlarda;
j) pochta almashinuvi uchun oʻz vaqtida tayyorlanishi;
k) pochta aloqasi obyektlari tomonidan pochtaga ishlov berish va pochta almashinuvi qoidalarining bajarilishi, almashuvchilarda pochta almashinuvi huquqini beruvchi guvohnomalarning mavjudligi;
l) brigada aʼzolari tomonidan pochtaga sifatli ishlov berishda oʻz ishi ustidan nazorat va oʻzaro tekshiruvlar oʻtkazilishi, pochta vagoni boshligʻi tomonidan yoʻriqnoma va ekspluatatsiya nazorati amalga oshirilishi, shuningdek, ishda nuqsonlarni oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilishi;
m) sayyor xodimlar ular tomonidan xizmat koʻrsatiladigan vagonlarda doimiy ravishda boʻlishi borasidagi talablarning bajarilishi;
n) brigada muhrlar, shtamplar, taqvim tamgʻalari, qoplar va boshqa turdagi ekspluatatsion materiallar bilan taʼminlanganligi;
o) yoʻlovchilarga aloqa xizmatlari koʻrsatilishi, pochta toʻlovlarining davlat belgilari, pochta konvertlari va pochta kartalari bilan taʼminlanganligi;
p) pochta almashinuvi punktlari va pochta vagonlari xodimlari tomonidan texnika xavfsizligi va pochta xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi, xususan poyezdlar bekatlarda qisqa vaqtga toʻxtaganda;
q) mehnat intizomi holati;
r) pochta vagonlari reysga tayyorlanishi hamda yoʻlda va dam olish punktlarida sanitariya holati taʼminlanganligi (vagonlar xonalari oʻz vaqtida tozalanishi, tegishli harorat saqlanishi, yozma xat-xabarli qoplarni ochishda chang tozalaydigan stollardan foydalanilishi, usti yopiq idishlarda qaynatilgan suv, tibbiyot qutichasi, choyshab, yostiq jildlari, idish-tovoqlar va boshqa inventar hamda mulklar bilan taʼminlanganligi);
s) vagonlarning texnik holati (muzlatgichlar, isitish, suv bilan taʼminlash tizimlari, elektr uskunalar, eshiklar, ombor eshiklarining qulf va fiksatorlari, orqa qism signal chiroqlari, signalizatsiya qoʻngʻiroqlari, zinapoya yoritgichlari, vagonning ostki magistrali va buksalar qizish signalizatsiyalarining ishga yaroqliligi, panjaralarning mahkamlanishi, akkumulyatorli signal chiroqlari, kalit komplektlarining mavjudligi, elektrolitning zaruriy zichligi va sathining saqlanishi, kalibrlanmagan saqlagichlar va boshqalardan foydalanish holatlarining mavjudligi).
64. Pochta vagonlarining sayyor brigadalari ishini tekshiruvchi shaxslar tekshirish natijalari toʻgʻrisida 14-shakldagi yoʻl varaqasiga tegishli yozuv qayd etishi, tekshirishlar daftariga aniq takliflarni kiritishi lozim.
Zarur hollarda, tekshirishlar daftariga qayd etilgan yozuvdan tashqari, toʻrt nusxada dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomaning birinchi nusxasi milliy operatorga yuboriladi, ikkinchisi pochta vagonining sayyor brigadasi boʻysunadigan xalqaro pochtamtga, uchinchisi — pochta vagoni boshligʻiga topshiriladi, toʻrtinchisi esa tekshiruvchi shaxsda qoladi.
10-bob. Pochta va pochta vagonlarining xavfsizligini taʼminlash
65. Ilova qilingan hujjatlarga pochta xavfsizligi boʻyicha masʼul xodimning imzosi qoʻyilgan, pochta xavfsizligi boʻyicha nazoratdan oʻtkazilgan pochta vagonlarda joʻnatish uchun qabul qilinishi kerak.
66. Pochta vagonlarida hamda yoʻlovchi va bagaj vagonlarining maxsus moslashtirilgan joylarida, shuningdek, bekat hududida va bekat binolarida joylashgan pochtaning qoʻriqlanishi milliy operator majburiyatiga kiradi.
67. Yuk ortilmagan pochta vagonlarining qoʻriqlanishi pochta aloqasi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
68. Texnik bekatlar va oraliqdagi bekatlarda nosoz pochta vagonlarining qoʻriqlanishi, bunday vagonlarda pochta aloqasi xodimlari, shu jumladan, kuzatuvchi-elektromontyorlar boʻlmasa, pochta vagonlarini dalolatnoma boʻyicha, ichki uskunalarni esa roʻyxat boʻyicha qabul qiluvchi temir yoʻl tomonidan amalga oshiriladi.
11-bob. Yakuniy qoida
69. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Temir yoʻllarda pochtani tashish va pochta vagonlaridan foydalanish qoidalariga 1-ILOVA
16-shakl yukxati
16-sh.
Pochta, kuryerlik joʻnatmalari va buyumlarining nomi