Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yashil” isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Aholining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ushbu qurilmalarni sotib olish uchun ajratiladigan “yashil” isteʼmol kreditlari boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son)
2. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
“yashil” isteʼmol krediti quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyasi, mikro va kichik gidroelektr stansiyalari, biogaz ishlab chiqaruvchi uskunalar, biogaz qurilmalari, quyosh suv isitkichlari va issiqlik nasoslarini oʻrnatish, shuningdek, qurilish izolyatsiya materiallari, maishiy energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlarni sotib olish maqsadlari uchun jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 894-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 09/24/894/1094-son)
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan oshmagan “yashil” isteʼmol kreditlari boʻyicha kredit foiz stavkasining 19 foizidan oshgan qismi, biroq 4 foizlik banddan oshmagan miqdorda tijorat banklariga 5 yil muddat davomida toʻlab beriladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son)
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “yashil” isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oldingi tahrirga qarang.
“Yashil” isteʼmol kreditlari boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligining Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya ajratish;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son)
kompensatsiya ajratish shartlari va miqdorlari;
kompensatsiya mablagʻlarining hisobini yuritish tartibi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi Markaziy bank va tijorat banklari bilan birgalikda ushbu qarorning mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 277-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2026-y., 09/26/277/0562-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 277-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2026-y., 09/26/277/0562-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 29-sentabr,
517-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-sentabrdagi 517-son qaroriga
1-ILOVA
“Yashil” isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligining Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tomonidan jismoniy shaxslarga tijorat asosida ajratilgan “yashil” isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish uchun kompensatsiya ajratish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
jismoniy shaxs — tijorat bankiga “yashil” isteʼmol kreditini olish uchun ariza taqdim etgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi;
kompensatsiya — tijorat asosida ajratilgan “yashil” isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarning bir qismini qoplab berish uchun Jamgʻarma tomonidan tijorat bankining tegishli hisobvaragʻiga oʻtkaziladigan mablagʻ;
Oldingi tahrirga qarang.
“yashil” isteʼmol krediti quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyasi, mikro va kichik gidroelektr stansiyalari, biogaz ishlab chiqaruvchi uskunalar, biogaz qurilmalari, quyosh suv isitkichlari va issiqlik nasoslarini oʻrnatish shuningdek, qurilish izolyatsiya materiallari, maishiy energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlarni sotib olish maqsadlari uchun jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladigan kredit.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 894-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 09/24/894/1094-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Kompensatsiya ajratish uchun ushbu Nizomga muvofiq Jamgʻarma va tijorat banki oʻrtasida kelishuv (keyingi oʻrinlarda — kelishuv) tuziladi va kelishuv tuzilgan sanadan keyin tijorat banklari tomonidan ajratilgan “yashil” isteʼmol kreditlari uchun tatbiq etiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 894-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 09/24/894/1094-son)
4. Tijorat banki kelishuvni tuzish uchun bankning tegishli boshqaruv organi tomonidan tasdiqlangan bitim tuzish toʻgʻrisidagi qaror yoki kelishuv tuzish vakolatini beruvchi boshqa hujjatning nusxasini ilova qilgan holda Jamgʻarmaga murojaat qiladi.
5. Kompensatsiya Jamgʻarma tomonidan tijorat bankiga ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq ajratiladi.
2-bob. Kompensatsiya ajratish shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
6. Jamgʻarma tomonidan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan oshmagan “yashil” isteʼmol kreditlari boʻyicha kredit foiz stavkasining 19 foizidan oshgan qismi, biroq 4 foizlik banddan oshmagan miqdorda tijorat banklariga 5 yil muddat davomida toʻlab beriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son)
7. Jamgʻarmadan kompensatsiya ajratilgan “yashil” isteʼmol kreditini olgan jismoniy shaxsning yangi “yashil” isteʼmol krediti boʻyicha quyidagi hollarda takroran kompensatsiya ajratilishi mumkin:
amaldagi kredit shartnomasi boʻyicha kredit qarzdorligi toʻliq qaytarilganda;
“yashil” isteʼmol kreditini ajratish toʻgʻrisidagi shartnoma bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda;
Jamgʻarma tomonidan kompensatsiya ajratishni toʻxtatish haqida qaror qabul qilinganda.
8. Jamgʻarmadan moliyaviy yordam olgan jismoniy shaxslar Jamgʻarmaning buyurtmasida qarz oluvchi sifatida koʻrsatilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) boʻyicha aniqlanadi.
9. Jamgʻarmaning “yashil” isteʼmol kreditlari boʻyicha kompensatsiya xarajatlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 13-bobi.
10. Jamgʻarma tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar miqdoridan kelib chiqib, moliya yili davomida kompensatsiya ajratish miqdorlari belgilanadi va choraklar kesimida taqsimlanadi.
Bunda samaradorlik koʻrsatkichlari va tavakkalchilik darajasidan kelib chiqib, kompensatsiya miqdorlari kamaytirilishi yoki toʻxtatilishi, shuningdek, kompensatsiya ajratish parametrlari hamda qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11. “Yashil” isteʼmol krediti shartnomalari boʻyicha kreditni qaytarish jadvaliga oʻzgartirish kiritilganda, amaldagi kredit shartnomasi shartlari mutanosib ravishda oʻzgartiriladi.
Bunda kompensatsiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilinib, kredit muddatiga mos ravishda toʻlab boriladi.
12. Kompensatsiya murojaat sanasida tijorat banklarining skoring tizimidan ijobiy xulosa olgan, kreditlar va soliqlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlmagan jismoniy shaxslarning “yashil” isteʼmol kreditlari boʻyicha ajratiladi.
13. Kredit berilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlarni ilova qilgan holda, qarz oluvchining tijorat banki hududiy filialiga ariza bilan murojaat qilishi kompensatsiya tashabbusiga asos hisoblanadi.
14. Tijorat banki yoki uning hududiy filiali “yashil” isteʼmol krediti ajratish toʻgʻrisidagi ijobiy xulosa qabul qilgandan soʻng kompensatsiya ajratish shartlariga mos kelishi oʻrganiladi.
Tijorat banki tomonidan jismoniy shaxsga “yashil” isteʼmol krediti va kompensatsiya ajratish shartlari boʻyicha ijobiy qaror qabul qilingandan soʻng ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan shartlarda kompensatsiya ajratiladi.
15. Tijorat banki bosh ofisi kredit ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan jismoniy shaxslarga kompensatsiya berish toʻgʻrisidagi buyurtma bilan har oyda keyingi oyning 10-sanasiga qadar Jamgʻarmaga murojaat qiladi va quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda kompensatsiya ajratish toʻgʻrisida buyurtma;
“yashil” isteʼmol kreditlari ajratilgan jismoniy shaxslarning roʻyxati (kredit oluvchining F.I.O., JSHSHIR, kredit summasi, kredit muddati, foiz stavkasi, kredit maqsadi, kredit berilgan sana, kreditni qaytarish sanasi, 16325 hisobvaragʻidagi hisoblangan foizlar va boshqa maʼlumotlar).
Jamgʻarma buyurtmani koʻrib chiqish jarayonida tijorat bankidan qoʻshimcha maʼlumot va hujjatlarni talab qilishga haqli.
16. Buyurtmada va jismoniy shaxslarning roʻyxatida koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻliqligi va haqqoniyligi uchun tijorat bankining uni imzolagan mansabdor shaxsi javobgar hisoblanadi.
17. Jamgʻarmaga notoʻgʻri va/yoki haqiqiy boʻlmagan maʼlumotlarning taqdim qilinishi, ushbu maʼlumotlar asosida kompensatsiya olganlik uchun, shuningdek, tijorat banki va qarz oluvchi tomonidan majburiyatlar oʻz vaqtida bajarilmaganligi uchun Jamgʻarma javobgar hisoblanmaydi.
18. Buyurtma va unga ilova qilingan hujjatlar Jamgʻarmaga tushgan sanadan boshlab ikki ish kuni ichida Jamgʻarma tomonidan koʻrib chiqiladi hamda mazkur Nizomda belgilangan talablardan kelib chiqib, kompensatsiya ajratish yoki kompensatsiya ajratishni rad etish toʻgʻrisida maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi.
Rad etilgan buyurtma tijorat bankiga bir ish kunida kompensatsiya ajratishni rad etish sabablari koʻrsatgan holda qaytariladi.
Jamgʻarma tomonidan kompensatsiya ajratilishi rad etilganligi toʻgʻrisidagi buyurtmani olgan tijorat banki bir ish kuni ichida bu haqda hududiy filialini xabardor qiladi.
19. Jamgʻarma kompensatsiya ajratish rad etilmagan buyurtma koʻrib chiqilgandan soʻng uch ish kuni ichida tijorat bankiga ushbu buyurtma boʻyicha kompensatsiyani alohida ochilgan hisobvaraqqa oʻtkazib beradi.
20. Tijorat banki kompensatsiya ajratilishi toʻgʻrisidagi xabarnomani olgandan soʻng uch ish kuni ichida:
tijorat banki yoki uning hududiy filiali kompensatsiya ajratilishi toʻgʻrisida qarz oluvchini xabardor qiladi;
tijorat banki yoki uning hududiy filiali va qarz oluvchi oʻrtasida imzolanadigan “yashil” isteʼmol krediti shartnomasida kompensatsiya ajratilishi Jamgʻarma tomonidan maʼqullanganda, kompensatsiya ajratilishi nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
21. “Yashil” isteʼmol krediti shartnomasida Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan kompensatsiyaning miqdori koʻrsatiladi.
22. Jamgʻarma mablagʻlardan foydalanilishi yuzasidan monitoring yuritadi hamda monitoring natijasida aniqlangan holatlarni bartaraf etish choralarini koʻradi.
Jamgʻarma tomonidan kompensatsiyaning maqsadli sarflanishi yuzasidan monitoring yuritish davrida tijorat banki va qarz oluvchi oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasi va kreditni qaytarish jadvali talab qilib olinishi mumkin.
3-bob. Kompensatsiyalarning hisobini yuritish
23. Tijorat banki kompensatsiya shartnomalariga asosan hisoblangan va Jamgʻarma tomonidan kompensatsiya ajratilgan foiz toʻlovlarining hisobini alohida 16325 balans hisobvaraqlarida yuritadi.
24. Jamgʻarma kompensatsiyasi bank roʻyxati asosida bir qancha kredit shartnomalari boʻyicha bankning 29801 tranzit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Bunda 29801 tranzit hisobvaragʻiga tushgan mablagʻlar bankning jamgʻarma kompensatsiyalari hisobidan qoplanadigan hisoblangan foizlarni olish 16300 hisobvaragʻiga avtomatik ravishda oʻtkaziladi.
25. Qarz oluvchilar kreditni muddati oʻtganidan soʻng qaytargan holatlarda, ajratiladigan kompensatsiya summasi tasdiqlangan qaytarish jadvalida qayd etilgan summadan oshmasligi lozim.
26. Jamgʻarma tijorat banklarining kreditlari boʻyicha kompensatsiya ajratishni quyidagi holatlarda toʻxtatadi:
foiz toʻlovlari kompensatsiya qilinadigan kreditdan maqsadsiz foydalanilganda;
qarz oluvchi toʻlovlar jadvaliga muvofiq bankka toʻlovlarni toʻlash majburiyatlarini uch oy ichida ketma-ket bajarmaganda;
qarz oluvchidan kredit summasi va unga hisoblangan foizlar muddatidan oldin undirilganda;
tijorat banki va qarz oluvchi oʻrtasida kredit shartnomasi bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda;
qarz oluvchining bank hisobvaragʻidagi mablagʻlari xatlovga olinganda;
qarz oluvchining va/yoki tijorat bankining taqdim etgan hujjatlarida ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganligi aniqlanganda.
27. Tijorat banki belgilangan tartibda qarz oluvchining “yashil” isteʼmol krediti hisobidan olingan uskunalarning holatini oʻrganish maqsadida joyiga chiqqan holda monitoring olib borishi mumkin.
28. Tijorat banki mazkur Nizomning 26-bandida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda, Jamgʻarmani kompensatsiya ajratishni toʻxtatish uchun uch ish kuni ichida xabardor qiladi.
29. Jamgʻarma tijorat bankidan xabarnomani olgandan soʻng uch ish kuni ichida kompensatsiya ajratishni toʻxtatishi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va toʻxtatish sabablari koʻrsatilgan yozma xabarnomani tijorat bankiga yuboradi.
30. Mazkur Nizomning 26-bandida nazarda tutilgan holatlarga koʻra toʻxtatish sabablari bartaraf etilgach, qarz oluvchining krediti boʻyicha kompensatsiya ajratishni qayta tiklashga ruxsat etiladi.
31. Qarz oluvchiga foiz toʻlovlarining bir qismini kompensatsiya qilishni toʻxtatish haqidagi qaror Jamgʻarma tomonidan qabul qilinadi. Kompensatsiya ajratishni toʻxtatish haqida qaror qabul qilinganda, Jamgʻarma qonunchilik hujjatlari va shartnoma shartlariga muvofiq kompensatsiya ajratish toʻgʻrisidagi shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qiladi va bu haqda tijorat bankini xabardor qiladi.
32. Jamgʻarma belgilangan tartibda Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishi va ularning sarflanishini hisobga oladi hamda ular boʻyicha hisobot tuzadi.
33. Tijorat banki har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Jamgʻarmaga uning mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
34. Energiya samaradorligi milliy agentligi har chorakda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kompensatsiya ajratish uchun sarflangan mablagʻlar toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etadi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 277-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2026-y., 09/26/277/0562-son)
4-bob. Yakunlovchi qoida
35. Ushbu Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Yashil” isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Energiya samaradorligi milliy agentligining Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan “yashil” isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish uchun kompensatsiya ajratish
SXEMASI
(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 277-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2026-y., 09/26/277/0562-son)

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Qarz oluvchi

Qarz oluvchi tijorat banki yoki uning hududiy filialiga tijorat asosida “yashil” isteʼmol krediti ajratish toʻgʻrisida murojaat qiladi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Tijorat banki yoki uning hududiy filiali

Qarz oluvchiga “yashil” isteʼmol krediti ajratish toʻgʻrisida qarz oluvchilar boʻyicha kompensatsiya toʻgʻrisidagi buyurtmanomani tasdiqlab, tijorat bankiga taqdim etadi hamda bu haqda qarz oluvchini xabardor qiladi.

2 ish kuni ichida

3-bosqich

Tijorat banki

Tijorat asosida ajratilgan “yashil” isteʼmol krediti foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya ajratish boʻyicha buyurtma hamda “yashil” isteʼmol kreditlari ajratilgan jismoniy shaxslarning roʻyxatini Jamgʻarmaga taqdim etadi.

Har oyning 10 sanasiga qadar

4-bosqich

Jamgʻarma, tijorat banki yoki uning hududiy filiali

1. Jamgʻarma tijorat banki tomonidan yuborilgan buyurtma va tegishli hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda kompensatsiya ajratish yoki ajratishni rad etish toʻgʻrisida xulosa rasmiylashtiriladi.

2 ish kuni ichida

2. Jamgʻarma tomonidan rad etilgan buyurtma tijorat bankiga rad etish sabablari koʻrsatilgan holda xat orqali yuboriladi.

1 ish kuni ichida

3. Tijorat banki yoki uning hududiy filiali qarz oluvchiga kompensatsiya ajratilishi toʻgʻrisida xat orqali xabardor qiladi.

1 ish kuni ichida

5-bosqich

Jamgʻarma

Kompensatsiya ajratish rad etilmagan buyurtmalar boʻyicha mablagʻlarni tijorat bankining alohida ochilgan hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.

3 ish kuni ichida

Oldingi tahrirga qarang.
“Yashil” isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Energiya samaradorligi milliy agentligining Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan “yashil” isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish uchun kompensatsiya olish toʻgʻrisida

BUYURTMA

20___ yil ________

Buyurtma beruvchi: ________________________________________________ banki

Buyurtmani qabul qiluvchi: Energiya samaradorligi milliy agentligining Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi

Kompensatsiya summasi: _________________________________

Hisobvaraq: ____________________________

“Yashil” isteʼmol krediti ajratilgan mijozlar roʻyxati ilova qilinmoqda.

Buyurtma beruvchi:

___________________________________ banki

Boshqaruv raisi

__________________________________________ F.I.O.

(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 277-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2026-y., 09/26/277/0562-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2023-y., 09/23/517/0740-son; 30.12.2024-y., 09/24/894/1094-son; 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son; 04.06.2026-y., 09/26/277/0562-son)