o‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining
buyrug‘i
Doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitraji to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 26-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3449]
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 576-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 553-son “Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 34-bobi 6-paragrafi (Jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish).
1. Doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitraji to‘g‘risidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-iyul,
62-2023/B-son
Kelishildi:
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi D. VAXABOV
2023-yil 17-iyul
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2023-yil 15-iyul
O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 20-iyuldagi 62-2023/B-son buyrug‘iga
ILOVA
Doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitraji to‘g‘risidagi
NAMUNAVIY NIZOM
Mazkur Namunaviy nizom xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) (bundan buyon matnda taraflar deb yuritiladi) o‘rtasida yuzaga keladigan jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitrajining (bundan buyon matnda mehnat arbitraji deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
jamoaviy mehnat nizosi — xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) o‘rtasidagi yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini (shu jumladan, mehnatga haq to‘lashni) o‘zgartirish, jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomasini, shuningdek qonunchilikka muvofiq xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni tuzish va o‘zgartirish hamda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini qo‘llash masalalari bo‘yicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar;
mehnat arbitraji — yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmaganda taraflar o‘rtasidagi jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) uchun tuziladigan doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi organ;
mediatsiya — kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli;
mediator — mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs;
jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha davlat organlari — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari;
mehnat arbitri (bundan buyon matnda arbitr deb yuritiladi) — jamoaviy mehnat nizosini hal etishni (tartibga solishni) amalga oshiruvchi shaxs;
ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiya (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) — Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 553-son “Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, Respublika kasaba uyushmalari birlashmalari va Ish beruvchilar respublika birlashmalaridan iborat tarkibda tuziladigan komissiya.
2. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari mehnat arbitrajining mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 577-moddasi.
2-bob. Mehnat arbitrajining faoliyatini tashkil etish
3. Mehnat arbitraji komissiya qaroriga ko‘ra uning huzurida taraflarning kelishuvi asosida hal etish (tartibga solish) uchun o‘ziga topshiriladigan jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) maqsadida tuzilishi mumkin.
4. Komissiya davlat organlari va boshqa tashkilotlarga mehnat arbitrajining tarkibini shakllantirish uchun nomzodlar taqdim etish bo‘yicha so‘rov xati bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
Bunda, davlat organlari va boshqa tashkilotlar ushbu so‘rov xati kelib tushgan kundan e’tiboran uch kun ichida komissiyaga tegishli nomzodlarning ro‘yxatini ularning roziligi asosida taqdim etadi.
5. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan nomzodlarning ro‘yxati asosida ushbu ro‘yxat taqdim etilgan kundan e’tiboran uch kun ichida mehnat arbitrajini tuzish va arbitrlarni tayinlash bo‘yicha komissiya qarori qabul qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 553-son qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar to‘g‘risidagi nizom.
6. Arbitrlar uch yil muddatga tayinlanadi.
7. Mehnat arbitraji respublika darajasida yetti nafar, tarmoq darajasida besh nafar hamda boshlang‘ich va hududiy darajada uch nafar arbitrni o‘z ichiga oladi.
8. Arbitrlarga qo‘yiladigan talablar quyidagilardan iborat hisoblanadi:
oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
mehnat yoki mehnatni muhofaza qilish tizimida kamida uch yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.
9. Arbitrlarining vakolatlari quyidagi asoslarga ko‘ra muddatidan oldin tugatiladi:
arbitr komissiyaga vakolatini muddatdan oldin tugatish bo‘yicha yozma ariza bergan taqdirda;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb e’lon qilinganda;
arbitrlikka tayinlangan xodimning ish beruvchisi u bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan taqdirda;
ish yurituvidagi jamoaviy mehnat nizosining pirovard natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdorligi aniqlangan taqdirda.
10. Arbitrlar jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etish vaqtida nizoni hal etish (tartibga solish) vaqti uchun o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda asosiy ishidan ozod qilinadi.
11. Arbitrlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (uning F.I.O., lavozimi, ma’lumoti va arbitrlikka tayinlangan sana) u arbitrlikka tayinlangan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
3-bob. Mehnat arbitrajining huquq va majburiyatlari
12. Mehnat arbitrajining huquqlari quyidagilardan iborat:
jamoaviy mehnat nizosiga taalluqli bo‘lgan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni olish;
jamoaviy mehnat nizosiga oid tegishli axborotga ega bo‘lgan shaxslarni jalb qilish va ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish;
jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun uning sabab va shart-sharoitlarini joyiga chiqib o‘rganish.
13. Mehnat arbitrajining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
jamoaviy mehnat nizosi taraflarining murojaatlarini ko‘rib chiqish;
jamoaviy mehnat nizosi taraflariga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
Oldingi tahrirga qarang.
zarur bo‘lgan hollarda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarni jamoaviy mehnat nizosining ehtimol tutilgan ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa oqibatlari to‘g‘risida xabardor qilish;
(13-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 23-iyuldagi 16-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3449-1, 04.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.08.2025-y., 10/25/3449-1/0692-son)
jamoaviy mehnat nizosining mohiyatiga ko‘ra qaror qabul qilish;
jamoaviy mehnat nizosini ko‘rib chiqish vaqtida o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik.
4-bob. Jamoaviy mehnat nizosini ko‘rib chiqish
14. Jamoaviy mehnat nizosining taraflari quyidagi asoslarga (sabablarga) ko‘ra ushbu nizoni mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) yuzasidan muzokaralar o‘tkazishi shart:
jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) yakunlanganidan keyin kelishmovchiliklar bayonnomasi tuzilgan taqdirda;
mediator nomzodi xususida jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishuviga erishilishi kerak bo‘lgan muddat tugagan taqdirda;
taraflarning yoki taraflardan biri jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etishni (tartibga solishni) rad etganligi to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan taqdirda.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 575-moddasi.
15. Jamoaviy mehnat nizosining taraflari o‘zaro muzokara natijasida mazkur nizoni mehnat arbitrajida hal etishga (tartibga solishga) rozi bo‘lgan taqdirda, ular tomonidan ushbu nizo yuzasidan ariza mehnat arbitrajiga topshirilgunga qadar mehnat arbitrajining qarorlarini bajarish majburiyligi to‘g‘risidagi shartni o‘z ichiga olgan tegishli kelishuv tuziladi.
Jamoaviy mehnat nizosi taraflarining vakillari muzokara o‘tkazilgan kundan e’tiboran quyidagi muddatlarda ushbu nizo yuzasidan arizani mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) uchun komissiya kotibiyatiga yozma yoki elektron shaklda topshirishi shart:
ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida (boshlang‘ich va hududiy darajada) ikki ish kunigacha bo‘lgan muddatda;
ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida (respublika va tarmoq darajasida) esa to‘rt ish kunigacha bo‘lgan muddatda.
Bunda, komissiya kotibiyati ushbu arizani shu kunning o‘zida arbitrga (arbitrlarga) topshirishi zarur.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 576-moddasi.
16. Mehnat arbitraji jamoaviy mehnat nizosi topshirilgan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida jamoaviy mehnat nizosi taraflari va boshqa uchinchi shaxslarni, zaruriyatga ko‘ra, ekspert va mutaxassislarni ham ishni ko‘rib chiqish vaqti va joyi haqida xabardor qiladi.
Xabardor qilingan boshqa uchinchi shaxslarning kelmaganligi jamoaviy mehnat nizosining ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
17. Mehnat arbitraji tomonidan jamoaviy mehnat nizosi ushbu arbitrajga hal etish (tartibga solish) uchun topshirilgan kundan e’tiboran quyidagi muddatlarda hal etilishi (tartibga solinishi) shart:
ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida (boshlang‘ich va hududiy darajada) jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) besh ish kunigacha bo‘lgan muddatda;
ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida (respublika va tarmoq darajasida) hal etishda esa o‘n ish kunigacha bo‘lgan muddatda.
18. Mehnat arbitraji jamoaviy mehnat nizosini ushbu nizo taraflari (ularning vakillari) ishtirokida ko‘rib chiqadi.
Bunda:
respublika darajasidagi jamoaviy mehnat nizosi yetti nafar arbitr tomonidan;
tarmoq darajasidagi jamoaviy mehnat nizosi besh nafar arbitr tomonidan;
boshlang‘ich va hududiy darajadagi jamoaviy mehnat nizosi uch nafar arbitr tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.
19. Mehnat arbitraji jamoaviy mehnat nizosini ko‘rib chiqishda hamda ushbu nizoga taalluqli bo‘lgan hujjat va ma’lumotlarni tarjima qilishda tarjimon xizmatidan foydalanishi mumkin.
20. Mehnat arbitrajining majlisida bayonnoma yuritiladi, bunda ushbu bayonnoma arbitrlar tomonidan imzolanadi.
21. Mehnat arbitraji jamoaviy mehnat nizosining holatlari tekshirilganidan so‘ng, uning mohiyatiga ko‘ra qaror qabul qiladi.
Bunda, respublika yoki tarmoq yoxud boshlang‘ich va hududiy darajadagi jamoaviy mehnat nizosi bo‘yicha ushbu nizoni ko‘rib chiqayotgan arbitrlarning ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilinadi.
22. Mehnat arbitraji tomonidan jamoaviy mehnat nizosi bo‘yicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
taraflar tomonidan jamoaviy mehnat nizosini hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishganligi to‘g‘risida;
taraflardan biri jamoaviy mehnat nizosi yuzasidan ko‘rib chiqilayotgan talabdan voz kechganligi to‘g‘risida;
jamoaviy mehnat nizosini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha taraflardan birining foydasiga qaror qabul qilish to‘g‘risida.
23. Mehnat arbitrajining qarori u qabul qilingan kundan e’tiboran keyingi ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizosi taraflariga yozma yoki elektron shaklda topshiriladi.
24. Mehnat arbitrajining qarorida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
jamoaviy mehnat nizosi yuzaga kelgan davlat organi yoki boshqa tashkilotning nomi;
mehnat arbitrajining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
qaror qabul qilingan joy va sana;
taraflar yoki ularning vakillarining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;
jamoaviy mehnat nizosining predmeti va uning mazmun-mohiyati;
mehnat arbitrajining qaroriga olib kelgan asoslar (dalillar), shuningdek tegishli qonunchilik hujjatlariga havolalar;
arbitrlarning imzolari.
25. Mehnat arbitrajining qarori jamoaviy mehnat nizosi taraflari uchun majburiy kuchga ega hisoblanadi.
26. Mehnat arbitrajining qarori bajarilishi ustidan nazorat jamoaviy mehnat nizosining taraflari, shuningdek jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
27. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan jamoaviy mehnat nizolari yuzasidan chiqarilgan qarorlarning yagona elektron reyestri yuritiladi.
Bunda, ushbu reyestrda jamoaviy mehnat nizolari yuzasidan chiqarilgan qarorning raqami va sanasi hamda arbitrning familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatiladi.
5-bob. Yakuniy qoida
28. Ushbu Namunaviy nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2023-y., 10/23/3449/0526-son; 05.08.2025-y., 10/25/3449-1/0692-son)