Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SIYOSIY PARTIYALARNING USTAVDA NAZARDA TUTILGAN FAOLIYATINI DAVLAT TOMONIDAN MOLIYALASHTIRISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
“Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili davlat budjeti parametrlarida siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun mablagʻlarni nazarda tutsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 16-mart,
86-son
Vazirlar Mahkamasining
2005-yil 16-martdagi 86-son qaroriga
ILOVA
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablagʻlarini olish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq siyosiy partiyalar, agar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (keyingi oʻrinlarda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) saylovlar yakunlari boʻyicha tegishli siyosiy partiyadan Qonunchilik palatasi fraksiyasini tashkil etish uchun zarur boʻlgan kamida toʻqqiz deputat saylangan boʻlsa, oʻzining ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablagʻlarini olish huquqiga ega boʻladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining har yilgi miqdori ushbu mablagʻlar ajratiladigan yildan oldingi yilning birinchi sentabriga belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yarim foizini Qonunchilik palatasiga soʻnggi saylovlarda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar soniga koʻpaytirish hisobiga shakllantiriladi.
Bunda bazaviy hisoblash miqdori oshganda, ushbu oydan tegishli ravishda moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining har yilgi miqdorining mos qismi indeksatsiya qilinadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-sentabrdagi 553-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/553/0704-son)
4. Siyosiy partiyalar yangi chaqiriq Qonunchilik palatasining birinchi majlisi oʻtkazilgan oydan keyingi oydan boshlab oʻzlarining ustavda nazarda tutilgan faoliyati davlat tomonidan moliyalashtirilishi huquqini oladilar.
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish yangi chaqiriq Qonunchilik palatasining birinchi majlisi oʻtkazilgan oydan keyingi oydan boshlab toʻxtatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga ajratilgan davlat mablagʻlari partiya tomonidan partiyaning ustavda nazarda tutilgan vazifalarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflanadi.
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga ajratilgan davlat mablagʻlarini sarflashda siyosiy partiyalarga nisbatan budjet mablagʻlarini sarflash talablari, tartibi, normativlari, shuningdek budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar uchun belgilangan buxgalteriya hisobi va hisobotlarini yuritish qoʻllanmaydi.
Har yili ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga davlat mablagʻlari oladigan siyosiy partiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tasdiqlangan xarajatlar smetasini, shuningdek oʻzlarining banklar tomonidan tasdiqlangan hisob raqamlarini quyidagi muddatlarda taqdim etadilar:
yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatining birinchi yilida — siyosiy partiya davlat tomonidan moliyalashtirish huquqini oladigan oy boshlangungacha;
keyingi yillarda — navbatdagi moliya yilidan oldingi yilning oʻninchi dekabrigacha.
Xarajatlar smetasiga oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda partiya Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida 10 kun muddatda yozma xabar beradi. Bunda joriy yil xarajatlar smetasiga joriy yilning 15-dekabridan keyin oʻzgartirishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-yanvardagi 9-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 3-son, 24-modda)
6. Markaziy saylov komissiyasi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 43-moddasiga muvofiq unga saylov okruglari boʻyicha saylovlarning natijalari toʻgʻrisida okrug saylov komissiyalarining barcha protokollari taqdim etilgan vaqtdan boshlab uch kun muddatda har bir saylov okrugi boʻyicha, Markaziy saylov komissiyasining raisi va kotibi tomonidan imzolanadigan protokolda koʻrsatgan holda saylovchilarning umumiy sonini aniqlaydi. Koʻrsatib oʻtilgan protokolning bir nusxasi Markaziy saylov komissiyasida qoladi, qolgan ikki nusxasi imzolangandan keyin oʻn kun mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga beriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Qonunchilik palatasi deputatlari roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga familiyasi, ismi va otasining ismini koʻrsatgan holda har bir siyosiy partiyadan saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarining soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy saylov komissiyasining maʼlumotlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun mablagʻlarni nazarda tutadi va Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksida belgilangan muddatlarda ajratiladigan mablagʻlar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har yili Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga maʼlum qiladi.
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga Yagona gʻaznachilik hisob raqamidan ajratiladigan budjet mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetasi, smetada budjet tizimining budjetlar xarajatlari iqtisodiy klassifikatsiyasini bir satrda aks ettirgan holda, umumiy summa uchun tuziladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-yanvardagi 9-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 3-son, 24-modda)
9. Tegishli siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini har yili moliyalashtirishga moʻljallangan davlat mablagʻlarining yillik summasi va ularni oylar boʻyicha ajratish jadvali Markaziy saylov komissiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maʼlumotlari asosida Markaziy saylov komissiyasi va Moliya vazirligining maʼlumotlari taqdim etilgan kundan boshlab oʻn kun mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi yillarda koʻrsatib oʻtilgan summa va uni ajratish jadvali Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tegishli yilga ajratiladigan mablagʻlar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilgan kundan boshlab oʻn kundan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Adliya vazirligining davlat mablagʻlari summasini aniqlash va uni ajratish jadvali toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan vaqtdan boshlab ikki ish kunidan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini har yili moliyalashtirishga moʻljallangan davlat mablagʻlari summasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ular oʻrtasida quyidagi tartibda taqsimlanadi:
ajratiladigan mablagʻlarning qirq foizi siyosiy partiyalar oʻrtasida teng miqdorda;
ajratiladigan mablagʻlarning oltmish foizi siyosiy partiyalar oʻrtasida ularning Qonunchilik palatasida olgan deputatlik oʻrinlari miqdoriga mutanosib ravishda.
Har bir siyosiy partiyaning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini har yili moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablagʻlarning qirq foizi siyosiy partiyalar oʻrtasida quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
S = (M x 40%) / Ps, bunda:
S — muayyan siyosiy partiyaning ustav faoliyatini har yili moliyalashtirish uchun moʻljallangan davlat mablagʻlari summasi;
M* — siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining yillik miqdori;
*Yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatining birinchi yilida ushbu summa yangi chaqiriq Qonunchilik palatasining birinchi majlisi oʻtkazilgungacha oldingi saylovlar natijalari boʻyicha siyosiy partiyalarga ajratilgan mablagʻlar summasiga kamaytiriladi.
Ps — ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablagʻlari olish huquqiga ega boʻlgan siyosiy partiyalar soni.
Har bir siyosiy partiyaning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini xar yili moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablagʻlarning oltmish foizi siyosiy partiyalar oʻrtasida quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
S = (M x 60% / S) x Ds, bunda:
S — muayyan siyosiy partiyaning ustav faoliyatini har yili moliyalashtirish uchun moʻljallangan davlat mablagʻlari summasi;
M* — siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining yillik miqdori;
* Yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatining birinchi yilida ushbu summa yangi chaqiriq Qonunchilik palatasining birinchi majlisi oʻtkazilgungacha oldingi saylovlar natijalari boʻyicha siyosiy partiyalarga ajratilgan mablagʻlar summasiga kamaytiriladi.
S — ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablagʻlari olish huquqiga ega boʻlgan siyosiy partiyalar deputatlarining umumiy soni;
Ds — ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablagʻlari olish huquqiga ega boʻlgan muayyan partiya deputatlarining soni.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-sentabrdagi 553-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/553/0704-son)
11. Yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatining birinchi yilida har bir siyosiy partiyaga oylar boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar miqdori unga mazkur Nizomning 10-bandiga muvofiq ajratilgan davlat mablagʻlari miqdorini Qonunchilik palatasining birinchi majlisi oʻtkazilgan oydan keyingi oydan boshlab qolgan oylar soniga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi (1-sxema).
Yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatining keyingi yillarida oylar boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar miqdori muayyan siyosiy partiyaning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini har yili moliyalashtirish uchun moʻljallangan davlat mablagʻlari summasini joriy yildagi oylarning toʻliq soniga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi (2-sxema).
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har oyda joriy oyning oʻninchi kunigacha siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tegishli hisob raqamiga oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar oʻzining hisob raqamiga tushgan vaqtdan boshlab uch ish kuni mobaynida ushbu mablagʻlarni oylar boʻyicha ajratish jadvaliga muvofiq tegishli siyosiy partiyalarning hisob raqamlariga oʻtkazadi (1 va 2-sxemalar).
Oldingi tahrirga qarang.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-sentabrdagi 553-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/553/0704-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Qonunchilik palatasi deputatlarining soni oʻzgarishi natijasida, siyosiy partiya Qonunchilik palatasida fraksiyasini tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik oʻrinlariga ega boʻlmay qolsa, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi oʻzgarish yuz bergan oydan keyingi oydan boshlab mazkur partiyaning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishni toʻxtatadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-sentabrdagi 553-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/553/0704-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Siyosiy partiya tomonidan moliya yili mobaynida foydalanilmagan davlat mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilmaydi va ulardan kelgusi yillarda ularning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-yanvardagi 9-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 3-son, 24-modda)
16. Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablagʻlarning tushishi va siyosiy partiyalarning ushbu mablagʻlardan maqsadli foydalanishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi amalga oshiradi.
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining tushishini va siyosiy partiyalar tomonidan ushbu mablagʻlardan foydalanilishini tekshirish, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida oʻndan bir qismini tashkil etgan deputatlar guruhining murojaati boʻyicha Qonunchilik palatasi tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar faoliyatining qonunchilikka va ular ustavlariga muvofiqligini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Siyosiy partiya har yili qonunchilikda belgilangan muddatlarda va tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, davlat soliq xizmati organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga va Adliya vazirligiga hisobot davrida moliyaviy mablagʻlar va boshqa mablagʻlarning tushumi va sarflanishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etishi shart. Davlat mablagʻlarining tushishi va sarflanishi siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotida alohida ustunda koʻrsatiladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qonunchilik palatasi faoliyatining birinchi yilida siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishning
1-sxemasi
1. Markaziy saylov komissiyasi saylov okruglari boʻyicha saylovlar natijalari toʻgʻrisida okrug saylov komissiyalarining barcha protokollari taqdim etilgan vaqtdan boshlab 3 kun muddatda respublika boʻyicha saylovchilar sonini koʻrsatgan holda umumiy protokol tuzadi. Protokol imzolangandan keyin 10 kun muddat doirasida Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga yuboriladi.
2. Markaziy saylov komissiyasi Qonunchilik palatasi deputatlari roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun muddatda Adliya vazirligiga har bir siyosiy partiyadan saylangan deputatlar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
3. Siyosiy partiya moliyalashtirishning birinchi oyi boshlangunga qadar Adliya vazirligiga xarajatlar smetasini va bank tomonidan tasdiqlangan hisob raqamini taqdim etadi.
4. Moliya vazirligi ajratilayotgan mablagʻlar miqdorini Adliya vazirligiga maʼlum qiladi.
5. Adliya vazirligi 10 kun muddatda muayyan siyosiy partiyani yillik moliyalashtirish miqdorini va mablagʻlarni oylar boʻyicha ajratish jadvalini belgilaydi. Qaror ikki kun muddatda Moliya vazirligiga yuboriladi.
6. Moliya vazirligi har oyda 10-kungacha mablagʻlarning Adliya vazirligi hisob raqamiga oʻtkazilishini taʼminlaydi.
7. Adliya vazirligi mablagʻlar Moliya vazirligidan tushgan kundan boshlab 3 kun muddatda siyosiy partiyaning hisob raqamiga tegishli summani oʻtkazadi.
Qonunchilik palatasi faoliyatining keyingi yillarida siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishning
2-sxemasi
1. Siyosiy partiya moliyaviy yildan oldingi yilning 10-dekabrigacha Adliya vazirligiga xarajatlar smetasini va bank tomonidan tasdiqlangan hisob raqamini taqdim etadi.
2. Moliya vazirligi ajratilayotgan mablagʻlar miqdorini har yili Adliya vazirligiga maʼlum qiladi.
3. Adliya vazirligi 10 kun muddatda muayyan siyosiy partiyani yillik moliyalashtirish miqdorini va mablagʻlarni oylar boʻyicha ajratish jadvalini belgilaydi. Qaror 2 kun muddatda Moliya vazirligiga yuboriladi.
4. Moliya vazirligi har oyda 10-kungacha mablagʻlarning Adliya vazirligi hisob raqamiga oʻtkazilishini taʼminlaydi.
5. Adliya vazirligi mablagʻlar Moliya vazirligidan tushgan kundan boshlab 3 kun muddatda siyosiy partiyaning hisob raqamiga tegishli summani oʻtkazadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-sxema Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-sentabrdagi 553-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/553/0704-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 10-11-son, 75-modda; 2016-y., 3-son, 24-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 12.09.2024-y., 09/24/553/0704-son)